SURXONDARYO VILOYATI BOYSUN TUMANI HOKIMINING
QARORI
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Geografik obyektlarga doir ayrim munosabatlarni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 30-iyuldagi 475-son qarori va shu haqidagi viloyat hokimining 2025-yil 4-avgustdagi 427-8-0-Q/25-son qarori ijrosini taʼminlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi va “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Qonunlariga muvofiq geografik obyektlarni tizimlashtirish hamda koʻcha nomi va koʻchmas mulk obyekti raqami koʻrsatkichlarini oʻrnatish faoliyatini tartibga solish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-iyuldagi 475-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida, qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Geografik obyektlarga doir ayrim munosabatlarni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 30-iyuldagi 475-son qarori va shu haqidagi viloyat hokimining 2025-yil 4-avgustdagi 427-8-0-Q/25-son qarori maʼlumot va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori bilan:
geografik obyektlarni tizimlashtirish, shu jumladan, ularning kodi, turi, qisqartmasi va klassifikatsiya kodini belgilashni nazarda tutuvchi Geografik obyektlarning klassifikatori (keyingi oʻrinlarda - Klassifikator);
koʻcha nomi va koʻchmas mulk obyekti raqami koʻrsatkichining (keyingi oʻrinlarda-koʻrsatkich) shakli, oʻlchamlari, yozilishi va unga doir texnik shartlarni nazarda tutuvchi Koʻcha nomi va koʻchmas mulk obyekti raqami koʻrsatkichini oʻrnatish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlanganligi;
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 14-dekabrdagi 1010-son qarori bilan tasdiqlangan Koʻchmas mulk obyektlari manzillari yagona reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq koʻrsatkichlarda yoziladigan koʻcha nomi va koʻchmas mulk obyekti raqami toʻgʻrisidagi axborotlar Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining (keyingi oʻrinlarda — Kadastr agentligi) Davlat kadastrlari palatasi tuman (shahar)lar filiallari tomonidan taqdim etilishi;
koʻrsatkichlarni tayyorlash va oʻrnatish bilan bogʻliq xarajatlar mahalliy byudjetning qoʻshimcha manbalari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirilishi;
yangi qurilgan, rekonstruksiya qilingan va taʼmirlangan koʻchalar, uylar, koʻp kvartirali turar joylar uchun koʻrsatkichlarni tayyorlash va oʻrnatish bilan bogʻliq xarajatlar qurilish tashkiloti yoki obyekt egasining oʻz mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilishi belgilanganligi;
Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Transport vazirligi, Energetika vazirligi, Statistika agentligi, “Oʻzbekgidroenergo” AJ, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ Kadastr agentligi bilan birgalikda:
2025-yil 1-oktyabrga qadar Klassifikator asosida tegishliligi boʻyicha tabiiy obyektlar hamda transport va muhandislik-texnika infratuzilmasi obyektlari nomlarini xatlovdan oʻtkazishi;
2026-yil 1-mayga qadar belgilangan tartibda nomlanmagan va davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan geografik obyektlar nomlarini Oʻzbekiston Respublikasining “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga (keyingi oʻrinlarda — Qonun) muvofiq Reyestrga kiritish choralarini koʻrishi;
Kadastr agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Klassifikatorga kiritilgan geografik obyektlar (tabiiy obyektlar hamda transport va muhandislik-texnika infratuzilmasi obyektlari)ga nom berish hamda ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritib borishi inobatga olinsin.
3. Tuman hokimining birinchi oʻrinbosari v.v.b Sh. Abdullayev:
Kadastr agentligi tuman boʻlimi, tuman Statistika boʻlimi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi tuman boʻlimi bilan birgalikda 2026-yil 1-iyulga qadar tumandagi barcha koʻchalarning nomlarini xatlovdan oʻtkazsin hamda ularni Reyestrga muvofiqlashtirish, yangi tashkil etilgan va nomlanmagan koʻchalarga nom berish, shuningdek, Qonun talablariga zid boʻlgan nomlarni oʻzgartirish choralarini koʻrsin;
2028-yil 1-yanvarga qadar Kadastr agentligi tuman boʻlimining Koʻchmas mulk obyektlari manzillari yagona reyestridagi axborotlar asosida koʻrsatkichlar oʻrnatilishini taʼminlasin.
4. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosarlari Sh. Abdullayev, N. Normoʻminov va A. Husanov zimmasiga yuklansin.
Tuman hokimi B. SH. SHUKUROV
Surxondaryo viloyati, Boysun tumani,
2025-yil 9-avgust,
171-8-110-Q/25-son