XALQ DEPUTATLARI JIZZAX SHAHAR KENGASHINING
Qaror
Geografik obyektlarga nom berish masalalarini muvofiqlashtiruvchi shahar komissiyasining shahardagi mavjud nomsiz hamda nomlari takrorlangan koʻchalarga tavsiya etilgan nomlarni koʻrib chiqish va nomlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 12-oktabrdagi “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi 303-sonli Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 16-oktabrdagi “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq geografik obyektlarning nomlari sohasidagi ishlarni tartibga solish chora-tadbirlari haqida”gi 295-sonli qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 4-martdagi “Shaharlar, posyolkalar, qishloqlar va ovullarning mahallalarini tuzish, birlashtirish, boʻlish va tugatish, shuningdek, ularning nomini oʻzgartirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi 48-son, 2018-yil 14-dekabrdagi 1010-son qarorlariga asosan va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi rayosat majlisining 2022-yil 25-iyuldagi 117-sonli yigʻilishi bayoni topshiriqlari asosida geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha viloyat komissiyasining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi kadastr agentligining 2025-yil 16-sentabrdagi 05-19-15963-sonli ekspert xulosalarini inobatga olib, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasiga asosan xalq deputatlari Jizzax shahar Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi ekspert komissiyasining 2025-yil 16-sentabrdagi 05-19-15963-sonli ekspert xulosasi ijro uchun qabul qilinsin.
2. Jizzax shahar hududidagi nomsiz hamda nomlari takrorlangan koʻchalarga tavsiya etilgan nomlar ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Shahar statistika boʻlimi(Sh. Fayziyev), Oʻzbeiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligining davlat kadastrlar palatasi Jizzax shahar filiali (S. Ergashev), shahar arxitektura va qurilish boʻlimi (V. Mirzayev) hamda tegishli mutasaddi va davlat orgnlariga amaldagi tartibda nom berilgan va nomlari oʻzgartirilgan koʻchalarmi davlat reestiriga kiritish va elektron bazasini shakllantirish, ish yuritish hujjatlariga oʻzgartirish kiritish bilan bogʻliq barcha tadbirlarni amalga oshirish vazifalari yuklatilsin.
4. Shahar IIO FMB (J. Sherqulov) nom berilgan va nomlari oʻzgartirilgan hududlarda aholining fuqarolik pasportlariga tegishli oʻzgartirish kiritish ishlarini tashkiliy ravishda amalga oshirsin.
5. Jizzax shahar hokimi oʻrinbosari (X. Onalboyev), shahar obodonlashtirish boshqarmasi (A. Abduvahobov), Oʻzbekiston mahallalar uyushmasi shahar boʻlimi (Sh. Azimov)larga:
Mahallalardagi nomsiz hamda nomlari takrorlangan koʻchalarga tavsiya etilgan nomlarini qonunchilikda belgilangan tartibda qonuniylashtirish choralarini koʻrsin hamda aholi oʻrtasida keng targʻib qilish, belgilangan tartibda zamonaviy koʻrinishdagi OʻzDSt texnik shartlariga javob beradigan peshlavhalar yozib oʻrnatish ishlarini tashkil etish vazifasi yuklatilsin.
6. Belgilansinki, geografik obyektlarning nomlari sohasidagi ishlarni moliyalashtirish mahalliy byudjet mablagʻlari va qonun hujjatlarida taʼqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
7. Shahar hokimi maslahatchisi (S. Sherqoʻziyeva)ga:
oʻn kunlik muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligiga Geografik obyektlarning nomlari davlat reyestiriga kiritish uchun tegishli hujjatlar yuborish;
qarordan nusxa geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish masalalari boʻyicha viloyat komissiyasiga yuborish vazifasi yuklatilsin.
8. Shahar hokimligi axborot xizmati v.b. (B. Joʻraqulov) va “Jizzax ovozi” gazetasi(M. Ismoilov)larga mazkur qarorni hokimlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirish hamda “Jizzax ovozi” gazetasida eʼlon qilish vazifasi yuklatilsin.
9. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
10. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari Jizzax shahar Kengashi doimiy komissiyalari va shahar hokimining oʻrinbosari (S. Silliyev) zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi XOLMURODOV KOMIL ADXAMOVICH
Jizzax viloyati, Jizzax sh.,
2025-yil 31-oktabr,
VII-13-153-3-55-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.