NAMANGAN VILOYATI UCHQOʻRGʻON TUMANI HOKIMINING
QARORI
Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini 2026-yil uchun band qilib qoʻyish toʻgʻrisida
“Аholi bandligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 38-moddasi, “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 43-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 965-son qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining 2019-yil 10-maydagi 19-2019-B-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan subsidiya va grantlar ajratish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom (roʻyxat raqami 3163, 2019-yil 31-may), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 04-avgustdagi “Mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ish beruvchilarni ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-126-son farmoniga asosan, ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish maqsadida tumanda 2026-yil uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish maqsadida, qaror qilaman:
1.Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ish beruvchilarni ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2025-yil 4-avgustdagi PF-126-son Farmoniga asosan:
xoʻjalik yurituvchi subyektlar faqat nogironligi boʻlgan shaxslar, oilaviy (maishiy) zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslar, kambagʻal oilalar reyestridagi oilalarning aʼzolari, muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetim shaxslar, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan shaxslar uchun ish oʻrinlarining majburiy zaxiralari shakllantirilishi, bunda majburiy zaxiralash xodimlar umumiy sonining 3 foizidan oshmasligi hamda xodimlari soni 100 nafardan ortiq boʻlgan tashkilotlarga nisbatan qoʻllanilishi;
budjet tashkilotlari va davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan korxonalar faqat nogironligi boʻlgan shaxslar, oilaviy (maishiy) zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslar, kambagʻal oilalar reyestridagi oilalarning aʼzolari, muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetim shaxslar, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan shaxslar, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan hamda odam savdosidan jabrlangan shaxslar uchun ish oʻrinlarining majburiy zaxiralari shakllantirilishi, bunda majburiy zaxiralash xodimlar umumiy sonining 7 foizidan oshmasligi hamda xodimlari soni 20 nafardan ortiq boʻlgan tashkilotlarga nisbatan tatbiq etilishi belgilanganligi rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Uchqoʻrgʻon tuman Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi hamda Uchqoʻrgʻon tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining Uchqoʻrgʻon tumani hududidagi tashkilotlar boʻyicha 2026-yilda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ish oʻrinlarini belgilash toʻgʻrisidagi quyidagi takliflari maʼqullansin:
xodimlar soni 20 nafardan ortiq boʻlgan davlat tashkilotlarida majburiy zaxiralanadigan ish oʻrinlari soni xodimlar umumiy sonining yetti foizidan oshmagan miqdorda hamda xodimlar soni 100 nafardan ortiq boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subʼektlarda (davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan korxonalar bundan mustasno) majburiy zaxiralanadigan ish oʻrinlari soni xodimlar umumiy sonining uch foizidan oshmagan miqdorida kelgusi yil uchun 68,5 ta ish oʻrinlarini zaxiraga qoʻyish, jumladan:
nogironligi boʻlgan shaxslar uchun 16,3 ta ish oʻrni;
oilaviy (maishiy) zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslar uchun 5,5 ta ish oʻrni;
kambagʻal oilalar reyestridagi oilalarning aʼzolari uchun 43,25 ta ish oʻrni;
muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan shaxslar uchun 1,5 ta ish oʻrni;
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslar uchun 2 ta ish oʻrni;
3. 2026-yilda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirish maqsadida quyidagilar:
davlat tashkilotlari (budjet tashkilotlari va davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan korxonalar) tomonidan majburiy zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlarining manzilli roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;
xodimlarining roʻyxatdagi oʻrtacha yillik soni yuz nafardan ortiqni tashkil etadigan xoʻjalik yurituvchi subyektlar (davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan korxonalar bundan mustasno) tomonidan majburiy zaxira qoʻyiladigan ish oʻrinlarining manzilli roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Quyidagi ish oʻrinlari band qilib qoʻyiladigan kasblar va lavozimlar etib belgilansin:
muhandis, iqtisodchi, hisobchi, huquqshunos, zootexnik, agronom, shifokor, hamshira, kichik tibbiy xodim, ish yurituvchi, oʻqituvchi, tarozibon, elektrik, farrosh, oʻt yoquvchi, obodonlashtirish ishchisi, omborchi, EHM operatori, yukchi, ishchi, bogʻbon, qorovul.
5. Korxonalar, tashkilotlar va muassasalar rahbarlari:
zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlari umumiy sonining kamida yigirma besh foizi miqdorida zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlarining tayyorligini yil boshlanishidan oldin oʻn kundan kechiktirmay taʼminlashi, shuningdek, bu haqda yil boshlangunga qadar Uchqoʻrgʻon tumani Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimini xabardor qiladi;
ish oʻrinlarining qolgan qismini zaxiraga qoʻyish tashkilot (ish beruvchi) tomonidan kalendar yilning birinchi choragi mobaynida taʼminlashi, bu haqda Uchqoʻrgʻon tumani Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimini birinchi chorak tamom boʻlganidan soʻng, 10 kundan kechikmay xabardor qiladi;
ishga joylashtirish toʻgʻrisida Uchqoʻrgʻon tumani Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimiga har oyda, hisobot oyidan keyingi oyning 5-sanasiga qadar axborot taqdim etadi.
Zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlarini saqlash shartlari Oʻzbekiston Respublikasining “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonunining 40-moddasiga muvofiq belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish va bandligini taʼminlash uchun moliyaviy yordamlar ajratish tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2025-yil 14-fevraldagi PQ-64-son qaroriga muvofiq aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalaridan boʻlgan shaxslarni ish oʻrinlarining belgilangan eng kam sonidan ortiq miqdorda ishga qabul qilish uchun ish beruvchilarga – har bir xodim uchun 12 oy davomida har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida subsidiya mablagʻlarini toʻlab berilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasining “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonuni 3, 13, 34, 38, 39, 40, 41-moddalariga asosan aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga eng kam miqdordagi ish joylarini yaratish yuzasidan qabul qilingan mazkur qarorni bajarmaganlik uchun ish beruvchilar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 965-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Nizomning 21-bandi, 2-qismiga asosan, muhtojlar uchun ish oʻrinlarini zaxiraga qoʻyish boʻyicha Uchqoʻrgʻon tuman hokimining qarorini bajarilmaganligi uchun jarima toʻlash tashkilotni zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlarining belgilangan sonini yaratish boʻyicha majburiyatdan ozod qilmaydi.
9. Uchqoʻrgʻon tumani Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi (R. Abdullayev):
besh kun muddatda ushbu qaror nusxasini 1 va 2-ilovalarda koʻrsatilgan tashkilotlar rahbarlarining eʼtiboriga yetkazsin va ushbu qaror bajarilishi ustidan nazoratni taʼminlasin.
10. Mazkur qaror “Yorqin hayot” gazetasida rasman eʼlon qilinsin va tuman hokimligining rasmiy veb saytiga joylashtirilsin.
11. Ushbu qaror rasman eʼlon qilingan kundan boshlab 2 oydan keyin kuchga kiradi.
12. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari A. Boʻriyev zimmasiga yuklatilsin.
Tuman hokimi D. MIRXANOV
Namangan viloyati, Uchqoʻrgʻon tumani,
2025-yil 31-oktabr,
539-6-87-Q/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.