XALQ DEPUTATLARI QIZILTEPA TUMANI KENGASHINING
QARORI
Tuman hududida ogʻir yuk koʻtaruvchi avtotransport vositalarining gabarit oʻlchovini cheklovchi temir toʻsinlar oʻrnatish toʻgʻrisida
Qiziltepa tuman hududidan oʻtuvchi, davlat ahamiyatiga molik boʻlgan D193 (4K387) “Toshrabot. q – Baqollar. q – Gʻishti. q – Gʻijdivon. sh – Vobket. t – Romitan. sh” avtomobil yoʻli hamda mahalliy ahamiyatga molik boʻlgan 85V005 (4K367) “D189 avtomobil yoʻli (65 km.dan) — Uzilishkent. q — Saribosh. q – Hasancha. q — Shaftolixoyak. q” avtomobil yoʻllari oxirgi yillarda respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan taʼmirlangan. Mazkur avtomobil yoʻllari belgilangan meʼyor talablari asosida yakka oʻqqa tushadigan ogʻirlik 6 — 8 — 10 tonnaga moʻljallab qurilgan.
Hozirgi kunda ushbu avtomobil yoʻllari orqali, yakka oʻqqa tushadigan ogʻirlik belgilangan meʼyor talablaridan yuqori boʻlgan ogʻir yuk koʻtaruvchi avtotransport vositalari (ushbu avtotransport vositalarining yakka oʻqqa tushadigan ogʻirligi 13 tonnadan yuqori) doimiy harakatlanib kelmoqda. Buning natijasida taʼmirlangan avtomobil yoʻllarining qisqa fursatlarda yaroqsiz holatga kelishi va bu orqali Respublika byudjetidan ajratilgan milliardlab mablagʻlarning isrof boʻlishiga sabab boʻlib kelmoqda.
Mazkur salbiy holatlarni oldini olish borasida Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 2-oktyabrdagi “Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida”gi 117-sonli Qonunning “Yoʻl tashkilotlarining huquq va majburiyatlari toʻgʻrisida”gi 16-moddasida (Noqulay ob-havo-iqlim sharoitlarida, tabiiy ofatlar, yongʻinlar yuz berganda, avtomobil yoʻli koʻtarish qobiliyatini yoʻqotganda va boshqa shunga oʻxshash hollarda, shuningdek taʼmirlash-qurilish ishlari olib borilayotganda yoʻl tashkilotlari mahalliy davlat hokimiyati organlariga bu haqda bildirgan, avtomobil yoʻllaridan foydalanuvchilarni ommaviy axborot vositalari orqali eʼlon qilish bilan xabardor qilgan hamda tegishli belgilar oʻrnatgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati va Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi boʻlinmalari bilan birgalikda transport vositalari harakatini cheklash yoki taqiqlash huquqiga ega)batafsil toʻxtalib oʻtilgan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, shuningdek, tuman TYFDM boshligʻining 2025-yil 19-maydagi 01-15-07/155-sonli xatiga asosan, xalq deputatlari tuman Kengashi, qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 2-oktyabrdagi “Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida”gi 117-sonli Qonunning 16-moddasi, tuman TYFDM boshligʻi J. Majidovning 2025-yil 19-maydagi 01-15-07/155-sonli xati hamda tegishli tashkilotlarning xulosalari maʼlumot va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Tuman hududidan oʻtuvchi davlat ahamiyatiga molik boʻlgan D193 (4K387) “Toshrabot. q – Baqollar. q – Gʻishti. q – Gʻijdivon. sh – Vobkent. t – Romitan. sh” avtomobil yoʻlining 7-8 km.lar oraligʻida hamda mahalliy ahamiyatga molik boʻlgan 85V005 (4K367) “D189 avtomobil yoʻli (65 km. dan) — Uzilishkent . q — Saribosh.q — Hasancha.q — Shaftolixoyak. q” avtomobil yoʻlining 2-3 kmlar oraligʻidagi joylarida ogʻir yuk koʻtaruvchi avtotransport vositalarining cheklangan balandlik (3 metr) temir toʻsinlar oʻrnatish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
3. Tuman hokimi oʻrinbosari (X. Aliyev), TYFDM boshligʻi (J. Majidov) hamda tegishli korxona va tashkilot rahbarlariga:
yoʻl belgilari oʻrnatilishi avtomobil yoʻlida harakat xavfsizligini taʼminlash, doimiy ravishda nazorat qilib borish hamda harakatlanishga ruxsat etilgan avtotransport vositalarining koʻrgazmalari, yoʻl belgilari oʻrnatish vazifalari yuklansin.
4. Oʻrnatilgantemir toʻsinlarni “Gʻamxoʻr” hamda “Humo” MFYlari raisi hamda profilaktika nozirlari doimiy ravishda nazorat qilib borishi tavsiya etilsin.
5. Yoʻl harakati qatnashchilari “Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni va “Yoʻl harakati qoidalari”ga muvofiq oʻrnatilgan yoʻl belgilari va yoʻl chiziqlariga amal qilishlari shuningdek, berilgan vakolat doirasida yoʻllarda harakatni tartibga soluvchilarning koʻrsatmalarini soʻzsiz bajarishi doimiy nazoratga olinsin.
6. Mazkur qarorning ijrosini taʼminlash, tuman hokimi oʻrinbosari (X. Aliyev) hamda qarorning ijrosini nazorat qilish, xalq deputatlari tuman Kengashining Mahalliy byudjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi (Sh. Islomov) zimmalariga yuklansin.
7. Qaror rasman imzolangan kundan eʼtiboran uch oydan soʻng kuchga kiradi.
Sessiyada raislik qiluvchi BOBOJONOV ULUGʻBEK RAXIMOVICH
Navoiy viloyati, Qiziltepa tumani,
2025-yil 12-avgust,
VII-10-78-5-72-K/25-son