XALQ DEPUTATLARI SURXONDARYO VILOYATI KENGASHINING
Qarori
Surxondaryo viloyatining 2026-yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-, 24-moddalari, Budjet kodeksining 27-, 99-moddalari, Oʻzbekiston Respublikasining “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida” OʻRQ-1105-son Qonuniga muvofiq, Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2025-yil 25-dekabrdagi 01/57-1-29238-son xatini inobatga olib, xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni (keyingi oʻrinlarda Qonun deb yuritiladi) rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Mazkur Qonunga muvofiq, Surxondaryo viloyati mahalliy budjetining 2026-yilgi daromadlari 3 922,2 mlrd. soʻm va xarajatlari 6 087,7 mlrd. soʻmga maʼlumot uchun qabul qilinganligi hamda respublika budjetidan ajratiladigan tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar 2 165,5 mlrd. soʻm miqdorida, shundan aksiz soligʻi tushumlari hisobidan ajratiladigan transfertlar 279,1 mlrd. soʻm miqdorida tasdiqlanganligi inobatga olinsin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, 2026-yilda:
a) quyidagi soliq turlari va boshqa majburiy toʻlovlar viloyat budjeti hamda shahar va tumanlar budjetlari oʻrtasida taqsimlanadi:
qoʻshilgan qiymat soligʻi (bundan yirik soliq toʻlovchilar tomonidan toʻlanadigan soliq mustasno);
foyda soligʻi (bundan yirik soliq toʻlovchilar tomonidan toʻlanadigan soliq mustasno);
jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi (bundan yirik soliq toʻlovchilar tomonidan toʻlanadigan soliq mustasno);
benzin, dizel yoqilgʻisini va gazni yakuniy isteʼmolchilarga realizatsiya qilishdagi aksiz soligʻi;
yigʻimlar (qonunchilikda respublika budjetiga yoʻnaltirilishi belgilangan yigʻimlardan tashqari);
jarimalar;
davlat bojlari;
davlat aktivlarini sotishdan mahalliy budjetlarga tushumlar;
qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarni realizatsiya qilishdan tushadigan tushumlar;
b) viloyatning viloyat budjetiga quyidagi soliq turlari va boshqa majburiy toʻlovlar toʻligʻicha oʻtkaziladi:
yirik soliq toʻlovchilar tomonidan toʻlanadigan yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq;
yirik soliq toʻlovchilar tomonidan toʻlanadigan yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi;
alkogol mahsulotlari, shu jumladan pivo (import orqali kirgan mahsulotlardan tashqari) realizatsiyasi uchun aksiz soligʻi;
yirik soliq toʻlovchilar tomonidan toʻlanadigan foyda soligʻi tushumlari (Oʻzbekiston Respubilkasi Prezidenti qarori bilan tasdiqlanadigan roʻyxatga muvofiq yirik soliq toʻlovchilar, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy faoliyat olib boruvchi muassasa orqali faoliyat yurituvchi Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan, shuningdek, norezidentlarning toʻlov manbaida ushlab qolinadigan daromadlaridan toʻlanadigan foyda soligʻidan tashqari);
elektr stansiyalari tomonidan toʻlanadigan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;
davlat daromadiga oʻtkazilgan mol-mulkni realizatsiya qilishdan tushumlar;
mahalliy davlat hokimiyati organlarining ulushi boʻyicha dividendlar (daromadlar) va ajratmalar;
mobil aloqa xizmatlari uchun aksiz soligʻi va alkogol mahsulotlari, tamaki mahsulotlari aksiz soligʻi, shu jumladan pivo uchun aksiz soligʻidan tushumlar 2025-yil 1-iyul holatiga koʻra shahar va tumanlar aholisining viloyat aholisidagi ulushiga muvofiq toʻliq hajmda taqsimlansin;
boshqa tushumlar (a va b kichik bandlarda nazarda tutilgan tushumlardan tashqari barcha tushumlar);
d) quyidagi soliq turlari shahar va tumanlar budjetiga toʻliqligicha oʻtkazib beriladi:
jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻi;
jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻi;
jismoniy shaxslarning mol-mulkini ijaraga berishdan olingan daromadlari boʻyicha toʻlanadigan daromad soligʻi (bundan yirik soliq toʻlovchilar tomonidan toʻlanadigan soliq mustasno);
aylanmadan olinadigan soliq;
davlat mulkini foydalanishga (ijaraga) berishdan tushadigan tushumlar;
qurilish materiallari boʻyicha yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq (bundan yirik soliq toʻlovchilar tomonidan toʻlanadigan soliq mustasno);
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq (bundan yirik soliq toʻlovchilar va elektr stansiyalari tomonidan toʻlanadigan soliq mustasno);
yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻi (bundan yirik soliq toʻlovchilar tomonidan toʻlanadigan soliq mustasno);
yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi (bundan yirik soliq toʻlovchilar tomonidan toʻlanadigan soliq mustasno);
e) Yirik soliq toʻlovchilar tomonidan toʻlanadigan barcha soliqlar, soliqsiz tushumlar hamda yuqorida koʻzda tutilmagan barcha boshqa tushumlar viloyat budjetiga yoʻnaltiriladi.
4. Quyidagilar:
Surxondaryo viloyatining 2026-yilga rivojlantirishning makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognoz koʻrsatkichlari hamda 2027-2028-yillarga moʻljallari 1-ilovaga;
Surxondaryo viloyatining viloyat mahalliy budjeti daromadlarining 2026-yil uchun asosiy prognoz koʻrsatkichlari 2-ilovaga;
Surxondaryo viloyatning viloyat budjetidan 2026-yilda hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan xarajatlarning umumiy cheklangan miqdorlari 3-ilovaga;
Bunda, mazkur qaror qabul qilingandan soʻng bir kun muddatda tartibga soluvchi daromadlardan ajratmalarning normativlari boʻyicha viloyatning viloyat budjeti bilan tumanlar va shaharlar budjetlarining taqsimotini oʻrnatilgan tartibda “Davlat moliyasini boshqarish axborot tizimiga” Surxondaryo viloyati Gʻaznachilik xizmati boshqarmasi tomonidan kiritilishi belgilab qoʻyilsin.
viloyatning viloyat budjetidan shahar va tumanlar budjetlariga ajratiladigan tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar miqdori 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Shahar va tumanlar budjetlarining 2026-yil daromadlari va xarajatlarning chegaraviy hajmi 5-ilovaga muvofiq maʼlumot uchun qabul qilinsin.
6. Viloyatning viloyat budjeti shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida turgan budjet mablagʻlarining 2026-yilda yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 19,0 mlrd. soʻm etib hamda 2026-yil uchun shahar va tumanlar budjetlari shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarida turgan budjet mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 6-ilovaga muvofiq belgilansin.
7. Viloyatning viloyat budjeti zaxira jamgʻarmasi hajmi 2026-yil uchun 31,9 mlrd. soʻm miqdorida belgilansin.
2026-yil uchun Surxondaryo viloyatining viloyat budjeti, shahar va tumanlar budjetlarining zaxira jamgʻarmalari tegishli budjetlar tasdiqlangan umumiy xarajatlarining (bundan shahar va tumanlar budjetlarining jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan tadbirlarni moliyalashtirishga doir mablagʻlari mustasno) kamida 1,0 foizi miqdorida shakllantiriladi.
Bunda tumanlar va shaharlar budjetlarining zaxira jamgʻarmalari miqdori oldingi yildagi hajmidan kam boʻlmagan miqdorda shakllantirilishi hamda qoʻshimcha mablagʻlarni shakllantirish viloyatning viloyat budjeti zaxira jamgʻarmalari mablagʻlarini kamaytirish hisobidan amalga oshirilganligi inobatga olinsin.
8. Viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari Sh. Rajabov, viloyat Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi (Sh. Abdullayev), viloyat Soliq boshqarmasi (E. Narmanov) tuman (shahar) hokimliklari bilan birgalikda 2026-yil mahalliy budjeti uchun belgilangan koʻrsatkichlarni oʻz vaqtida va samarali bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
9. Shahar va tumanlar hokimliklari, hududiy budjet mablagʻlari taqsimlovchilar 2026-yil uchun ajratilayotgan budjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish, budjet intizomiga rioya etilishi ustidan nazorat va masʼuliyatni yanada kuchaytirish, tegishli mahalliy budjetlarga soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning toʻliq tushumini taʼminlash hamda budjet daromadlar bazasini oshirish va qoʻshimcha rezervlarni aniqlash zarurligiga alohida eʼtibor qaratsin.
10. Viloyat Soliq boshqarmasi (E. Narmanov) hududiy soliq organlari bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksida belgilangan vakolatlardan kelib chiqib:
soliqlarning toʻliq va toʻgʻri hisoblanishini hamda ushbu soliqlarni oʻz vaqtida budjetga undirilishi ustidan soliq nazoratini oʻrnatish;
yer soligʻi, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va mol-mulk soliqlari boʻyicha doimiy tahlillar oʻtkazgan holda, soliqlarni toʻliq hisoblanishini taʼminlash hamda ushbu soliq toʻlovlari boʻyicha soliq qarzdorligiga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrish;
aylanmadan soliq turi boʻyicha soliq toʻlovchilar tomonidan naqd pul aylanmalarining soliq hisobotlarida toʻliq aks ettirilishi ustidan doimiy soliq nazoratini oʻrnatish hamda zarur hollarda xronometraj va kameral soliq nazorati tadbirlarini oʻtkazish;
yer va mol-mulk soligʻining soliq bazasini oshirish, yaʼni xatlov ishlarini samarali va muntazam tashkil etib borish vazifalari yuklatilsin.
11. Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi (T. Qurbonov), viloyat Soliq boshqarmasi (E. Narmanov) bilan hamkorlikda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha mavjud soliq qarzdorliklarini budjetga undirish yuzasidan tegishli choralar koʻrib borsinlar hamda choraklar yakuni bilan soliq qarzdorliklarining chorak boshiga nisbatan kamayib borishi boʻyicha barcha kompleks chora-tadbirlar koʻrish vazifasi yuklatilsin.
12. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Surxondaryo viloyat hududiy boshqarmasi (S. Xudoyberdiyev) Boʻsh turgan obyektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazining Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi (Y. Nomozov) bilan birgalikda:
boʻsh turgan davlat mulki obyektlarini aniqlash boʻyicha doimiy ravishda xatlov ishlarini tashkil etish;
xatlov natijalariga koʻra viloyatda mavjud boʻsh turgan davlat mulki obyektlari roʻyxatini shakllantirish, ijaraga berish yoki sotish boʻyicha tegishli takliflar tayyorlash vazifalari yuklatilsin.
13. “Amu-Surxon” irigatsiya tizimlari havza boshqarmasi (B. Alimov) va viloyat Soliq boshqarmasi (E. Narmanov) shahar va tumanlar hokimlari bilan birgalikda viloyatda sugʻorishga sarflanayotgan suv hajmlari boʻyicha aniq hisob-kitoblar yuritgan holda mazkur isteʼmol hajmlari boʻyicha suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlarni toʻliq hisoblanishini hamda moliya yili yakuniga qadar mahalliy budjetlarga toʻliq undirib olish vazifasi yuklatilsin.
Bunda, qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan isteʼmol qilinayotgan suv resurslari hajmlari va ushbu hajmlar boʻyicha hisoblanayotgan suv soliqlari boʻyicha doimiy tahlillar oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratilsin.
14. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi (T. Ismailov), viloyat Adliya boshqarmasi (A. Isoqov) viloyatda budjetga hisoblangan boj, jarima va yigʻimlarni oʻz vaqtida toʻliq budjetga undirish choralarini koʻrib borsinlar.
15. Xalq deputatlari hududiy Kengashlar hamda tuman (shahar) hokimlari Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksining 27- va 28-moddalarida belgilangan budjet sohasidagi vakolatlaridan kelib chiqib, budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga tushumlar toʻliq va oʻz vaqtida tushishi hamda budjet mablagʻlarining maqsadli sarflanishi ustidan nazorat oʻrnatsin.
16. Hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar har chorak yakuni bilan budjet mablagʻlarining samarali va maqsadli sarflanganligi, xarajatlarning amaliy natijalari yuzasidan xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashiga hisobot berib borsinlar.
Bunda, hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar:
budjetdan ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish, xususan ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat, dori-darmon, kommunal xizmatlar va davlat dasturlari uchun belgilangan xarajatlarni toʻliq rejalashtirilishi va oʻz vaqtida toʻlanishi;
oʻzlarining va tasarrufidagi tashkilotlarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallari hamda daromadlar va xarajatlar smetalarining toʻgʻri tuzilishi;
budjetdan ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi va maqsadli indikatorlarning toʻliq bajarilishi;
tasarrufidagi tizim tashkilotlariga budjetdan ajratiladigan mablagʻlarning toʻgʻri taqsimlanishi;
oʻz tasarrufidagi tizimda budjet intizomiga amal qilinishi ustidan nazorat qilinishini;
budjet jarayonining ochiqligini taʼminlash maqsadida rasmiy veb-saytlarda maʼlumotlarni joylashtirib borilishini taʼminlasinlar.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi (F. Samatov) shahar va tumanlar hokimliklari bilan birgalikda tashqi reklama obyektlarini toʻliq xatlovdan oʻtkazgan holda, ushbu tashqi reklama obyektlari boʻyicha shartnomalar tuzish choralarini koʻrsin hamda ushbu shartnomalar boʻyicha yigʻimlarni budjetga toʻlanishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.
18. Davlat moliyaviy nazorati Inspeksiyasi Surxondaryo viloyati boshqarmasi (N.Samanov) budjetdan ajratilgan mablagʻlarni maqsadli ishlatilishini nazorat qilish va amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan har chorakda xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyalarida axborot berib borish vazifalari yuklatilsin.
19. Viloyat hokimligi Axborot xizmati (M. Davlatov), viloyat Soliq boshqarmasi (E. Narmanov) viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari — viloyat Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshligʻi Sh. Rajabov bilan birgalikda viloyat teleradiokompaniyasi hamda viloyatdagi boshqa ommaviy axborot vositalarida, hokimlik muassisligidagi gazetalarda Qonunda belgilangan ayrim soliqlar va toʻlov stavkalari, soliq solish tartiblari hamda boshqa maʼlumotlarni eʼlon qilinishi hamda hokimliklarning rasmiy veb-saytlariga joylashtirilishini tashkil etsin.
20. Mazkur qarorning tegishli tahririyatlar va ommaviy axborot vositalarida yoritilishi tavsiya etilsin hamda viloyat hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
21. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari viloyat Kengashining Mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari doimiy komissiyasi (I. Yoqubov) hamda viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari Sh. Rajabov zimmasiga yuklatilsin.
22. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Kengash raisi CHORIYEV ABDURAIM RAVSHANOVICH
Surxondaryo viloyati,
2025-yil 26-dekabr,
VII-17-173-8-0-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.