XORAZM VILOYATI XIVA TUMANI HOKIMINING
QARORI
Xiva tumanidagi aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini 2026-yilda ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ish beruvchilarni ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 2025-yil 4-avgustdagi PF-126-sonli Farmoniga asosan, Xiva tumanidagi aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini 2026-yilda ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish toʻgʻrisidagi taklifi atroflicha muhokama etilib, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6 va 24-moddalariga asosan, qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 2025-yil 23-iyundagi PF-98-son Farmoniga asosan, ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish vakolatlari tuman hokimiga oʻtkazilganligi rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ish beruvchilarni ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 2025-yil 4-avgustdagi PF-126-son Farmoniga asosan:
xoʻjalik yurituvchi subyektlar faqat nogironligi boʻlgan shaxslar, oilaviy (maishiy) zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslar, kambagʻal oilalar reyestridagi oilalarning aʼzolari, muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetim shaxslar, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan shaxslar uchun ish oʻrinlarining majburiy zaxiralari shakllantirilishi, bunda majburiy zaxiralash xodimlar umumiy sonining 3 foizidan oshmasligi hamda xodimlar soni 100 nafardan ortiq boʻlgan tashkilotlarga nisbatan qoʻllanilishi;
budjet tashkilotlari va davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan korxonalar faqat nogironligi boʻlgan shaxslar, oilaviy (maishiy) zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslar, kambagʻal oilalar reyestridagi oilalarning aʼzolari, muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetim shaxslar, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan shaxslar, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan hamda odam savdosidan jabrlangan shaxslar uchun ish oʻrinlarining majburiy zaxiralari shakllantirilishi, bunda majburiy zaxiralash xodimlar umumiy sonining 7 foizidan oshmasligi hamda xodimlar soni 20 nafardan ortiq boʻlgan tashkilotlarga nisbatan tatbiq etilishi belgilanganligi rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
Xiva tumani hokimligining kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi hamda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining tuman hududidagi tashkiloti boʻyicha 2026-yilda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ish oʻrinlarini belgilash toʻgʻrisidagi quyidagi takliflari maʼqullansin:
Xodimlar soni 20 nafardan ortiq boʻlgan davlat tashkilotlarida majburiy zaxiralanadigan ish oʻrinlari soni xodimlar umumiy sonining 7 foizidan oshmagan miqdorda hamda xodimlar soni 100 nafardan ortiq boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarda (davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan korxonalar bundan mustasno) majburiy zaxiralanadigan ish oʻrinlari soni xodimlar umumiy sonining 3 foizidan oshmagan miqdorida kelgusi yil uchun 84 ta ish oʻrinlarini zaxiraga qoʻyish;
Jumladan:
nogironligi boʻlgan shaxslar uchun 38 foiz (32 kishi);
oilaviy (maishiy) zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslar uchun 2 foiz (2 kishi);
kambagʻal oilalar reyestridagi oilalarning aʼzolari uchun 55 foiz (46 kishi);
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslar uchun 5 foiz (4 kishi);
3. 2026-yilda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirish maqsadida quyidagilar:
davlat tashkilotlari (budjet tashkilotlari va davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan korxonalar) tomonidan majburiy zaxira qoʻyiladigan ish oʻrinlarining manzilli roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;
xodimlarning roʻyxatdagi oʻrtacha yillik soni 100 nafardan ortiqni tashkil etadigan xoʻjalik yurituvchi subyektlar (davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan korxonalar bundan mustasno) tomonidan majburiy zaxira qoʻyiladigan ish oʻrinlarining manzilli roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Korxonalar, tashkilotlar va muassasalar rahbarlari:
zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlari umumiy sonining kamida 25 foizi miqdorida zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlarining tayyorligini yil boshlanishidan oldin 10 kundan kechiktirmay taʼminlashi, shuningdek, bu haqda yil boshlangunga qadar tuman hokimligining kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimini xabardor qiladi;
ish oʻrinlarining qolgan qismini zaxiraga qoʻyish tashkilot (ish beruvchi) tomonidan kalendar yilning birinchi choragi mobaynida taʼminlashi, bu haqda tuman kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimini birinchi chorak tugaganidan soʻng, 10 kundan kechiktirmay xabardor qiladi;
ishga joylashtirish toʻgʻrisida tuman hokimligining kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimiga har oyda, hisobot oyidan keyingi oyning 5-sanasiga qadar axborot taqdim etadi.
Zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlarini saqlash shartlari Oʻzbekiston Respublikasining “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonunining 40-moddasiga muvofiq belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish va bandligini taʼminlash uchun moliyaviy yordamlar ajratish tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 2025-yil 14-fevraldagi PQ-64-son qaroriga muvofiq, aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalaridan boʻlgan shaxslarni ish oʻrinlarining belgilangan eng kam sonidan ortiq miqdorda ishga qabul qilish uchun ish beruvchilarga har bir xodim uchun 12 oy davomida har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida subsidiya mablagʻlari toʻlab berilsin.
6. Tuman hokimligining kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi M. Rahimberganov:
8 kun muddatda ushbu qaror nusxasini 1 va 2-ilovalarda koʻrsatilgan tashkilotlar rahbarlarining eʼtiboriga yetkazsin va ushbu qaror bajarilishi ustidan nazoratni taʼminlasin;
aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash boʻyicha Xalq deputatlari Xiva tumani Kengashining ushbu qarori bajarilmaganda, shuningdek, ularni ishga qabul qilish asossiz ravishda rad etilganligi uchun tashkilotlarning mansabdor shaxslariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda maʼmuriy javobgarlikka tortish taʼminlansin.
7. Ushbu qaror ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinsin hamda hokimlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari B. Xudayberganov zimmasiga yuklatilsin.
Tuman hokimi S. PALVANOV
Xorazm viloyati, Xiva tumani,
2025-yil 4-noyabr,
260-12-176-Q/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.