XALQ DEPUTATLARI GʻIJDUVON TUMANI KENGASHINING
Qarori
Gʻijduvon tumanidagi geografik obyektlarga nom berish va ularni qayta nomlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining 2012-yil 11-oktabrda qabul qilingan “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 10-maydagi VM-24/24-35-sonli yigʻilish bayonida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida tumanda bir qator ishlar amalga oshirildi.
Gʻijduvon tumanidagi 70 mahalla fuqarolar yigʻinining Kengash vakillari ishtirokida koʻchalar qayta xatlovdan oʻtkazilib, mavjud koʻchalar toifalarga ajratilib, Davlat kadastrlari palatasi Gʻijduvon tumani filialida elektron xaritalar shakllantirildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining geografik obyektlarga nom berish va ularni qayta nomlash toʻgʻrisidagi takliflarning qonun hujjatlari talablariga muvofiqlashtirish komissiyasining 2025-yil 28-oktabrdagi 05-19-18915-sonli ekspertiza xulosasiga asosan Gʻijduvon tumanidagi nomsiz koʻchalarga nom berish yuzasidan berilgan takliflarning 19 tasi muvofiq deb topilib, aniqlangan 19 ta koʻchalar (koʻcha, tor koʻcha, berk koʻcha) roʻyxati shaklantirildi. Shuningdek, tuman hokimining 2025-yil 30-sentabrdagi 01-09/3159-sonli xati asosida Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha viloyat komissiyasiga taqdim qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining 2025-yil 30-oktabrdagi 03/08-12367-sonli xati asosida Geografik obyektlarga nom berish va ularni qayta nomlash toʻgʻrisidagi takliflarni davlat ekspertizasidan oʻtkazish ekspert xulosalari olindi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5850-sonli Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 16-oktabrdagi “Geografik obyektlarning nomlari sohasidagi ishlarni tartibga solish chora-tadbirlari haqida”gi 295-sonli hamda 2020-yil 20-yanvardagi “Mamlakatda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 34-sonli qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi kadastr agentligi, Geografik obyektlarga nom berish va ularni qayta nomlash toʻgʻrisidagi takliflarni davlat ekspertizasidan oʻtkazish ekspert komissiyasi tomonidan, Gʻijduvon tumanidagi 70 ta mahalla fuqarolar yigʻinlaridagi 19 ta geografik obyektni nomlash va qayta nomlash boʻyicha takliflar Oʻzbekiston Respublikasining “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Qonun hujjatlari talablariga muvofiq deb topilib, belgilangan ekspertiza xulosasi tasdiqlangan.
Gʻijduvon tumanida amalga oshirilishi kerak boʻlgan ishlar toʻgʻrisidagi tuman hokimining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi H. Rasulovning axborotini atroflicha muhokama qilib, xalq deputatlari tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi kadastr agentligi, Geografik obyektlarga nom berish va ularni qayta nomlash toʻgʻrisidagi takliflarni davlat ekspertizasidan oʻtkazish ekspert komissiyasining 2025-yil 28-oktabrdagi 05-19-18915-sonli Ekspertiza xulosasi hamda tuman hokimining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi H. Rasulovning axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Gʻijduvon tumani geografik obyektlariga beriladigan nomlar va ularni qayta nomlash takliflari ilovaga muvofiq maʼqullansin.
3. Tuman ichki ishlar boshqarmasi (B. Sharipov) tuman mahallalaridagi nomlangan va qayta nomlangan koʻchalarga aholini roʻyxatga qoʻyish va tegishli yoʻl belgilariga oʻzgartirishlar kiritish bilan bogʻliq tashkiliy ishlarni amalga oshirsin.
4. Davlat kadastrlar palatasi Gʻijduvon tumani filiali (N. Hayitov), tuman stasistika boʻlimi (N. Jahonqulov)larga:
yangi nomlangan va nomi oʻzgargan geografik obyektlarni tuman xaritasiga joylashtirish, shuningdek, tegishlicha tuman stastistika maʼlumotlariga oʻzgartirishlar kiritsin.
5. Tuman hokimligi axborot xizmati (I. Nuritov), tuman hokimining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi H. Rasulov bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi hamda “Davlat tili toʻgʻrisida”gi Qonunlari talablari asosida ushbu olib borilgan ishlarni ommaviy axborot vositasi hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali keng yoritib borish tavsiya etilsin.
6. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining ijtimoiy soha, yoshlar siyosati, madaniyat va sport masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi (R. Shamsiyeva) hamda tuman hokimining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi (H. Rasulov)lar zimmasiga yuklatilsin.
7. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Sessiya raisi RAXMATOVA MUSALLAM LATIPOVNA
Buxoro viloyati, Gʻijduvon tumani,
2025-yil 26-noyabr,
VII-18-123-2-34-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.