SAMARQAND VILOYATI QOʻSHRABOT TUMANI HOKIMINING
QARORI
Samarqand viloyati hokimining 2025-yil 11-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 3-sentabrdagi “Yer uchastkalarini onlayn-auksion orqali realizatsiya qilish va kadastr sohasida davlat xizmatlari koʻrsatish tartib-taomillarini takomillashtirish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 559-son qarori ijrosini taʼminlash haqida”gi 327-7-0-Q/25-sonli qarori toʻgʻrisida
Aholiga davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini isloh qilish, ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish, fuqarolarga qoʻshimcha qulayliklar yaratish, ularda tanlov imkoniyatini kengaytirish hamda yerga oid mulkiy va huquqiy munosabatlarda barqarorlikni taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
1. Samarqand viloyati hokimining 2025-yil 11-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 3-sentabrdagi “Yer uchastkalarini onlayn-auksion orqali realizatsiya qilish va kadastr sohasida davlat xizmatlari koʻrsatish tartib-taomillarini takomillashtirish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 559-son qarori ijrosini taʼminlash haqida”gi 327-7-0-Q/25-sonli qarori ijro uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori bilan: kichik sanoat zonalari hamda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari hududida joylashgan yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarishda ushbu sanoat va tadbirkorlik zonalari direksiyalari buyurtmachi hisoblanishi;
olis va choʻl hududlarda tashkil etiladigan yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari roʻyxati Xalq deputatlari viloyat Kengashi qarorlariga asosan tasdiqlanishi va ular tomonidan, zaruratga koʻra, tasdiqlangan roʻyxatga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritib borilishi;
2025-yil 5-sentabrdan boshlab olis va choʻl hududlarda joylashgan yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalaridagi boʻsh yer uchastkalari “1 soʻm” xarid qiymatida elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Tumanda koʻp kvartirali turar-joylar qurish uchun yer uchastkalarini ijaraga berish boʻyicha auksion gʻolibi hamda tuman hokimligi bilan quyidagilarni nazarda tutuvchi elektron shartnomani (ofertani) imzolash hamda ushbu shartnoma “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ tomonidan roʻyxatga olinishi, bunda:
koʻp kvartirali turar-joylar qurish maqsadida auksion savdosida sotilgan yer uchastkalarining loyiha oldi hujjatlarini tayyorlashga 15 kunlik, loyiha ishlarini bajarishga ikki oylik va qurilish ishlarini boshlashga uch oylik muddat berilishi;
yer uchastkasida barpo etiladigan obyektni foydalanishga topshirish muddati;
koʻp kvartirali turar-joylar qurish uchun ijaraga berish boʻyicha auksion savdolari ofertasi talablari bajarilmaganda, yer uchastkasi belgilangan tartibda qaytarib olinishi va takroran auksion savdolariga chiqarilishi boʻyicha oʻrnatilgan tartibga qatʼiy rioya qilinishini taʼminlasin.
4. Tuman hokimining oʻrinbosarlari (Q.Xoliqulov, Sh.Xaydarov), tuman Iqtisodiyot va moliya boʻlimi birinchi oʻrinbosari (M.Esonov), tuman Investitsiyalar, sanoat va savdo boʻlimi (M.Nazarov, Kadastrlar palatasi tuman boʻlimi (A.Turdialiyev) uch oy muddatda maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini hamda ijtimoiy sheriklik toʻgʻrisidagi kelishuvlar va shartnomalarni amalga oshirish uchun berilgan yer uchastkalariga huquqni belgilovchi hujjatlarni xatlovdan oʻtkazish hamda huquqlari davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazish choralarini koʻrsin.
5. Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori bilan:
tadbirkorlik subyektining qurilish ishlarini boshlash, kredit mablagʻlarining ajratilishi, infratuzilma tarmoqlariga ulanish va loyihani foydalanishga topshirish jarayonida yuzaga keladigan masalalari elektron platformaga kiritilgan kundan boshlab oʻn besh kun muddatda bartaraf etilmagan taqdirda, muammoli masalalar toifasiga oʻtkazilishi hamda tuman hokimliklari tomonidan muhokama etib borilishi;
belgilangan muddatlarda foydalanilmagan yer uchastkalarini sud tartibida tuman hokimliklarining tasarrufiga qaytarish uchun hujjatlar yigʻmajildini sudga taqdim qilish boʻyicha xarajatlar mahalliy byudjetning ortiqcha bajarilgan qismi hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi;
yer uchastkasiga boʻlgan huquqni bekor qilish toʻgʻrisida sud qarori qabul qilinganda, yer uchastkasini takroran realizatsiya qilishdan tushgan mablagʻlar hisobidan ushbu yer uchastkasiga boʻlgan huquqi bekor qilingan shaxsga mazkur yer uchastkasini sotib olish uchun haqiqatda toʻlagan mablagʻlari qaytarib berilishi, bunda, yer uchastkasini tanlash materiallarini tayyorlash va auksion oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar chegirib qolinishi belgilanganligi inobatga olinsin.
6. Tuman Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boʻlimi (Z.Astanov), tumandagi masʼul tashkilot rahbarlari tadbirkorlik va shaharsozlik maqsadlarida realizatsiya qilingan yer uchastkalarini iqtisodiy aylanmaga kiritish, auksion savdolariga qoʻyilgan yer uchastkalarining sotilishi va loyihani amalga oshirish bilan bogʻliq muammolarni bartaraf etish darajasi yuzasidan tumandagi tashkilot rahbarlari va mahallalardagi hokim yordamchilarining faoliyatiga baho berilishi, bunda, iqtisodiy aylanmaga kiritilgan, xususan, qurilish ishlari yakunlanib, binoga egalik huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan yer uchastkasi elektron platformada amalga oshirilgan loyihalar moduliga oʻtkazilishi hamda mazkur yer uchastkasi tumandagi masʼul tashkilot rahbari va hokim yordamchisi nazoratidan yechilishi boʻyicha belgilangan tartib asosida ish yuritilishini taʼminlasin.
7. Tuman hokimining oʻrinbosarlari (Q.Xoliqulov, Sh.Xaydarov), tuman Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boʻlimi (Z.Astanov), tuman Iqtisodiyot va moliya boʻlimining birinchi oʻrinbosari (M.Esonov), tuman Investitsiyalar, sanoat va savdo boʻlimi (M.Nazrov), Kadastrlar palatasi tuman boʻlimi (A.Turdaliyev)lar bilan birgalikda tadbirkorlik hamda shaharsozlik maqsadlarida elektron onlayn-auksion savdolarida realizatsiya qilinib, iqtisodiy aylanmaga kiritilmagan yer uchastkalarini doimiy monitoring qilib, amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar yuzasidan har chorakda Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin.
8. Tuman hokimining 1-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritilsin hamda 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilsin.
9. Tuman hokimining oʻrinbosarlari (Q.Xoliqulov, Sh.Xaydarov), tuman Investitsiyalar, sanoat va savdo boʻlimi (M.Nazarov), Kadastrlar palatasi tuman boʻlimi (A.Turdaliyev) tumandagi masʼul tashkilot rahbarlar bilan birgalikda 2025-yil 1-oktabrga qadar qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan boshqa yerlar toifasiga oʻzgartirilgan yer uchastkalarini belgilangan tartibda realizatsiya qilish boʻyicha asoslantirilgan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosarlari (Q.Xoliqulov, Sh.Xaydarov) zimmalariga yuklatilsin.
Tuman hokimi D. SHAKARBOYEV
Samarqand viloyati, Qoʻshrabot tumani,
2025-yil 16-sentabr,
197-7-97-Q/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.