Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasining 2025-yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasining (bundan buyon matnda Qoʻmita deb yuritiladi) 2025-yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati toʻgʻrisidagi axborotini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi taʼkidlaydiki, Qoʻmita tomonidan innovatsiyalar va axborot kommunikatsiya texnologiyalari yoʻnalishidagi islohotlarni yanada jadallashtirish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ish yuritishini raqamlashtirish, ular faoliyatining ochiqligini va oshkoraligini taʼminlash kabi muhim yoʻnalishlarning huquqiy poydevorini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilgan.
Xususan, oʻtgan davrda Qoʻmita 6 ta qonun loyihasiga masʼul boʻlgan va ularning 3 tasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) tomonidan qabul qilinib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga yuborilgan.
Jumladan, Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan «Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga intellektual mulk himoyasini kuchaytirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi, «Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi hamda «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi qonun loyihalari Qoʻmita tomonidan maromiga yetkazilgan.
Hisobot davrida Qoʻmita oʻzi masʼul boʻlgan qonun loyihalarini koʻrib chiqish hamda maromiga yetkazish maqsadida jami 30 ta ishchi guruh yigʻilishini oʻtkazgan. Shuningdek, aksariyat qonun loyihalari Qoʻmita huzurida tashkil etilgan Jamoatchilik kengashi yigʻilishlarida muhokama qilingan.
Bundan tashqari, Qoʻmita majlislarida Raqamli texnologiyalar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlantirish agentligi rahbar va oʻrinbosarlarining oʻz faoliyati masalalari yuzasidan axboroti eshitilgan.
Qoʻmita eshituvlarida raqamli texnologiyalar sohasining poydevori hisoblangan telekommunikatsiyalar infratuzilmasini rivojlantirishga investitsiyalarni keng jalb etish, eksport hajmini oshirish, barcha sohalarga innovatsion hamda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish boʻyicha amalga oshirilayotgan vazifalar ijrosini taʼminlash borasida Qoʻmita tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilgan.
Shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning Oliy Majlis palatalarining 2024-yil 18 — 20-noyabrda boʻlib oʻtgan majlislaridagi nutqlarida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish boʻyicha tegishli ishlar olib borilgan.
Jumladan, Qonunchilik palatasi Kengashining tegishli qaroriga muvofiq ijro hokimiyati bilan qonun ijodkorligi va parlament nazorati doirasida tizimli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida qator vazirliklar, qoʻmitalar, agentliklar, inspeksiyalar, ilmiy-tadqiqot muassasalari, tahlil markazlari va boshqa tashkilotlar Qoʻmitaga biriktirildi.
Oʻtgan davrda Qoʻmita tomonidan Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti, Adliya vazirligi huzuridagi «Intellektual mulk markazi» davlat muassasasi, Progressiv islohotlar markazi, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining Nanotexnologiyalarni rivojlantirish markazi, Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi «Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi» davlat muassasasi, «Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi» MCHJ bilan birgalikda hamkorlik memorandumlari imzolangan hamda hamkorlikdagi ish rejalari tasdiqlangan.
Hisobot davrida Qoʻmita tomonidan jamiyatda intellektual mulk huquqiga hurmat hissini shakllantirishga va intellektual mulk egalarining moddiy manfaatlarini himoya qilishga, tadbirkorlik subyektlarining intellektual mulk obyektlaridan qonuniy foydalanish boʻyicha masʼuliyatini yanada oshirishga, litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillarini yanada soddalashtirishga, tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga, bozorda teng sharoitlar yaratishga va raqobat muhitini taʼminlashga, toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlari tomonidan fuqarolarga onlayn xizmatlar koʻrsatishda texnik himoya usullarini takomillashtirishga qaratilgan qator qonun loyihalariga takliflar ishlab chiqilgan.
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini oʻz vaqtida oʻrganishga hamda ularni hal etishga alohida eʼtibor qaratilgan. Shunga koʻra, oʻtgan davrda fuqarolardan Qoʻmita nomiga kelib tushgan jami 141 ta murojaat belgilangan tartibda koʻrib chiqilgan.
Qoʻmita faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, sohaga oid qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini jamoatchilikka yetkazishda ommaviy axborot vositalari bilan samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Qoʻmitaning hisobot davridagi faoliyati ommaviy axborot vositalarida jami 1 365 marotaba yoritilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasining 2025-yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalar qoʻmitasi:
sohaga oid qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish boʻyicha tizimli ravishda takliflar ishlab chiqishga;
kiberkorrupsiyani tartibga solishga qaratilgan milliy qonunchilik bazasini xatlovdan oʻtkazishga, tahlil qilishga va natijasi yuzasidan takliflar ishlab chiqishga;
Qoʻmita masʼul boʻlgan qonun loyihalarini Qoʻmita huzuridagi Jamoatchilik kengashi yigʻilishlarida muntazam ravishda muhokama qilishga;
innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari sohasida belgilangan vazifalarning ijro etilishi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirishga va uning yakunlari boʻyicha qabul qilinadigan qarorlarning natijadorligini doimiy ravishda monitoring qilib borishga;
«Oʻzbekiston — 2030» strategiyasini «Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot» yilida amalga oshirishga oid davlat dasturining, «Raqamli Oʻzbekiston — 2030» strategiyasining hamda innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari sohasiga doir boshqa dasturlarning oʻz vaqtida hamda sifatli bajarilishi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini olib borishga;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini oʻz muddatida koʻrib borishga hamda qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha fuqarolar tomonidan kelib tushgan takliflarni ularning ishtirokida Qoʻmita majlislarida muhokama qilishga alohida eʼtibor qaratsin.
3. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari R. Xakimov zimmasiga yuklatilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari R. XAKIMOV
Toshkent sh.,
2025 yil 30 iyun,
1025-V-son