XALQ DEPUTATLARI HAZORASP TUMANI KENGASHINING
Qarori
Hazorasp tumanining 2026-yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6, 24-moddalari, Budjet kodeksining 27, 99-moddalari, “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1105-son Qonuniga va xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashining 2025-yil 29-dekabrdagi VII-16-151-12-0-K/25-sonli qaroriga muvofiq hamda Xorazm viloyati hokimligining 2025-yil 29-dekabrdagi 04-7-09/14137-sonli xatini inobatga olib, xalq deputatlari tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda xalq deputatlari viloyat Kengashining 2025-yil 29-dekabrdagi VII-16-151-12-0-K/25-son qarori maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Mazkur qarorga muvofiq, Hazorasp tumani mahalliy budjetining 2026-yilgi daromadlari 120 mlrd 183 mln 958 ming soʻm va xarajatlari esa 120 mlrd 183 mln 958 ming soʻmga maʼlumot uchun qabul qilinganligi hamda Hazorasp tumani mahalliy budjetining shaxsiy gʻazna hisob varagʻida turgan budjet mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 941 mln soʻm etib belgilanganligi inobatga olinsin.
3. Tuman mahalliy budjeti daromadlarining 2026-yil uchun asosiy prognoz koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq hamda tuman mahalliy budjetidan 2026-yilda hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan xarajatlarning umumiy cheklangan miqdorlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Tuman mahalliy budjeti zahira jamgʻarmasi hajmi 2026-yil uchun 1 mlrd 697 mln 136 ming soʻm miqdorida belgilansin.
Bunda zahira jamgʻarmasi mablagʻlarini amaldagi budjet qonunchiligiga muvofiq, budjet tizimi budjetlari shakllantirilayotganda oldindan nazarda tutib boʻlmaydigan xarajatlarni, shuningdek ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik yuzaga kelgan vaziyatlarda amalga oshirilishi zarur boʻlgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun yoʻnaltirilishi taʼminlansin.
5. Tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari-tuman iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi J. Roʻzimov, tuman Iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi birinchi oʻrinbosari Sh. Xoʻjaniyozov tuman soliq inspeksiyasi J. Allayorov bilan birgalikda 2026-yil mahalliy budjeti uchun belgilangan koʻrsatkichlarni oʻz vaqtida va samarali bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
6. Hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar har chorak yakuni bilan budjet mablagʻlarining samarali va maqsadli sarflanganligi, xarajatlarning amaliy natijalari yuzasidan xalq deputatlari tuman Kengashiga hisobot berib borsinlar.
Bunda, hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar:
budjetdan ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish, xususan ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat, dori-darmon, kommunal xizmatlar va davlat dasturlari uchun belgilangan xarajatlarni toʻliq rejalashtirilishi va oʻz vaqtida toʻlanishi;
oʻzlarining va tasarrufidagi tashkilotlarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallari hamda daromadlar va xarajatlar smetalarining toʻgʻri tuzilishi;
budjetdan ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi va maqsadli indikatorlarning toʻliq bajarilishi;
tasarrufidagi tizim tashkilotlariga budjetdan ajratiladigan mablagʻlarning toʻgʻri taqsimlanishi;
oʻz tasarrufidagi tizimda budjet intizomiga amal qilinishi ustidan nazorat qilinishini;
budjet jarayonining ochiqligini taʼminlash maqsadida rasmiy veb-saytlarda maʼlumotlarni joylashtirib borilishini taʼminlasinlar.
7. Mazkur qaror tegishli tahririyatlar va ommaviy axborot vositalarida yoritilishi tavsiya etilsin hamda tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
8. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari-tuman iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi J. Roʻzimov hamda xalq deputatlari tuman Kengashining mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari boʻyicha doimiy komissiya raisi Q. Nazarovlar zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi ABDULLAYEV MAKSUDBEK XOJIYEVICH
Xorazm viloyati, Xazorasp tumani,
2025-yil 30-dekabr,
VII-26-166-12-174-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.