XALQ DEPUTATLARI BOYSUN TUMANI KENGASHINING
QARORI
Boysun tumani budjetining 2025-yil I chorak yakuniga koʻra daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismi hisobidan mablagʻ ajratish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 9-dekabrdagi “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi OʻRQ-589-son Qonunining 20-moddasiga muvofiq tuman budjetining joriy yil I chorak yakuniga koʻra daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismi hisobiga shakllangan mablagʻlaridan foydalanish boʻyicha xalq deputatlari Boysun tumani Kengashi, qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi 2019-yil 9-dekabrdagi OʻRQ-589-son Qonunining 20-moddasiga muvofiq, mahalliy budjetlarining qoʻshimcha manbalaridan foydalanish tartibi belgilab qoʻyilganligi maʼlumot va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Tuman hokimligi, tuman iqtisodiyot va moliya boʻlimi hamda mutasaddi tashkilotlarning tuman budjetining qoʻshimcha manbalari hisobidan mablagʻ ajratish yuzasidan kiritgan takliflari maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Tuman budjetining 2025-yil I chorak yakuniga koʻra daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismi 205,0 mln.soʻmni tashkil etganligini hisobga olib, ushbu mablagʻlar hisobidan 205,0 mln.soʻm jami shakllangan mablagʻning 100,0 foizi quyidagi sohalarga:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-apreldagi PQ-5072-son qaroriga asosan jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishda tuman budjeti qoʻshimcha mablagʻlarining 30 foizidan kam boʻlmagan miqdorda yoʻnaltirish uchun — 62,0 mln soʻm;
Tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimiga — 21,0 mln soʻm.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-oktabrdagi 646-sonli qarori 1-ilovasining 26-bandi ijrosini taʼminlash maqsadida olis hududlardagi maktablarga boshqa joylardan kelib ishlayotgan oʻqituvchilarning ijara toʻlovi uchun;
Yoshlar daftari jamgʻarmasiga oʻtkazish uchun — 20 mln soʻm;
Ayollar daftari jamgʻarmasiga oʻtkazish uchun — 20 mln soʻm;
“Oʻzdaverloyiha” institutiga tumandagi 14 ga yer maydonini yer fondi toifasini oʻzgartirish ishlari uchun — 10 mln soʻm;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-noyabrdagi “Bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sogʻlomlashtirish ishlarini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-427-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida — 72,0 mln soʻm.
4. Mahalliy budjetning qoʻshimcha shakllangan mablagʻlari favqulodda vaziyatlarda va shunga oʻxshash kechiktirib boʻlmaydigan choralar koʻrilishi talab etiladigan hollarda Kengashga keyin hisobot berish sharti bilan hokimning qarori asosida yoʻnaltirilishi mumkinligi belgilansin.
5. Qoʻshimcha manbalarning bir qismini tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish munosabati bilan tegishli tashkilot va muassasalar hisobiga oʻtkazib beriladigan mablagʻlarning natijadorligini va maqsadliligini taʼminlash uchun Iqtisodiyot va moliya boʻlimiga xarajatlar yoʻnalishini aniqlashtirish vazifasi yuklatilsin.
6. Tuman budjetining 2025-yil I chorak yakuniga koʻra daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismi hisobidan yoʻnaltirilgan mablagʻlar toʻgʻrisida xalq deputatlari tuman Kengashiga chorak yakuni bilan tuman hokimligi tomonidan hisobot berib borilishi belgilansin.
7. Tuman budjetining qoʻshimcha manbalaridan mablagʻ oluvchilarning rahbarlari ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanilishi, shuningdek, ushbu mablagʻlarni ajratilishi uchun taqdim etiladigan barcha hujjatlarning haqqoniyligiga shaxsan javobgar ekanligi belgilansin.
8. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Xalq deputatlari Boysun tuman Kengashining mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi raisi Q.Alimov zimmasiga yuklatilsin.
9. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan kuchga kiradi.
Kengash raisi SHUKUROV BOXADIR SHOTURAYEVICH
Surxondaryo viloyati, Boysun tumani,
2025-yil 9-iyun,
VII-9-60-8-110-K/25-son