XALQ DEPUTATLARI BOʻSTONLIQ TUMANI KENGASHINING
Qarori
Boʻstonliq tumanida “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasining 2025-yilning toʻqqiz oyi davomida amalga oshirgan ishlari yuzasidan hisoboti hamda 2025-2026-yillar kuzgi-qishgi nosugʻorish mavsumi (novegetatsiya davri) uchun isteʼmolchilari kesimida suv limitini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-son hamda Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 9-fevraldagi “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 79-sonli qarorlariga asosan 2025-yil yozgi sugʻorish mavsumi uchun Boʻstonliq tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi tomonidan 75,7 mln. kub m hajmdagi suv limitlari hududlar va isteʼmolchilar kesimida ishlab chiqilib, xalq deputatlari tuman Kengashi tomonidan tasdiqlangan.
Ushbu hujjatga asosan 2025-yil yozgi sugʻorish mavsumida tomorqa yer egalariga 19,6 mln. kub m, baliqchilik xoʻjaligi uchun 0,32 mln. kub m, dehqon xoʻjaliklari uchun 0,43 mln. kub m, jami 31,06 mln. kub m hajmda suv yetkazib berilgan.
Tasdiqlangan limitga muvofiq 201 ta tomorqa va suv isteʼmolchilariga ekin turiga qarab, navbatma-navbat suv yetkazib berildi va Chirchiq-Ohangaron irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasiga va tuman Davlat soliq inspeksiyasiga hisobotlar berib borildi.
Suv tejamkor texnologiyalar joriy qilish manzilli dasturiga koʻra 2025-yil davomida jami 550 gektar yer maydonlarida suv tejamkor texnologiyalar joriy qilindi.
Shuningdek 2025-yil davomida rejalashtirilgan 10 km kanallarni betonlashtirish ishlarining 320 m qismi amalga oshirildi. 16 ta gidrotexnik inshootlar va 8 ta gidropostlarda taʼmirlash-tiklash ishlari olib borilmoqda.
2025-2026-yillar kuzgi-qishki nosugʻorish mavsumi uchun davlat muassasasi tomonidan 13,9 mln. kub m hajmda ajratilgan suv limitlari hududlar va isteʼmolchilar kesimida ishlab chiqildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-son qaroriga asosan tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi direktori A. Muxutovning hisobotini tinglab, Agrar, qurilish, kommunal sohalar, ekologiya, sanoat va transport masalalari boʻyicha doimiy komissiyaning 2025-yil 15-oktyabrdagi 03-04-DKB/36-sonli yigʻilish bayonini inobatga olib, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 6 va 24-moddalariga muvofiq xalq deputatlari Boʻstonliq tumani Kengashi qaror qiladi:
1. Boʻstonliq tumani Suv yetkazib berish xizmati davlat muassasa direktori A. Muxutovning davlat muassasasining 2025-yilning toʻqqiz oyi davomida amalga oshirgan ishlari yuzasidan hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Boʻstonliq tumanida 2025-2026-yillar kuzgi-qishgi nosugʻorish mavsumi (novegetatsiya davri) uchun isteʼmolchilar kesimida suv limitlari 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
3. Tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari B. Turapov, tuman Suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi direktori A. Muxutov, Davlat soliq inspeksiyasi tuman boʻlimi boshligʻi Z. Zokirov isteʼmol qilingan suv miqdori hisobini yuritmagan (yuritishdan bosh tortgan) qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun suv soligʻi bazasi mazkur qarorning 2-bandida tasdiqlangan limitlarga nisbatan ikki barobar oshirilgan holda hisoblash choralarini koʻrsinlar.
4. Boʻstonliq tumani Suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi direktori A. Muxutovga:
belgilangan limitlar asosida isteʼmolchilarga suv yetkazib berish, oʻziga biriktirilgan hududda suvning hisobi va hisobotini yuritish;
sugʻorish tarmoqlari va ulardagi gidrotexnik inshootlarni soz holatda saqlash, taʼmirlash-tiklash tadbirlarini amalga oshirish;
suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlash, suv monitoringi, hisobi va hisoboti yuritilishini raqamlashtirish;
isteʼmolchilar kesimida isteʼmol qilingan suv hajmi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni soliq organlariga taqdim etib borish hamda suv isteʼmolchilarining buyurtmanomasi asosida boshqa suv xoʻjaligi xizmatlarini koʻrsatish vazifalari yuklatilganligi koʻrsatib oʻtilsin.
5. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari Boʻstonliq tumani Kengashining Agrar, qurilish, kommunal sohalar, ekologiya, sanoat va transport masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi (D. Bimurzayev) zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi AXMEDOV JOʻRABEK ILXOMOVICH
Toshkent viloyati, Boʻstonliq tumani,
2025-yil 13-noyabr,
VII-20-104-10-136-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.