XALQ DEPUTATLARI KOSONSOY TUMANI KENGASHINING
Qarori
Kosonsoy tumanida 2026-yil uchun yuridik va jismoniy shaxslarning qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar uchun bazaviy soliq stavkalarini belgilash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksining 28-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 429 va 437-moddalariga muvofiq, 2026-yil uchun yer soligʻi stavkalarini tasdiqlash yuzasidan tuman soliq inspeksiyasi boshligʻi A. Xolmatovning bergan hisobotini tinglab, mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar boʻyicha doimiy komissiyasi aʼzo deputatlarning bildirgan fikr-mulohazalardan kelib chiqib, xalq deputatlari tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Tuman soliq inspeksiyasi A.Xolmatovning Kosonsoy tumanida yuridik va jismoniy shaxslarning qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlariga 2026-yil uchun yer solig'i stavkalarini tasdiqlash yuzasidan bergan taklifi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Namangan viloyati boʻyicha qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yuridik shaxslarning 1 gektar yeri uchun 35,200 mln.soʻm hamda jismoniy shaxslarning 1 kvadrat metr yeri uchun 330 so'm bazaviy soliq stavkalari boʻyicha taklif kiritilganligi (yuridik va jismoniy shaxslarning) qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar uchun shahar va tumanlar kesimida, ularning iqtisodiy rivojlanishiga qarab yer soligʻi stavkasiga 0,5 dan 2,0 gacha kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni qo'llagan holda yer soligʻi stavkalarini belgilashi mumkinligi yuzasidan ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda press klublar va chiqishlarni amalga oshirish orqali ommaga taqdim etish;
belgilangan yer solig'i stavkalariga(yuridik va jismoniy shaxslarning) qishloq xo'jaligiga mo'ljallanmagan yerlar uchun, ularning hududlarida joylashgan daha, mavze, mahalla, ko'cha kesimida 0,7 dan 3,0 gacha kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni qo'llashlari yuzasidan maʼlumotlarni ta'minlab berilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekistan Respublikasi Soliq kodeksiga asosan:
Yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi Kosonsoy tumanida qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallanmagan yerlar boʻyicha bazaviy soliq stavkasi 0.1 gektar uchun mutloq oʻlchamda 5 698 000,0 (besh million olti yuz toʻqson sakkiz ming) soʻm;
Jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻi (bundan dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallangan yerlar mustasno) Kosonsoy tumanida bazaviy soliq stavkasi 1 kv.m. uchun mutloq oʻlchamda 463,00 (toʻrt yuz oltmish uch) soʻmda belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Hududlarning iqtisodiy rivojlanganlik darajasiga qarab, soliq yukini kelgusi yilda keskin ortib ketishini oldini olish maqsadida qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar uchun Soliq kodeksida belgilangan bazaviy soliq stavkalariga nisbatan jismoniy shaxslar uchun 1-ilovaga muvofiq hamda yuridik shaxslar uchun 2-ilovaga muvofiq kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar belgilansin.
4. Tuman Soliq inspeksiyasi hududlarning iqtisodiy rivojlanganlik darajasi hamda tuman hokimligining 2026-yil uchun belgilangan mahalliy byudjet prognozidan kelib chiqib, tuman boʻyicha 2026-yilda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq stavkalarining mutlaq miqdorlariga nisbatan kamaytiriluvchi va oshiriluvchi koeffitsiyentlarni qoʻllash boʻyicha takliflari inobatga olinsin.
5. 2026-yil uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalariga 2026-yil uchun qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar 3-ilovaga hamda noruda qurilish materiallari uchun (sementdan tashqari) belgilangan qatʼiy stavkalariga 2026-yil uchun qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. 2026-yil uchun Yuridik shaxslar boʻyicha mol-mulk soliqlari uchun qoʻllaniladigan mutloq miqdorlari 5-ilovaga asosan va mol-mulkni ijaraga beruvchi jismoniy shaxslar uchun belgilangan ijara toʻlovining eng kam stavkalariga qoʻllaniladigan koeffisiyentlar 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Tuman moliya boʻlimi (Y. Kamolov) 2026-yil uchun ishlab chiqilgan resurs soliqlarini yanada takomillashtirish boʻyicha soliq siyosatining asosiy yoʻnalishlari asosida ish tashkil etsin.
8. Tuman moliya boʻlimi (Y. Kamolov), tuman Davlat soliq inspeksiyasi (A. Xolmatov) bilan birgalikda ushbu qarorning ilovalariga muvofiq soliq stavkalari, soliqqa solish tartib-taomillari hamda boshqa masalaga oid maʼlumotlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.
9. Tuman Davlat soliq inspeksiyasi (A. Xolmatov):
Yеr soligʻi boʻyicha tasdiqlangan soliq stavkalarini 2026-yil 10-yanvarga qadar barcha soliq toʻlovchilarga soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali yеtkazilishini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksida belgilangan vakolatlaridan kelib chiqib, soliqlarning toʻliq va toʻgʻri hisoblanishini hamda oʻz vaqtida budjetga undirilishini nazoratga olib borish;
tegishli budjetning ijro etilishi jarayonida unga tushumlarni koʻpaytirish boʻyicha qoʻshimcha zaxiralarni aniqlash;
yеr soligʻining soliq bazasini oshirish, yaʼni xatlov ishlarini samarali tashkil etib borish vazifasi yuklansin.
10. Ushbu qaror qabul qilinganligi munosabati bilan, Xalq deputatlari Kosonsoy tuman Kengashining 2024-yil 27-dekabrdagi VII-3-011-6-80-K/24- sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
11. Tuman hokimligi axborot xizmati (R. Temirov) va “Kosonsoynoma” gazetasida mazkur soliq stavkalari toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalari va internet tarmoqlarida keng yoritib borish tavsiya etilsin.
12. Ushbu qaror rasman eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
13. Mazkur qaror ijrosini taʼminlash tuman hokimining birinchi oʻrinbosari E.Toshpulatov hamda bajarilishini nazorat qilish Хalq deputatlari tuman Kengashining Mahalliy byudjet, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi raisi J. Abdullayev zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi D. KADIROV
Namangan viloyati, Kosonsoy tumani,
2025-yil 30-dekabr,
VII-14-133-6-80-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.