QASHQADARYO VILOYATI CHIROQCHI TUMANI HOKIMINING
QARORI
Chiroqchi tumanida maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga toʻliq qamrab olish yuzasidan tumandagi umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining mikrohududlarini belgilash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6, 211-moddalari, “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunning 27-moddasi, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-son qarori bilan tasdiqlangan Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi nizomning 39-bandiga asosan, tumanda maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga qamrab olish jarayonida umumtaʼlim muassasalariga biriktirilgan hududlar (mikrohudud)ni aniq belgilab olish maqsadida qaror qilaman:
1. Chiroqchi tumanida maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga toʻliq qamrab olish boʻyicha umumtaʼlim muassasalariga biriktirilgan hududlar (mikrohudud) roʻyxati ilovaga asosan tasdiqlansin.
2. Tuman hokimi oʻrinbosari (Z. Qambarov), tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi (G. Sulaymonova), tumandagi umumtaʼlim muassasalari rahbarlari zimmasiga maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga toʻliq qamrab olish, oʻquvchilarning darslarga qatnashish holati yuzasidan monitoring olib borish va uning natijasida aniqlangan muammolarni bartaraf etish boʻyicha zarur choralar koʻrish vazifasi topshirilsin.
3. Belgilansinki, tumandagi umumtaʼlim muassasalar rahbarlari oʻzlari rahbarlik qilayotgan muassasaga biriktirilgan hududdagi maktab yoshidagi bolalarni oʻz vaqtida umumtaʼlim muassasasiga oʻqishga jalb qilish uchun masʼul hisoblanadi.
4. Mazkur qaror “Chiroqchi” gazetasida rasmiy eʼlon qilinsin va hokimlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
5. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
6. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan tuman hokimining 2024-yil 18-iyuldagi 253-4-66-Q/24-sonli qarori oʻz kuchini yuqotgan deb hisoblansin.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimi oʻrinbosari Z. Qambarov zimmasiga yuklatilsin.
Tuman hokimi v. v. b. A. ZAKIROV
Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumani,
2025-yil 11-dekabr,
307-4-66-Q/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.