QORAQALPOGʻISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR KENGASHINING
QARORI
Yirik investitsiya loyihalari uchun ijaraga berilgan yer uchastkalarida loyiha doirasidagi investitsiya majburiyatlarining bajarilishini monitoring qilish va investitsiya majburiyatlarini qabul qilish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 3-moddasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi “Yer toʻgʻrisida”gi Qonunining 4 va 23-moddalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-yanvardagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasida tadbirkorlikni yanada qoʻllab-quvvatlash hamda aholi farovonligini taʼminlash uchun yangi imkoniyatlarni yaratish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-10-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining “Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi toʻgʻrisida”gi Qonunining 8, 35-moddalariga asosan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-yanvardagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasida tadbirkorlikni yanada qoʻllab-quvvatlash hamda aholi farovonligini taʼminlash uchun yangi imkoniyatlarni yaratish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-10-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining qarori bilan “Yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun eng yaxshi taklifni tanlab olish va yer uchastkalarni toʻgʻridan-toʻgʻri ijaraga berish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom va “Yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun eng yaxshi taklifni tanlab olish va yer uchastkalarini toʻgʻridan-toʻgʻri ijaraga berish masalasini koʻrib chiqish boʻyicha komissiya tarkibi” tasdiqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Yirik investitsiya loyihalari uchun ijaraga berilgan yer uchastkalarida loyiha doirasidagi investitsiya majburiyatlarining bajarilishini monitoring qilish va investitsiya majburiyatlarini qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Yirik investitsiya loyihalari uchun ijaraga berilgan yer uchastkalarida loyiha doirasidagi investitsiya majburiyatlarining bajarilishini monitoring qilish boʻyicha ishchi guruh tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Ishchi guruh:
mazkur qaror bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq loyiha tashabbuskorlariga ajratilgan yer uchastkalarida investitsiya majburiyatlarining bajarilishini doimiy muvofiqlashtirsin;
investitsiya majburiyatlari ijrosini oʻrganish maqsadida rejali va rejadan tashqari monitoring oʻtkazish choralarini koʻrib borsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi Tadbirkorlikka koʻmaklashish direksiyasi (U.Xasanov)ga:
yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun eng yaxshi taklifni tanlab olish va yer uchastkalarini toʻgʻridan-toʻgʻri ijaraga berish masalasini koʻrib chiqish boʻyicha respublika komissiyasi tomonidan maʼqullangan loyiha tashabbuskorlari bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi nomidan investitsiya shartnomasini tuzish;
ijaraga berilgan yer uchastkalarida investitsiya majburiyatlarining bajarilishini monitoring qilish boʻyicha reja jadvalini ishlab chiqish;
ishchi guruh tomonidan oʻtkazilgan monitoring natijalari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga axborot kiritib borish vazifalari yuklatilsin.
5. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (U.Usmanov) mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 8-avgustdagi PF-129-son Farmoni asosida investitsiya kiritish majburiyatini yuklagan holda loyiha tashabbuskorlariga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi qarori bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ajratib berilgan yer uchastkalaridan maqsadga muvofiq foydalanishi va bugungi kundagi holatini oʻrganib chiqsin hamda natijasi yuzasidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga axborot kiritsin.
6. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (U.Usmanov) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 8-avgustdagi PF-129-son Farmoni asosida tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan yer uchastkalari toʻgʻrisidagi qarorlar va qaror osti hujjatlarini Tadbirkorlikka koʻmaklashish direksiyasiga belgilangan tartibda topshirsin.
7. Tadbirkorlikka koʻmaklashish direksiyasi (U.Xasanov) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 8-avgustdagi PF-129-son Farmoni asosida tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan yer uchastkalarida belgilangan investitsiya majburiyatlarini bajarilishi boʻyicha mazkur qaror bilan tasdiqlangan Nizom asosida zarur choralarni koʻrib borsin.
8. Kadastr agentligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi (I.Tleuov) Nukus shahri va tumanlar hokimlari bilan birgalikda investitsiya kiritish majburiyati bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi qarori asosida toʻgʻridan-toʻgʻri ajratib berilgan yer uchastkalaridan maqsadsiz foydalanilgan yoki belgilangan muddatlarda majburiyatlarini bajarmagan tadbirkorlik subyektlari bilan tuzilgan yer ijara shartnomalarini amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq bekor qilsin va yer uchastkalarini davlat zaxirasiga qaytarish choralarini koʻrib borsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini taʼminlash va nazorat qilish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining oʻrinbosarlari (V.Jollibekov, Sh.Teshayev va T.Yusupov) zimmalariga yuklansin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F. ERMANOV
Qoraqalpogʻiston Respublikasi,
2025-yil 28-avgust,
509-13-0-Q/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.