XALQ DEPUTATLARI VOBKENT TUMANI KENGASHINING
Qarori
Vobkent tumanida 2025/2026-yillar kuz-qish davri uchun yakuniy isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun suv olish limitlarini koʻrib chiqish va tasdiqlash toʻgʻrisida
Mamlakatimizda suv resurslaridan foydalanish mexanizmlarini tubdan isloh qilish, ulardan oqilona va samarali foydalanishni taʼminlash, iqtisodiyot tarmoqlarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, shuningdek, sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash boʻyicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. Shuningdek, qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishga alohida eʼtibor qaratilib, suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish orqali aholi ongida shakllangan “suv — tekin” tushunchasidan voz kechish hamda suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini kengaytirilgan tartibda joriy etishni davom ettirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-sonli qarori qabul qilingan. Mazkur qarorning 7-bandiga muvofiq 2024-yildan boshlab:
har yili 1-aprelga qadar vegetatsiya davri uchun va 1-oktyabrga qadar kuz-qish davri uchun yakuniy isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun suv olish limitlarini hududlar boʻyicha tasdiqlangan limit doirasida ishlab chiqib, tasdiqlash uchun xalq deputatlari tuman Kengashlariga kiritishi;
isteʼmol qilingan suv miqdori hisobini yuritmagan (yuritishdan bosh tortgan) qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun suv soligʻi bazasi xalq deputatlari tuman Kengashlari tomonidan tasdiqlangan limitlarga nisbatan ikki barobar oshirilgan holda hisoblanishi boʻyicha tuman Kengashi sessiya muhokamasiga kiritilishi belgilangan.
Vobkent tumanida 2025/2026-yillar kuz-qish davrida suv resurslaridan oqilona foydalanish, sugʻorish tarmoqlarida suv yoʻqotilishini kamaytirish, istemolchilarga yetkazib beriladigan suv resurslarining cheklangan suv miqdorlarini inobatga olgan holda isteʼmolchilarga kesimida ekinlarni sugʻorish uchun suv olish limitlarini koʻrib chiqish va tasdiqlash maqsadga muvofiq boʻlmoqda.
Shuningdek, tumanda kuz-qish davrida jami 74,6 mln.m3, shu jumladan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilar (suv isteʼmolchilar)ga 67,2 mln.m3 dehqon xoʻjaliklari uchun 3,9 mln.m3 va aholi tomorqa yerlariga 3,5 mln.m3 suv resurslari ajratilishi kutilmoqda.
Yuqorida bayon etilganlarga asosan, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6-va 24-moddalariga muvofiq xalq deputatlari Vobkent tumani Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi PQ-5-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vobkent tumani “Suv yetkazib berish xizmati” Davlat muassasasining 2025-yil 15-oktyabrdagi 174-sonli xati inobatga olinsin.
2. Vobkent tumanida 2025/2026-yillar kuz-qish davri uchun yakuniy isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun suv olish limitlarini koʻrib chiqish va tasdiqlash yuzasidan tuman “Suv yetkazib berish xizmati” Davlat muassasasi direktori B.Mirjonovning axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Tumanda 2025/2026-yillar kuz-qish davri uchun yakuniy isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun suv olish limitlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari — tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi boshligʻi O.Noʻkarov, tuman “Suv yetkazib berish xizmati” DM (B.Mirjonov)ga:
cheklangan suv limitlarini inobatga olgan holda, suv resurslaridan oqilona foydalanish maqsadida tumanda kuz-qish davri uchun yakuniy isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun suv olish limitlari taqsimlash choralarini koʻrish;
tuman chegarasidan olinadigan suv resurslarini oʻlchab olib, hududlarning yer maydonlarini inobatga olgan holda, suv resurslarini taqsimlash choralarini koʻrish;
tumanda suv isteʼmolchilari tomonidan limit asosida olingan suv resurslarini hisobotini yuritish va belgilangan tartibda tuman soliq inspeksiyasiga oʻz vaqtida taqdim etib borish vazifasi yuklatilsin.
5. Xalq deputatlari tuman Kengashining Agrar, suv xoʻjaligi va ekologiya masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi (B. Vafoyev)ga:
tumanda suv isteʼmolchilari tomonidan limit asosida olingan suv resurslarini samarali foydalanayotganligi yuzasidan joylarga chiqqan holda deputatlik nazoratini oʻrnatish;
har oyda oʻrganishlar natijasida suv resurslarini tumanda belgilangan limitdan ortiqcha olgan suv isteʼmolchilarini doimiy komissiya yigʻilishlarida ishtirokini taʼminlash va ularning hisobot (axborot)larini eshitish;
2025-yil davomida tumanda suv isteʼmolchilari tomonidan limit asosida olingan suv resurslarini samarali foydalanayotganligi yuzasidan mutasaddi tashkilot rahbarlarining hisobot (axborot)larini xalq deputatlari tuman Kengashining sessiya kun tartibiga kiritilishini nazoratga olsin.
6. Mazkur qarorning ijrosini taʼminlash tumani hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari — tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi boshligʻi O. Noʻkarovga, ijrosini nazorat qilish Xalq deputatlari tuman Kengashining agrar, suv xoʻjaligi va ekologiya masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi raisi B. Vafoyev zimmasiga yuklatilsin.
7. Mazkur qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Kengash raisi OSTONOV AKMAL ANVAROVICH
Buxoro viloyati, Vobkent tumani,
2025-yil 31-oktabr,
VII-19-122-2-33-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.