FARGʻONA VILOYATI FARGʻONA SHAHAR HOKIMINING
QARORI
Fargʻona shahridagi aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini 2026-yilda ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish toʻgʻrisida
“Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 9-bobi hamda Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 965-son qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga asosan 2026-yil uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish maqsadida qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ish beruvchilarni ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2025-yil 4-avgust kunidagi PF-126-son Farmoniga asosan:
xoʻjalik yurituvchi subyektlar faqat nogironligi boʻlgan shaxslar, oilaviy (maishiy) zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslar, kambagʻal oilalar reyestridagi oilalarning aʼzolari, muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetim shaxslar, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan shaxslar uchun ish oʻrinlarining majburiy zaxiralari shakllantirilishi, bunda majburiy zaxiralash xodimlar umumiy sonining 3 foizidan oshmasligi hamda xodimlari soni 100 nafardan ortiq boʻlgan tashkilotlarga nisbatan qoʻllanilishi;
byudjet tashkilotlari va davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan korxonalar faqat nogironligi boʻlgan shaxslar, oilaviy (maishiy) zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslar, kambagʻal oilalar reyestridagi oilalarning aʼzolari, muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetim shaxslar, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan shaxslar, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan hamda odam savdosidan jabrlangan shaxslar uchun ish oʻrinlarining majburiy zaxiralari shakllantirilishi, bunda majburiy zaxiralash xodimlar umumiy sonining 7 foizidan oshmasligi hamda xodimlari soni 20 nafardan ortiq boʻlgan tashkilotlarga nisbatan tatbiq etilishi belgilanganligi rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Fargʻona shahar Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi hamda Fargʻona shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining Fargʻona shahar hududidagi tashkilotlar boʻyicha 2026-yilda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ish oʻrinlarini belgilash toʻgʻrisidagi quyidagi takliflari maʼqullansin:
xodimlar soni 20 nafardan ortiq boʻlgan davlat tashkilotlarida majburiy zaxiralanadigan ish oʻrinlari soni xodimlar umumiy sonining yetti foizidan oshmagan miqdorda hamda xodimlar soni 100 nafardan ortiq boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarda (davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan korxonalar bundan mustasno) majburiy zaxiralanadigan ish oʻrinlari soni xodimlar umumiy sonining uch foizidan oshmagan miqdorida kelgusi yil uchun 709 ta ish oʻrinlarini zaxiraga qoʻyish, jumladan:
nogironligi boʻlgan shaxslar uchun 18,5 foiz (131 kishi);
oilaviy (maishiy) zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslar uchun 3,4 foiz (24 kishi);
kambagʻal oilalar reyestridagi oilalarning aʼzolari uchun 66,3 foiz (470 kishi);
muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan shaxslar uchun 2,1 foiz ( 15 kishi);
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslar uchun 9,6 foiz (68 kishi);
odam savdosidan jabrlangan shaxslar uchun 0,1 foiz (1 kishi) miqdorida ish oʻrinlarining majburiy zaxiralari shakllantiriladi.
3. 2026-yilda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirish maqsadida quyidagilar:
davlat tashkilotlari (byudjet tashkilotlari va davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan korxonalar) tomonidan majburiy zaxira qoʻyiladigan ish oʻrinlarining manzilli roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;
xodimlarining roʻyxatdagi oʻrtacha yillik soni yuz nafardan ortiqni tashkil etadigan xoʻjalik yurituvchi subyektlar (davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan korxonalar bundan mustasno) tomonidan majburiy zaxira qoʻyiladigan ish oʻrinlarining manzilli roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Korxonalar, tashkilotlar va muassasalar rahbarlari:
zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlari umumiy sonining kamida yigirma besh foizi miqdorida zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlarining tayyorligini yil boshlanishidan oldin oʻn kundan kechiktirmay taʼminlashi, shuningdek, bu haqda yil boshlangunga qadar Fargʻona shahar Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimini xabardor qiladi;
ish oʻrinlarining qolgan qismini zaxiraga qoʻyish tashkilot (ish beruvchi) tomonidan kalendar yilning birinchi choragi mobaynida taʼminlashi, bu haqda Fargʻona shahar Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimini birinchi chorak tamom boʻlganidan soʻng, 10 kundan kechikmay xabardor qiladi;
ishga joylashtirish toʻgʻrisida Fargʻona shahar Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimiga har oyda, hisobot oyidan keyingi oyning 5-sanasiga qadar axborot taqdim etadi.
Zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlarini saqlash shartlari Oʻzbekiston Respublikasining “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonunining 40-moddasiga muvofiq belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish va bandligini taʼminlash uchun moliyaviy yordamlar ajratish tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2025-yil 14-fevraldagi PQ-64-son qaroriga muvofiq aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalaridan boʻlgan shaxslarni ish oʻrinlarining belgilangan eng kam sonidan ortiq miqdorda ishga qabul qilish uchun ish beruvchilarga — har bir xodim uchun 12 oy davomida har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida subsidiya mablagʻlari toʻlab berilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasining “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonuni 3, 13, 34, 38, 39, 40, 41-moddalariga asosan aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga eng kam miqdordagi ish joylarini yaratish yuzasidan qabul qilingan mazkur qarorni bajarmaganlik uchun ish beruvchilar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
7. Fargʻona shahar Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi (S. Tursunaliyev):
besh kun muddatda ushbu qaror nusxasini 1 va 2-ilovalarda koʻrsatilgan tashkilotlar rahbarlarining eʼtiboriga yetkazsin va ushbu qaror bajarilishi ustidan nazoratni taʼminlasin.
aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash boʻyicha ushbu qarorda belgilangan vazifalar bajarilmaganda, shuningdek, ularni ishga qabul qilish asossiz ravishda rad etilganligi uchun tashkilotlarning mansabdor shaxslariga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda maʼmuriy javobgarlikka tortish taʼminlansin.
8. Mazkur qaror ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinsin hamda hokimlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
9. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish shahar hokimining birinchi oʻrinbosari v.v.b Gʻ. Xaydarov zimmasiga yuklansin.
Fargʻona shahar hokimi V. NAZAROV
Fargʻona viloyati, Fargʻona sh.,
2025-yil 31-oktabr,
300-11-169-Q/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.