XALQ DEPUTATLARI SAMARQAND VILOYATI KENGASHINING
Qarori
Ishtixon tumanidagi aholi punkti nomini oʻzgartirish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 12-oktabrdagi “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 4- va 9-moddalariga muvofiq Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha viloyat komissiyasining 2025-yil 8-oktabrdagi yigʻilish bayoni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining 2025-yil 23-oktabrdagi (03/08-12097-son) ekspertiza xulosasini inobatga olib, Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining yettinchi chaqiriq, yigirma ikkinchi sessiyasi qaror qiladi:
1. Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha viloyat komissiyasining 2025-yil 8-oktabrdagi yigʻilish bayoni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining 2025-yil 23-oktabrdagi (03/08-12097-son) ekspertiza xulosasi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Ishtixon tumanidagi aholi punkti nomi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining 2013-yil 28-dekabrdagi “Samarqand viloyati hududidagi “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablariga mos kelmaydigan nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisida” 257-29-son qarori 1-ilovasi Ishtixon tumani boʻyicha qismining 2-raqami oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Oʻzbekiston mahallalar uyushmasi viloyat boshqarmasi (I.Jabborov), viloyat Statistika boshqarmasi (Sh.Abdiyev), Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi (R.Xatamov), Ishtixon tumani hokimligi (F.Ruziyev) mazkur qaror ilovasida koʻrsatilgan aholi punkti nomini belgilangan tartibda statistik hisobotlarda aks ettirilishini va ish yuritish hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritilishini taʼminlasin.
5. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi (T.Aripov), viloyat Avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasi (S.Mamatqulov), Ishtixon tumani hokimligi (F.Ruziyev) oʻzgartirilgan aholi punktiga aholini roʻyxatga qoʻyish hamda tegishli yoʻl belgilarini oʻzgartirish bilan bogʻliq tashkiliy ishlarni amalga oshirsin.
6. Viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari – matbuot kotibi (M.Ixtiyarov), viloyat hokimligi huzuridagi “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi” MChJ (N.Norbekov) mazkur qarorni “Zarafshon” gazetasida chop etilishini hamda Lex.uz – Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasiga va viloyat hokimligining rasmiy veb-saytiga oʻrnatilgan tartibda joylashtirilishini taʼminlasin.
7. Viloyat hokimining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi (Sh.Temirov) mazkur aholi punkti nomini 10 kun muddatda davlat reyestri bazasiga kiritish choralarini koʻrsin.
8. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish Xalq deputatlari viloyat Kengashining qonuniylikni taʼminlash va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi (Sh.Djurakulov) hamda viloyat hokimining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi (Sh.Temirov) zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi SH. NEGMATOV
Samarqand viloyati,
2025-yil 6-dekabr,
VII-22-182-7-0-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.