|
Постановление Кабинета Министров Республики Узбекистан О мерах по эффективной организации популяризации изучения иностранных языков Премьер-министр Республики Узбекистан А. АРИПОВ г. Ташкент, 19 мая 2021 г., № 312 |
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirishni samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 19-maydagi PQ-5117-son qaroriga muvofiq, shuningdek, xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlarni samarali amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi: 1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 19-maydagi PQ-5117-son qarorining: 1-bandiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) hamda Agentlikning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy vakillari lavozimlari tashkil etilganligi; 2-bandiga muvofiq Agentlik va uning vakillari Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti huzuridagi Chet tillarini oʻqitishning innovatsiyaviy metodikalarini rivojlantirish respublika ilmiy-amaliy markazining 34 ta shtat birligi, Xalq taʼlimi vazirligi va Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tizimining 39 ta shtat birligi hisobidan tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin. 2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq Agentlik: davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va davlat taʼlim muassasalarining xorijiy tillarni oʻqitishni ommalashtirish borasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi; xorijiy va mahalliy hamkorlar bilan aloqalar oʻrnatib, ularning moliyaviy, tashkiliy va uslubiy koʻmagini mamlakatda xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirishga jalb qilishni tashkil etadi; vazirlik va idoralar bilan birgalikda davlat xizmatchilarining kasbiy faoliyatini xorijiy tillarda amalga oshirish imkoniyatini beruvchi uslubiyotlarni ishlab chiqib, amaliyotga joriy etadi; talab yuqori boʻlgan kamida oʻnta xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni belgilaydi; xorijiy tillar oʻqituvchilari uchun malaka talablari va baholash mezonlarini ishlab chiqadi hamda ularga malaka toifasini berish jarayonini ochiqlik tamoyili asosida tashkil etadi; Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan birgalikda xorijiy tillarni bilish darajasini baholovchi xalqaro tan olingan sertifikatlarning roʻyxatini hamda xorijiy tillarni bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlarning darajalari oʻrtasidagi muvofiqlikni tasdiqlaydi. Vazirliklar va idoralar xorijiy tillarni bilish darajasini baholovchi xalqaro tan olingan sertifikatlarning roʻyxati hamda xorijiy tillarni bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar darajalari oʻrtasidagi muvofiqlik jadvali asosida tizimlaridagi xodimlarga ustamalar belgilash uchun har yili oʻzlariga taalluqli boʻlgan sertifikatlar roʻyxatlarini tasdiqlaydi. (2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi 425-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.08.2022-y., 09/22/425/0712-son) 3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti huzuridagi Chet tillarini oʻqitishning innovatsiyaviy metodikalarini rivojlantirish respublika ilmiy-amaliy markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) faoliyatini tugatish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin. Belgilansinki: Agentlik Markazning butun uzluksiz taʼlim tizimi uchun chet tillari boʻyicha xalqaro standartlarga muvofiq davlat taʼlim standartlari, oʻquv rejalari va dasturlarini, oʻquv hamda oʻquv-metodik qoʻllanmalarni ishlab chiqish va doimiy tarzda takomillashtirish boʻyicha shartnomalari, huquqlari va majburiyatlari hamda xoʻjalik shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi; Markazning 4 ta shtat birligi negizida Xorijiy mamlakatlarning chet tillarini oʻqitish sohasidagi nufuzli malaka oshirish markazlari bilan hamkorlikda ikki tomonlama sertifikatlash tizimi boʻyicha tarmoq malaka oshirish tuzilmasi tashkil etiladi; Agentlik hududiy vakilliklari Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi hamda ularning faoliyatini tashkiliy va moddiy-texnik jihatdan taʼminlash Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi. 4. Quyidagilar Agentlik faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin: 2021-yilda Davlat budjetidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga oʻqituvchilar malakasini oshirish uchun ajratilishi nazarda tutilgan mablagʻlar; Davlat budjeti mablagʻlari; xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablagʻlari, grantlar; jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari; qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar. 5. Agentlik huzurida taʼlim tashkilotlarining xorijiy tillar pedagoglarining malakasini oshirish boʻyicha mobil guruhlar (keyingi oʻrinlarda — mobil guruhlar) tashkil etilsin. Bunda, quyidagilar nazarda tutiladi: mobil guruhlar eng avvalo, olis hududlarda joylashgan yoki xorijiy tillarni oʻqitish boʻyicha koʻrsatkichi past boʻlgan taʼlim tashkilotlari oʻqituvchilarining malakasini oshirishga jalb etilishi; mobil guruhlar respublikada faoliyat yuritayotgan nodavlat taʼlim tashkilotlari va xorijiy hamkorlar vakillaridan iborat tarkibda shakllantirilishi va ularning faoliyati Agentlik, Xalq taʼlimi vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining budjetdan tashqari mablagʻlari, grantlar va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirilishi; mobil guruhlar tomonidan “kaskad” tamoyili asosida hududlarda tajribali xorijiy tillar oʻqituvchilari orasidan xorijiy tillarni oʻqitish va ommalashtirish boʻyicha trenerlar (coach)ni tayyorlab, ularning hududdagi chet tillari oʻqituvchilarining malakasini oshirish boʻyicha faoliyatini tashkil etishga uslubiy va tashkiliy yordam koʻrsatiladi. Agentlik Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab mobil guruhlar faoliyatini yoʻlga qoʻysin. Bunda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mobil guruhlarga taʼlim jarayonini joylarda tashkil etishi uchun Agentlik bilan kelishilgan holda avtotransport vositalari (mikroavtobus)ni doimiy asosda biriktirib, ularni ekspluatatsiya qilish bilan bogʻliq barcha xarajatlar qoplanishini taʼminlasin. 6. Quyidagilar: Negizida xorijiy tillarni oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etiladigan umumiy oʻrta taʼlim muassasalari hamda ularga biriktirilayotgan oliy taʼlim muassasalari roʻyxati 1-ilovaga muvofiq; 2021-yilda xorijiy tillarni oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktablarni texnik vositalar bilan jihozlash dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Bunda: mazkur qarorning 2-ilovasida koʻrsatilgan maktablarni texnik vositalar bilan jihozlash mahalliy budjet va uning qoʻshimcha manbalari hisobidan amalga oshirilsin; xorijiy tillarni oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktablarga biriktirilgan oliy taʼlim muassasalariga xorijiy tillarni oʻqitish boʻyicha tayanch oliy taʼlim muassasasi etib belgilansin va ularda Agentlikning hududiy vakilliklari joylashtirilsin. 7. Quyidagilar xorijiy tillarni oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin: oʻquvchilarning asosiy til koʻnikmalarini (tinglab tushunish, oʻqish, yozish va gapirish) rivojlantirish uchun sharoitlar yaratish, shu jumladan oliy taʼlim muassasalarining xorijiy tillar kafedralarini biriktirish orqali oʻquvchilarning xorijiy tillarni chuqur oʻrganishini tashkil etish; oʻquvchilarni xorijiy tillarga oʻqitish va ularning bilimlarini baholashning xalqaro tan olingan uslublarini joriy qilish, shu jumladan taʼlim jarayonida masofaviy va boshqa zamonaviy taʼlim shakllarini keng qoʻllash hamda boshqa fanlarni xorijiy tillarda oʻqitish; oʻquvchilarning kamida ikkita xorijiy tilni mukammal oʻzlashtirishi orqali ularning dunyoqarashi kengayishi, salohiyati oshishi hamda mehnat bozorida raqobatbardoshligi oshirilishini taʼminlash. 8. Quyidagilar xorijiy tillarni oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktablarga biriktirilgan oliy taʼlim muassasalarining asosiy vazifalari etib belgilansin: oʻquv jarayonini metodik qoʻllab-quvvatlash, oʻquvchilarning asosiy til koʻnikmalarini mustahkamlash va qoʻllashda koʻmaklashish, shu jumladan taʼlim jarayoniga xorijiy mutaxassislarni jalb etish; taʼlim jarayoniga malakali professor-oʻqituvchilar va iqtidorli talabalarni jalb qilish choralarini koʻrish hamda ular ishtirokida mahorat darslarini tashkil qilish; xorijiy tillarga oʻqitish kurslari va toʻgaraklari faoliyatini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, oʻquvchilar oʻrtasida koʻrik-tanlovlar va olimpiadalar tashkil etish. Ixtisoslashtirilgan maktablarga biriktiriladigan oliy taʼlim tashkilotlarining xorijiy tillarni oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktablarda xorijiy tillarni oʻqitishni ommalashtirishga oid xarajatlari ushbu tashkilotlarning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qoplansin. 9. Davlat taʼlim muassasalari xorijiy tillar oʻqituvchilari uchun xorijiy tillarni oʻzlashtirish darajasi boʻyicha quyidagi talablar belgilansin: 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab, davlat taʼlim muassasalarining (davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlaridan tashqari) xorijiy tillar oʻqituvchilari lavozimlariga ishga yangi qabul qilinayotgan talabgor kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega boʻlishi lozim; (9-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 18-dekabrdagi 848-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.12.2024-y., 09/24/848/1049-son) 2022/2023 oʻquv yiliga qadar davlat oliy taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan barcha xorijiy tillar oʻqituvchilari kamida S1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega boʻlishi lozim; 2024/2025 oʻquv yiliga qadar davlat oliy taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan kasbiy fanlar (xorijiy tildan tashqari) oʻqituvchilarining 50 foizi kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega boʻlishi lozim; 2025/2026 oʻquv yiliga qadar umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan barcha xorijiy tillar oʻqituvchilari kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega boʻlishi lozim. (9-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-avgustdagi 531-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2024-y., 09/24/531/0664-son) Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Agentlik bilan birgalikda bir oy muddatda taʼlim tashkilotlari oʻqituvchilari tegishli sertifikatni olish uchun tayyorlanishini tashkil etsin. 10. Quyidagilar: Xorijiy tillarni oʻqitish sifatini yaxshilash, ilmiy tadqiqotlar koʻlamini kengaytirish, aholining xorijiy tillarni oʻrganishga boʻlgan qiziqishini oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi 3-ilovaga muvofiq; Taʼlim tizimida xorijiy tillarga oʻqitish tizimini takomillashtirishga oid maqsadli koʻrsatkichlar 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Vazirlik va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari rahbarlari kompleks chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalar hamda xorijiy tillarga oʻqitish tizimini takomillashtirishga oid maqsadli koʻrsatkichlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsan masʼul ekanliklari belgilab qoʻyilsin. 11. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq: a) xorijiy tillar boʻyicha oʻtkaziladigan respublika olimpiadalarida ishtirokchilarning 4 ta koʻnikmasini (tinglab tushunish, oʻqish, yozish va gapirish) baholash tartibi joriy etiladi. Xalq taʼlimi vazirligi Agentlik bilan birgalikda 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab xorijiy tillar boʻyicha olimpiadalarning respublika bosqichini takomillashtirilgan tartib asosida oʻtkazilishini hamda hakamlar hayʼatiga faoliyat yuritayotgan xususiy va xorijiy, shu jumladan xorijiy tillar boʻyicha imtihon oʻtkazadigan xalqaro tashkilotlarning mutaxassislari jalb qilinishini taʼminlasin; b) 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab, tanlangan umumtaʼlim maktablari 4-sinf bitiruvchilari, 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab esa 9-sinf bitiruvchilarining xorijiy tillarni bilish darajasini aniqlash boʻyicha maxsus sinov oʻtkazish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi. Xalq taʼlimi vazirligi Agentlik va Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan birgalikda oʻtkaziladigan maxsus sinov natijalari asosida xorijiy tillarni oʻqitish uslubiyotini takomillashtirish choralarini koʻrib borsin. 12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari oʻz hududlarida xorijiy tillarni oʻqitish sifatini oshirish maqsadida: har yili tuman (shahar)dagi maktablarni xorijiy tillarni oʻqitish uchun zarur boʻlgan adabiyotlar, asbob-uskunalar, zamonaviy axborot texnologiyalari bilan taʼminlashga mahalliy budjetdan 1 mlrd soʻmdan kam boʻlmagan miqdorda mablagʻlar ajratib borsin; Agentlik va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda umumtaʼlim muassasalariga til egasi boʻlgan malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish ishlarini yoʻlga qoʻyib, ularning jalb etilishi, shu jumladan joylashtirilishi bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan amalga oshirib borsin; Agentlik bilan birgalikda har bir tuman (shahar)da ochiq tanlov oʻtkazib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan kamida ikki nafar ingliz tili oʻqituvchilari va bir nafar boshqa xorijiy til oʻqituvchisining xorijiy davlatlarga qisqa muddatli malakasini oshirishga yuborish tizimini yoʻlga qoʻysin. 13. Xorijiy tillarni oʻqitishni raqamlashtirish, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish maqsadida: a) hududlardagi IT-markazlarda yoshlarni xorijiy tillarga onlayn oʻrgatish kurslari yoʻlga qoʻyilsin hamda mazkur xarajatlarining bir qismi qonunchilikda belgilangan tartibda Yoshlar jamgʻarmasi hisobidan qoplab berilsin. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ikki oy muddatda IT-markazlarda xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda onlayn oʻquv kurslarini tashkillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin; b) taʼlim berish jarayonini oʻqitishning masofaviy (onlayn) texnologiyalari asosida tashkil etuvchi taʼlim tashkilotlarining faoliyatini litsenziyalash tartib-taomillari quyidagilarni nazarda tutgan holda soddalashtirilsin: taʼlim tashkilotining oʻquv vositalariga oid shartlarini qayta koʻrib chiqib, oʻqitishning masofaviy (onlayn) texnologiyalariga oid alohida talablarni belgilash; taʼlim berish jarayonini tan olingan xorijiy va xalqaro standartlar asosida tashkil etish uchun huquqiy asoslarni shakllantirish; taʼlim berish jarayonini avtomatlashtirilgan dastur va videokurslar orqali masofaviy (onlayn) tarzda olib borish imkonini inobatga olish; taʼlim berish jarayoniga ayrim sohalar, shu jumladan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yoʻnalishida pedagog kadrlar bilan bir qatorda amaliy koʻnikmalarga ega shaxslarni ham jalb etish imkonini yaratish. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Adliya vazirligi ikki oy muddatda taʼlim berish jarayonini oʻqitishning masofaviy (onlayn) texnologiyalari asosida tashkil etuvchi taʼlim tashkilotlarining faoliyatini litsenziyalash tartib-taomillarini qayta koʻrib chiqish boʻyicha qaror loyihasini kiritsin. 14. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, tasarrufida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan davlat boshqaruvi organlari 2021-yil yakuniga qadar oliy taʼlim muassasalarida davlat-xususiy sheriklik asosida oʻqituvchi va talabalarga xorijiy tillarni oʻqitish markazlari (kurslari)ni tashkil etish choralarini koʻrsin. 15. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi: bir oy muddatda umumtaʼlim maktablarning xatlovdan oʻtkazilishi va ularning boʻsh joylari, shu jumladan oʻquv xonalari, ishlab chiqarish ustaxonalari, bino va inshootlarining xorijiy tillarni oʻqitish va boshqa taʼlim faoliyatini tashkil etish uchun tadbirkorlik subyektlariga imtiyozli asosda ijaraga berilishini taʼminlasin; ikki oy muddatda Davlat budjeti parametrlarida unga ajratilgan mablagʻlar hisobidan 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab, xorijiy tillar fanlari boʻyicha darsliklarni ulardagi mashqlarni eshitib bajarish imkonini beradigan interaktiv havola va kodlar bilan boyitish hamda eshitish uchun moʻljallangan vazifalarni barcha tanishishi mumkin boʻlgan axborot resurslarida joylashtirish choralarini koʻrsin. 16. Agentlik Toshkent shahar, Uchtepa tumani, Kichik halqa yoʻli koʻchasi, G-9a, 21-uy manzilidagi Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining binosiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin. (16-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 15-maydagi 282-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.05.2024-y., 09/24/282/0347-son) 17. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Milliy axborot agentligi va Agentlik bilan birgalikda: uch oy muddatda 24 soat davomida xorijiy tillarda efirga uzatiladigan tele va radio kanallarini ishga tushirsin va bunda har kuni kamida 3 soatlik dasturni xorijiy tillarni onlayn oʻrgatishga ajratib borsin; xalqaro tashkilotlar bilan birga xorijiy tillarda yoshlarga moʻljallangan va ular ishtirokida tayyorlangan turli ilmiy-ommabop hamda koʻngilochar koʻrsatuvlar efir vaqtini oshirsin hamda muntazam ravishda tegishli teleradiokanallar orqali efirga uzatib borsin; bolalar uchun moʻljallangan xorijiy tildagi televizion asarlarni dublyajsiz, asl tilida, zarur hollarda oʻzbek, ingliz va rus tillariga titrli tarjima qilgan holda efirga uzatishni yoʻlga qoʻysin; mazkur qaror mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid maqolalar, brifinglar, tematik telekoʻrsatuvlar tashkil etsin. 18. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari B.A. Musayev zimmasiga yuklansin. Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV Toshkent sh., 2021-yil 19-may, 312-son Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi 312-son qaroriga 1-ILOVA Negizida xorijiy tillarni oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etiladigan umumiy oʻrta taʼlim muassasalari hamda ularga biriktirilayotgan oliy taʼlim muassasalari ROʻYXATI
Izoh: Xalq taʼlimi vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ushbu roʻyxatdagi umumtaʼlim maktablariga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishlari mumkin. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi 312-son qaroriga 2-ILOVA 2021-yilda xorijiy tillarni oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktablarni texnik vositalar bilan jihozlash DASTURI
Izoh. Ushbu dasturga muvofiq mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan tavsiya etiladigan chet tilini oʻrganish koʻnikmalarini shakllantirishga yordam beradigan jihozlar bilan taʼminlashga yoʻnaltiriladi. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi 312-son qaroriga 3-ILOVA Xorijiy tillarni oʻqitish sifatini yaxshilash, ilmiy tadqiqotlar koʻlamini kengaytirish, aholining xorijiy tillarni oʻrganishga boʻlgan qiziqishini oshirish boʻyicha kompleks CHORA-TADBIRLAR DASTURI
Izoh. Tegishli huquqiy munosabatlarni tartibga solish sohasi va predmetiga qarab normativ-huquqiy hujjatlar qayta koʻrib chiqilishi yoki yagona hujjatga birlashtirilishi mumkin. (3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son) Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi 312-son qaroriga 4-ILOVA Taʼlim tizimida chet tillariga oʻqitish tizimini takomillashtirishga oid MAQSADLI KOʻRSATKICHLAR
Izoh. Maqsadli koʻrsatkichlarga erishish uchun tarkibida taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralar ham masʼul hisoblanadilar, shuningdek, boshqa manfaatdor davlat organlari oʻzlarining vakolatlari doirasida amaliy yordam koʻrsatadilar. (Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.05.2021-y., 09/21/312/0483-son, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 03.08.2022-y., 09/22/425/0712-son; 15.05.2024-y., 09/24/282/0347-son; 28.08.2024-y., 09/24/531/0664-son; 23.12.2024-y., 09/24/848/1049-son) |
||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||