XALQ DEPUTATLARI XIVA TUMANI KENGASHINING
Qarori
Xiva tumanidagi jami 504 ta koʻchalarni nomlash va qayta nomlash toʻgʻrisida
“Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi, (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining axborotnomasi, 1993-y, 9-son, 320 modda;), “Fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y, 17-son, 219-modda) va “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y, 41-son, 448-modda) Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga asosan hamda “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish haqidagi (Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 2022-yil 2-noyabr OʻRQ-799-sonli) qonunlariga asosan, Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha respublika komissiyasining 35-sonli majlis bayonidagi topshiriqlarning ijrosini taʼminlash maqsadida tuman hokimligi va Davlat kadastrlar palatasi tuman filiali bilan hamkorlikda oʻtkazilgan xatlov natijalariga koʻra Xiva tumanidagi mavjud koʻchalar qayta oʻrganib chiqildi hamda jami 504 ta koʻchalar (koʻcha, tor koʻcha va berk koʻcha)ni nomlash va qayta nomlash maqsadida xalq deputatlari Xiva tumani Kengashi qaror qiladi:
1. Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha tuman komissiyasi hamda Xorazm viloyati komissiyasining taklifiga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining “Geografik obyektlarga nom berish va ularni qayta nomlash toʻgʻrisidagi takliflarni ekspertizasidan oʻtkazish” ekspert komissiyasining 2025-yil 25-noyabrdagi 05-19-20850-sonli xulosasi maʼqullansin..
2. Mazkur qaror ilovasiga muvofiq Xiva tumanidagi jami 504 ta koʻcha (koʻcha, tor koʻcha va berk koʻcha)lar nomlansin va nomlari oʻzgartirilsin.
3. Xiva tumani obodonlashtirish boshqarmasi, Oʻzbekiston mahallalar uyushmasi tuman boʻlimi va Xorazm viloyati Davlat kadastrlar palatasi Xiva tuman filiali, tuman arxitektura va qurilish boʻlimi bilan birgalikda tumandagi 504 ta koʻchalar qayta nomlanishi va nomi oʻzgarishi munosabati bilan tuman boʻyicha tasdiqlangan yagona, zamonaviy, milliy dizayn asosida tegishli muddatda koʻchalarning nomi qayd qilingan peshlavhalarni oʻrnatish choralarini koʻrsin.
4. Belgilansinki, geografik obyekt (koʻcha)lar nomi qayd qilingan peshlavha oʻrnatish bilan bogʻliq sarf-xarajatlar qonunda belgilangan tartibda mahalliy budjet mablagʻlari va qonunchilikda taʼqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan qoplansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 22-apreldagi “Doimiy propiska qilish hamda turgan joyi boʻyicha hisobga olish tartibini isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5984-sonli Farmoni talablaridan kelib chiqib hamda mazkur qaror ijrosini taʼminlash maqsadida:
Xiva tumani ichki ishlar boʻlimi fuqarolarni doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish bilan bogʻliq ishlar idoralararo elektron hamkorlik orqali “Yagona darcha” tamoyili asosida Ichki ishlar vazirligining “Manzil” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish;
Xorazm viloyati Davlat kadastrlar palatasi Xiva tuman filiali idoralararo elektron hamkorlik tizimi asosida “Manzil” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga koʻchmas mulk egasi yoki uning yuridik manzili oʻzgarganda, koʻchmas mulk obyektlarining manzillari yagona reyestridan oʻzgargan maʼlumotlarning taqdim etish ishlarini amalga oshirsinlar hamda yil yakuni boʻyicha amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida xalq deputatlari tuman Kengashiga axborot kiritsinlar.
6. Mazkur qaror “Xiva tongi” gazetasi va tuman hokimligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinsin.
7. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari A. Xudayarov hamda xalq deputatlari tuman Kengashining ijtimoiy soha, yoshlar siyosati, madaniyat va sport masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi raisi M. Eshniyazov zimmasiga yuklansin.
8. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Kengash raisi PALVANOV SARDOR MAXSUDOVICH
Xorazm viloyati, Xiva tumani,
2025-yil 4-dekabr,
VII-18-99-12-176-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.