TOSHKENT VILOYATI QIBRAY TUMANI HOKIMINING
QARORI
Qibray tumanida aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini 2026-yilda ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish toʻgʻrisida
“Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 9-bob hamda Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 965-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga asosan 2026-yil uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish maqsadida, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6, 25-moddalariga asosan qaror qilaman:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 4-avgustdagi “Mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ish beruvchilarni ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-126-son Farmoniga asosan:
xoʻjalik yurituvchi subyektlar faqat nogironligi boʻlgan shaxslar, oilaviy (maishiy) zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslar, kambagʻal oilalar reyestridagi oilalarning aʼzolari, muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetim shaxslar, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan shaxslar uchun ish oʻrinlarining majburiy zaxiralari shakllantirilishi, bunda majburiy zaxiralash xodimlar umumiy sonining 3 foizidan oshmasligi hamda xodimlari soni 100 nafardan ortiq boʻlgan tashkilotlarga nisbatan qoʻllanilishi;
byudjet tashkilotlari va davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan korxonalar faqat nogironligi boʻlgan shaxslar, oilaviy (maishiy) zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslar, kambagʻal oilalar reyestridagi oilalarning aʼzolari, muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetim shaxslar, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan shaxslar, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan hamda odam savdosidan jabrlangan shaxslar uchun ish oʻrinlarining majburiy zaxiralari shakllantirilishi, bunda majburiy zaxiralash xodimlar umumiy sonining 7 foizidan oshmasligi hamda xodimlari soni 20 nafardan ortiq boʻlgan tashkilotlarga nisbatan tatbiq etilishi belgilanganligi rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Qibray tumani Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi hamda Qibray tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining Qibray tumani hududidagi tashkilotlar boʻyicha 2026-yilda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ish oʻrinlarini belgilash toʻgʻrisidagi quyidagitakliflari maʼqullansin:
xodimlar soni 20 nafardan ortiq boʻlgan davlat tashkilotlarida majburiy zaxiralanadigan ish oʻrinlari soni xodimlar umumiy sonining yetti foizidan oshmagan miqdorda hamda xodimlar soni 100 nafardan ortiq boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarda (davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan korxonalar bundan mustasno) majburiy zaxiralanadigan ish oʻrinlari soni xodimlar umumiy sonining uch foizidan oshmagan miqdorida kelgusi yil uchun 105 ta ish oʻrinlarini zaxiraga qoʻyish, jumladan:
nogironligi boʻlgan shaxslar uchun 4 kishi;
oilaviy (maishiy) zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslar uchun 10 kishi; kambagʻal oilalar reyestridagi oilalarning aʼzolari uchun 75 kishi;
muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan shaxslar uchun 8 kishi;
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslar uchun 8 kishi;
odam savdosidan jabrlangan shaxslar uchun 0 kishi miqdorida ish oʻrinlarining majburiy zaxiralari shakllantiriladi.
3. 2026-yilda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirishmaqsadida quyidagilar:
davlat tashkilotlari (byudjet tashkilotlari va davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan korxonalar) tomonidan majburiy zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlarining manzilli roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;
xodimlarining roʻyxatdagi oʻrtacha yillik soni yuz nafardan ortiqni tashkil etadigan xoʻjalik yurituvchi subyektlar (davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan korxonalar bundan mustasno) tomonidan majburiy zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlarining manzilli roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlari:
zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlari umumiy sonining kamida yigirma besh foizi miqdorida zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlarining tayyorligini yil boshlanishidan oldin oʻn kundan kechiktirmay taʼminlab, shuningdek, bu haqda yil boshlangunga qadar Qibray tumani Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimini xabardor qiladi;
ish oʻrinlarining qolgan qismini zaxiraga qoʻyish tashkilot (ish beruvchi) tomonidan kalendar yilining birinchi choragi mobaynida taʼminlash, bu haqida Qibray tumani Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimini birinchi chorak tamom boʻlganidan soʻng, 10 kundan kechikmay xabardor qiladi;
ishga joylashtirish toʻgʻrisida Qibray tumani Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimiga har oyda, hisobot oyidan keyingi oyning 5-sanasiga qadar axborot taqdim etadi.
Zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlarini saqlash shartlari Oʻzbekiston Respublikasining “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonunning 40-moddasiga muvofiq belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish va bandligini taʼminlash uchun moliyaviy yordamlar ajratish tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” PQ-64-son qaroriga muvofiq aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalaridan boʻlgan shaxslarni ish oʻrinlarining belgilangan eng kam sonidan ortiq miqdorda ishga qabul qilish uchun ish beruvchilarga — har bir xodim uchun 12 oy davomida har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida subsidiya mablagʻlari toʻlab berilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasining “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonuni 3, 13, 34, 38, 39, 40, 41-moddalariga asosan aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga eng kam miqdordagi ish joylarini yaratish yuzasidan qabul qilingan mazkur qarorni bajarmaganlik uchun ish beruvchilar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 965-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Nizomning 21-bandi, 2-qismiga asosan, muhtojlar uchun ish oʻrinlarini zaxiraga qoʻyish boʻyicha Qibray tumani Kengashining qarori bajarilmaganligi uchun jarima toʻlash tashkilotni zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlarining belgilangan sonini yaratish boʻyicha majburiyatdan ozod qilmaydi.
8. Qibray tumani Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi (X. Avazmatov):
besh kun muddatda ushbu qaror nusxasini 1 va 2-ilovalarda koʻrsatilgan tashkilotlar rahbarlarining eʼtiboriga yetkazsin va ushbu qaror bajarilishi ustidan nazoratni taʼminlasin.
aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash boʻyicha Qibray tumani hokimining ushbu qarori bajarilmaganda, shuningdek, ularni ishga qabul qilish asossiz ravishda rad etilganligi uchuntashkilotlarning mansabdor shaxslariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda maʼmuriy javobgarlikka tortish taʼminlansin.
9. Qibray tumani hokimining 2024-yil 30-oktabrdagi “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini 2025-yil uchun band qilib qoʻyish toʻgʻrisida”gi 431-10-139-Q/24-sonli qarori 2025-yil 31-dekabrdan oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
10. Hokimlik matbuot kotibi (T. Tashxodjayev), “Qibray sadosi” gazetasi tahririyati (A. Qahhorov):
mazkur qarorni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish hamda hokimlikning rasmiy veb saytiga joylashtirish chorasini koʻrsinlar.
11. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari U. Botirov zimmasiga yuklatilsin.
Tuman hokimi M. A. RASHIDOV
Toshkent viloyati, Qibray tumani,
2025-yil 31-oktabr,
372-10-139-Q/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.