XALQ DEPUTATLARI ZANGIOTA TUMANI KENGASHINING
Qarori
Zangiota tumanida 2025-2026 yillar kuz-qish davri uchun isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun suv limitini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-son Qarorining 7-bandida 1-aprelga qadar vegetatsiya davri uchun va 1-oktyabrga qadar kuz-qish davri uchun yakuniy isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun suv olish limitlarini hududlar boʻyicha tasdiqlangan limit doirasida ishlab chiqilishini va tasdiqlash uchun xalq deputatlari tuman Kengashlariga kiritilishi belgilab qoʻyilgan. Yuqoridagilardan kelib chiqib, Zangiota tumani “Suv etkazib berish xizmati” Davlat muassasasining 2025-yil 30-sentabrdagi 82/09-369-sonli xatini inobatga olib, tuman “Suv yetkazib berish xizmati” Davlat muassasasi direktori F. Ergashevning hisobotini tinglab, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6 va 24-moddalariga muvofiq, Xalq deputatlari Zangiota tumani Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-sonli qarori maʼlumot va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Zangiota tumani “Suv yetkazib berish xizmat” Davlat muassasasi direktori F. Ergashevning tuman boʻyicha 2025-2026-yillar sugʻorish davri uchun qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorishga ajratilgan cheklangan suv limitini tasdiqlash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin va 1 — 3-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
3. Zangiota tumani “Suv yetkazib berish xizmati” Davlat muassasasi (F. Ergashev)ga:
tumanga suv yetkazib berish boʻyicha ishlab chiqilgan limitlarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5-sonli qarori talablariga qatʼiy rioya qilish;
qaror mazmun-mohiyatini massivlar va ular hududidagi fermer hamda dehqon xoʻjaliklari, MChJ, korxona va tashkilotlarga yetkazish;
ilovalarda koʻrsatilgan suv limitlarini oʻz vaqtida va sifatli holatda yetkazib berish;
oʻziga biriktirilgan hududda suvning hisobi va hisobotini yuritish;
sugʻorish tarmoqlari va ulardagi gidrotexnik inshootlarni soz holatda saqlash, taʼmirlash-tiklash tadbirlarini amalga oshirish;
suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlash, suv monitoringi, hisobi va hisoboti yuritilishini raqamlashtirish;
isteʼmolchilar kesimida isteʼmol qilingan suv hajmi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni soliqʼ organlariga taqdim etib borish;
suv isteʼmolchilarining buyurtmanomasi asosida boshqa suv xoʻjaligi xizmatlarini koʻrsatish;
amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida har yarim yilda xalq deputatlari tuman Kengashiga axborot kiritib borish vazifalari yuklatilsin.
4. Mazkur qaror ijrosini taʼminlash tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari, tuman Qishloq xoʻjaligi boʻlimi boshligʻi A. Xikmatov zimmasiga, qaror ijrosini nazorat qilish Xalq deputatlari tuman Kengashining Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya boʻyicha doimiy komissiyasi (M. Qoraxoʻjayev) zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi RUSTAMOV ERKIN ERKAMOVICH
Toshkent viloyati, Zangiota tumani,
2025-yil 5-noyabr,
VII-19-97-10-138-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.