XALQ DEPUTATLARI NAMANGAN VILOYATI KENGASHINING
QARORI
Budjet xarajatlari samaradorligi ustidan tizimli nazorat oʻrnatish hamda mablagʻlarni iqtisod qilishni taʼminlash boʻyicha samarasiz, past samarali xarajatlarni maqbullashtirish, maqbullashtirilgan mablagʻlar hisobidan yoʻnaltirish hamda Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashining “Namangan viloyatining 2025-yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2024-yil 26-dekabrdagi VII-4-030-6-0-K/24-son qaroriga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksining 119, 120, 126, 147-moddalariga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2024-yil 17-oktyabrda oʻtkazilgan yigʻilishda berilgan topshiriqlar, Vazirlar Mahkamasida 2025-yil 27-fevralda oʻtkazilgan 6-sonli yigʻilish bayoni ijrosini taʼminlash maqsadida, byudjet xarajatlari samaradorligi ustidan tizimli nazorat oʻrnatish hamda mablagʻlarni iqtisod qilishni taʼminlash boʻyicha samarasiz, past samarali xarajatlarni maqbullashtirish, maqbullashtirilgan mablagʻlar hisobidan yoʻnaltirish hamda Namangan viloyati Kengashining “Namangan viloyatining 2025-yilgi mahalliy byudjetini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2024-yil 26-dekabrdagi VII-4-030-6-0-K/24-son qaroriga va Namangan viloyati hokimining 2025-yil 5-maydagi 01/10-545-sonli taqdimnomasiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida, Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksining:
119-moddasiga asosan Davlat budjetining qoʻshimcha manbalari Davlat budjetining har bir darajasidagi budjetlarida alohida-alohida shakllantirilishi;
qoʻshimcha manbalar tarkibiga Budjet Kodeksining 120-moddasi toʻrtinchi qismiga muvofiq budjetdan ajratiladigan mablagʻlar kamaytirilishi natijasida boʻshab qolgan mablagʻlar ham kiritilganligi;
147-moddasiga asosan bir hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchi uchun ajratilgan budjet mablagʻlarini boshqa hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchiga oʻtkazish ajratiladigan budjet mablagʻlarining cheklangan miqdorining 10 va undan ortiq foiz miqdorda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan amalga oshirilishi;
10 foizdan kam miqdorda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan amalga oshirilishi, bundan ushbu Kodeks 145-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasnoligi;
Hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchi tasarrufidagi bir budjet tashkiloti va budjet mablagʻlari oluvchidan boshqa budjet tashkiloti va budjet mablagʻlari oluvchi uchun budjetdan ajratiladigan mablagʻlarni oʻtkazish hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar soʻroviga koʻra tegishli hududiy moliya organlari tomonidan amalga oshirilishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Budjet Kodeksi, Budjet xarajatlari samaradorligi ustidan tizimli nazorat oʻrnatish hamda mablagʻlarni iqtisod qilishni taʼminlash yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2024-yil 17-oktyabrda oʻtkazilgan yigʻilishda berilgan topshiriqlar, Vazirlar Mahkamasida 2025-yil 27-fevralda oʻtkazilgan 6-sonli yigʻilish bayoni, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Hisob palatasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2025-yil 29-yanvardagi qoʻshma qarorlari, Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2025-yil 4-fevraldagi 57-2-2280-sonli koʻrsatma xati, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi Namangan viloyati boshqarmasining 2025-yil 18-fevraldagi 23-5/259-sonli taqdimnomasi hamda budjet tashkilotlarining murojaatlari maʼlumot va ijro uchun qabul qilinsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Budjet Kodeksining 120-moddasiga asosan, Namangan viloyati viloyat mahalliy byudjetdan mablagʻ oluvchi tashkilotlarning 2025-yil uchun xarajatlar smetasi va shtat jadvallarini rejalashtirishda budjet intizomiga rioya etilishi yuzasidan oʻtkazilgan tahliliy oʻrganishlarda aniqlangan samarasiz hamda past samarali xarajatlar 1-ilovaga muvofiq maqbullashtirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Budjet Kodeksining 126-moddasiga asosan, viloyat hokimligining Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashiga taqdim etgan taklifiga muvofiq, viloyat mahalliy byudjetining 2025-yilgi xarajatlari boʻyicha maqbullashtirilgan mablagʻlar hisobidan 2-ilovaga muvofiq 127 348 850,0 (bir yuz yigirma yetti milliard uch yuz qirq sakkiz million sakkiz yuz ellik) ming soʻm mablagʻlar yoʻnaltirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
5. Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashining “Namangan viloyatining 2025-yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2024-yil 26-dekabrdagi VII-4-030-6-0-K/24-sonli qarorining:
3-ilovasidagi Namangan viloyatining viloyat budjetidan mablagʻ oluvchi hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar xarajatlar rejasiga 3-ilovaga asosan;
5-ilovasidagi Namangan shahar va tumanlar mahalliy budjetlari xarajatlar rejasiga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
6. Xarajatlarni amalga oshirishga masʼul tashkilotlar rahbarlariga:
ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish, rasmiylashtirilgan hujjatlarni viloyat Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi hamda viloyat gʻaznachilik xizmati boshqarmasiga taqdim etish hamda belgilangan tartibda toʻlovlarni amalga oshirish vazifalari yuklatilsin.
7. Viloyat Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi (M.Abdullayev)ga budjet xarajatlariga belgilangan tartibda tegishli oʻzgartirishlar kiritish hamda viloyat gʻaznachilik xizmati boshqarmasi (A.Toʻrayev)ga toʻlovlarni oʻrnatilgan tartibda va oʻz vaqtida amalga oshirish hamda Davlat moliyaviy nazorat inspeksiyasi viloyat boshqarmasi (B.Xodjiyev)ga ajratilgan mablagʻlardan maqsadli foydalanilishini nazorat qilish vazifalari topshirilsin.
8.Ushbu qaror tegishli tahririyatlar va ommaviy axborot vositalarida yoritilishi tavsiya etilsin hamda viloyat hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
9. Mazkur qaror ijrosining nazorati Xalq deputatlari viloyat Kengashining mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi raisi I.Ikromov hamda viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari Z.Baxriddinov zimmasiga yuklansin.
Kengash raisi MUMINOV SOLIJON DJALILOVICH
Namangan viloyati,
2025-yil 28-may,
VII-10-77-6-0-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.