XALQ DEPUTATLARI MIRZAOBOD TUMANI KENGASHINING
Qarori
Mirzaobod tumanidagi fermer xoʻjaliklari, klasterlar va boshqa suv isteʼmolchilarga 2025-2026-yil kuz-qish davri uchun ajratilgan suv limitini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-sonli qarorining 7-bandida 2024-yildan boshlab Suv xoʻjaligi vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda har yili 25-martga qadar vegetatsiya davri uchun va 25-sentabrga qadar kuz-qish davri uchun suv manbalarining suvlilik darajasidan kelib chiqqan holda hududlar kesimida qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorish uchun suv olish limitlarini tasdiqlash;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari hamda hududiy qishloq xoʻjaligi boshqarmalari har yili 1 aprelga qadar vegetatsiya davri uchun va 1-oktabrga qadar kuz-qish davri uchun yakuniy isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun suv olish limitlarini hududlar boʻyicha tasdiqlangan limit doirasida ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun xalq deputatlari tuman Kengashlariga kiritish;
isteʼmol qilingan suv miqdori hisobini yuritmagan (yuritishdan bosh tortgan) qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun suv soligʻi bazasi xalq deputatlari tuman Kengashlari tomonidan tasdiqlangan limitlarga nisbatan ikki barobar oshirilgan holda hisoblash tartiblari belgilangan.
Mirzaobod tumanida kuz-qish mavsumida ekinlarni joylashtirish rejasi jami: 30595 ga ekin yer maydonlari mavjud boʻlib, shundan shoʻr yuvish 2500 ga, nam suvi 700 ga, gʻalla chorva uchun 2000 ga, ertagi ekin 3500 ga, kechki ekin 1863 ga, koʻp yillik ekin 2267 ga, oraliq ekin 119 ga, aholi tomorqasi 1854 ga va boshqa ekinlar 15792 gektarlarni tashkil qiladi. Ushbu ekinlarni suvga boʻlgan talabi va sugʻorish meʼyorlariga qarab suv resurslaridan oqilona foydalanish maqsadida barcha hududlar va isteʼmolchilarga limit ajratilishi rejalashtirilgan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining 2024-yil 15-martdagi 72-sonli buyrugʻi asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tasarrufidagi irrigatsiya tizimi boshqarmalari hamda tuman suv yetkazib berish xizmati davlat muassasalarining suv olish va suv yetkazib berish rejalari, suv manbalari, iqtisodiyot tarmoqlari va boshqa ehtiyojlar boʻyicha umumlashtirilgan. Kutilayotgan suv resurslarini oʻz vaqtida isteʼmolchilarga yetkazish, ulardan maqsadli va samarali foydalanishni tashkil qilish hamda joriy yilning sugʻorish mavsumini muvaffaqiyatli oʻtkazish boʻyicha tuman hududida hamda tizimdagi barcha Mirzaobod tumani “Suv yetkazib berish xizmati” DM xodimlarining shaxsiy masʼuliyati va javobgarligini kuchaytirish maqsadida “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonunning 6 va 24-moddalariga muvofiq xalq deputatlari Mirzaobod tumani Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvar kungi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-sonli qarori ijro va rahbarlik uchun qabul qilinsin.
2. Mirzaobod tumanidagi fermer xoʻjaliklari, klasterlar va boshqa suv isteʼmolchilarga 2025-2026-yil kuz-qish davri uchun ajratilgan suv limiti va haqiqiy olinadigan suv miqdori toʻgʻrisidagi Mirzaobod tumani “Suv yetkazib berish xizmati” DM direktori S.Neʼmatovning hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Mirzaobod tumanidagi fermer xoʻjaliklari, klasterlar va boshqa suv isteʼmolchilarga 2025-2026-yil kuz-qish davri uchun ajratilgan suv limiti va haqiqiy olinadigan suv 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Mirzaobod tumani “Suv yetkazib berish xizmati” DM direktori S. Neʼmatovga:
ajratilgan suv olish limitlari doirasida irrigatsiya tizimi tuman suv yetkazib berish xizmati alohida ahamiyatga ega boʻlgan suv obyektlarining suv manbalari, iqtisodiyot tarmoqlari va har bir suvdan foydalanuvchi va suv isteʼmolchilar kesimida ularning suvga boʻlgan talablari asosida belgilangan suv olish limitlarini tasdiqlab, har bir suvdan foydalanuvchi va suv isteʼmolchilariga yetkazsin;
suv isteʼmolchilari bilan ularga ajratilgan suv olish limitlari doirasida suvdan foydalanish yoki suv isteʼmoli toʻgʻrisidagi shartnomalarning tuzilishi hamda ularni belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlasin;
suvdan foydalanish yoki suv isteʼmoli toʻgʻrisidagi shartnomani tuzishda suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish (aholi tomorqa yerlari bundan mustasno) vositalari bilan jihozlash;
suv olish limitlari asosida suvdan foydalanish yoki suv isteʼmolining tasdiqlangan rejasi (kommunal-maishiy suv taʼminotidagi fuqarolar bundan mustasno);
suvdan maxsus foydalanish yoki suvni maxsus isteʼmol qilish uchun berilgan ruxsatnomalarning boʻlishi majburiy talab hisoblanishi eʼtiborga olinsin;
suv resurslarini samarali boshqarish maqsadida barcha suv olish nuqtalaridagi gidropostlarning mavjudligi va sifatli taʼmirlanganligini koʻrib chiqib, mavjud kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etsin hamda har bir suv olish inshootlari jihozlanishini taʼminlasin;
suvni samarali boshqarish va ulardan maqsadli hamda tejamli foydalanish boʻyicha oʻquv seminar va tushuntirish ishlarini olib borsin;
har bir suv olish inshooti, nasos stansiyasi boʻyicha suvning ikki (uch) tomonlama kundalik hisob jurnali, hisobi va hisobotini belgilangan tartibda olib borilishini taʼminlasin.
5. Mirzaobod tumani “Suv yetkazib berish xizmati” DM hamda qishloq xoʻjaligi boʻlimi bilan hamkorlikda suvdan maqsadli va samarali foydalanish vazifasi yuklatilsin.
6. Suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi joylarda suv resurslarini samarali boshqarish va ulardan maqsadli foydalanish boʻyicha monitoring olib borilishini hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha zarur choralar koʻrish va suv yetishmovchiligining oldini olish boʻyicha masʼul etib belgilansin.
7. Tuman hokimligi Axborot xizmati (B. Abdullayev), tumanidagi fermer xoʻjaliklari, klasterlar va boshqa suv isteʼmolchilarga 2025-2026-yil kuz-qish davri uchun ajratilgan suv limiti boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borishi tavsiya etilsin.
8. Ushbu qarorning ijrosini taʼminlash tuman hokimining oʻrinbosari S. Saidumarovga, nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashi huzuridagi Agrar, suv xoʻjaligi, ekologiya va qurilish, kommunal soha masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi (I. Norkuziyev) zimmasiga yuklansin.
Kengash raisi UMAROV ABDURAXIM ABDULXAMIDOVICH
Sirdaryo viloyati, Mirzaobod tumani,
2025-yil 31-oktabr,
VII-17-144-9-125-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.