XALQ DEPUTATLARI BEKOBOD TUMANI KENGASHINING
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-son qarorining Bekobod tumanida ijrosini taʼminlash haqida.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-son qarorining 7-bandida kuz-qish davrida yakuniy isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun suv olish limitlarini hududlar boʻyicha tasdiqlangan limit doirasida ishlab chiqilishi va tasdiqlash uchun xalq deputatlari tuman Kengashlariga kiritilishi belgilab qoʻyilgan.
Shunga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi hamda Chirchiq- Ohangaron irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tomonidan 2025-2026 yillar nosugʻorish davri uchun mavsumda qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorishga, sanoat va tomorqa boshqa ekinlari uchun tumanda jami 85,6 mln.m³ suv limiti ajratilgan. Shundan 51,9 mln m³ suv limiti qishloq xoʻjaligi, tomorqa va boshqa ekinlarini sugʻorishga taqsimlangan. Ajratilgan limitning 15% yoʻqotilishi bilan 44,1 mln m³ suvni tashkil qiladi va tumandagi jami suv isteʼmolchilar kesimida taqsimlanadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Bekobod tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasining 2025-yil 18-sentabrdagi 83/03-01-181-sonli xatini inobatga olib, tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi direktori Z.Qoraboyevning hisobotini tinglab, bildirilgan fikrlarni inobatga olgan holda, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining 6 va 24-moddalariga muvofiq Xalq deputatlari Bekobod tumani Kengashi, QAROR QILADI:
1. Bekobod tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasining 2025-yil 18-sentabrdagi 83/03-01-181-sonli xati va tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasining direktori Z. Qoraboyevning hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Bekobod tumani "Suv yetkazib berish xizmati" davlat muassasasi tomonidan 2025-2026 yillar kuzgi-qishki sugʻorish mavsumiga manbalar boʻyicha ajratilgan cheklangan suv miqdori ( limit) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Bekobod tumani "Suv yetkazib berish xizmati" davlat muassasasi tomonidan 2025-2026-yillar kuzgi-qishki sugʻorish mavsumiga hududlar boʻyicha ajratilgan cheklangan suv miqdori ( limit) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari Sh.Xaydarov va Bekobod tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi direktori Z. Qoraboyevlarga:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish sarmaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-sonli qarori asosida ishlarni tashkil etish;
cheklangan suv limitlarini inobatga olgan holda, suv resurslaridan oqilona foydalanish maqsadida tumandagi ekin yer maydonlariga ayniqsa, takroriy ekin yer maydonlariga suvni kam talab qiladigan qishloq xoʻjaligi ekinlarini joylashtirish choralarini koʻrish;
tuman chegarasidan olinadigan suv resurslarini oʻlchab olib, hududlarning yer maydonlarini inobatga olgan holda, suv resurslarini taqsimlash;
tumanda suv isteʼmolchilari tomonidan limit asosida olingan suv resurslarining hisobotini yuritish va belgilangan tartibda tuman soliq inspeksiyasiga oʻz vaqtida taqdim etib borish vazifasi yuklatilsin.
5. Amalga oshirilgan ishlar yuzasidan xalq deputatlari tuman Kengashiga har chorak yakuni bilan hisobotlarni taqdim etib borish vazifalari yuklatilsin.
6. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Xalq deputatlari Bekobod tumani Kengashining Agrar, suv xoʻjaligi va ekologiya masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi (A. Djabborov) hamda tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari (Sh. Xaydarov) zimmasiga yuklatilsin.
7. Ushbu qаrоr qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Kengash raisi NIZOMIDDINOV ZAYNILOBIDDIN SHAXOBBIDINOVICH
Toshkent viloyati, Bekobod tumani,
2025-yil 31-oktabr,
VII-19-104-10-135-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.