XALQ DEPUTATLARI QOROVULBOZOR TUMANI KENGASHINING
Qarori
Qorovulbozor tumani boʻyicha 2026-yilda yuridik va jismoniy shaxslardan undiriladigan yer soliqlarini hisoblab chiqarishda qoʻllaniladigan koeffitsiyentlarni tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq Kodeksining 429 va 437-moddalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-dekabrdagi “Resurs soliqlari va mol-mulk soligʻini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF-6121-sonli Farmoni, Soliq kodeksining 445, 452-moddalariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar hamda Xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashining “Buxoro viloyati boʻyicha 2026-yilda yuridik va jismoniy shaxslardan undiriladigan ayrim soliqlarga qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar hamda mutlaq miqdor summalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Qarori loyihasiga asosan Qorovulbozor tumani boʻyicha 2026-yilda yuridik va jismoniy shaxslardan undiriladigan yer soliqlarini hisoblab chiqarishda qoʻllaniladigan koeffitsiyentlarni tasdiqlash maqsadida xalq deputatlari Qorovulbozor tumani Kengashi, qaror qiladi:
1. Xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashining 2025-yil 5- dekabrdagi “Buxoro viloyati boʻyicha 2026-yilda yuridik va jismoniy shaxslardan undiriladigan ayrim soliqlarga qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar hamda mutlaq miqdor summalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Qarori loyihasiga asosan Qorovulbozor tumani boʻyicha yuridik shaxslarning qishloq xoʻjaligida moʻljallanmagan yerlari bazaviy soliq stavkasi 1 gektar uchun miqdori 43 672 000 soʻm hamda jismoniy shaxslarga 1 m2 uchun bazaviy soliq stavkasining miqdori 396 soʻm belgilanishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Tuman iqtisodiyot va moliya boʻlimi (A. Davronov) hamda tuman soliq inspeksiyasi (A. Latipov)ning mahalla fuqarolar yigʻinlarining iqtisodiy rivojlanganlik darajasi hamda kelgusi yil uchun belgilangan tuman mahalliy budjet prognozidan kelib chiqib, yuridik va jismoniy shaxslardan undiriladigan yer soliqlarini hisoblab chiqarishda kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni qoʻllash yuzasidan takliflari inobatga olinsin.
3. Mahalliy soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning stavkalarini aniqlash uchun qonunchilikda belgilangan miqdorlar doirasida:
qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallanmagan yerlarning 1 gektariga yuridik shaxslar boʻyicha Qorovulbozor tumanida 2026-yil uchun belgilangan yer soligʻining bazaviy soliq stavkalariga qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar miqdorlari mahallalar kesimida 1- ilovaga;
jismoniy shaxslar boʻyicha (dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan tashqari) Qorovulbozor tumanida 2026-yil uchun 1 m2 yerga belgilangan bazaviy soliq stavkalariga qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar miqdorlari mahallalar kesimida 2- ilovaga;
2026-yil Qorovulbozor tumani uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq boʻyicha Soliq kodeksi bilan oʻrnatiladigan soliq stavkalariga nisbatan qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar miqdori 3-ilovaga;
2026-yil Qorovulbozor tumani uchun yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq boʻyicha Soliq kodeksi bilan oʻrnatiladigan soliq stavkalariga nisbatan qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar miqdori 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Xalq deputatlari tuman Kengashining 2024-yil 27-dekabrdagi VII-4-019-2-38-K/24-sonli qarori 2026 yil 1-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Tuman hokimligi ushbu qaror bilan maʼqullangan Qorovulbozor tumani boʻyicha 2026-yilda yuridik va jismoniy shaxslardan undiriladigan yer soliqlarini hisoblab chiqarishda qoʻllaniladigan koeffitsiyentlarni ommaviy axborot vositalarida va tuman hokimligining rasmiy vebsaytida eʼlon qilsin.
6. Mazkur qaror bajarilishining nazorati Xalq deputatlari tuman Kengashining Mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari doimiy komissiyasi (Sh. Suvonov) va tuman hokimining moliya iqtisod va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari Gʻ. Niyazov zimmasiga yuklatilsin.
7. Ushbu qaror 2026 yil 1-yanvardan eʼtiboran kuchga kiradi.
Kengash raisi HAMROYEV OʻTKIR SHOMAHMADOVICH
Buxoro viloyati, Qoravulbozor tumani,
2025-yil 30-dekabr,
VII-21-142-2-38-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.