|
Приказ Министра народного образования Республики Узбекистан Об утверждении Государственных требований к дошкольному образованию [Зарегистрирован Министерством юстиции Республики Узбекистан 18 октября 2013 г. Регистрационный № 2517] Министр У. ИНОЯТОВ г. Ташкент, 19 сентября 2013 г., № 302 |
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirining buyrugʻi Maktabgacha taʼlimga qoʻyiladigan davlat talablarini tasdiqlash haqida [Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 18-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2517] Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 9-son, 225-modda) va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 11-12-son, 295-modda) qonunlariga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 5-avgustdagi 372-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 31-son, 356-modda) va 2007-yil 25-oktabrdagi 225-sonli “Maktabgacha taʼlim sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarorlariga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 43-son, 431-modda) muvofiq buyuraman: 1. Maktabgacha taʼlimga qoʻyiladigan davlat talablari ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi. Vazir U. INOYATOV Toshkent sh., 2013-yil 19-sentabr, 302-son Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vazirining 2013-yil 19-sentabrdagi 302-son buyrugʻiga ILOVA Maktabgacha taʼlimga qoʻyiladigan DAVLAT TALABLARI Mazkur Maktabgacha taʼlimga qoʻyiladigan davlat talablari (bundan buyon matnda Davlat talablari deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 9-son, 225-modda) va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 11-12-son, 295-modda) qonunlariga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 5-avgustdagi 372-son “Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 31-son, 356-modda) va 2007-yil 25-oktabrdagi 225-son “Maktabgacha taʼlim sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarorlariga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 43-son, 431-modda) muvofiq, maktabgacha taʼlimga qoʻyiladigan davlat talablarini belgilaydi. I boʻlim. Umumiy boʻlim I bob. Umumiy qoidalar 1. Mazkur davlat talablarida quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi: talab — biror-bir aniq yoshdagi bolalar bilishi va bajara olishi shart boʻlgan talablar majmui; indikator — bolaning koʻz bilan koʻrishi va oʻlchashi mumkin boʻladigan koʻnikma va malakalari koʻrsatkichi. 2. Davlat talablari maktabgacha taʼlim tizimida, shuningdek har bir oilada 7 yoshgacha boʻlgan bolani tarbiyalash, rivojlantirish, maktabga samarali tayyorlash hamda unga taʼlim berishda qoʻllanilishi majburiydir. 3. Davlat talablari asosida: bolaning bilim, koʻnikma va malaka mezonlari hamda ularning oʻsish dinamikasi va rivojlanish holatlari aniqlanadi; bolalarning rivojlanganligi va yutuqlari baholab boriladi; bolaning individual rivojlanishi taʼminlanadi; kadrlar tayyorlash sifati, taʼlim mazmuniga nisbatan qoʻyiladigan talablar, maktabgacha yoshdagi bolalarning rivojlanish darajasi hamda ota-onalarning bola rivojlanishiga oid koʻnikma va malakalari belgilanadi. 4. Davlat talablari Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan quyidagi taʼlim muassasalari tomonidan qoʻllanilishi shart: davlat va nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalari; maktabgacha taʼlim olayotgan bolalar guruhlari mavjud boʻlgan “Mehribonlik” uylari; xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish tuman (shahar) boʻlimlarining maktabgacha va boshlangʻich taʼlimni nazorat qiluvchi shoʼbalari; kasb-hunar kollejlari va oliy oʻquv yurtlarining maktabgacha va boshlangʻich taʼlim yoʻnalishi boʻyicha kadrlar tayyorlovchi fakultetlari; maktabgacha va boshlangʻich taʼlim tizimi kadrlarining malakasini oshirish faoliyati bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar. 5. Davlat talablarining maqsadi: maktabgacha taʼlim tizimi faoliyatini mamlakatning ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyoti istiqbollari, jamiyat ehtiyojlari, fan-texnika va texnologiyaning zamonaviy yutuqlariga asosan yoʻlga qoʻyish; sifatli taʼlim xizmatlari koʻrsatilishini taʼminlash; taʼlim va kadrlar tayyorlash sohasida shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish; sifatli kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish; bola shaxsi asoslarini shakllantirish hamda uning bilim olishga boʻlgan qiziqishlarini rivojlantirish; bolaning intellektual va jismoniy rivojlanishini taʼminlash; bolalarni milliy madaniyat va umuminsoniy qadriyatlar bilan tanishtirish; bolalarni maktab taʼlimiga tayyorlash. 6. Davlat talablarining vazifalari: bolalarga taʼlim va tarbiya berish uchun har tomonlama yondashuvni taʼminlash; maktabgacha taʼlim metodikasini tubdan yaxshilash; taʼlim-tarbiya berishning oʻquv dasturlarini yaratish; maktabgacha taʼlim muassasalari pedagoglari malakasini oshirish; maktabgacha taʼlim monitoringi va tahlilini olib borish; taʼlim, fan va ishlab chiqarishning samarali integratsiyasini taʼminlash; bolalarning rivojlanishi va ularni maktab taʼlimiga tayyorlashga oid bilim, malaka va koʻnikmalarga ega boʻlishlarida ota-onalarga koʻmaklashish; maktabgacha taʼlim tizimi sifatini oshirish. 7. Bolalarga taʼlim-tarbiya berish va rivojlantirish talablari quyidagi prinsiplarga asoslangan holda ishlab chiqiladi: jinsi, irqi, ijtimoiy kelib chiqishi, dini, ijtimoiy ehtiyojlari va madaniy mansubligi, salomatligi va alohida ehtiyojlaridan qatʼi nazar, barcha bolalarning taʼlim tizimida teng imkoniyatliligi; taʼlim olish jarayonida turli xil oʻyinlardan foydalanish; ota-onalar va tarbiyachilarning hamkorligi. 8. Davlat talablari quyidagi yosh guruhlari boʻyicha boʻlinadi: tugʻilgandan boshlab 6 oygacha; 6 oydan 1 yoshgacha; 1 yoshdan 2 yoshgacha; 2 yoshdan 3 yoshgacha; 3 yoshdan 5 yoshgacha; 5 yoshdan 7 yoshgacha. 9. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasida maktabgacha taʼlim tizimini rivojlantirish dasturi talablarini bajarish vositalari hisoblanadi: mustaqillik; ijodkorlik; tashabbuskorlik; oʻzi va atrofdagilarga nisbatan masʼuliyatni his qilish; oʻzaro hurmat; tolerant xatti-harakat; vatanparvarlik; doʻstlik va hamjihatlik; jamiyat va davlatga nisbatan hurmat hissi. II bob. Rivojlanish sohalari va yosh guruhlar taqsimoti 10. Bolaning rivojlanishi va taʼlim olishi quyidagi asosiy yoʻnalishlarga boʻlinadi: jismoniy rivojlanish, oʻz-oʻziga xizmat va gigiyena; ijtimoiy-hissiy rivojlanish; nutq, oʻqish va savodga tayyorgarlik; bilish jarayoni va atrof muhit toʻgʻrisidagi bilimlarga ega boʻlish. 1-§. Jismoniy rivojlanish, oʻz-oʻziga xizmat va gigiyena yoʻnalishi 11. Mazkur yoʻnalish oʻz ichiga quyidagilarni oladi: bolalarning jismoniy rivojlanishidagi muammolarini aniqlash va uning oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar belgilash; doimiy ravishda bolalarning jismoniy rivojlanishini tahlil qilib borish; bolalarning jismoniy rivojlanishi boʻyicha oila bilan hamkorlik qilish; sogʻlom turmush tarzining muhimligini tushuntirish va uni taʼlim-tarbiya jarayoniga tatbiq etish. 12. Mazkur yoʻnalishda bolaning rivojlanish jarayonlari quyidagi bosqichlar orqali kechadi: yirik motorikani rivojlantirish — bunda bola yurish (tez va sekin), yugurish (tez, sekin va ilon izi boʻlib), sakrash (uzunlikka va balandlikka), zina boʻylab yuqoriga yurish (yurish, yugurish, sakrash) vaqtida oʻzining tana aʼzolarini boshqarishni oʻrganadi; mayda motorikani rivojlantirish — bunda bola biron-bir faoliyatni yanada aniqroq bajarish (ushlash, ochish, yopish, qirqish, boʻlish) uchun oʻz qoʻllari va barmoqlarini ishlatish va ulardan foydalanish malakasiga ega boʻladi; sensomotorikani rivojlantirish — bunda bola oʻz harakatlarini boshqarish uchun sezgi organlaridan (koʻrish, eshitish, qoʻl bilan his qilish, hid bilish) foydalanadi; madaniy-gigiyenik malakalar — bunda bola oʻz sogʻligining muhofazasiga taʼsir etuvchi shaxsiy gigiyenik malakalarni egallaydi. 13. Bola yirik motorikani rivojlantirish bosqichida: oʻz tanasini boshqara olishi; oʻz tana aʼzolarini boshqara olishi; bir yoʻnalishda maqsadli harakatlana olishi lozim. 14. Bola mayda motorikani rivojlantirish bosqichida: qoʻl va barmoq harakatlarini nazorat qila olishi; oʻyinchoq va kundalik ehtiyoj predmetlaridan foydalana olishi lozim. 15. Bola sensomotorikani rivojlantirish bosqichida oʻz xatti-harakatlarini sezish organlari yordamida boshqara olishi lozim. 16. Bola madaniy-gigiyenik malakalar bosqichida madaniy-gigiyenik malakalarga ega boʻlishi lozim. 2-§. Ijtimoiy-hissiy rivojlanish yoʻnalishi 17. Mazkur yoʻnalishda bolaning rivojlanish jarayoni quyidagi bosqichlar orqali kechadi: ijtimoiy rivojlanish — bunda bola ijtimoiy muhit va atrofidagilar bilan hamkorlik qiladi; hissiy rivojlanish — bunda bolada oʻzini va oʻz hissiyotlarini anglash rivojlanadi. 18. Ijtimoiy rivojlanish bosqichida bola: tanish va notanish kishilarni farqlashi; boshqa bolalar va katta yoshdagilar bilan muloqot qilish malakalarini qoʻllay olishi lozim. 19. Hissiy rivojlanish bosqichida bola: “men” konsepsiyasini anglashi; oʻzgalar va oʻz hislarini anglashi lozim. 3-§. Nutq, oʻqish va savodga tayyorgarlik yoʻnalishi 20. Mazkur yoʻnalishda rivojlanish jarayoni quyidagi bosqichlar orqali kechadi: nutq — bunda bola soʻzlashuv tiliga zarur darajada taʼsirlanadi, soʻzlarni tushuna boshlaydi va atrofdagilar bilan muloqotga kirishadi; oʻqish va savodga tayyorgarlik — bunda bolada bosma materiallar, yozuv belgilari va harflarga boʻlgan qiziqish rivojlanadi. 21. Nutq bosqichida bola: nutqni tinglashi va tushuna olishi; gapirishi va soʻzlasha olishi lozim. 22. Oʻqish va savodga tayyorgarlik bosqichida bola: bosma materiallar, harflar va belgilarga qiziqish bildiradi; yozishga oid koʻnikmalar hosil qiladi. 4-§. Bilish jarayoni va atrof muhit toʻgʻrisidagi bilimlarga ega boʻlish yoʻnalishi 23. Mazkur yoʻnalishda rivojlanish jarayoni quyidagi bosqichlar orqali kechadi: elementar matematik bilim va koʻnikmalar — bunda bolaning matematik, jumladan son-sanoq malakalarini rivojlantirish orqali matematik bilimlarini orttirish, mantiqiy fikrlash va muammolarini hal qilish qobiliyatlarini, son-sanoq, miqdor, shakl, kattaliklar va oʻlchov birliklaridan foydalanish malakalarini rivojlantirishga erishiladi; atrof muhit toʻgʻrisidagi bilimlar — bunda bola kuzatish va amaliyot orqali atrof muhit toʻgʻrisida axborot oladi; ijod — bunda bola milliy maʼnaviy meros va madaniyatni hurmat qilishga hamda oʻz hissiyotlarini musiqa, teatr va tasviriy faoliyat orqali ifodalashga oʻrganadi. 24. Elementar matematik bilim va koʻnikmalar bosqichida bola: son-sanoq va hisoblashga oid bilimlarini namoyon qilishi; predmetlarni toifalash, guruhlash va tartib boʻyicha joylashtirish qobiliyatini namoyon qilishi lozim. 25. Atrof-muhit toʻgʻrisidagi bilimlar bosqichida bola: jonli va jonsiz tabiatni kuzatishi va taʼriflay olishi; inson tana aʼzolarini bilishi lozim. 26. Ijod bosqichida bola: turli tovush va ovozlarni farqlay olishi; tovushlarni balandligi va tembriga koʻra farqlay olishi; jamoa boʻlib musiqiy faoliyatlarda ishtirok etishga qiziqish bildirishi; cholgʻularida chalish malakalarini namoyon etishi; amaliy faoliyatda ishtirok etishga qiziqish bildirishi lozim. III bob. Maktabgacha yoshdagi bolalarning psixologik xususiyatlari 27. 2 yoshgacha boʻlgan bolalarning psixologik xususiyatlari: fikrlash — koʻrgazmali-harakatli tafakkur; nutq — nutqni tushunish va uzuq-yuluq ovozlar; ixtiyoriy bilish jarayoni — ixtiyorsiz diqqat va xotira; fiziologik sezgirlik — katta yoshdagilarning taʼsiriga nisbatan yuqori sezgirlik; bilish obyektlari — atrofidagi predmetlar va oʻzidan katta yoshdagilar; bilish usullari — sezish (koʻrish, eshitish, taʼm bilish); muvaffaqiyatli oʻzlashtirish shartlari — bolaga nisbatan mehribon boʻlish va muloqot qilish; muloqot yuritish shakli — bevosita hissiy muloqot; tengdoshlari bilan munosabatlar — qiziqish mavjud emas; katta yoshdagilar bilan munosabatlar — fiziologik va himoyalanish ehtiyojlarini qondirish manbai; nizolar mavjudligi — tengdoshlari bilan; his-hayajonlar — ekspressiv imo-ishoralar orqali; oʻyin faoliyati — turli predmetlarni oʻynaydi. 28. 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalarning psixologik xususiyatlari: fikrlash — koʻrgazmali-harakatli tafakkur; nutq — soʻz birikmalari va feʼllarni tushunadi; ixtiyoriy bilish jarayoni — ixtiyorsiz diqqat va xotira; fiziologik sezgirlik — noqulaylikka nisbatan yuqori sezgirlik; bilish obyektlari — turli predmetlar va ularning ichki tuzilishi; bilish usullari — predmetlardan turli maqsadlarda foydalanish, ularni qismlarga ajratish va yigʻish; muvaffaqiyatli oʻzlashtirish shartlari — rivojlantiruvchi muhitning turli-tumanligi bolaga nisbatan mehribon boʻlish va muloqot qilish; muloqot yuritish shakli — vaziyatli shaxsiy muloqot; tengdoshlari bilan munosabatlar — qiziqish kam; katta yoshdagilar bilan munosabatlar — himoyalanish, erkalanish va yordam berish manbai; nizolar mavjudligi — katta yoshdagilar bilan (“men — oʻzim” tamoyili); his-hayajonlar — kuchli his-tuygʻuli, keskin oʻzgarishlar; oʻyin faoliyati — turli predmetlarni oʻynaydi, shuningdek tengdoshlari bilan oʻynaydi. 29. 3 yoshdan 4 yoshgacha boʻlgan bolalarning psixologik xususiyatlari: fikrlash — koʻrgazmali-obrazli tafakkur; nutq — ravon nutq shakllanadi va sifatlarni tushuna boshlaydi; ixtiyoriy bilish jarayoni — ixtiyorsiz diqqat va xotira; fiziologik sezgirlik — noqulaylikka nisbatan yuqori sezgirlik; bilish obyektlari — predmetlar, ularning xususiyatlari va vazifalari; bilish usullari — tajriba qilish va konstruksiya yaratish; muvaffaqiyatli oʻzlashtirish shartlari — rivojlantiruvchi muhit va katta yoshdagilar bilan hamkorlik munosabatlari; muloqot yuritish shakli — vaziyatli amaliy; tengdoshlari bilan munosabatlar — qiziqish kam; katta yoshdagilar bilan munosabatlar — faoliyat usullarini tanlashga yordam berish manbai hamda oʻyin va ijod boʻyicha sherik; nizolar mavjudligi — katta yoshdagilar bilan (“men — oʻzim” tamoyili); his-hayajonlar — kuchli his-tuygʻuli, keskin oʻzgarishlar; oʻyin faoliyati — katta yoshdagilar bilan sherik boʻlib, oʻyinchoqlarni esa, mustaqil oʻynaydi. 30. 4 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalarning psixologik xususiyatlari: fikrlash — koʻrgazmali-obrazli tafakkur; nutq — faol nutq shakllanishi yakunlanadi, fikrlarni bayon etish; ixtiyoriy bilish jarayoni — ixtiyorsiz diqqat va xotira, shuningdek oʻyin vaqtida ixtiyoriy ravishda eslab qolish rivojlanadi; fiziologik sezgirlik — noqulaylikka nisbatan sezgirlik kamayadi; bilish obyektlari — bevosita idrok etilmaydigan predmetlar va hodisalar; bilish usullari — katta yoshdagilarning hikoyalari va tajriba qilish; muvaffaqiyatli oʻzlashtirish shartlari — shaxsiy dunyoqarash; muloqot yuritish shakli — vaziyatdan tashqari muloqot; tengdoshlari bilan munosabatlar — voqeaga boy boʻlgan oʻyinlarda sherik sifatida qiziqarli kechadi; katta yoshdagilar bilan munosabatlar — axborot olish manbai; nizolar mavjudligi — mavjud emas; his-hayajonlar — yanada ravon va oʻzini nazorat qilishga urinadi; oʻyin faoliyati — tengdoshlari bilan jamoaviy va rolga kirishgan holda oʻynaydi, oʻyinli vaziyatlarni ijro qiladi. 31. 5 yoshdan 6 yoshgacha boʻlgan bolalarning psixologik xususiyatlari: fikrlash — koʻrgazmali-obrazli tafakkur, tasvirli-sxemali jarayon shakllana boshlaydi; nutq — nutqni rejalashtirish malakasi shakllanadi; ixtiyoriy bilish jarayoni — maqsadga yoʻnaltirilgan eslab qolish qobiliyati rivojlanadi; fiziologik sezgirlik — noqulaylikka nisbatan sezgirlik kamayadi; bilish obyektlari — bevosita idrok etilmaydigan predmetlar va hodisalar, axloqiy normalar; bilish usullari — katta yoshdagilar va tengdoshlari bilan muloqot qilish, mustaqil faoliyat, tajriba qilish; muvaffaqiyatli oʻzlashtirish shartlari — shaxsiy dunyoqarash; muloqot yuritish shakli — vaziyatdan tashqari muloqot va uddaburonlik; tengdoshlari bilan munosabatlar — oʻyinlarda sherik sifatida unga qiziqish chuqurlashadi hamda muloqot yuritishda moyillik sezadi; katta yoshdagilar bilan munosabatlar — axborot olish manbai va suhbatdosh; nizolar mavjudligi — mavjud emas; his-hayajonlar — moʻtadil darajadagi his-tuygʻu, yuqori kayfiyat ustun turishi; oʻyin faoliyati — oʻyin haqida fikrlari shakllanadi, shuningdek davomli oʻyinlar, birlashmalar shakllanadi. 32. 6 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalarning psixologik xususiyatlari: fikrlash — mantiqiy tafakkur koʻrgazmali-obrazli jarayon asosida rivojlanadi; nutq — ichki nutqning rivojlanishi; ixtiyoriy bilish jarayoni — oʻzlashtirish jarayonida ixtiyoriy ravishda oʻz fikrini jamlashga kirishadi; fiziologik sezgirlik — individual ravishda, aksariyat hollarda past darajada; bilish obyektlari — predmetlar va hodisalar oʻrtasidagi sabab-oqibatli bogʻliqlik; bilish usullari — mustaqil faoliyat, bilish uchun katta yoshdagilar va tengdoshlari bilan muloqot qilish; muvaffaqiyatli oʻzlashtirish shartlari — shaxsiy dunyoqarash, har bir ishda oʻz fikrini bildirish; muloqot yuritish shakli — vaziyatdan tashqari shaxsiy muloqot; tengdoshlari bilan munosabatlar — suhbatdosh va faoliyat boʻyicha sherik; katta yoshdagilar bilan munosabatlar — hissiy koʻmak manbai; nizolar mavjudligi — 7 yoshga kelib tanazzulga uchrash, ijtimoiy rolning oʻzgarishi; his-hayajonlar — yuqori darajadagi his-tuygʻularga ega boʻlish; oʻyin faoliyati — zimmasiga olgan rolga muvofiq oʻzini tutish shakllanadi, shuningdek birgalashib oʻynaydi. II boʻlim. 6 oylikkacha boʻlgan bolalarning rivojlanishi IV bob. Jismoniy rivojlanish, oʻz-oʻziga xizmat va gigiyena 1-§. Yirik motorikani rivojlantirish 33. Quyidagilar 6 oylikkacha boʻlgan bolalarda yirik motorika rivojlanishining talablari hisoblanadi: gavdasini boshqara olish (muvozanat saqlashga qodir boʻlish); tana aʼzolarini boshqara olish; maqsadli harakatlana olish. 34. Quyidagilar 6 oylikkacha boʻlgan bolalarda yirik motorikaning rivojlanish indikatorlari hisoblanadi: vertikal holatda boshini dadil ushlab turish; tizzasidan bukilgan oyoqlariga tayanish; qoʻllari bilan ushlab turish; qoʻltigʻidan ushlab turilganda, oyoqlarini bukmasdan toʻgʻri turish; orqa tomoni bilan yotgan holatdan qorniga agʻdarila olish; maqsadli tartibda oʻz qoʻllarini ogʻziga yaqinlashtirish; orqa tomoni bilan yotgan holda bir oyogʻini koʻtarib, ogʻziga tortish; gavdasi va qoʻllari bilan buyumga intilish. 35. 6 oylikkacha boʻlgan bolalar bilan quyidagi mashqlar oʻtkazilishi lozim: bolani ikki qoʻllab hamda qattiq yuzada vertikal holatda ushlab turish; bola qorinda yotganda, gavdasining holati koʻkrak qafasini koʻtarib, boshini yuzadan balandda ushlab turish imkonini berishini taʼminlash; bolaning qoʻllariga oʻyinchoq ushlatib, uni qanday ushlab, ogʻziga yaqinlashtirishini kuzatib turish; bolaning bir qoʻliga shaqildoq ushlatib, uni boshqa qoʻliga olishini ragʻbatlantirish; bolani orqa tomonida yotqizib, avval bir oyogʻini, keyin ikkinchi oyogʻini asta tortib koʻrish, bolaning oyogʻini qoʻli tomon surib, ogʻzi tomon yoʻnaltirish; bolaga eng yaxshi koʻrgan oʻyinchogʻini uzatib, uning qanday qilib oʻyinchoqqa intilib, qoʻllari va gavdasi bilan harakatlanishini kuzatish; oʻyinchoqni bolaning oldiga qoʻyib, gavdasi bilan oʻyinchoqqa qarab harakatlanishga yoʻnaltirish. 36. 6 oylikkacha boʻlgan bolalarning xavfsiz yashashi va harakatlanishini taʼminlash uchun quyidagilar taqiqlanadi: bolani faqat beshikka yotqizib katta qilish; bolaga uning harakatlarini siqib qoʻyadigan kiyimlar kiydirish; bola toliqib qolmasligi uchun mazkur Davlat talablarining 35-bandida koʻrsatilgan mashqlarni har kuni kamida 3-4-marta takrorlash; bolaga ogʻir buyum yoki oʻyinchoqlar berish; bolani siqib yoʻrgaklash. 2-§. Mayda motorikani rivojlantirish 37. Quyidagilar 6 oylikkacha boʻlgan bolalarda mayda motorika rivojlanishining talablari hisoblanadi: bolaning qoʻllari va barmoqlarining harakatlanishini nazorat qilishga qodirligi; bolaning umumiy foydalanishdagi oʻyinchoqlar va buyumlardan foydalanish qobiliyatiga egaligi. 38. Quyidagilar 6 oylikkacha boʻlgan bolalarda mayda motorika rivojlanishining indikatorlari hisoblanadi: oʻziga uzatilayotgan buyumni olish uchun qoʻlini choʻzish; buyumni maʼlum vaqt davomida qoʻli bilan butunlay ushlab, siqib turish; choʻmilayotganda chiroyli oʻyinchoq yoki mochalkani ushlash va qoʻlida saqlab turish; oʻyinchoqni qoʻlida ushlab turish, uni katta yoshdagilarning qoʻlidan olish va u bilan faol oʻynash; qutichalarni ochish, ichidagi oʻyinchoqlarni olish, oʻyinchoqlarni turli holatlarda bemalol qoʻliga olish. 39. 6 oylikkacha boʻlgan bolalar bilan quyidagi mashqlarni oʻtkazish lozim: oʻrindigʻiga oʻtqizib qoʻyib, yoqtiradigan oʻyinchogʻini intilib, choʻzilib olishga undash; biror-bir buyum berib, uni dadil ushlab, mahkam siqib olishga oʻrgatish; narsalarini solishi uchun sigʻimli idish berish; biror-bir buyumni kuchi etgancha ushlab turishi uchun sharoit yaratish; chapak chalishini ragʻbatlantirish; choʻmiltirish vaqtida suvni chayqatib sachratishga ruxsat berish; ikki qoʻliga ikki oʻyinchoqni ushlatib, ularni bir-biriga urishtirishni ragʻbatlantirish; oʻyinchoqni bir qoʻlidan boshqa qoʻliga olishiga koʻmaklashish. 40. Oʻyinchoqlar bolaning koʻkragidan 60 — 70 sm masofada ilib qoʻyilishi lozim. 3-§. Sensomotorikani rivojlantirish 41. 6 oylikkacha boʻlgan bolalarning sezgi organlari yordamida oʻz xatti-harakatlarini tartibga solishga qodirligi ularda sensomotorika rivojlanishining talabi hisoblanadi. 42. Quyidagilar 6 oylikkacha boʻlgan bolalarda sensomotorika rivojlanishining indikatorlari hisoblanadi: boshini ovoz kelayotgan tomonga burish; ovoz chiqaradigan rezinali oʻyinchoqlarni siqib turish; harakatlanayotgan obyektlar ketidan kuzatib turish va ularni ushlab olishga harakat qilish. 43. 6 oylikkacha boʻlgan bolalar bilan quyidagi mashqlarni oʻtkazish lozim: kuylaydigan yoki ovoz chiqaradigan oʻyinchoqlar berish; rezinali oʻyinchoqlar berish; harakatlanayotgan buyum yoki oʻyinchoqni ushlab olishga ragʻbatlantirish; bola bilan tovush chiqarib oʻynash. 44. 6 oylikkacha boʻlgan bolalarning xavfsiz yashashi va harakatlanishini taʼminlash maqsadida: bola buyumlarni tomosha qilishi qulay boʻlishi uchun yorugʻlik manbai boshining orqa tomoniga oʻrnatilishi; bolani qattiq shovqin chiqaradigan oʻyinchoq va qoʻngʻiroqlar bilan oʻynashiga yoʻl qoʻymaslik lozim. 4-§. Madaniy-gigiyenik koʻnikmalarni rivojlantirish 45. 6 oylikkacha boʻlgan bolalar madaniy-gigiyenik koʻnikmalarni oʻzlashtirib borishlari lozim. 46. Choʻmilish vaqtida oʻynash va choʻmilishdan zavqlanishning paydo boʻlishi 6 oylikkacha boʻlgan bolalarda madaniy-gigiyenik koʻnikmalar rivojlanishining indikatori hisoblanadi. 47. 6 oylikkacha boʻlgan bolalar bilan quyidagi mashqlarni oʻtkazish lozim: suv bilan oʻynashni ragʻbatlantirish; buyumlarni suvga itarish va suv ichida yurgizishni ragʻbatlantirish; quvnoq bolalar sheʼrlari, sanamachoqlardan foydalanib, qoʻlni qanday yuvish va tish tozalash kerakligini koʻrsatish. 48. 6 oylikkacha boʻlgan bolalarni qarovsiz qoldirish taqiqlanadi. V bob. Ijtimoiy-hissiy rivojlanish 1-§. Ijtimoiy rivojlanish 49. Quyidagilar 6 oylikkacha boʻlgan bolalarda ijtimoiy rivojlanish talablari hisoblanadi: tanish va notanish odamlarni ajrata olish; boshqa bolalar va katta yoshdagilar bilan muloqotda boʻlganda oʻz koʻnikmalarini orttirish qobiliyatiga ega boʻlish. 50. Quyidagilar 6 oylikkacha boʻlgan bolalarda ijtimoiy rivojlanish indikatorlari hisoblanadi: yaqin kishilari bilan muloqot qilishda tashabbus bildirish (koʻzlariga qarash, jilmayish, yopishish, qoʻllariga chiqib olishga harakat qilish, qichqirib yuborish, yengini tortish); notanish odamlarni koʻrganda qoʻrquv alomatlarini namoyon etish, yigʻlash; onasi va boshqa tanishlari tomon qoʻllarini uzatish; katta yoshdagilarni koʻrganda anchagina jonlanishni namoyon etish; tanish katta odamning nutqiga nisbatan hissiy munosabat bildirish. 51. Bola bilan munosabatlarda quyidagilarga amal qilish lozim: bolani koʻproq qoʻlga olish, quchoqlash, u bilan soʻzlashish. Bunda bolaning notanish odamlarni koʻrganda choʻchishi normal holat hisoblanadi; oila aʼzolarining barchasi bola bilan muloqotda boʻlishi; bolaga qoʻshiqlar, sheʼrlar aytib berish; bolaning yoniga boshqa bolalarning yaqinlashishiga ruxsat berish; bolaning boshqa odamlar, bolalar bilan tovush chiqarib muloqot qilishini ragʻbatlantirish. 52. 6 oylikkacha boʻlgan bolalarning xavfsiz yashashi va harakatlanishini taʼminlash uchun quyidagilar taqiqlanadi: bolaning notanish odamlar bilan muomala qilishiga yoʻl qoʻyish; bola bilan birga jamoat joylari va shovqinli tadbirlarga borish; bolani kichik yoshli bolalar bilan yolgʻiz qoldirish; uyda kuchli shovqin chiqaruvchi asbob-uskunalardan foydalanish. 2-§. Hissiy rivojlanish 53. Quyidagilar 6 oylikkacha boʻlgan bolalarda hissiy rivojlanish talablari hisoblanadi: bola oʻzining “men” konsepsiyasini rivojlantirishi; bola boshqalarning ruhiy kechinmalariga munosabat bildirish va oʻz hissiyotlarini ifodalash qobiliyatiga ega boʻlishi. 54. Quyidagilar 6 oylikkacha boʻlgan bolalarda hissiy rivojlanish indikatorlari hisoblanadi: u bilan oʻynaganda baland ovozda kulish; oʻz ehtiyojlarini yigʻlash orqali ifodalash; oʻzini koʻzguda koʻrib jilmayish, koʻzguni qoʻli bilan silash. 55. Bola bilan munosabatlarda quyidagilarga amal qilish lozim: bola bilan birgalikda koʻzguga qarash va tabassum qilishni ragʻbatlantirish; bola bilan soʻzlashish va turli oʻyinlar oʻynash; bola oʻz ehtiyojini ifodalab yigʻlayotganda buni payqashga urinish va uning ehtiyojlarini qondirish. 56. Bola bilan munosabatda unga kulib qarash va doʻstona ohangda gapirish lozim. VI bob. Nutq, oʻqish va savodga tayyorgarlik 1-§. Nutq 57. 6 oylikkacha boʻlgan bolalarning nutqni tinglash, tushunish va muloqot yuritish qobiliyatiga egaligi ularda nutq rivojlanishining talabi hisoblanadi. 58. Quyidagilar 6 oylikkacha boʻlgan bolalarda nutq indikatorlari hisoblanadi: turli nutq va kuylarga emotsional munosabatini namoyon etish; bolalar qoʻshiqlari va aytishuvlarini tinglash; turli ovozlarga taqlid qilish; soʻzlarning dastlabki boʻgʻinlarini hamda “ma”, “ka”, “ba” kabi oddiy boʻgʻinlarni bayon qilish. 59. Bola bilan munosabatlarda quyidagilarga amal qilish lozim: bola bilan koʻproq soʻzlashish, unga sheʼrlar, latifalar aytib berish; musiqa va bolalar ashulalarini tinglashni ragʻbatlantirish; alla aytish; muntazam ravishda quvnoq hikoyalar oʻqib va aytib berish; bola bilan muloqot yuritayotganda soʻzlarni bir necha marta takrorlash; bolaning tashabbuskorligini ragʻbatlantirish va uning eʼtiboriga javob qaytarish; chiroyli rasmlarni koʻrsatish va ularning nomini aytish. 60. Bola bilan xotirjam va doʻstona ohangda muloqot qilish, shuningdek u turgan xonada tinch va xotirjam sharoitlarni taʼminlash zarur. 2-§. Oʻqish va savod malakalarini egallash 61. 6 oylikkacha boʻlgan bolalarning bosma materiallar, harflar va ramzlarga qiziqish bildirishi hamda yozish koʻnikmalarini oʻrganishi, ularda oʻqish va savod malakalari rivojlanishining talablari hisoblanadi. 62. Quyidagilar 6 oylikkacha boʻlgan bolalarda oʻqish va savod malakalari indikatorlari hisoblanadi: qogʻoz yoki gazetani gʻijimlab tashlash; rangli kitoblarni tomosha qilish; devordagi rasmlar va plakatlarni tomosha qilish; ikki qoʻli bilan yozuv asboblarini (uchi ochilmagan rangli qalamlar, yopiq ruchkalar, rangli markerlar) ushlab turish va ular bilan oʻynash. 63. 6 oylikkacha boʻlgan bolalar bilan quyidagi mashqlarni muntazam ravishda bajarib turish lozim: bolaga qogʻoz parchasi berish va bolaning undan qanday foydalanishini kuzatib turish; bolaga chiroyli bezatilgan kitob berish va uning kitobni tomosha qilishini ragʻbatlantirish; bolaning oldiga tartibsiz ravishda bir necha rasmlarni qoʻyish; bolaga katta marker yoki flomaster berish va ularni qoʻlida ushlab turishga undash. 64. Bolaning xavfsiz yashashi va harakatlanishini taʼminlash uchun uning turli buyumlarni ogʻziga solmasligini kuzatib turish lozim. VII bob. Bilish jarayoni va atrof muhit toʻgʻrisidagi bilimlarga ega boʻlish 1-§. Elementar matematik koʻnikmalar va bilimlarni rivojlantirish 65. 6 oylikkacha boʻlgan bolalarning sonlar va sanashga qiziqishni namoyish etishi, buyumlarni turkumlash va ularni tartib boʻyicha joylashtirish koʻnikmalarini orttirishi ularda elementar matematik koʻnikmalar va bilimlar rivojlanishining talablari hisoblanadi. 66. Quyidagilar 6 oylikkacha boʻlgan bolalarda elementar matematik koʻnikmalar va bilimlar rivojlanishining indikatorlari hisoblanadi: koʻp sonli oʻyinchoqlarga qiziqish bildirish; oʻz xatti-harakatlari bilan bosh kiyimi oʻziga toʻgʻri kelmayotganligini koʻrsatish; soʻrgʻich yoki shishachani ogʻziga tortish. 67. 6 oylikkacha boʻlgan bolalar bilan quyidagi mashqlarni muntazam ravishda bajarib turish lozim: ular bilan oʻynayotganda oʻyinchoqlarning sonini koʻpaytirib borish; qalpoqchani qoʻgʻirchoqlar va atrofdagilarning boshiga kiydirib, bolaga oʻrgatish va oʻz boshiga mustaqil kiyishga harakat qilishini ragʻbatlantirish. 68. Mazkur Davlat talablarining 67-bandida nazarda tutilgan mashqlarni bajarish muddati 2-3 daqiqadan oshmasligi lozim. 2-§. Atrof muhitni oʻrganish va anglash 69. 6 oylikkacha boʻlgan bolalarning atrofni kuzatishi, jonli va jonsiz tabiatga munosabat bildirishi, inson tana aʼzolarini oʻrganishi (bosh, qoʻl, oyoq) ularda atrof muhitni oʻrganish va anglash talablari hisoblanadi. 70. Quyidagilar 6 oylikkacha boʻlgan bolalarda atrof muhitni oʻrganish va anglash indikatorlari hisoblanadi: oʻz atrofida mavjud boʻlgan yoki rasmlarda chizilgan yorqin oʻsimliklar, gullar va hayvonlarni kuzatish hamda ularga nisbatan qiziqish bildirish; oʻz qoʻllarini oʻrganish, ularga qarash va ogʻziga tortish, bir qoʻli bilan ikkinchi qoʻlini ushlab, silab koʻrish. 71. 6 oylikkacha boʻlgan bolalar bilan quyidagi mashqlarni bajarib turish lozim: turli oʻsimliklar va hayvonlarni koʻproq koʻrsatish; bolaning eʼtiborini jalb qilish, turli oʻsimlik, hayvonlarga qoʻlini tekkizish, ularga xos ovozlarni chiqarish yoʻli bilan ularni tanishtirish; barmoqlar, kaftlar bilan oʻynaydigan oʻyinlardan koʻproq foydalanish. 72. Bola oʻyinchoqlarni yutib yubormasligi, burni yoki qulogʻiga kirgizib yubormasligi uchun ularning diametri 4,5-5 sm dan kichik boʻlmasligi, shuningdek ularga gigiyenik ishlov berilishi kerak. 3-§. Ijod 73. Quyidagilar 6 oylikkacha boʻlgan bolalarda ijod talablari hisoblanadi: turli tovush va ovozlarni ajratish qobiliyatiga ega boʻlish; musiqaga qiziqish bildirish, musiqiy faollik koʻrsatish; koʻrgazmali faoliyatda ishtirok etishga qiziqishni namoyish etish. 74. Quyidagilar 6 oylikkacha boʻlgan bolalarda ijod indikatorlari hisoblanadi: boshini tovush yoki ovoz kelayotgan tomonga burish; musiqiy tovushlarga qiziqish bildirish; musiqa taʼsirida gavdasi yoki tana aʼzolarini harakatlantirish; fotosurat yoki turli rasmlarga diqqatini qaratish. 75. 6 oylikkacha boʻlgan bolalar bilan quyidagi shakllarda mashqlar olib borish lozim: bola bilan oʻynaganda ovoz chiqaradigan oʻyinchoqlardan foydalanish yoki biror-bir hayvonga oʻxshash tovush chiqarish; bolani oʻz eʼtiborini ovoz (tovush) manbasiga jamlashga jalb qilish; oʻyin vaqtida musiqiy oʻyinchoqlardan foydalanish; bolaning eʼtiborini yorqin rasmlar, plakatlarga qaratish; bolaning turli-tumanlikni yoqtirishini hisobga olib, rasmlarni tez-tez almashtirib turish. 76. Bolalarga koʻp narsaning taqiqlanishi asab tizimining izdan chiqishiga olib kelishi mumkin boʻlganligi sababli, hayot uchun xavfli boʻlgan narsalarnigina taqiqlash lozim. III boʻlim. 6 — 12 oylik bolalarning rivojlanishi VIII bob. Jismoniy rivojlanish, oʻz-oʻziga xizmat va gigiyena 1-§. Yirik motorikani rivojlantirish 77. Quyidagilar 6 — 12 oylik bolalarda yirik motorikani rivojlantirish talablari hisoblanadi: gavdasini boshqara olish (muvozanat saqlashga qodir boʻlish); tana aʼzolarini boshqara olish; maqsadli harakatlana olish. 78. Quyidagilar 6 — 12 oylik bolalarda yirik motorikaning rivojlanish indikatorlari hisoblanadi: qoʻl kaftlari va tizzalarida turib olish, chayqalish, doira shaklida oldinga keyin orqaga, har xil yoʻnalishlarda va turli yuzalarda (pol, divan, balandlikdan pastga) emaklash; yotgan holatidan oʻtirib olish, oʻtirgan holatidan yotib olish, hech kim ushlab turmagan holda oʻtirish; oʻyinchoqni olish uchun stol tagiga engashish va katta yoshdagilarning yordamisiz yana turib olish (gavdasini toʻgʻrilash); mustaqil ravishda toʻgʻri yurishni boshlash; ikki oyogʻi va ikki qoʻlidan foydalanib tana holatini oʻzgartirish; qoʻl va oyoqlari yordamida balandligi 0,6 m boʻlgan buyumlar ustiga mustaqil chiqa olish; qoʻlini koʻtarish va tushirish; katta yoshdagilarning yordamisiz ular koʻrsatgan yoʻnalishda yurish; yuqoriroq joyda turgan buyumni olish uchun oyoqlarining uchiga turish; aravachasi ketidan yurish va yurish vaqtida toʻsiqlarni aylanib oʻtish; bir buyumdan boshqa buyumga oʻtish; katta yoshdagilarning qoʻllaridan ushlab zinalarga chiqish va tushish. 79. 6 — 12 oylik bolalar bilan quyidagi shakllarda mashqlar olib borish lozim: bolani eng yoqtirgan oʻyinchogʻi yoniga emaklab kelishini ragʻbatlantirish; bola bilan birgalikdagi oʻyinlarni tashkil qilish, bolaga: “Oldimga kel!”, “Oʻtir!” qabilida koʻrsatmalar berish; bolaning past boʻyli buyumlar ustidan hatlab oʻtishini ragʻbatlantirish va ularning oʻlchamlarini asta-sekin oshirib borish; bolaning oʻzi qiziqayotgan buyumga xodaning ustidan emaklab etib borishi uchun imkoniyat yaratish; musiqa sadolari ostida ritmik harakatlarni bajarish, raqs tushish va qoʻllarni silkitish; bolaning oʻtirgan holatidan yotib olishi va yana oldingi holatga qaytishi uchun yumshoq yuzani taʼminlash; bolaning qornida yotgan holatdan agʻdarilib, oʻtirish holatiga oʻtishi, soʻng tik turib olishini ragʻbatlantirish; bolaning mustaqil ravishda oʻrnidan turishini ragʻbatlantirish; bola birinchi qadamlarini bosayotganda, suyanib olishi mumkin boʻlgan turgʻun qattiq predmetlar boʻlishini taʼminlash; bolaning bir buyumdan boshqa buyumgacha mustaqil yurib borishini ragʻbatlantirish; bola oʻtirgan holatda unga koptok tashlash va uning ana shu koptokni tutib olishini ragʻbatlantirish; bola oʻrindigʻiga chiqib olayotganida, oʻzi bilan biror-bir oʻyinchoqni olishini ragʻbatlantirish; bolaning yuzalarga chiqib olishi uchun koʻproq imkoniyat yaratish; bola bilan ikki va uch soʻzdan iborat gaplarni qaytarishdan iborat boʻlgan oʻyinli mashqlarni bajarish; bola bilan turli koʻngilochar oʻyinlarni oʻynash; bolaning oʻzidan balandroq yuzadagi oʻyinchoqni qoʻllari bilan olishini ragʻbatlantirish; bola har koʻtarilib yana pastga tushganida uni maqtash; xonada tegishli toʻsiqlarni joylashtirib, bolaning toʻsiq sari tezda borib, unga urilib ketmasdan aylanib oʻtishini ragʻbatlantirish; 80. 6 — 12 oylik bolalar hali juda tajribasiz boʻlganliklari uchun quyidagilarga amal qilish lozim: bolani qarovsiz qoldirmaslik; turli jarohatlanishlarning oldini olish; xotirjam va doʻstona ohangda soʻzlashish; xonalarda xavfsiz muhit yaratish, jumladan isituvchi, qizdiruvchi asbob-uskunalarga yaqinlashish imkoni yoʻqligiga, jihozlarda oʻtkir qirrali burchaklar mavjud boʻlmasligiga eʼtibor qaratish. 2-§. Mayda motorikani rivojlantirish 81. Quyidagilar 6 — 12 oylik bolalarda mayda motorika rivojlanishining talablari hisoblanadi: bolaning qoʻllari va barmoqlarining harakatlanishini nazorat qilishga qodir boʻlishi; bolaning umumiy foydalanishdagi oʻyinchoqlar va buyumlardan foydalanish qobiliyatiga ega boʻlishi. 82. Quyidagilar 6 — 12 oylik bolalarda mayda motorika rivojlanishining indikatorlari hisoblanadi: qutini ochish va undan buyumlarni chiqarib olish; qoʻllari bilan chapak chalish; bir qoʻli bilan mayda buyumlarni olish; piyolani ikki qoʻli bilan ushlab turish va undan mustaqil ichish; kitobni varaqlash (odatda birdaniga 2-3 varaqni); ikki qoʻli bilan koptokni ushlab olish, qoʻllarida saqlab turish, irgʻitish va dumalatish; bir qoʻli bilan oʻyinchoqni ushlab, ikkinchi qoʻli bilan uni oʻynash; katta va koʻrsatkich barmoqlaridan foydalanib, mayda buyumlarni qutichaga solish va stol ustidan mayda narsalarni yigʻish; ruchka yoki markerni ushlab, chizishga urinish. 83. 6 — 12 oylik bolalar bilan quyidagi mashqlarni oʻtkazish lozim: bolaning harakatlarini yanada rivojlantirish uchun qutichaga turli buyumlarni solib qoʻyish; bolani xavfsiz buyumlar bilan taʼminlash va oddiy harakatlarni bajarish; bolaga plastmassadan yasalgan piyola berish va undan suvni qanday ichish kerakligini tushuntirish; bolaning yoniga oʻtirish va bola kitobni qanday qilib varaqlashi kerakligini unga koʻrsatish va bolaning ushbu mashgʻulotni mustaqil bajarishini ragʻbatlantirish; koptoklar bilan oʻyinli mashqlarni bajarish; bolaning buyumlar bilan harakatlar bajarishini maqtash va koʻrsatish orqali ragʻbatlantirish; bolaning oʻzlashtirib olayotgan buyumlar doirasini kengaytirish; bolani mayda buyumlar qoʻyilgan stol atrofiga oʻtqizish va ularni barmoqlari bilan ushlashini ragʻbatlantirish; bolaga (uning yoshi uchun mos keladigan) ruchka yoki markerni tutqazish va bolaning ularni barcha barmoqlari bilan ushlashini va bir necha harakat qilib, varaqqa chizishini ragʻbatlantirish. 84. 6 — 12 oylik bolalarda tish chiqishi boshlanishi sababli, bola barmoqlarini ogʻziga solishi mumkin, shuning uchun gigiyenik muolajalar oʻtkazish, yaʼni barmoqlar, ogʻiz boʻshligʻiga ishlov berish lozim. 3-§. Sensomotorikani rivojlantirish 85. 6 — 12 oylik bolalarning sezgi organlari yordamida oʻz harakatlarini tartibga solish qobiliyatiga egaligi ularda sensomotorika rivojlanishining talabi hisoblanadi. 86. Quyidagilar 6 — 12 oylik bolalarda sensomotorika rivojlanishining indikatorlari hisoblanadi: bir xil buyum bilan har xil harakatlarni bajarish, jumladan bosish, tashlash, silkitish, dumalatish, teshiklardan oʻtkazish; ichi boʻsh oʻyinchoqlarni bir-biriga solish; gullarni hidlash uchun engashish; oʻzi yaxshi koʻrgan taomni koʻrganda unga intilish. 87. 6 — 12 oylik bolalar bilan quyidagi mashqlarni oʻtkazish lozim: turli shakl va rangdagi qopchalarni tayyorlab, ularning ichiga turli narsalar, jumladan paxta, lattalar, noʻxat, guruch, kofe, makaron kabi narsalarni solish; bolaga ichi boʻsh biron oʻyinchoq va tegishli oʻlchamdagi obyekt berish hamda bolaning ularni bir-biriga solishini ragʻbatlantirish; bolaga atrofidagi gullarga tegishga va ularni hidlashga ruxsat berish; “issiq” va “sovuq” kabi soʻzlardan foydalanish hamda bolaning ular nima bilan farqlanishini tushunib olishi uchun ularga tegib koʻrishiga imkon berish. 88. 6 — 12 oylik bolalarning xavfsiz yashashi va harakatlanishini taʼminlash uchun oʻyinchoqlarni gigiyena va estetika talablariga muvofiq ravishda tanlab olish lozim. 4-§. Madaniy-gigiyenik koʻnikmalarni rivojlantirish 89. 6 — 12 oylik bolalar oʻzini parvarishlash va madaniy-gigiyenik koʻnikmalarni orttirish qobiliyatiga ega boʻlishi lozim. 90. Quyidagilar 6 — 12 oylik bolalarda madaniy-gigiyenik koʻnikmalar rivojlanishining indikatorlari hisoblanadi: qoʻllarini katta yoshdagilar yordamida yuvish uchun joʻmrak ostida ushlash, qoʻllarini sovunlash va bir-biriga ishqalash; hoʻl gubkani bir qoʻli bilan siqish va suvini siqib tashlash; ovqatlanish vaqtida qoshiqdan foydalanish; agar isib ketsa, kiyimlarining bir qismini echib qoʻyish. 91. 6 — 12 oylik bolalar bilan quyidagi mashqlarni oʻtkazish lozim: bolaning ovqatlanishdan oldin va hojatxonaga kirib chiqqandan keyin qoʻllarini yuvishini ragʻbatlantirish hamda bunga doim amal qilish kerakligini tushuntirish; bolani joʻmrakning oldiga olib kelish va unga qoʻllarni qanday yuvish kerakligini koʻrsatish; bolaga sovun berish va undan qanday foydalanish kerakligini koʻrsatish, bu ishni bolaning oʻzi mustaqil bajarishini ragʻbatlantirish; bolaning mustaqil ovqatlanishini ragʻbatlantirish; bola isib ketgan boʻlsa, unga ortiqcha kiyimlarni echib qoʻyish, sovqotayotgan boʻlsa issiqroq kiyinib olish uchun koʻmaklashish. 92. 6 — 12 oylik bolalarning xavfsiz yashashi va harakatlanishini taʼminlash maqsadida quyidagilar taqiqlanadi: katta yoshdagilarning qarovisiz qoldirish; oʻtkir qirrali oʻyinchoqlar va buyumlar bilan oʻynashga ruxsat berish. IX bob. Ijtimoiy-hissiy rivojlanish 1-§. Ijtimoiy rivojlanish 93. Quyidagilar 6 — 12 oylik bolalarda ijtimoiy rivojlanish talablari hisoblanadi: tanish va notanish odamlarni ajrata olish; boshqa bolalar va katta yoshdagilar bilan muloqot qilish koʻnikmalarini rivojlantirish qobiliyatiga ega boʻlish. 94. Quyidagilar 6 — 12 oylik bolalarda ijtimoiy rivojlanish indikatorlari hisoblanadi: yaqin kishilari bilan muloqot qilishda tashabbus bildirish (koʻzlariga qarash, jilmayish, yopishish, qoʻllariga chiqib olishga harakat qilish, qichqirib yuborish, yengini tortish); tanish chehralarni topish uchun koʻrsatma boʻyicha atrofiga nazar tashlab chiqish; oʻz harakatlariga eʼtibor qaratib, aloqaga kirishish; unga tanish odamlarning ovozini oʻxshatish (taqlid qilish); xayrlashish vaqtida qoʻlini silkitish; boshqa bolaning harakatlari ketidan kuzatish, kulish yoki yigʻlash, tengdoshlariga faol taqlid qilish; katta yoshdagilarning aksariyat murojaatlariga javob berish, lekin ularning ayrimlarini inkor etish; boshqa bola bilan muloqot qilishga qiziqish bildirish, quvonish, zavqlanish (qarash, jilmayish, kulish, qichqirish, bidirlash), muloqot qilishdan chalgʻimaslik; imo-ishoradan foydalanish, baholash, yordam, hamdardlik izlab nigoh tashlash, biror xavf yuzaga kelganligini tushunish va tanish odamdan yordam soʻrash; katta yoshdagilarning harakatlariga kuzatib turish, taqlid qilish, katta yoshdagilarning soʻzlari boʻyicha turli harakatlarni bajarish orqali javob qaytarish; oʻz oʻyinchogʻini boshqa bolalarga taklif qilish, lekin boshqa bola undan oʻyinchogʻini olsa, yigʻlash, norozilik bildirish. 95. Bola bilan munosabatlarda quyidagilarga amal qilish lozim: tashabbus uchun maqtash; notanish kishilardan qoʻrqishni kamaytirishga harakat qilish; oʻzaro hurmat va ishonch muhitini yaratish; bolani kuzatib turish, unga yordam berishga doimo tayyor boʻlish; bolaning iltimoslariga mos ravishda javob berish; bolaning oʻzi uchun yangi va notanish muhitda xavfdan holi ekanligiga ishonch hosil qilishi uchun uni quchoqlash va qoʻllaridan ushlab turish; bolaning iltimoslariga mos ravishda javob berish; bolaning harakati va tashabbuslariga tegishli ravishda munosabat bildirish; xayrlashish vaqtida qoʻllar bilan harakat qilishni amalda qoʻllash; agar bola katta yoshdagilar eslatmasdan turib oʻzi qoʻlini silkitsa, uni maqtash; bolaning tengdoshlari bilan muomala qilishi uchun sharoit yaratish; katta yoshdagilar bolaga murojaat etganda, javob berganligi uchun bolani maqtash; boshqa bolalar bilan toza havoda birgalikda aylanishlarni uyushtirish; bolani har qanday vaziyatda ruhan qoʻllab-quvvatlash, zarur boʻlganda bolaga yordam berish va uning uchun koʻproq qulaylik yaratish; bolani yordamga ehtiyoj sezish tabiiy hol ekanligiga ishontirish; bolaning faol harakatlarini ragʻbatlantirish; bola bilan koʻproq muomalada boʻlish va soʻzlashish; bolaning oʻz oʻyinchoqlarini boshqalar bilan birga oʻynashini ragʻbatlantirish. 96. 6 — 12 oylik bolalarning xavfsiz yashashi va harakatlanishini taʼminlash maqsadida quyidagilarga rioya qilish lozim: bolaning eʼtiborini notoʻgʻri xatti-harakatlarga qaratmaslik; harakatni qanday qilib toʻgʻri bajarishni oʻrgatish; har qanday vaziyatda ham pand-nasihat qilmaslik; muloqot yuritishda sabr-toqatli boʻlish. Quyidagi vaziyatlar bolaning yigʻlashiga sabab boʻlishi mumkin: sovqotganligi yoki isib ketganligi; taglikning hoʻl boʻlib qolganligi; ortiqcha siqib yoʻrgaklanganligi; ochiqqanligi yoki ogʻriq sezganligi. 2-§. Hissiy rivojlanish 97. Quyidagilar 6 — 12 oylik bolalarda hissiy rivojlanish talablari hisoblanadi: bola oʻzining “men” konsepsiyasini rivojlantirishi; bola boshqalarning his-tuygʻulariga munosabat bildirish va oʻz hissiyotlarini ifodalash qobiliyatiga ega boʻlishi. 98. Quyidagilar 6 — 12 oylik bolalarda hissiy rivojlanish indikatorlari hisoblanadi: oʻz ismini bilish, chaqirganda boshini oʻgirish, oʻz ismini eshitganda imo-ishora, tovushlar bilan javob qaytarish; katta yoshdagilarning “qayerda?” degan savoliga tana aʼzolari (boshi, qoʻllari, oyoqlari, burni) bilan javob qaytarish; koʻzgudagi oʻz aksiga jilmayish, oʻzining qayerdaligini soʻrashganda, oʻzini koʻzgudan koʻrsatish; qarama-qarshi xususiyatli (quvnoq-gʻamgin, tez-asta) musiqaga nisbatan hissiy munosabat bildirish; turli vositalar yordamida katta yoshdagilarning eʼtiborini tortish; katta yoshdagilarning imo-ishorasiga taqlid qilish; oʻzi xohlagan narsaga erishganda, zavqlanishini namoyon etish yoki yoqtirmaydigan taom berilganda, norozilik bildirish va ovqat yeyishdan bosh tortish; hissiyotlar bildirilganda, javob qaytarish, yurishni boshlayotganda, maʼqullashlarga javoban jilmayish; kimdir yuzini kulguli burishtirsa yoki gʻayrioddiy harakatlarni bajarsa, quvonish yoki kulish, atrofdagilarning kulgisini uygʻotgan narsalarni oʻz tashabbusiga koʻra takrorlash; yoqtiradigan buyumni undan olib qoʻyayotganda norozilik bildirish; boshqalarga taʼsir koʻrsatayotganini payqaganda, chapak chalish, xursand boʻlish, quvonish, maʼlum tovush va harakatlarni takrorlash; uzoqdagi buyumga etib olishga qattiq intilish va unga etib olganda, mamnuniyat bildirish. 99. Bola bilan munosabatlarda quyidagilarga amal qilish lozim: bola bilan muomala qilishda doimo uning ismidan foydalanish; bolaga tana aʼzolarini koʻrsatish va bir vaqtning oʻzida nomini aytish; bolaning harakatlarini tabassum bilan ragʻbatlantirish, bolaning turli oʻyinlarni koʻzgu roʻparasida oʻynashini taʼminlash; bolaga muntazam ravishda qoʻshiq kuylab turish; turli vaziyatlarda bolaning hissiyotlarini aytib eshittirish; bolaning harakatlariga nisbatan ochiqchasiga fikr bildirish (xursand boʻlish, tabassum qilish yoki qosh-qovogʻini solish); bolaga u oʻziga eʼtibor qaratish uchun qilgan harakatlariga muvofiq munosabat bildirish, unga oʻz istaklarini bildirishiga ruxsat berish hamda uning ehtiyojlarini qoʻllab-quvvatlash; bolani har bir erishgan yutugʻi uchun maqtash va maʼqullash; bolaning qiziqarli yoʻllar bilan turli his-tuygʻular va harakatlarni bilib olishiga imkon berish; qiziqarli yoʻllar bilan bolani turli his-tuygʻular va harakatlarni bilib oladigan faoliyatga undash; bolaga oʻz tuygʻularini ifodalash imkoniyatini berish va hissiyotlarini namoyish etishini qoʻllab-quvvatlash; ruhiy jihatdan qulay sharoitni yaratish va bola bilan har kuni shaxsan oʻynash; bola bilan oʻynayotganda, uning oʻziga boʻlgan ishonchini oshirish uchun unga yaqinroq turish va bola bilan birga qilinayotgan harakatlarni unga izohlab berish. 100. 6 — 12 oylik bolalar bilan munosabatlarda quyidagilarga rioya qilish lozim: bolalarda miya poʻsti yetarlicha rivojlanmaganligi sababli, ular oʻzlarining organik ehtiyojlarini qondirishda hatto kichik oʻzgarishlarga nisbatan ham kuchli sezgirligi bilan ajralib turishini hisobga olish; kun tartibining izchilligiga amal qilish; bolani hech qachon shoshiltirmaslik. X bob. Nutq, oʻqish va savodga tayyorgarlik 1-§. Nutq 101. 6 — 12 oylik bolalarning nutqni tinglash, tushunish va muloqot yuritish qobiliyatiga egaligi ularda nutq rivojlanishining talabi hisoblanadi. 102. Quyidagilar 6 — 12 oylik bolalarda nutq indikatorlari hisoblanadi: yangi soʻzlarga oson taqlid qilish, odamlarning ovozini tanish, oʻz ismini eshitganda javob qaytarish, buyumlarni koʻrsatish; bolalar qoʻshiqlari, aytishuvlari, ertaklarini, qisqa va oddiy hikoyalarni tinglash; aytilgan obyektga qarab oʻgirilish; oddiy savollarga “ha” yoki “yoʻq” deb javob berish uchun boshini silkitish; “yoʻq” soʻzining maʼnosini bilish; uzoq vaqt chugʻurlash; soʻzlarning birinchi boʻgʻinlarini hamda eng oddiy nom va soʻzlarni aytish; katta yoshdagilar bilan muloqot qilish uchun bir xil soʻzni ishlatish. 103. 6 — 12 oylik bola bilan munosabatlarda quyidagilarga amal qilish lozim: bola bilan koʻproq soʻzlashish, unga sheʼrlar, latifalar aytib berish; parvarishlash jarayonida (ovqatlantirish, choʻmiltirish, uxlatish) u bilan gaplashish, tana aʼzolari va kiyimlarining nomini aytib turish; turli hikoyalar, ertaklar aytib berish, bola bilan rang-barang kitoblarni tomosha qilish, oʻqib berish va uning diqqat bilan tinglashini ragʻbatlantirish; hikoyalardagi muhim va ahamiyatli jihatlarga bolaning eʼtiborini qaratish; bola bilan muomalada boʻlganda unga oddiy savollar berish va maʼnosi boʻyicha toʻgʻri keladigan javob qaytarishga undash; kishi atrofida harakatlanayotganda yoki oldida oʻynayotganda uning ketidan kuzatish, “yoʻq” deyilganda bola oʻyinini toʻxtatishi lozimligini oʻrgatish; bolaga javoban bidirlash, uning ovozlariga taqlid qilish, uni uzoq vaqt bidirlashini ragʻbatlantirish va toʻxtatmaslik; bola aytayotgan barcha narsalarni qaytarish, u chiqarayotgan har bir tovushni rivojlantirish, unga savol berish, soʻng unga toʻgʻri javobni qaytarib aytish; bolaning talablariga ijobiy javob berish. 104. 6 — 12 oylik bolalar bilan munosabatlarda quyidagilarni inobatga olish lozim: katta yoshdagilarning nutqi toʻgʻri, ravon, turli ohangda boʻlishi lozim; bolaning eʼtiborini 1-1,5 daqiqa davomida jamlab turish mumkin. 2-§. Oʻqish va savod malakalarini egallash 105. 6 — 12 oylik bolalarning bosma materiallar, harflar va ramzlarga qiziqish bildirishi hamda yozish koʻnikmalarini oʻrganishi ularda oʻqish va savod malakalari rivojlanishining talablari hisoblanadi. 106. Quyidagilar 6 — 12 oylik bolalarda oʻqish va savod malakalari indikatorlari hisoblanadi: chiroyli rasmlar bilan bezatilgan kitobni tomosha qilish va oʻqishga qiziqish bildirish; kitoblar, yorliqlar, koʻchadagi plakatlarga nisbatan qiziqish bildirish; qalam yoki ruchkani ushlash va qogʻozda, devorda, doskada uzuq-yuluq chizgilarni chizishga harakat qilish; ingichka uchli ruchka bilan qogʻoz parchasida nuqtalar chizish; rasm solingan yoki yozuvi bor qogʻoz parchasini boshqalarga koʻrsatish. 107. 6 — 12 oylik bolalar bilan quyidagi mashqlarni bajarib turish lozim: chiroyli rasmlari bor kitobni taklif etish, undagi rasmlarni tomosha qilishni ragʻbatlantirish; kitoblar va boshqa bosma materiallarni berish, ulardagi belgilar va soʻzlarni koʻrsatish; bola uchun qogʻoz va yozuv qurollarini tayyorlab qoʻyish; yozuv qurollari berish, qogʻozga chizishni ragʻbatlantirish; bola harakatlarini rivojlantirishi uchun barmoqlaridan foydalanishini ragʻbatlantirish; yozuvli yoki yozuvsiz turli rasmlarni tomosha qilishni ragʻbatlantirish. 108. 6 — 12 oylik bolalarning xavfsiz yashashi va harakatlanishini taʼminlash uchun quyidagilarga amal qilish lozim: kitoblar katta oʻlchamda boʻlmasligi va gigiyena talablariga javob berishi lozim; rasmlar bolaning yoshiga mos boʻlishi kerak. XI bob. Bilish jarayoni va atrof muhit toʻgʻrisidagi bilimlarga ega boʻlish 1-§. Elementar matematik koʻnikmalar va bilimlarni rivojlantirish 109. 6 — 12 oylik bolalarning sonlar va sanashga qiziqishni namoyish etishi, buyumlarni turkumlash va ularni tartib boʻyicha joylashtirish koʻnikmalarini orttirishi ularda elementar matematik koʻnikmalar va bilimlar rivojlanishining talablari hisoblanadi. 110. Quyidagilar 6 — 12 oylik bolalarda elementar matematik koʻnikmalar va bilimlar rivojlanishining indikatorlari hisoblanadi: oʻyinchoqlar va buyumlar bilan turli ishlar bajarish (ushlab olish, chiqarish, qaytadan terish, bosish, ochish); boʻsh piyolani olib, ichiga suv yoki sharbat quyishlarini soʻrash; katta yoshdagilar yordamida bir necha obyektlarni oʻlchamlari boʻyicha guruhlarga ajratish. 111. 6 — 12 oylik bolalar bilan quyidagi mashqlarni bajarib turish lozim: bolaning oʻyinchoqlar bilan mustaqil tajriba qila boshlashini maʼqullash; bola tajriba qilishi uchun unga turli miqdordagi har xil materiallarni berish; piyolani olib, uning ichi boʻsh ekanligini, keyin esa, unga suv qoʻyib piyolaning ichi toʻla ekanligini bolaga tushuntirish; bola bilan suvda oʻynash va unga oʻlchamlari kichik sigʻimdagi idishga kamroq suv sigʻishini koʻrsatish; turli oʻlchamdagi kubiklarni olib, ularni kattaligi boʻyicha tartibga keltirish kerakligini koʻrsatish. 112. 6 — 12 oylik bolalarning xavfsiz yashashi va harakatlanishini taʼminlash uchun ularga plastmassa, rezina, silliq yoki tukli matolardan yasalgan, uzunligi 15 — 20 sm dan katta boʻlmagan yumshoq oʻyinchoqlarni berish maqsadga muvofiq. Bolaga moʻynadan yasalgan oʻyinchoq hayvonlarni berish tavsiya etilmaydi. 2-§. Atrof muhitni oʻrganish va anglash 113. 6 — 12 oylik bolalarning atrofni kuzatishi, jonli va jonsiz olamga munosabat bildirishi, inson tana aʼzolarini oʻrganishi ularda atrof muhitni oʻrganish va anglash talablari hisoblanadi. 114. Quyidagilar 6 — 12 oylik bolalarda atrof muhitni oʻrganish va anglash indikatorlari hisoblanadi: oʻz oʻyinchoqlarini, buyumlarini tishlash, taʼmini koʻrish, uzib tashlashga urinish, urish, ikkita buyumni bir-biriga urib koʻrish va hosil boʻlayotgan ovozlarni tinglash orqali oʻrganish; baliq akvariumda qanday harakatlanishini tomosha qilish; oʻz atrofidagi gʻayrioddiy obyektlarga diqqat bilan qarash; hayvonlarni va ularning rasmlarini turli taqlidiy ovozlar bilan bogʻlash; qumni yumshatish uchun unga suv quyish; choʻmilayotganda suvni sachratish; oltitagacha tana aʼzolarini koʻrsatish; atrofdagilarning ayrim harakatlarini takrorlash. 115. 6 — 12 oylik bolalar bilan quyidagi mashqlarni bajarib turish lozim: bolaga turli obyektlarni boshqarish imkoniyatini berish; bolani bir-biriga uygʻunlashadigan narsalarni tanlab olishini ragʻbatlantirish; bolaning akvariumning oldiga kelishiga yordam berish, baliqlar qanday harakatlanayotganligi, ular turlichaligiga eʼtiborini qaratish; biror obyektdan eng maqbul yoʻl bilan foydalanish usulini koʻrsatish va tushuntirish; bolaga atrofdagi barcha yangi narsalarni koʻrsatish va u qanday munosabat bildirishini kuzatib turish; yangi obyektlardan foydalanib bolalar bilan oʻynash; turli hayvonlar qanday ovozlar chiqarishlarini koʻrsatish; bolaning oʻz atrofidagi yoki rasmlardagi hayvonlarning ovoziga taqlid qilishini ragʻbatlantirish; bogʻda bola uchun oʻz burchagi boʻlishini taʼminlash, unga qum bilan suvni aralashtirishga yordam berish; bolaning koʻproq choʻmilishi va suvda oʻynab oʻtirishini ragʻbatlantirish; bolaga boshqa odamlar, rasmlardagi inson tana aʼzolarini koʻrsatib, ularning nomini oʻrgatish, shundan keyin oʻzining ushbu aʼzolarini koʻrsatishini ragʻbatlantirish; tana aʼzolarini koʻrsatayotganda bolani yoʻnaltirish; turli ovozlar va harakatlarni qaytarishga yordam berish. 116. 6 — 12 oylik bolalarning xavfsiz yashashi va harakatlanishini taʼminlash uchun quyidagilarga amal qilish lozim: bola bilan mashgʻulotlarni tashkil qilishda asta-sekinlik va izchillik tamoyiliga amal qilish; mashgʻulotlarni davomiyligi 10 — 12 daqiqa boʻlishini taʼminlash. 3-§. Ijod 117. Quyidagilar 6 — 12 oylik bolalarda ijod talablari hisoblanadi: turli tovush va ovozlarni ajratish qobiliyatiga ega boʻlish; musiqaga qiziqish bildirish, musiqiy faollik koʻrsatish; koʻrgazmali faoliyatda ishtirok etishga qiziqishni namoyish etish. 118. Quyidagilar 6 — 12 oylik bolalarda ijod indikatorlari hisoblanadi: turli ovozlarga (odam ovozi, musiqa, ommabop kuy) munosabat bildirish (tebranish, raqsga tushishga harakat qilish); biror-bir asbob, tovush chiqaradigan oʻyinchoq yoki televizordagi yoqtirgan ovoziga taqlid qilish; ruchka va markerlarni olish va har qanday yuzada rasm chizishga harakat qilish. 119. 6 — 12 oylik bolalar bilan quyidagi shakllarda mashqlar olib borish lozim: bolaga quvnoq musiqalarni qoʻyib berish va u bilan birga raqsga tushish; musiqaga joʻr boʻlib qanday chapak chalish kerakligini koʻrsatish; musiqa ohangiga mos tarzda qoʻl-oyoqlarni qanday harakatlantirish kerakligini koʻrsatish; turli ovozlarni (musiqa, suhbat, momaqaldiroq) bola bilan taqqoslash; baland va past ovoz oʻrtasidagi farqni tushuntirish; bolaga xavfsiz ijod qilish mumkin boʻlgan turli predmetlarni berish. IV boʻlim. 12 — 24 oylik bolalarning rivojlanishi XII bob. Jismoniy rivojlanish, oʻz-oʻziga xizmat va gigiyena 1-§. Yirik motorikani rivojlantirish 120. Quyidagilar 12 — 24 oylik bolalarda yirik motorikani rivojlantirish talablari hisoblanadi: gavdasini boshqara olish (muvozanat saqlashga qodir boʻlish); tana aʼzolarini boshqara olish; maqsadli harakatlana olish. 121. Quyidagilar 12 — 24 oylik bolalarda yirik motorikaning rivojlanish indikatorlari hisoblanadi: toʻgʻri yoʻnalishda, yoʻlakda, yotgan va qiya taxta ustidan tayanmasdan yurish; balandligi 10 sm boʻlgan predmetning ustiga chiqish va ustidan tushish; yiqilmasdan mustaqil turish va oʻtirish; engashish va oʻyinchoqlarni olish; mustaqil ravishda orqaga bir necha qadam tashlash; katta yoshdagilarning koʻrsatmasi boʻyicha 3-4 ta turli harakatlarni bajarish; koptokni koʻrsatilgan tomonga tepish; koptokni kichik balandlikdan hamda katta yoshdagilar tomon dumalatish, uni oldinga va tepaga irgʻitish; belgilangan masofadan (stol osti, halqaning ichi) emaklab oʻtish; uzunligi 1 m boʻlgan narvonga chiqish va tushish; pol yoki yerdan 5 — 10 sm balandlikda turgan arqon, novda yoki yogʻoch ustidan oʻtib keta olish; maqsadiga qarab, harakat yoʻnalishini oʻzgartirish; oʻrindiq ostidan oʻyinchoqni olish uchun mustaqil ravishda tizzasiga oʻtirish va turish. 122. 12 — 24 oylik bolalar bilan quyidagi shakllarda mashqlar olib borish lozim: bola organizmining umumiy rivojlanishiga doir mashgʻulotlar oʻtkazish; bolani aravachalar, yirik oʻyinchoq mashinalar bilan oʻynashga oʻrgatish; bolani yugurishi, toʻgʻri chiziqdan yugurib oʻtishi, yurishi, emaklashi, narsalarni tashlashi, irgʻitishi kerak boʻladigan oʻyinlarga oʻrgatish; 8 — 10 daqiqa davomida rejalashtirilgan oʻyinli mashgʻulotlar va imkon qadar ertalab ochiq havoda jismoniy mashqlarni oʻtkazish; bolani har kuni oddiy jismoniy mashqlar elementlariga oʻrgatish; bolaning qoʻlidan ushlab turish, unga koptokni tepish, moʻljalga tashlashga yordam berish; boladan chetda turgan predmet yoki oʻyinchoqni olib kelishni iltimos qilish; bolaning urinishlarini ragʻbatlantirish; bolaning balandroq yuzaga chiqa olishini hisobga olib, yuzaning xavfsizligini taʼminlash; bolaning motorikaga oid vazifalarning bajarishini ragʻbatlantirish; bolaning yoʻliga toʻsiq qoʻyib, uni aylanib oʻtib, moʻljallangan joygacha etib borishini ragʻbatlantirish. 123. 12 — 24 oylik bolalar boʻlgan joylarda: bolaga real xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan predmetlar boʻlmasligi; katta yoshdagilarning nazorati ostida boʻlishi; ruhiy jihatdan qulay muhit yaratilishi lozim. Bunda bolaning himoyalanganlik, dadillik va xavfsizlik hissi rivojlanishiga koʻmaklashish hamda zarur boʻlgan vaqtda tarbiyachiga murojaat etishiga imkon beradigan oʻzini tutish koʻnikmalarini shakllantirish lozim. 2-§. Mayda motorikani rivojlantirish 124. Quyidagilar 12 — 24 oylik bolalarda mayda motorika rivojlanishining talablari hisoblanadi: bolaning qoʻllari va barmoqlarining harakatlanishini nazorat etishga qodirligi; bolaning umumiy foydalanishdagi oʻyinchoqlar va buyumlardan foydalana olishi. 125. Quyidagilar 12 — 24 oylik bolalarda mayda motorika rivojlanishining indikatorlari hisoblanadi: oddiy oʻyinchoqlarni qismlarga ajratish va yigʻish; eshik dastasini ushlab, ochish va yopish, eshik qoʻngʻirogʻining tugmachasini bosish; turli oʻyinchoqlarni barmoqlari bilan aylantirish; bir qoʻli bilan piyola yoki qoshiqni ushlab turish; uch yoki undan ortiq boʻlaklardan iborat boʻlgan minorachalar qurish. 126. 12 — 24 oylik bolalar bilan quyidagi mashqlarni oʻtkazish lozim: yigʻma inshoot oʻyinchoqlar bilan oʻynash; bolaga oʻyinchoqlarni berib, ularni oʻrganishi uchun imkon yaratish; bolaga mayda motorikani rivojlantirishga doir buyumlar (yirik munchoqlar, mayda toshlar yoki boshqa predmetlar) berib, ularni katta yoshdagilar nazorati ostida terishi va saralashi uchun sharoit yaratish; bolaga xavfsiz uy-roʻzgʻor buyumlari bilan oʻynash imkoniyatini berish. 127. 12 — 24 oylik bolalarning xavfsiz yashashi va harakatlanishini taʼminlash uchun ularga beriladigan oʻyinchoq inshootning qismlari yirik, rang-barang hamda gigiyenik va estetik talablarga javob beradigan boʻlishi lozim. 3-§. Sensomotorikani rivojlantirish 128. 12 — 24 oylik bolalarning sezgi organlari yordamida oʻz harakatlarini tartibga solish qobiliyatiga egaligi ularda sensomotorika rivojlanishining talabi hisoblanadi. 129. Quyidagilar 12 — 24 oylik bolalarda sensomotorika rivojlanishining indikatorlari hisoblanadi: suvni kichik idishdan katta idishga quyish; quloq, burun, koʻz kabi tana aʼzolarini koʻrsata olish; buyumlarni qoʻllarida ushlab turish va bir-biriga urish. 130. 12 — 24 oylik bolalar bilan quyidagi mashqlarni oʻtkazish lozim: bolaga turli oʻlchamdagi ikkita idish berib, bir idishdagi suvni ikkinchi idishga quyishni soʻrash; ushbu jarayonda koʻrgazmali va kutilmagan hodisalar roʻy beradigan qiziqarli uslublardan foydalanish; bolaga u koʻrayotgan narsa va harakat oʻrtasidagi bogʻliqlikni tushunishga yordam berish; bolaga issiq suvning haroratini his etish va undan qochish imkoniyatini yaratish; bolaning har bir yutugʻini ragʻbatlantirish. 131. 12 — 24 oylik bolalarning xavfsiz yashashi va harakatlanishini taʼminlash maqsadida: bolani jarohatlanishdan saqlash; bolaning koʻchada yiqilib ketishining oldini olish; bolaning oʻz gavdasini qanday tutishini kuzatib turish lozim. 4-§. Madaniy-gigiyenik koʻnikmalarni rivojlantirish 132. 12 — 24 oylik bolalar oʻzini parvarishlash va madaniy-gigiyenik koʻnikmalarni orttirish qobiliyatiga ega boʻlishi lozim. 133. Quyidagilar 12 — 24 oylik bolalarda madaniy-gigiyenik koʻnikmalar rivojlanishining indikatorlari hisoblanadi: katta yoshdagilar yordamida tish choʻtkasi bilan tishlarini tozalash, lablari, qoʻllari, yuzini mustaqil yuvish va artish; stol atrofiga oʻtirib ovqatlanish, mustaqil ravishda qoshiqni ogʻziga olib borish va ovqat yeyish, piyoladan choy yoki suv ichish; tuvakdan mustaqil foydalanish; koʻylagi, qoʻlqopi, paypogʻi va poyabzalini echishni bilish. 134. 12 — 24 oylik bolalarga quyidagilarni oʻrgatish lozim: bolaga ozodalik nima ekanligini koʻrsatish va ozoda yurish qanchalik muhim ekanligini tushunish uchun yordam berish; bolaning toʻgʻri kiyinishini ragʻbatlantirish va yordam berish. 135. 12 — 24 oylik bolalarning xavfsiz yashashi va harakatlanishini taʼminlash maqsadida quyidagilarga amal qilish lozim: barcha gigiyena muolajalarni katta yoshdagilar bilan birga oʻtkazish; bolada barmoq soʻrish, lapanglash va shu kabi boshqa salbiy odatlar paydo boʻlishining oldini olish; bolaning tuvakda uzoq vaqt oʻtirishiga yoʻl qoʻymaslik. XIII bob. Ijtimoiy-hissiy rivojlanish 1-§. Ijtimoiy rivojlanish 136. Quyidagilar 12 — 24 oylik bolalarda ijtimoiy rivojlanish talablari hisoblanadi: tanish va notanish odamlarni ajrata olish; boshqa bolalar va katta yoshdagilar bilan muloqot qilish koʻnikmalarini rivojlantirish qobiliyatiga ega boʻlish. 137. Quyidagilar 12 — 24 oylik bolalarda ijtimoiy rivojlanish indikatorlari hisoblanadi: atrofidagi katta yoshdagilar va bolalarning harakatlariga taqlid qilish; uzoq vaqt davomida koʻrmagan va unga yaxshi munosabatda boʻlgan katta yoshdagilarni koʻrganda xursand boʻlish; notanish bolalar va katta yoshdagilarga nisbatan qiziqish bildirish (“Bu kim?” — deb soʻrash); muloqot qilish istagini yaqqol ifodalash (tanishlarini olqishlash, ularning ismini aytish, ular tomon qoʻllarini choʻzish); qisqa vaqt ichida oʻz tengdoshlari bilan oʻynashni yaxshi koʻrish; katta yoshdagilarning (yaqinlari) topshiriq berishlarini yoqtirish va bajarishga urinish; katta yoshdagilar bilan faol oʻyinlarni oʻynashni yoqtirish. 138. 12 — 24 oylik bolalar bilan munosabatlarda quyidagilarga ahamiyat berish lozim: bolaga qisqa (hissiy) hikoyalar, toʻrtliklar aytib berish; bolaga doʻstona munosabatda boʻlish; bolani kuzatish va uning atrofdagilar bilan muloqot qilishini ragʻbatlantirish; bolaning muloqotdan olgan taassurotlarini ifodalash va ularga oddiy izoh berishini ragʻbatlantirish; turli vaziyatlarni (olqishlash, xayrlashish va yordam koʻrsatish) kirituvchi oʻyinlarni oʻtkazish; bolaga birgalikda oʻynash naqadar muhim ekanligini tushunishga yordam berish; bolaning boshqa bolalar bilan ijobiy muomala qilishini ragʻbatlantirish va mustahkamlash. 139. 12 — 24 oylik bolalarning xavfsiz yashashi va harakatlanishini taʼminlash maqsadida quyidagilarga rioya qilish lozim: bola juda harakatchan boʻlganligi uchun, faoliyat turlarini almashtirib turish; bola oʻrganayotgan guruh makoni xavfsiz boʻlishini taʼminlash. 2-§. Hissiy rivojlanish 140. Quyidagilar 12 — 24 oylik bolalarda hissiy rivojlanish talablari hisoblanadi: bola oʻzining “men” konsepsiyasini rivojlantirishi; bola boshqalarning his-tuygʻularini ajratish qobiliyatiga ega boʻlishi. 141. Quyidagilar 12 — 24 oylik bolalarda hissiy rivojlanish indikatorlari hisoblanadi: koʻzguda, suratda oʻzini tanish, oʻz ismini bilish; istaklari katta yoshdagilar talablariga mos kelmaganda norozilik bildirish; turmush tarziga aralasha boshlash (supurish, magnitofonni yoqish va oʻchirish); ruhan koʻngilchan, katta yoshdagilarning unga nisbatan munosabatiga juda sezgir boʻlish; atrofdagilarning his-tuygʻularini (ona baxtiyor, buva toliqqan, tarbiyachining jahli chiqqan) soʻz ohangi va harakatidan ajratish; oʻz hissiyotlarini ifodalash (oʻpish, quchoqlash, quvonish, oʻz yutuqlari bilan gʻururlanish, oʻzi tanigan katta yoshdagilar bilan xayrlashayotganda xafa boʻlish, achchiqlanish, yigʻlayotganlarni oʻzicha yupatishga urinish); katta yoshdagilarning munosabatini sezish va tushunish. 142. 12 — 24 oylik bolalar bilan munosabatlarda quyidagilarga ahamiyat berish lozim: bolaning koʻzgu, fotosuratlarda oʻzi, onasi, otasini koʻrsatishini ragʻbatlantirish; bolaning tez-tez ismini aytib chaqirish; bola qandaydir harakatlarni bajarib, biror yutuqqa erishgani uchun uni ragʻbatlantirish va maqtash; bolaga uni yaxshi koʻrishlari, qadrlashlari va unga gʻamxoʻrlik qilishlarini tushunish imkoniyatini berish; oʻzini tutish qoidalariga hamda “yaxshi”, “mumkin”, “mumkin emas” kabi tushunchalarni oʻrgatishni boshlash; boshqa bolalar xursand, xafa boʻlganlarida yoki charchaganlarida bolaning eʼtiborini shunga qaratish; bolaga boshqa bolalar, ularning qoʻrquvlari, orzu-umidlari va sevinchlari toʻgʻrisidagi hikoyalarni oʻqib berish. 143. 12 — 24 oylik bolalar bilan munosabatlarda quyidagilarga rioya qilish lozim: bolaning qadr-qimmatini yerga uradigan soʻzlardan foydalanmaslik; bolani emas, uning harakatlari va muomalasini baholash; bolaning haddan tashqari hayajonlanish holatiga tushib qolishining oldini olish. XIV bob. Nutq, oʻqish va savodga tayyorgarlik 1-§. Nutq 144. 12 — 24 oylik bolalarning nutqni tinglash, tushunish, soʻzlashish va muloqot qilishga qodirligi ularda nutq rivojlanishining talabi hisoblanadi. 145. Quyidagilar 12 — 24 oylik bolalarda nutq indikatorlari hisoblanadi: kundalik turmushda uchraydigan maʼlum harakatlarni ifodalaydigan soʻzlarni tushunish; eshitgan oddiy, qisqa murojaatlarni qaytarish va ularni bajarish; soʻzlashganda taqlid qilish; rasmdagi narsalarni tanish; 2-3 ta soʻzdan iborat gaplarni tuzish; rasmni yoki fotosuratni 2-3 ta soʻz yordamida tushuntirish, taʼriflash. 146. Bola bilan quyidagi mashqlarni olib borish lozim: bola bilan oʻynayotganda va muomala qilayotganda uning qisqa maʼlumotlarni qaytarishini ragʻbatlantirish; bolaga koʻproq predmetlar va oʻyinchoqlarni koʻrsatish, nomlarini aytish, ularni maʼlum harakatlar bilan bogʻlash; bolaga ravon va toʻgʻri gapirish, koʻproq savol berish; bolani hikoya oʻqish va suhbatlashish bilan qiziqtirish, uning barcha savollariga javob qaytarish; bola bilan birga rasm va fotosuratlar koʻrish, rasmlarga mos keladigan soʻzlarni topishga yordam berish; savollar va buyruqlar oʻrtasidagi mutanosiblikka eʼtibor qaratish; oʻyin, mashq, nutqni rivojlantirish mashgʻulotlari va barmoqlar teatrini oʻtkazish; bola bilan katta yoshdagilar ovozlariga taqlid qiladigan oʻyinlarni oʻynash. 147. 12 — 24 oylik bolalar bilan munosabatlarda quyidagilarni hisobga olish lozim: ushbu davrning bola nutqi rivojlanishida muhim davr ekanligini hamda har qanday kuchli ruhiy taʼsir (qoʻrquv, choʻchish) ushbu jarayonning toʻxtab qolishiga yoki kechikishiga sabab boʻlishi mumkin; oʻyinchoqlar ovozining baland chiqishining oldini olish. 2-§. Oʻqish va savod malakalarini egallash 148. 12 — 24 oylik bolalarning bosma materiallarga qiziqish bildirishi, harflar va ramzlarni ajrata olishi hamda yozish koʻnikmalarini oʻrganishi ularda oʻqish va savod malakalari rivojlanishining talablari hisoblanadi. 149. Quyidagilar 12 — 24 oylik bolalarda oʻqish va savod malakalari indikatorlari hisoblanadi: yorqin rasmlar bilan bezatilgan kitoblarni tomosha qilish, rasmlarda aks ettirilgan buyumlarni koʻrib tanish; logotiplarni koʻrib tanish; yozma matn, harflar va raqamlarga qiziqish bildirish; qalam va ruchka yordamida gorizontal, doirasimon va vertikal chiziqlarni chizish; qalam yoki moʻyqalam bilan rasm chizish. 150. 12 — 24 oylik bolalar bilan quyidagi mashqlarni olib borish lozim: bolani bolalar kitoblari bilan taʼminlash, oʻqib berish va rasmlarini koʻrsatish; bolani rasmlarda aks ettirilgan narsalarning nomini toʻgʻri aytishga oʻrgatish; bolaga qalam, flomaster va katta qogʻoz parchasi berish, uning koʻnikmalari rivojlanishi uchun zaruriy sharoitlarni yaratish. 151. Bosma materiallar sanitariya va gigiyena talablariga javob berishi lozim. XV bob. Bilish jarayoni va atrof muhit toʻgʻrisidagi bilimlarga ega boʻlish 1-§. Elementar matematik koʻnikmalar va bilimlarni rivojlantirish 152. Quyidagilar 12 — 24 oylik bolalarda elementar matematik koʻnikmalar va bilimlar rivojlanishining talablari hisoblanadi: miqdor, sonlar va sanash boʻyicha bilimlarini namoyish etish; buyumlarni turkumlash va tartibli joylashtirish qobiliyatiga ega boʻlish. 153. Quyidagilar 12 — 24 oylik bolalarda elementar matematik koʻnikmalar va bilimlar rivojlanishining indikatorlari hisoblanadi: ikki, uch qismdan iborat boʻlgan bolaning aqliy faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan oʻyinchoqlarni (ikki, uch halqali piramidalar) yigʻish; katta yoshdagilarning iltimosiga koʻra buyumlarni yigʻish va olib kelish; narsalarni terib qoʻyish va ular bilan harakatlar bajarish; bolalar va buyumlarni katta-kichikligiga qarab guruhlarga ajratish; “koʻp” va “kam” soʻzlarining maʼnosini tushunish; qutichalarga xuddi shunday shakldagi qopqoqlarni tanlab olish; oʻyinchoqlar turgan joylarni topa olish. 154. 12 — 24 oylik bolalar bilan quyidagi mashqlarni olib borish lozim: bolaga buyumlarning shakllari, xususiyatlarini koʻrsatish va ularni ajratishni oʻrgatish; kubiklar, piramidalar bilan oʻyinlar oʻynash, bitta, ikkita, uchta buyumlarni (kubiklar, halqalar) uzatishni iltimos qilish; bolaning muvaffaqiyatli harakatlarini qoʻllab-quvvatlash va maqtash; bolaga oʻyinchoqlarni berib, ularni saralash yoki oʻlchami, soniga qarab joylashtirishga yordam berish; bola oʻyinchoqlar, buyumlar bilan nima qilish kerakligini aniq tushunishi uchun nima qilish mumkinligini bolaga aytib berish. 155. 12 — 24 oylikda bolaning individual xususiyatlari yaqqol namoyon boʻlganligi sababli, uni boshqa bolalar bilan solishtirmaslik lozim. 2-§. Atrof muhitni oʻrganish va anglash 156. Quyidagilar 12 — 24 oylik bolalarda atrof muhitni oʻrganish va anglash talablari hisoblanadi. jonli va jonsiz olamni kuzatish hamda taʼriflab berish; tabiat hodisalarini kuzatish; rasmda aks ettirilgan yoki koʻchadagi oʻsimlik va hayvonlarni koʻrsatish, ularning nomlarini aytish; inson tana aʼzolarini oʻrganish. 157. Quyidagilar 12 — 24 oylik bolalarda atrof muhitni oʻrganish va anglash indikatorlari hisoblanadi: havodagi oʻzgarishlarni ajratish (masalan, qor yogʻayotganda tashqariga chiqishni xohlash, yomgʻir yogʻayotganda esa soyabonni olish); inson tana aʼzolari va asosiy organlarining vazifalarini bilish, oʻzining tana aʼzolarini (quloqlarining eshitishini, koʻzlarining koʻrishini) toʻgʻri koʻrsatish; qoʻgʻirchoqlar va oʻyinchoqlardan zavqlanish. 158. 12 — 24 oylik bolalar bilan quyidagi mashqlarni olib borish lozim: bola bilan yilning barcha fasllarida sayr qilish va har bir tabiat hodisasini tushunarli qilib izohlash; tabiat hodisalarini kuzatishni tashkil qilish; bolaga jonli va jonsiz buyumlarni koʻrsatish; bolaga atrofdagi oʻzaro bogʻliqliklarni (agar niholga suv quyib turilsa, uning oʻsib, unishini) tushuntirish; bolaning oʻsimliklar va hayvonlar nomlarini aytishini ragʻbatlantirish; bolaning oʻz tana aʼzolari nomini aytishini yoki qoʻgʻirchoqlar va oʻyinchoqlarda shunga oʻxshash qismlarni topib aytishini ragʻbatlantirish, ularning vazifasini tushuntirish. 159. Sayr vaqtining ketma-ketligi taʼminlab borilishi lozim. 3-§. Ijod 160. Quyidagilar 12 — 24 oylik bolalarda ijod talablari hisoblanadi: turli tovushlar va ovozlarni ajrata olish; musiqaviy va koʻrgazmali faoliyatda ishtirok etishga qiziqish bildirish. 161. Quyidagilar 12 — 24 oylik bolalarda ijod indikatorlari hisoblanadi: oʻzi yoqtirgan bolalar koʻrsatuvlariga munosabat bildirish, ularni qiziqib tomosha qilish; musiqali oʻyinchoqning yoqimli ovozini eshitish uchun doimo ushbu oʻyinchoqdan foydalanish; tanasini musiqaga mos ravishda harakatlantirish (raqsga tushishga harakat qilish); oddiy va sevimli qoʻshiqlarini aytishga harakat qilish; turli tartibsiz chiziqlarni erkin chizish, rasm chizish; loy, xamir, plastilindan buyumlar yasashga qiziqish bildirish. 162. 12 — 24 oylik bolalar taʼlimiga quyidagicha yondashish lozim: bolaga uning yoshiga mos boʻlgan koʻrsatuvlarni koʻrishga ruxsat berish, biroq televizor koʻrish vaqtini cheklab qoʻyish; bolaga turli musiqali oʻyinlarni oʻynash imkoniyatini yaratish; bolaning faollik koʻrsatishini ragʻbatlantirish, u bilan birga raqsga tushish; bolaga musiqali kitob berish, musiqa qoʻyib berish yoki u yoqtiradigan oddiy kuylarni aytib berish; bola bilan muloqot qilayotganda, u bilan birga qoʻshiq aytish; bolaga ruchka, rangli qalamlar, flomaster, marker va qogʻoz berib, uning rasm chizishini ragʻbatlantirish; bolaning qum yoki yer ustida rasm chizishiga ruxsat berish; bola bilan birga loydan dumaloq shakllar, haykalchalar yasash. 163. 12 — 24 oylik bolalar ijod qilishi uchun moʻljallangan barcha materiallar sanitariya va gigiyena talablariga javob berishi lozim. V boʻlim. 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalarning rivojlanishi Mashgʻulotlar rejasi
XVI bob. Jismoniy rivojlanish, oʻz-oʻziga xizmat va gigiyena 164. 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun mazkur yoʻnalish quyidagilarni oʻz ichiga oladi: bolaning fiziologik ehtiyojlarini qondirish sharoiti, bolaning boʻy uzunligining rivojlanishi, salomatligini mustahkamlashni taʼminlash, bolalarni ochiq havoda sayr qildirish, jismoniy shugʻullanishi uchun zarur boʻlgan jihozlar va oʻyinchoqlar bilan taʼminlash; sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish (sogʻlom ovqatlanish, harakat faolligi, kun tartibiga rioya qilish); madaniy gigiyena va oʻz-oʻziga xizmat qilish koʻnikmalarini namuna qilib koʻrsatish; bolaning salomatligini inobatga olgan holda chiniqtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish. 1-§. Yirik motorikani rivojlantirish 165. Quyidagilar 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalarda yirik motorikani rivojlantirish talablari hisoblanadi: oʻz tanasini boshqarish (muvozanat saqlash) qobiliyatiga ega boʻlish; oʻz tana aʼzolarini boshqara olish; maʼlum obyektlar boʻylab harakatlanish. 166. Quyidagilar 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalarda yirik motorikaning rivojlanish indikatorlari hisoblanadi: oyoqlarini sudramasdan, eni 15 — 20 sm boʻlgan yuzada yurish, ilon izi shaklidagi chiziqcha ustidan, oyoqlarining uchida, polda emaklab, choʻkkalab yurish, eni 20 sm boʻlgan yuzada yurganda koʻzga koʻrinadigan moʻljallarsiz yoʻnalishni saqlash; doira boʻylab bir tomonga qarab 30 — 40 soniya davomida yugurish; turgan joyda aylanish; asta-sekin 80 m gacha yugurish; balandligi 25 — 30 sm boʻlgan arqon ostiga emaklab kelish; oʻzining harakatlanish yoʻnalishini oʻzgartirish va yugurish; zinadan mustaqil koʻtarilish va pastga tushish; ikki oyogʻida sakrash, eni 20 — 25 sm boʻlgan kichik ariqcha, koʻlmakcha ustidan hatlab oʻtish; toʻsiqlar ustidan sakrab oʻtish, kichik narsalar ustidan tez yugurib yoki sakrab oʻta olish; ikki oyogʻi bilan velosiped pedallarini aylantira olish. 167. 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalar taʼlimiga quyidagicha yondashish lozim: bolaning harakatlanish tajribasini turli jismoniy mashqlar va harakatli oʻyinlar bilan boyitish; katta yoshdagilardan oʻrnak olgan holda harakatlarni toʻgʻri bajarishga koʻmaklashish; bolalarni faol harakatlanishni tashkil qilishning jamoaviy shakllariga jalb qilish; bolada tanish harakatlarni oson va erkin, bir maromda, mos ravishda, fazoda yoʻnalishdan adashmay, shuningdek muvozanatni saqlagan holda bajara olish koʻnikmalarini shakllantirish; polga toʻlqinlar shaklida tashlab qoʻyilgan arqon ustidan yurib oʻtishni taklif qilish; bolaning maʼlum obyektlar boʻylab harakatlanishini ragʻbatlantirish. Bunda bola teparoq joyga chiqishi, emaklab yurishi, sakrashi mumkin; bolaning velosiped pedallarini ravon aylantirishini ragʻbatlantirish yoki unga itarish kerak boʻlgan oʻyinchoqlarni berish. 168. 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalarning xavfsiz yashashlari va harakatlanishlari uchun quyidagilarga rioya qilish lozim: bola jarohatlanishining turli shakllari yuzaga kelishiga yoʻl qoʻymaydigan barcha zaruriy shart-sharoitlarni yaratish; bola bor joyda derazalarni ochiq qoldirmaslik; bola qum, suv va boshqa mayda narsalar bilan oʻynayotganida ularning zarrachalari bolaning koʻzlariga kirib ketishining oldini olish; bolaga salomatligini saqlashning elementar qoidalarini (zinadan pastga tushayotganda zinalar ustidan sakrab oʻtish lozimligini, qoʻliga oʻtkir qirrali buyumlarni olish mumkin emasligini) oʻrgatishda davom etish. 2-§. Mayda motorikani rivojlantirish 169. Quyidagilar 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalarda mayda motorika rivojlanishining talablari hisoblanadi: qoʻllari va barmoqlarining harakatlarini nazorat qilish qobiliyatiga ega boʻlish; oʻyinchoqlar va umumiy foydalanishda boʻlgan buyumlardan foydalana olish. 170. Quyidagilar 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalarda mayda motorika rivojlanishining indikatorlari hisoblanadi: yuzali va hajmli buyumlarni tegishli shakldagi teshiklarga solish (segen taxtasi, montessori vkladishlari); plastilin yoki loydan turli buyumlarni ishtiyoq bilan yasash, uzish, dumaloq shakllar yaratish; mozaikani terish, oʻyinchoq toʻplamlaridan oddiy konstruksiyalarni yasash; kichik narsalarni savatga joylashtirish va undan chiqarish; 5 — 7 boʻlaklardan iborat boʻlgan minorachalar qurish; marker, qalamni ushlayotganda katta va koʻrsatkich barmoqlaridan foydalanish; kiyimlarining tugmachalarini taqish yoki echish; oʻyinchoq yoki narsalarning qismlarini ajratish, qutichalar yoki ruchkalarning qopqoqlarini ochish va yopishni uddalay olish; qaychidan foydalana boshlash. 171. 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalar taʼlimiga quyidagicha yondashish lozim: bolaga xaltacha yoki quticha berish va ularning ichiga biror buyumlarni solish yoki chiqarishni iltimos qilish; bolaga boʻlaklarni qanday yigʻish va ulardan minoralarni qurish, mozaikani terish boʻyicha yoʻl-yoʻriq berish; bolaga turli qalamlarni berib, ularni toʻgʻri ushlashni oʻrgatish va ular yordamida qogʻozga biror nima chizishni iltimos qilish; kichik tugmachalardan boshlagan holda bolaning turli buyumlarning tugmachalarini taqishi va echishini ragʻbatlantirish; bolaning oʻyinchoqlarni yigʻishi va kerakli qutichaga solishini ragʻbatlantirish; bola oʻynayotganda, uning atrofida bir necha oʻyinchoqlar boʻlishini taʼminlash; bolaga ip oʻtkazish va chiqarish, ajratish va terish mumkin boʻlgan oʻyinchoq munchoqlar yoki boshqa buyumlar berish; bolaga uchlari toʻmtoq qaychi berib, uning qaychini ikki qoʻli bilan ochib-yopishini ragʻbatlantirish; boladan qogʻoz chetini mayda popuk qilib kesib chiqishni soʻrash. 172. Bola chapaqay boʻlsa, uni majburlamaslik lozim. Agar bolaning mashgʻulotga qiziqishi soʻnayotgan boʻlsa ham, uni majburlamasdan bunday mashgʻulotlarni toʻxtatish kerak. 3-§. Sensomotorikani rivojlantirish 173. 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalarning sezgi organlari yordamida oʻz harakatlarini tartibga solishni uddalashi ularda sensomotorika rivojlanishining talabi hisoblanadi. 174. Quyidagilar 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan rivojlanishining bolalarda sensomotorika rivojlanishining indikatorlari hisoblanadi: narsalarning tuzilishi turlichaligini ajrata olish; chiqayotgan ovoz manbai tomon harakatlanish; oziq-ovqatlarni ularning taʼmi va hidi boʻyicha ajratish. 175. 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalar taʼlimiga quyidagicha yondashish lozim: bolaga turli materiallar va yuzasining tuzilishga koʻra turlicha (dagʻal, silliq, mayin, yopishqoq) boʻlgan teksturalarni berish; bola bilan odam yoki hayvonning harakatlariga taqlid qiladigan oʻyinlarni oʻynash; bolaning ovoz manbaini topishini ragʻbatlantirish; bolani ovqat tayyorlash jarayonlariga jalb qilish va u bilan oʻynash, taʼm va hidning farqini tushuntirish. 176. Bolalarning xavfsiz yashashi va harakatlanishini taʼminlash uchun koʻzlar gigiyenasi va gimnastikasiga oʻrgatish, bola bilan mashq qilish muddati 10 — 15 daqiqadan oshib ketmasligiga ahamiyat berish lozim. 4-§. Madaniy-gigiyenik koʻnikmalarni rivojlantirish 177. 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalar oʻzini parvarishlay olishlari va madaniy-gigiyenik koʻnikmalarini orttirishlari lozim. 178. Quyidagilar 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalarda madaniy-gigiyenik koʻnikmalar rivojlanishining indikatorlari hisoblanadi: mustaqil ravishda qoʻllarini sovun bilan yuvish, sovun koʻpigini suvda yuvib tashlash va keyin sochiq bilan artish; mustaqil ravishda qoshiq bilan ovqat yeyish; salfetkadan foydalanish; suvda choʻmilish va oʻynash jarayonlariga ijobiy munosabat bildirish. 179. 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalar taʼlimiga quyidagicha yondashish lozim: qoʻl va tishlarni bosqichma-bosqich yuvishni koʻrgazmali namoyish etish (plakat) usulidan foydalanish; agar bola yangi va notanish sharoitlarga tushib qolgan boʻlsa, unga yordam berish, lekin uning barchasini oʻzi mustaqil uddalashiga ishonchini hosil qilish; ovqatlanish vaqtida bolaga yordam berish; stol atrofida oʻtirish va tartibli ovqatlanish madaniyatining ahamiyatini tushuntirish; muvaffaqiyatga erishganligi uchun ragʻbatlantirish. 180. 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalarning xavfsiz yashashi va harakatlanishini taʼminlash maqsadida quyidagilarga amal qilish lozim: bolaning yuvinishi uchun xona haroratiga mos suvdan foydalanish; qaynoq suv bilan tana aʼzolarini kuydirib qoʻyish holatlarining oldini olish; bolalar uchun moʻljallangan sovun boʻlagining oʻlchamlari 3,5 x 5 sm dan katta boʻlmasligini taʼminlash. XVII bob. Ijtimoiy-hissiy rivojlanish 1-§. Ijtimoiy rivojlanish 181. Quyidagilar 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalarda ijtimoiy rivojlanish talablari hisoblanadi: tanish va notanish odamlarni ajrata olish; boshqa bolalar va katta yoshdagilar bilan muloqot qilish koʻnikmalarini rivojlantirish qobiliyatiga ega boʻlish. 182. Quyidagilar 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalarda ijtimoiy rivojlanish indikatorlari hisoblanadi: oʻyin paytida tanish odamlarga murojaat qilish; katta yoshdagilarning hikoyalari va rasmlariga qiziqish bildirish; oʻziga nisbatan eʼtibor talab qilish; boshqa bolalar bilan oʻynash uchun katta yoshdagilar yonidan osonlikcha ketib qolish; qandaydir maʼlumotlarni yetkazishga intilish; birgalikdagi harakatlar orqali katta yoshdagilar eʼtiborini qaratishga urinish; savollar berish va suhbatga kirishish; oʻyin vaqtida doʻsti bilan yaqin muloqot qilish (oʻz oʻyinchoqlari bilan oʻrtoqlashish), tengdoshlarini oddiy oʻyinga jalb qilishga urinish, ularning harakatlarini kuzatib turish; oʻyinlar va hamkorlikdagi faoliyatda birga harakat qilish. 183. 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalar taʼlimiga quyidagicha yondashish lozim: bola polda oʻynayotganda uning oldiga borish va u bilan oʻynash; bolani notanish odamlarni ajratishga oʻrgatish; bola notanish sharoitlarga koʻnikkunga qadar uning yonida boʻlish; bolaning talablariga javob berish, notanish muhitda u oʻzini xavfsiz his etayotganiga ishonch hosil qilish; bolani majburlamagan holda uning boshqa bolalar bilan oʻynashini ragʻbatlantirish; bolaning avval kuzatib, keyin esa, boshqa bolalarga qoʻshilish ehtiyojini hurmat qilish; bolaga yaqin atrofda oʻynayotgan bolalarga qoʻshilib, ular bilan birga uzoq vaqt davomida oʻynashiga imkon berish; bolani tinglayotganda sabrli boʻlish, savollarga qisqa javob qaytarmaslik, uning savollariga javob berish modellarini ishlab chiqish; bolaga koʻproq oʻz tengdoshlari bilan oʻynash imkoniyatini berish; bolaning yonida boʻlish va unga yordam taklif qilish. 184. 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalarning xavfsiz yashashi va harakatlanishini taʼminlash maqsadida quyidagilarga rioya qilish lozim: bolada ijobiy ruhiy holatni saqlab turish; bola uchun individual ravishda kuniga kamida 30 daqiqa ajratish; telekoʻrsatuvlarni koʻrish vaqti cheklanishiga ahamiyat berish. 2-§. Hissiy rivojlanish 185. Quyidagilar 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalarda hissiy rivojlanish talablari hisoblanadi: bola oʻzining “men” tamoyilini rivojlantirishi; bola boshqalarning his-tuygʻularini bilish va oʻz hissiyotlarini ifodalash qobiliyatiga ega boʻlishi. 186. Quyidagilar 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalarda hissiy rivojlanish indikatorlari hisoblanadi: barcha ishlarni shaxsan bajarishga harakat qilish. Bunda biror-bir harakat bajarib, nafaqat oʻzining ismini aytish, balki “men” olmoshidan ham foydalanish; erishgan yutuqlari (biror-bir ishni, jumladan rasm chizish, minora yigʻishni tugatishi) bilan faxrlanish; unga yoqadigan narsani xarid qilishni qattiq talab qilish; qiziqarli topshiriqni bajarish jarayonida xursand boʻlish; boshqalarning his-tuygʻularini bilish va oʻz hissiyotlarini ifodalash qobiliyatiga ega boʻlish. 187. 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalar taʼlimiga quyidagicha yondashish lozim: bolaning boshqa odamlar bilan muloqot qilayotganda oʻzini tanishtirishini ragʻbatlantirish; har bir odamda uning shaxsiy ismi borligini hamda ularning orasidagi munosabatlarga xos nomlar (oyi, dada, togʻa, xola kabi) mavjud boʻlishini tushunishga yordam berish; bolaning dastlabki yutuqlari kichik boʻlgan taqdirda ham uni maqtash; bolaning notanish buyumlar bilan mashqlar bajarishini ragʻbatlantirish; bola bilan turli hissiyotlarni, ular qanday paydo boʻlishini muhokama qilish; bola xursand ekanligini his qilgan vaziyatni misol keltirish; turli imo-ishorani ifodalovchi odamlar yuzlari aks ettirilgan rasmlarni bolaga koʻrsatish; bolaning boshqa bolalarning hissiyotlarini tushunishini ragʻbatlantirish, undan xursand yoki xafa boʻlganida oʻzini qanday his qilishini soʻrash. 188. 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalar bilan munosabatlarda quyidagilarga rioya qilish lozim: bola “tanazzul” yoshida ekanligini hisobga olish; bolaga nisbatan yagona talab qoʻyish; bolaning asab tizimini himoya qilish. XVIII bob. Nutq, oʻqish va savodga tayyorgarlik 1-§. Nutq 189. Quyidagilar 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalarda nutq rivojlanishining talablari hisoblanadi: tinglash va tilni tushunishga qodirlik; soʻzlash va muloqot qilish qobiliyatiga ega boʻlish; talaffuzni yaxshilash; soʻz boyligini oshirib borish; nutqning grammatik tuzilishini shakllantirish; bogʻlanishli nutqni shakllantirish. 190. Quyidagilar 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalarda nutq indikatorlari hisoblanadi: yoshini soʻraganda barmoqlari bilan koʻrsatish; katta yoshdagilar tomonidan aytilgan soʻzlarni toʻgʻri tushunish; oddiy ogʻzaki buyruqlarni toʻgʻri bajarish; “kim?”, “nima?” kabi savollar berish; katta yoshdagilarning bir yoki ikki harakatlardan iborat boʻlgan koʻrsatmalarini bajarish; juda qisqa (ikki yoki toʻrt misradan iborat) sheʼrlarni bayon etish; buyumlar va ular qismlarining nomlanishini, harakatlari va xususiyatlarini aytib berish; rasmlar, uy-roʻzgʻor buyumlarini koʻzdan kechirayotganda, ularning nomlarini bildiruvchi soʻzlarni toʻgʻri ishlatish; nutqda otlarni koʻplikda toʻgʻri ishlatish, sifatlarni ot bilan shaxs va sonda moslashtirish, feʼllarni oʻtgan va kelasi zamonda ishlatish; oʻyinchoq, buyum va rasm mazmuni boʻyicha 2-3 ta gap tuza olish; katta yoshdagilar va tengdoshlari bilan muloqotga kirishish, iltimos bilan murojaat qilish, oʻz harakatlariga eʼtibor qaratish; 3 — 5 soʻzdan iborat iboralarni aytishga harakat qilish, nutqida kishilik olmoshlarini ishlata boshlash; “rahmat”, “marhamat” kabi soʻzlardan foydalanish; muloqot qilish, ertaklarni oʻqish vaqtida “nima?”, “nima uchun?” degan savollar berish. 191. 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalar taʼlimiga quyidagicha yondashish lozim: boladan yoshini soʻrash, oʻz yoshini barmoqlari yordamida koʻrsatishini ragʻbatlantirish; boladan bir necha topshiriqdan iborat boʻlgan koʻrsatmani bajarishni iltimos qilish; bolani buyruqlarga toʻgʻri munosabat qilishga oʻrgatish; bolaning doimo kerakli soʻzlardan foydalanishini ragʻbatlantirish; bolaning savollariga javob berish, muloqot toʻxtab qolayotganda unga savol berish; bolani savollar berishga ragʻbatlantiradigan oʻyinlarni oʻylab topish. 192. 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalar oʻz vaqtida nutqni tushunish koʻnikmalarini orttirmasa, nafaqat mustaqil nutqni rivojlantirishda, balki umuman psixologik rivojlanish boʻyicha orqada qolishi mumkinligini doimo yodda tutish lozim. 2-§. Oʻqish va savod malakalarini egallash 193. Quyidagilar 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalarda oʻqish va savod malakalari rivojlanishining talablari hisoblanadi: alohida soʻz va iboralarni ifodalay olish; harakatlar bilan bajariladigan ermaklarni ijro etish; bosma materiallarga qiziqish bildirish, harflar va ramzlarni ajrata olish; yozish koʻnikmalarini oʻrganish. 194. Quyidagilar 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalarda oʻqish va savod malakalari indikatorlari hisoblanadi: turli bosma materiallarni tomosha qilish; oʻzining sevimli kitobini va eng yoqtiradigan rasmlarini tanish; matn va boshqa tasvirlar oʻrtasidagi farqni bilishga qodir boʻlish; kitobdagi rasmlarga qarab badiiy asarning mazmunini gapirib bera olish; ikki soʻzdan iborat gap tuza olish; qalam yordamida egri chiziqlar, doiralar, turli satrlarni chizish; uchi oʻtkir buyum bilan qumda turli shakllarni chizish; biror-bir oʻyinni oʻynash vaqtida turli narsalarni yozishga taqlid qilish. 195. 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalar taʼlimiga quyidagicha yondashish lozim: bolaga kitob, jurnal, turli taomlar tasvirlarini tomosha qilishni taklif etish; har qanday bosma materiallardan misollar keltirish; yozilgan soʻzlarning muhimligini tushuntirish; kitobning rasmli varagʻini ochib, boladan matn va rasmlarni koʻrsatishni iltimos qilish; bolaga bosma harf va rasmlar, shuningdek raqamlar va harflarni ajratishga yordam berish; bolaning ishlashi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish; boladan keng, tekis joyda yoki qum ustida choʻp bilan doiralar chizishni soʻrash; bolaning matn yozayotgan kishiga taqlid qilishiga ruxsat berish, unga qogʻoz, qalam yoki ruchka berish. 196. Bola foydalanadigan bosma materiallar sanitariya va gigiyena talablariga muvofiq boʻlishi zarur. XIX bob. Bilish jarayoni va atrof muhit toʻgʻrisidagi bilimlarga ega boʻlish 197. Bilish oʻz ichiga quyidagilarni oladi: yaqin atrofdagi predmetlarni faol anglash; predmetlarni nima uchun foydalanishga moʻljallanganligini oʻrganish; tabiat hodisalari orasida bogʻliqlikni anglash; oʻsimlik va hayvonlarni parvarish qilish; ranglar, geometrik shakllar haqida tushunchaga ega boʻlish; predmetlarni belgilariga qarab guruhlash (shakli, rangi, kattaligi). 1-§. Elementar matematik koʻnikmalar va bilimlarni rivojlantirish 198. Quyidagilar 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalarda elementar matematik koʻnikmalar va bilimlar rivojlanishining talablari hisoblanadi: miqdor, sonlar va sanash boʻyicha bilimlarini namoyish etish; buyumlarni turkumlash va tartibli joylashtirish. 199. Quyidagilar 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalarda elementar matematik koʻnikmalar va bilimlar rivojlanishining indikatorlari hisoblanadi: “koʻp” buyumlarni “bitta” buyumdan ajrata olish; katta va kichik buyumlarni ajratish, ularning oʻlchamlarini aytish; doira va kubni bilish; unga berilgan 2 ta narsadan birini doʻstiga berishni istash; koptok, boʻlak va sharchalarni ularning rangi boʻyicha (qizil, yashil, koʻk, sariq) turkumlash va rangiga qarab qutichaga joylashtirish; oʻz buyumlarini mustaqil ravishda toʻgʻri tartibga sola olish (mashinachasini garajga solib qoʻyish, koptokni stol tagiga, kiyimlarini javonchasiga joylashtirish). 200. 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalar taʼlimiga quyidagicha yondashish lozim: rang-barang koptok, boʻlak va sharchalarni bir joyga toʻplab, boladan ularni rangiga mos ravishda javonga terib qoʻyishni iltimos qilish; boladan buyumlarni muayyan xususiyatiga qarab saralashni iltimos qilish; bolaning muvaffaqiyatlarini ragʻbatlantirish; uchta bir xil rangli, izchillikda kichiklashib borgan va bir-biriga teriladigan oʻyinchoqlardan minoracha yigʻish. 201. 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalar bilan munosabatlarda quyidagilarga rioya qilish lozim: bolaga it yoki mushuk tasvirlangan rasmni berib, unda nechta koʻz, oyoq, quloq borligini soʻrash; boladan ikki doʻst uchun nechta olma kerakligini soʻrash; bolaning boshqa bolalarga nisbatan doʻstona harakat qilishini ragʻbatlantirish; bolaning buyumlar bilan ularning 2-3 ta xususiyatlariga bir vaqtning oʻzida eʼtibor qaratgan holda harakat qilishini ragʻbatlantirish. 2-§. Atrof muhitni oʻrganish va anglash 202. Quyidagilar 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalarda atrof muhitni oʻrganish va anglash talablari hisoblanadi: jonli va jonsiz olamni kuzatish hamda taʼriflab berish; inson tana aʼzolarini bilib olish. 203. Quyidagilar 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalarda atrof muhitni oʻrganish va anglash indikatorlari hisoblanadi: yaqin atrofidagi unga maʼlum boʻlgan buyumlarning (oʻyinchoq, idishlar, kiyimlar, poyabzal, transport vositalari) nomlarini aytish; oʻsimliklar va hayvonlarning oʻsishini bilish; tabiat hodisalarini kuzatish; jonli va jonsiz olam oʻrtasidagi asosiy tafovutlarni bilish; kun va tunni ajrata olish; insonning asosiy tana aʼzolarining vazifalarini bilish, oʻz tana aʼzolarini (quloqlari eshitishini, koʻzlari koʻrishini) toʻgʻri koʻrsatish; bolalarni katta yoshdagilardan ajrata olish. 204. 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalar taʼlimiga quyidagicha yondashish lozim: bolaga oʻsimliklar va hayvonlar tasvirlangan kitob berib, ularni taʼriflab berishni soʻrash; bolaning uy hayvonlarining nomini aytishi va ularning ovozini oʻxshatishini ragʻbatlantirish; bolaga oʻsimliklar va hayvonlar qanday oʻsishini butun yil davomida kuzatishi mumkin boʻladigan sharoitlarni yaratish; bolaning savollariga javob berish, boshqa hayvonlar chiqaradigan ovozlar toʻgʻrisida suhbatlashish; bolaning oʻz tana aʼzolarini oʻrganishini ragʻbatlantirish, ularning nima uchun moʻljallanganligi va inson hayotidagi ahamiyatini tushuntirish; bolaning katta yoshdagilar va bolalarning tashqi koʻrinishidagi yaqqol tafovutlar va oʻxshashliklarni topishini ragʻbatlantirish. 205. 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalar bilan mashgʻulotlar olib borishda ular toliqib qolishining oldini olish lozim. 3-§. Ijod 206. Quyidagilar 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalarda ijod talablari hisoblanadi: turli tovush va ovozlarni ajratish qobiliyatiga ega boʻlish; musiqali faoliyatda ishtirok etishga qiziqish bildirish; koʻrgazmali faoliyatda ishtirok etishga qiziqishini namoyish etish. 207. Quyidagilar 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalarda ijod indikatorlari hisoblanadi: oʻyinlarda ishtirok etish va tovushlar oʻrtasidagi farqlanishlarni ajrata olish; avval oʻrgangan qoʻshigʻini tanish; boshqa bolalar kuylayotganlarida ularga qoʻshilib kuylash; ohangga mos ravishda qoʻllari bilan chapak chalib va oyoqlari bilan tapillatib qoʻshiq aytish; egri chiziqlar yordamida turli kataklar va toʻrlarni chiza boshlash. 208. 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalar taʼlimiga quyidagicha yondashish lozim: bolaga boshqa bolalar bilan oʻyinlarda ishtirok etishni taklif qilish; bolaga tanish qoʻshiqni aytishni boshlab, boladan qoʻshiqni birgalikda aytishni iltimos qilish; boladan biror-bir qoʻshiq toʻqishni iltimos qilish; bolaga qoʻshiq aytishni va bir vaqtning oʻzida kuyning ohangiga mos ovozlar chiqarish, qoʻllar bilan chapak chalish va oyoqlar bilan tapillatishni taklif qilish; boladan u oʻrganib olgan qoʻshiqlarni aytishni iltimos qilib, uning musiqa ohangiga muvofiq oddiy harakatlarni bajarishini ragʻbatlantirish; bolaning rasm chizishini ragʻbatlantirish va unga maʼlum joylarda rasm chizish boʻyicha koʻrsatma berish. VI boʻlim. 3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalarning rivojlanishi Mashgʻulotlar rejasi (3-4 yosh)
Mashgʻulotlar rejasi (4-5 yosh)
XX bob. Jismoniy rivojlanish, oʻz-oʻziga xizmat va gigiyena 209. Mazkur yoʻnalish quyidagilarni oʻz ichiga oladi: bolaning jismoniy rivojlanishi hamda harakat koʻnikmalarini shakllantirish uchun shart-sharoitlar yaratish; shaxsiy va umumiy gigiyena koʻnikmalarini shakllantirish; taʼlim-tarbiya berishda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish. 1-§. Yirik motorikani rivojlantirish 210. Quyidagilar 3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalarda yirik motorikani rivojlantirish talablari hisoblanadi: oʻz tanasini boshqara olish (muvozanat saqlay olish); oʻz tana aʼzolarini boshqara olish; maqsadli harakatlana olish; yurish, yugurish, sakrash, dumalatish, irgʻitish, ilib olish, emaklash, tirmashish, muvozanat saqlash kabi asosiy harakat mashqlarini bajara olish; turli yoʻnalishlarda yurish va yugura olish; turli balandliklardan sakrash mashqlarini bajara olish; koptoklarni bir-biriga qaratib dumalatish, ikki qoʻllab pastdan, koʻkrak oldidan, boshidan oldinga oshirib irgʻita olish; emaklash va tirmashib chiqish malakalarining shakllanishi; qoʻl, oyoq muskullari, gavda uchun mashqlarni bajara olish; ertalabki badantarbiya mashqlarini aniq va izchil bajara olish. 211. Quyidagilar 3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalarda yirik motorikaning rivojlanish indikatorlari hisoblanadi: toʻp-toʻp boʻlib va yoʻnalishlarni oʻzgartirib yurish; doira boʻylab juft-juft boʻlib qoʻl ushlashib hamda yon tomonga ketma-ket yurish, yurishdan yugurishga oʻtish; muvozanat saqlab, shuningdek 20 — 40 m masofaga oʻrtacha tezlikda, 70 — 80 m ga asta-sekin yugurish; dumalatib yuborilgan buyumni quvib etish; ikki qator boʻlib terilgan bolalar bilan birga bir oʻzi va birgalikda qoʻl ushlamasdan doira boʻylab yugurish; oyoq uchlarida, katta qadam bosib, boldirini orqaga tashlab, buyumlarni aylanib oʻtib yugurish; yugurish yoʻnalishi va tezligini oʻzgartirish; narsalarni tutib olish va ulardan oʻzini olib qochish; toʻsiqlarni yengib oʻtish, birdaniga toʻxtaganidan soʻng muvozanat saqlash; 1,5 daqiqa davomida uzluksiz yugurish; daqiqasiga 40 — 60 m tezlikda 30 m masofaga yugurish; past-baland yerlardan 200 — 240 m masofaga past tezlikda yugurish va orqaga oson harakatlanish; navbatma-navbat yurish, yugurish va boshqa harakatlarni bajarish, hushtak boʻyicha toʻxtash, burilish; doira boʻylab bir oʻzi va juftlikda qoʻl ushlamasdan qator boʻlib yugurish; past-baland joylardan 200 — 240 m masofaga past tezlikda yugurish; bir oyogʻida oldinga sakrash; kuch bilan koptokni oldinga tashlash va unga tashlangan koptokni ilib olish; stol tennisi va sportning boshqa turlarini (futbol, basketbol) oʻynash; katta yoshdagilar yordamida va mustaqil ravishda koʻkragi hamda orqasida sirpanish; quruqlik va suvda suzayotgandek qoʻllari, oyoqlarini harakatlantirish; toʻgʻri yoʻnalish boʻyicha qoʻl kaftlari va tizzalarida, qiya yuza boʻyicha, qornida, gimnastika kursisi ustidan, qoʻllari bilan oʻzini tortib 10 m gacha emaklash; qoʻsh narvoncha ustiga chiqib-tushish; ixtiyoriy ravishda kalta argʻamchi yordamida sakrash; 25 — 30 sm balandlikdan mat ustiga yoki qumli chuqurchaga hamda turgan joyidan kamida 70 sm uzunlikka sakrash; uch gʻildirakli velosipedni haydash, chap va oʻnga burilish, doira shaklida haydash va turli narsalarni aylanib oʻtish; sathi koʻkragigacha boʻlgan suv ichida yurish, yugurish, suvdan sakrab chiqish, oʻtirish, boshi bilan suv ichiga shoʻngʻish; gimnastika devorining taxta toʻsiqlari boʻylab 2-3 m masofaga oʻng va chap tomonga hamda oldinga harakatlanish, bir oyogʻida oʻng va chap tomonga burilib harakatlanish; buyruq boʻyicha mustaqil ravishda qator, kichik va butun guruhlarga, doira shaklida, juftliklarga hamda bir qatorga turish. 212. 3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalar taʼlimiga quyidagicha yondashish lozim: turli harakatli, xalq oʻyinlari, koʻngilochar oʻyinlarni oʻynash; chiniqtirish muolajalarini muntazam oʻtkazib turish; harakat qilish malakalari shakllanishi uchun guruhlarda sharoit yaratib berish; bolalar uchun jismoniy mashqlarning muhimligini aytib turish; turli oʻyinlarni oʻynashga jalb qilish; yugurish musobaqalari, muvozanatni saqlash oʻyinlarini oʻynash; yopiq va ochiq maydonlarda turli oʻyinlar, sakrash boʻyicha musobaqalarga jalb qilish; koptokni biror toʻsiq (devor) ustidan boshqa bolaga irgʻitish elementlari boʻlgan oʻyinlarga jalb qilish; ikki oyoqlab balandga sakratish; toʻsiqlarni yengib oʻtish boʻyicha musobaqalar uyushtirish; bogʻda koptok yoki boshqa buyumni otish va ilish boʻyicha oʻyinlarni tashkil qilish; bolalar maydonchasida, xonada bolalar sport musobaqalarini oʻtkazishlari va dam olishlari uchun barcha zaruriy sharoitlarni yaratish; jismoniy mashqlarni oʻtkazish uchun doimo vaqt ajratish; bola bilan birga sheriklar sifatida yoki bir jamoa aʼzolari sifatida sport oʻyinlarini oʻynash; oʻz gavdasini musiqa sadolariga muvofiq tarzda harakatlantirishini ragʻbatlantirish; musobaqa va oʻyinlarda turli narsalarni qoʻlda tashishlarni uyushtirish; faol harakatlanishi uchun sharoit yaratish; suvda koʻproq suzishini ragʻbatlantirish. 213. 3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalarning xavfsiz yashashlari va harakatlanishlari uchun quyidagilarga rioya qilish lozim: mashqlarni meʼyorida bajarish, charchashning oldini olish, mashgʻulot davrida bolaning holatiga eʼtibor qaratib turish; bolaning mashqlarni erkin bajarishi uchun xavfsiz joy ajratish; bola shikastlanmasligi uchun doimo uni nazorat qilib turish; bolaga ogʻir qutilar va boshqa narsalarni koʻtarishga ruxsat bermaslik. 2-§. Mayda motorikani rivojlantirish 214. Quyidagilar 3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalarda mayda motorika rivojlanishining talablari hisoblanadi: qoʻllari va barmoqlarining harakatlarini nazorat qilish qobiliyatiga ega boʻlish; oʻyinchoqlar va umumiy foydalanishda boʻlgan buyumlardan foydalana olish. 215. Quyidagilar 3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalarda mayda motorika rivojlanishining indikatorlari hisoblanadi: uzib-uzib, dogʻ qoʻyib, chiziqlar yordamida rasm chizish; qalam, moʻyqalam va boʻyoqlardan foydalanish, barmoqlari va suvni ishlatish; applikatsiya elementlarini yopishtirish; loy yoki plastilindan yulish, pachoqlash, uzib olish va choʻzish usulida turli shaklchalarni yasash; kaftlari orasida bir boʻlak loy yoki plastilinni toʻgʻri yoki doira shaklida dumalatib yoyish, tayyor qismlarni bir-biriga ulash; mozaika va boshqa shakllarni osonlik bilan terish va yigʻish; qaychi bilan oddiy shakllarni qirqish; qogʻozdan buklash yoʻli bilan oddiy modellarni yasash; munchoqlarni ipga solish; qalamni toʻgʻri ushlashga harakat qilib, chiziq chizish; shisha qopqogʻini ochish, burash va yopish; piyolani bir qoʻlida ushlab turish; koptokni qoʻllarida ushlash va oldinga tashlash. 216. 3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalar taʼlimiga quyidagicha yondashish lozim: bolani kitoblarni yirtmaslikka, ulardan tartibli foydalanishga oʻrgatish; topshiriqni bajarish uchun rang, material va usulni tanlashda yordam berish; koʻrgazmali namunalardan foydalanish; rasmlari boʻyaladigan kitobchalar va oddiy narsalarni yigʻishni taklif qilish; bolalarga izchillik bilan munchoqlarni yigʻish va ipga terishga ruxsat berish; bolaning ogʻziga mayda narsalarni solmasligini kuzatish; bolaga kiyinish jarayonida faol ishtirok etish, kiyim tugmachalarini taqish yoki echish, poyabzal iplarini bogʻlash imkoniyatini berish; bolaga qalam bilan chiziq chizish imkoniyatini berish; bolani hushtak boʻyicha suv solingan idishni ochish va yopish, unga suv toʻldirishga oʻrgatish; bolaga shishaning qopqogʻini burashiga ruxsat berish; bolaga kun davomida umumiy foydalanishdagi buyumlarni boshqarishga ruxsat berish. 217. Bolaning foydalanishi uchun moʻljallangan asbob-uskunalar bola uchun xavfsiz boʻlishini taʼminlash, shuningdek mashgʻulotlarni oʻtkazish vaqtida gigiyena talablariga rioya qilish lozim. 3-§. Sensomotorikani rivojlantirish 218. 3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalarning sezgi organlari yordamida oʻz harakatlarini tartibga solishga qodirligi ularda sensomotorika rivojlanishining talabi hisoblanadi. 219. Quyidagilar 3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalarda sensomotorika rivojlanishining indikatorlari hisoblanadi: polga, devorga urilgan koptokni ilib olish, uni oʻng yoki chap qoʻli bilan qaytarish, yerda dumalatish; musiqa asbobining ovoziga taqlid qilish; boʻynini burmasdan turib, koʻzlari bilan buyumni kuzatib borish. 220. 3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalar taʼlimiga quyidagicha yondashish lozim: bolaga koptokni ikki qoʻli bilan balandga koʻtarib turish va maʼlum nishonga (savatga yoki chelakka) otishi uchun imkoniyat yaratish; bolaga boʻynini burmasdan koʻzlarini chap va oʻng tomonga harakatlantirishni taklif qilish; bolaning ayrim musiqa asboblarining ovoziga taqlid qilishini ragʻbatlantirish; bolaga musiqaning oʻz notalari mavjudligi toʻgʻrisida aytib berish; buyumlar turlicha yoritilganda turli koʻrinishga ega boʻlishiga bolaning eʼtiborini qaratish, bolaga yorugʻlik va soya toʻgʻrisida soʻzlab berish. 221. Bolalarning xavfsiz yashashi va harakatlanishini taʼminlash uchun uning koʻzlarini jarohatlanish, quyoshning yorqin nuri, chang va qum tushishidan asrash, shuningdek bola gavdasini qanday tutishini qatʼiy kuzatib turish lozim. 4-§. Madaniy-gigiyenik koʻnikmalarni rivojlantirish 222. 3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalar oʻzlarini parvarishlay olishlari va madaniy-gigiyenik koʻnikmalarini orttirishlari lozim. 223. Quyidagilar 3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalarda madaniy-gigiyenik koʻnikmalar rivojlanishining indikatorlari hisoblanadi: poyabzalini oʻzi kiyish, iplarini ham oʻzi bogʻlashga harakat qilish; eslatishsiz yuzini va qoʻllarini sovunlab yuvish; tish choʻtkasidan foydalanib tishlarini tozalashni bilish; qoshiq va sanchqidan foydalangan holda tartibli ovqatlanish; dastroʻmolcha va hojatxona qogʻozidan foydalanish; oʻyinchoqlarini oʻynab boʻlgandan keyin joyiga olib qoʻyish; koʻzguga qarab, kiyimi, soch turmagini tartibga keltirish; ovqatlangandan soʻng ogʻzini chayish; choʻmilishni yoqtirish, tashqi muhit omillarini faol qoʻllash; yoʻtalganda, aksirganda ogʻzi va burnini dastroʻmolcha yoki salfetka bilan berkitish. 224. 3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalar taʼlimiga quyidagicha yondashish lozim: shaxsiy oʻrnak koʻrsatish; oʻynash paytida bolani oʻyin qoidalariga oʻrgatish; bolaga gigiyena toʻgʻrisidagi kitobning rasmlarini tomosha qilishni taklif qilish; badiiy adabiyotlardan oʻqib berish; bola oddiy topshiriqlarni bajargan sari unga asta-sekin gigiyena boʻyicha ham topshiriqlarni berib borish; bola bilan oziq-ovqat mahsulotlari mavzusini muhokama qilish. 225. 3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalarning xavfsiz yashashi va harakatlanishini taʼminlash maqsadida quyidagilarga amal qilish lozim: bolaning tishlarini bir kunda koʻpi bilan ikki marta (ertalab va kechqurun, uyqudan oldin) tozalash; sochiq va oʻyinchoqlar uchun moʻljallangan javonlarning barqaror turishi va bolaning hayoti uchun xavf tugʻdirmasligini taʼminlash. XXI bob. Ijtimoiy-hissiy rivojlanish 1-§. Ijtimoiy rivojlanish 226. Quyidagilar 3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalarda ijtimoiy rivojlanish talablari hisoblanadi: tanish va notanish odamlarni ajrata olish; boshqa bolalar va katta yoshdagilar bilan muloqot qilish koʻnikmalarini rivojlantirish qobiliyatiga ega boʻlish. 227. Quyidagilar 3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalarda ijtimoiy rivojlanish indikatorlari hisoblanadi: oila aʼzolariga nisbatan iliq munosabatlarni namoyon etish, ularning iltimoslarini bajarishga harakat qilish; oilasi va yaqinlari, nimalarni yaxshi koʻrishi, yoqtirmasligi toʻgʻrisida soʻzlab berish; yordam soʻrab yaqin tanish katta kishisiga murojaat etish; nutqdan foydalanish asosida muloqot qilish; ogʻzaki koʻrsatma boʻyicha buyumlar bilan harakat qilish; kattalar bilan juftlikdagi oʻyinlarga faol kirishish; oʻyinchoqlarini boshqa bolalar bilan oʻrtoqlashish; oʻyin vaqtida hamkorlik qilish, rollarni qanday taqsimlash va oʻyin mazmuni yuzasidan kelishish. 228. 3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalar taʼlimiga quyidagicha yondashish lozim: bolada katta yoshdagilarga nisbatan ijobiy munosabatni saqlab turish; bolani har kuni guruh bilan birgalikda ayrim harakatlarni bajarishga jalb qilish; bola bilan birga turli rasmlar, fotosuratlar, tasvirlarni tomosha qilish; bola bilan muloqot qilayotganda, uning qadr-qimmatini hurmat qilish, uning hissiyotlarini tushunishga urinish; bolani madaniyatga jalb etish; bola bilan teskari aloqani saqlab turish (boshni silkitish, tabassum qilish, boshqa ijobiy eʼtibor belgilarini namoyon etish) va bu bilan “men sen bilan”, “men seni tushunaman” deb aytilayotganligini unga anglatish; bolaning boshqa bolalar bilan oʻynashini ragʻbatlantirish. 229. 3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalarning xavfsiz yashashi va harakatlanishini taʼminlash maqsadida quyidagilarga rioya qilish lozim: bola oʻz muvaffaqiyatsizliklarini boshidan ogʻir kechirishi, koʻp xafa boʻlishi, janjallashishi sababli, uning bir oʻzini bunday ahvolda qoldirmaslik; katta yoshdagilar orqali bolaning ruhiy taʼsirlanish holatini yaxshilash zarur. 2-§. Hissiy rivojlanish 230. Quyidagilar 3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalarda hissiy rivojlanish talablari hisoblanadi: bola oʻzining “men” tamoyilini rivojlantirishi; bolaning boshqalarning his-tuygʻularini ajratish va oʻz hissiyotlarini ifodalashga qodirligi. 231. Quyidagilar 3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalarda hissiy rivojlanish indikatorlari hisoblanadi: oʻz his-tuygʻulari va kechinmalarini ifodalash; oʻzining qaysi jinsga mansubligini bilish va bu bilan bogʻliq vazifalarini tushunish; oʻz tengdoshlari orasida oʻzini ajratib chiqara olish; oʻyinlarda oʻz zimmasiga rol bajarishni olishi mumkinligi; oʻz harakatlari uchun javob bera olish; oʻzining koʻzgudagi aksini taʼriflay olish; oʻz ona yurti, sevimli oʻyinchoqlari toʻgʻrisida aytib berish, xalq anʼanalari, urf-odatlariga qiziqish bildirish; tengdoshining salbiy yurish-turishi bilan bogʻliq boʻlgan oʻz kechinmalarini ochiqchasiga namoyish etish; yaqinlari va qarindoshlarining kechinmalariga nisbatan mehr-shafqat namoyon etish; jahl, quvonch, hayrat, xafalik kabi hissiyotlarni tushunish. 232. 3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalar taʼlimiga quyidagicha yondashish lozim: bola oʻziga ishonishi va ishonmasligidan qatʼi nazar, uni qoʻllab-quvvatlash; bola bilan doimo teskari aloqani saqlab turish va bolaga “men sen bilan, men seni tushunayapman” deb tushuntirish; bolaning harakatlarni mustaqil bajarishini ragʻbatlantirish; muayyan rolni ijro etadigan oʻyinlar tashkil etish; bolaning savol berishini ragʻbatlantirish, nima koʻrganligi va nima yoqqanligini soʻrash; bolaning yigʻlayotgan yoki xafa boʻlgan boshqa bolani qoʻllab-quvvatlashini ragʻbatlantirish; bolaga oʻzini baxtiyor his qilishi uchun sharoit yaratish, u bilan uni nima baxtli va mamnun qilishi toʻgʻrisida soʻzlashish; boladan u yoki boshqa bola qachon oʻzini xafa, xursand, yolgʻiz his qilganligini, nima uchun oʻzini shunday his etganligini aytib berishni iltimos qilish. 233. 3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalarni issiq narsalarga tegmaslik, oʻtkir buyumlar bilan ehtiyotkorona munosabatda boʻlish, ochiq deraza tokchasida oʻtirmaslik, derazadan engashib osilmaslik, elektr oʻtkazgichga buyumlarni tiqmaslik, notanish odamlar bilan suhbatlashmaslik kabi xavfsiz yurish-turish qoidalariga oʻrgatish lozim. XXII bob. Nutq, oʻqish va savodga tayyorgarlik 1-§. Nutq 234. Quyidagilar 3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalarda nutq rivojlanishining talablari hisoblanadi: nutqni tinglash va tushuna olish; soʻzlashish va muloqot yuritishga qodir boʻlish; nutq tovush madaniyatini shakllantirish; soʻz boyligini rivojlantirish; nutqning grammatik tuzilishini shakllantirish; bogʻlanishli nutqni shakllantirish. 235. Quyidagilar 3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalarda nutq indikatorlari hisoblanadi: muloqot qilish, nutqdan oʻz xatti-harakatlarini tartibga solish, oʻzi va oʻz harakatlarini baholash, oʻzining turli ehtiyojlarini qondirish uchun foydalanish; uy-roʻzgʻor buyumlari nomini bilish, tabiat va jamiyat hayotidagi hodisalarni aytib berish, feʼllardan faol foydalanish; rasmlarni, uy-roʻzgʻor buyumlarini koʻzdan kechirayotganda, ularning nomlari, vazifalari va baʼzi xususiyatlarini bildiruvchi soʻzlarni toʻgʻri ishlatish; nutqda otlarni koʻplikda toʻgʻri ishlatish, sifatlarni ot bilan shaxs va sonda moslashtirish, feʼllarni oʻtgan va kelasi zamonda ishlatish; oʻyinchoq, buyum va rasm mazmuni boʻyicha 2-3 ta gap tuza olish; oʻyinchoqlar, turli buyumlar va fasllar boʻyicha tasvirlovchi hikoya tuza olish; buyumlarning (kiyim, idish-tovoq, mebel) nomini, belgisi va vazifalarini aytib, tarbiyachining savollari va namunalari asosida kichik-kichik tasviriy hikoyalar tuza olish; yaxshi tanish boʻlgan ertaklar mazmuni boʻyicha savollarga javob berish, rasmlarga qarab ularning asosiy mazmunini ayta olish; hikoyalarni tinglash va eshitgan, koʻrganlariga nisbatan oʻz munosabatini bildirish, qoʻshimcha izohlab berishni soʻrash; bir necha oddiy gaplardan oʻz bayonlarini shakllantirish; kitobdagi rasmlarga asoslanib, adabiy asarning mazmunini soʻzlab berish; muhokama qilish va savollar berish; “r”, “l” kabi ayrim tovushlarni talaffuz etishda maʼlum qiyinchiliklarga uchrashi mumkinligini hisobga olmaganda ovozli talaffuzni shakllantirish. 236. 3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalar taʼlimiga quyidagicha yondashish lozim: nutqni rivojlantiruvchi muhit yaratish; bola bilan nutqni rivojlantiruvchi mashqlarni oʻtkazish, didaktik oʻyinlarni oʻynash; bolaga turli rasmlar, albomlarni koʻrsatish; bola bilan birga tavsiflovchi hikoyalarni tuzish; bolaning ertaklarni tinglashini ragʻbatlantirish; bolaning boshqa odamlar bilan rolli oʻyinlar oʻynashini ragʻbatlantirish; bolaga kitoblarni ovoz chiqarib oʻqib berish; bolaga koʻproq qiziqarli va kulgili hikoyalarni aytib berish; bolaning sheʼr yodlab olishini ragʻbatlantirish; bolaning yaqin atrofidagi narsalar toʻgʻrisida soʻzlab berishini ragʻbatlantirish; bolani imkoniyat boʻlganda doimo suhbatlarga jalb qilish; bolani koʻrgan va eshitganlariga nisbatan oʻz munosabatini bildirish hamda oʻzi tushungan narsalarni bayon etishga ragʻbatlantirish; bolaga hikoyalar, ertaklarning boshi va eng muhim jihatlarini ajratishga yordam berish. 237. 3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bola bilan munosabatlarda quyidagilarga rioya qilish lozim: bolaga taqdim etiladigan material uning yosh xususiyatlariga mos kelishi zarur; bolani soʻzlashishda shoshiltirmaslik; mazkur yoshda hissiyotlar nutqdan ustun turishi sababli, bola oʻzining nutqdagi bilim va koʻnikmalarini namoyish etayotganda, uning qoʻliga biror-bir buyum berish kerak. 2-§. Oʻqish va savod malakalarini egallash 238. Quyidagilar 3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalarda oʻqish va savod malakalari rivojlanishining talablari hisoblanadi. bosma materiallarga qiziqish bildirish, harflar va ramzlarni ajrata olish; “soʻz”, “tovush” soʻzlarini tushunish; yozish koʻnikmalarini oʻrganish. 239. Quyidagilar 3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalarda oʻqish va savod malakalari indikatorlari hisoblanadi: kitobdagi rasmlarga asoslanib, adabiy asarning mazmunini aytib berish; asarning bir parchasini tinglab, bu qanday asarligini aytib berish; sheʼrlarni yoddan oʻqib berish; rasmga qarab, soʻz birikmalari, 2-3 ta soʻzdan iborat gap tuzish; tez-tez uchratadigan ramzlar, soʻzlar, logotiplarni tanish; kichikroq yoshdagi bolalar yoki oʻyinchoqlar uchun kitob oʻqib berishga taqlid qilish; kitob oʻqib berilayotganida, sahifani gorizontal yoʻnalish boʻylab kuzatib borish; rasmlarning maʼnosini anglab olish; “soʻz”, “tovush” soʻzlarini tushunish, ularni oʻyinlarda, amaliy mashqlarda qoʻllay olish; soʻzdagi tovushlarni toʻgʻri talaffuz etish; oddiy chiziqlar, ilgaklar, belgilar nusxalarini koʻchirish; oʻzining atrofidagi obyektlar yoki odamlarning rasmini chizish. 240. 3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalar taʼlimiga quyidagicha yondashish lozim: guruhda bolalar adabiyotidan iborat kichik kutubxona tashkil etish; bolani qoʻgʻirchoq teatrlariga tez-tez olib borish; bolani turli, jumladan nasriy, sheʼriy adabiyotlar, hikoyalar bilan tanishtirish; bolaning ayrim bosma soʻzlar, ramzlarni tanishini ragʻbatlantirish; bolaning salohiyatini rivojlantiruvchi muhit yaratish; bolaga yaxshiroq chizishi uchun yordam berish; bolani varaqda yozilgan harflarni koʻchirishiga yordam berish. 241. 3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolaning xavfsiz yashashi va harakatlanishi uchun quyidagilarga rioya qilish lozim: bola yozish va oʻqishni xohlamasa, uni bunga majburlamaslik; koʻrish gigiyenasiga amal qilish; bolani maxsus belgilangan obyektlarda rasm chizishga oʻrgatish. XXIII bob. Bilish jarayoni va atrof muhit toʻgʻrisidagi bilimlarga ega boʻlish 242. Bilish quyidagilarni oʻz ichiga oladi: umumlashgan bir turdagi muhim belgilarni oʻzlashtirish; oddiy izlanishlar orqali tajribalar oʻtkazish; jonli va jonsiz tabiat haqidagi tushunchalarni bilish; predmetlar, ularning tuzilishi, yasalgan materiallar, predmetlardan nima maqsadda foydalanishni bilish; oddiy mehnat koʻnikmalarini oʻzlashtirish; manbaalardan olingan maʼlumotlardan foydalana olish (kitoblar, jurnallar, kattalarning hikoyalari, televediniya va radio). 1-§. Elementar matematik koʻnikmalar va bilimlarni rivojlantirish 243. Quyidagilar 3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalarda elementar matematik koʻnikmalar va bilimlar rivojlanishining talablari hisoblanadi: miqdor, sonlar va sanash, geometrik shakllar toʻgʻrisidagi bilimlarini namoyish etish; fazoda moʻljal olish va vaqt boʻyicha ilk tushunchalarga ega boʻlish. 244. Quyidagilar 3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalarda elementar matematik koʻnikmalar va bilimlar rivojlanishining indikatorlari hisoblanadi: “koʻp” va “bitta” buyumlarni ajratish, “koʻp”, “kam”, “teng”, “shuncha” soʻzlarining maʼnosini tushunish; tevarak-atrofdan bitta va koʻp oʻxshash buyumlarni topa olish; buyumlarning oʻlchamini aytish, “katta”, “kichik” soʻzlarining maʼnosini tushunish, qizil, katta, kichik, yumaloq va shu kabi boshqa sifatlarga ega boʻlgan barcha buyumlarni ajrata olish; doira, kvadrat, uchburchak, toʻgʻri toʻrtburchak, oval shakllarini bir-biridan farqlash; shar, kub, silindrlarning nomini ayta olish va ularni farqlash; 5 gacha sanash va 5 tagacha boʻlgan ikki guruhdagi buyumlar sonini taqqoslash; buyumlarni baland-past, uzun-qisqa, qalin-yupqaligiga koʻra farqlash; u yoki bu buyumning oʻziga nisbatan joylashuvini soʻz bilan ifodalay olish, “yaqin” va “uzoq”, “orqada” va “oldinda”, “tepada” va “pastda”, “chapda” va “oʻngda” kabi soʻzlarni tushunish; sutkaning turli vaqtlarini (kun va tun, ertalab, kunduzi, kechqurun) farqlash, kecha, bugun, ertaga, tez, sekin kabi vaqtni ifodalovchi soʻzlarni tushunish, oʻz nutqida qoʻllash; “lego” turidagi boʻlaklardan sodda model yigʻish va 5 — 8 ta qismlardan pazllar yasash; qogʻozdan buklash yoʻli bilan sodda shakllar yasash. 245. 3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalar taʼlimiga quyidagicha yondashish lozim: bolaning muloqot, oʻynash vaqtida sonlardan foydalanishini ragʻbatlantirish; buyumlarning belgilari, oʻlchamlari, ogʻirligi va boshqa xususiyatlari boʻyicha saralaydigan oʻyinlar tashkil etish; bolaning individual xususiyatlarini hisobga olish; bir buyum oʻrniga boshqa buyumdan foydalanishni talab qiladigan oʻrgatuvchi mashgʻulot, oʻyinlarni oʻtkazish; bolaga buyumlarni kuzatish, ularning joylashuvi, belgilari, oʻlchamlariga eʼtibor qaratish imkoniyatini berish; bolaning buyumlarning koʻproq yoki kamroq ekanligi nuqtai nazaridan soʻzlashini ragʻbatlantirish; boladan buyumlarning oʻlchami, shakli va rangini solishtirish hamda ular oʻrtasidagi tafovutlar toʻgʻrisida soʻzlab berishni iltimos qilish; bolaga oson bajara oladigan topshiriqlar berib borish; bolaga ikki-uch harakatlardan iborat topshiriq berish; bolaga buyumlarning joylashgan oʻrni haqida savollar bilan murojaat qilish. 246. 3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalar bilan munosabatlarda ularning individual xususiyatlari va bolalar egotsentrizmini eʼtiborga olish lozim. 2-§. Atrof muhitni oʻrganish va anglash 247. Quyidagilar 3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalarda atrof muhitni oʻrganish va anglash talablari hisoblanadi. jonli va jonsiz olamni kuzatish, taʼriflab berish; inson tana aʼzolarini oʻrganish. 248. Quyidagilar 3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalarda atrof muhitni oʻrganish va anglash indikatorlari hisoblanadi: 3-4 xil turdagi daraxtlar, 2-3 xil turdagi oʻsimliklarning nomini bilish; yilning barcha fasllari va ularning oʻziga xos xususiyatlari (yozning issiq, qishning sovuq ekanligi) toʻgʻrisida tasavvurga ega boʻlish; ertalab, kunduzi, kechqurun, kechasi soʻzlarining maʼnosini hamda katta yoshdagilar va bolalar sutkaning turli vaqtlarida qanday harakat qilishlarini tushunish; oddiy tajribaga asoslanib, buyumlarning xususiyatlarini oʻrganish; uy va yovvoyi hayvonlar bolasining nomini ayta olish; yirtqich hayvonlar va qushlarni ajratish; jonli olamga taʼsir koʻrsatadigan koʻpgina omillarni (ozuqa, suv, nur) aytib berish; sayr qilib yurganda topib olgan turli buyumlarni toʻplash; jonsiz olamning xususiyatlarini, masalan, toshning qattiq, qumning sochiluvchan ekanligini ajratish; oʻzining tashqi koʻrinishini taʼriflab berish; tirsak, iyak, yelka kabi tana aʼzolarining qayerda joylashganligini koʻrsatish; odam shaklini chizish; daraxt, qogʻoz, shisha, loy kabi materiallarning nomlari, ularning mustahkam, qattiq, yumshoqligi kabi xususiyatlarini aytish; yaxshi tanish boʻlgan buyumlarni guruhlarga ajratish, turkumlash. 249. 3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalar taʼlimiga quyidagicha yondashish lozim: bolani uning atrofidagi muhitni oʻrganish, kuzatish, oʻz fikrini bildirish va savollar berishga odatlantirish; bola bilan birgalikda jonli va jonsiz tabiat obyektlarini kuzatish; bolani uy-roʻzgʻor ishlarini birgalikda bajarishga jalb qilish; bolaning qum, suv kabi tabiiy materiallardan foydalanib, oʻyinlar oʻynashiga ruxsat berish; bolani bogʻda ishlash, turli ishlarda ishtirok etish, oʻsimliklarni sugʻorish, yer yumshatish, hayvonlarni parvarishlashga oʻrgatish; bolani sayr qilish vaqtida yangi buyumlarni oʻrganishga undash; bolaning tashqi koʻrinishni taʼriflab berishini ragʻbatlantirish; bolaga ichki organlar qayerda joylashganligini koʻrsatish va tushuntirish; bolaga ichki organlar qayerda joylashganligi toʻgʻrisida turli oddiy matnlarni oʻqib, hikoya qilib berish; valeologiya (organizmni oʻrganish) boʻyicha koʻrgazmali materiallardan foydalanish. 250. 3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalar bilan mashgʻulotlar olib borishda quyidagilarga ahamiyat berish lozim: bolaga oʻzi yashayotgan muhitni koʻzi bilan koʻrib, qoʻli bilan ushlab koʻrish imkoniyatini taʼminlash; bolalar oʻzlari uchun qiziq boʻlgan barcha narsaga ega boʻla olishlari, ayni paytda ularning bolalar uchun xavfsiz boʻlishini taʼminlash; bolalar oʻz tajribalarini faqat katta yoshdagilar ishtirokida oʻtkazishlarini nazorat qilish, ularga hayvonlar bilan muomala qilishda ehtiyot boʻlish kerakligini tushuntirish. 3-§. Ijod 251. Quyidagilar 3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalarda ijod talablari hisoblanadi: turli tovushlar va ovozlarni ajrata olish; musiqiy faoliyatga qiziqish bildirish; koʻrgazmali faoliyatda ishtirok etishga qiziqish bildirish. 252. Quyidagilar 3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalarda ijod indikatorlari hisoblanadi: yuk mashinasi, mototsikl, vertolyot kabi turli xil transport vositalarining ovozini ajratish va aytib berish; radio, televizor va boshqa qurilmalar orqali oʻzi yaxshi koʻrgan musiqani astoydil tinglash; tanish kuylarni astoydil tinglash va kuylash; ayrim cholgʻu asboblarini farqlash; tovushlarning tembri, balandligi va registriga koʻra farqlash; mustaqil ravishda televizor, kompyuter, magnitofonni yoqish va oʻchirish; rangli boʻyoqlardan foydalanish va ranglarni mustaqil ravishda aralashtirish; oʻyin paytida ayrim narsalarni tasavvur qilish yoki ularni taʼriflab berish; yangi oʻyinlarni yaratish va hikoyalarni oʻylab topish. 253. 3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalar taʼlimiga quyidagicha yondashish lozim: bola transport vositalari ovozlariga taqlid qiladigan oʻyinlarni tashkil qilish; bolaning radio, televizor va boshqa qurilmalar orqali oʻzi yaxshi koʻrgan kuy va qoʻshiqlarni tinglashi uchun imkoniyat yaratish; bolani tanish qoʻshiqlarni aytishga undash; musiqali mashgʻulotlar uchun muhit yaratish va bolalar bilan birga qoʻshiq aytish; bolaning mustaqil ravishda qoʻshiq ayta olishi mumkin boʻlgan oʻyinlarni tashkil qilish; kuylarning mazmunini izohlab berish; bolani rang-barang boʻyoqlar bilan taʼminlash va aralashtirishga yordam berish; bolani rol oʻynaydigan oʻyinlarga jalb etish va tasavvurlarini rivojlantirishga yordam berish; boladan hikoyaning yangi yakunini oʻylab topishni soʻrash; bola uchun u tajriba oʻtkazishi va taassurotlarini qoʻllashi mumkin boʻlgan muhit yaratish; bolaning oddiy muammolarni hal qilishda ijodiy qarorlar qabul qilishini ragʻbatlantirish. 254. Bolaning texnik vositalardan ehtiyotkorlik bilan foydalanishini kuzatish va unga ehtiyotsizlik qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini tushuntirish lozim. VII boʻlim. 5 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalarning rivojlanishi Mashgʻulotlar rejasi (5-6 yosh)
Mashgʻulotlar rejasi (6-7 yosh)
XXIV bob. Jismoniy rivojlanish, oʻz-oʻziga xizmat va gigiyena 255. Mazkur yoʻnalish quyidagilarni oʻz ichiga oladi: bolalarning jismoniy rivojlanishi sifatini oshirish, jismoniy va sport mashgʻulotlariga qiziqishini uygʻotish; harakat faolligini rivojlantirish; tengdoshlari, kattalar bilan oʻzaro hamkorlik qilishi uchun imkoniyatlar yaratish; bolani maktabda taʼlim olish bosqichiga oʻtishida xavfsizlik choralarini koʻrish; bolaning shaxs sifatida rivojlanishini ragʻbatlantirish; bolaning mustaqil harakatlarini ragʻbatlantirish. 1-§. Yirik motorikani rivojlantirish 256. Quyidagilar 5 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalarda yirik motorikani rivojlantirish talablari hisoblanadi: oʻz tanasini boshqara olish (muvozanat saqlash); oʻzining tana aʼzolarini boshqara olish; maqsadli harakatlana olish; yurish, yugurish, dumalatish, irgʻitish, ilib olish, emaklash, tirmashish, muvozanat saqlash kabi asosiy harakat mashqlarini bajara olish; engashib, tik turib yura olish; turli holatdagi yugurish mashqlarini bajara olish; tezlik, muvozanat va yoʻnalishni saqlagan holda yugura olish; sakrash mashqlarini bajara olish; toʻsiqlar ichidan emaklay olish. 257. Quyidagilar 5 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalarda yirik motorikaning rivojlanish indikatorlari hisoblanadi: a) quyidagi holatlarda yugurish: oddiy gimnastik qadam tashlab, old tomon, yon tomon, orqa tomon, doira shaklida qadam tashlab; bir kishilik qatorda va juftlikda, toʻgʻri oyoqlarini old tomon tashlab; toʻgʻri va qiya yuzada; tabiiy sharoitlarda toʻsiqlarni yengib oʻtib, boshqa harakatlarni amalga oshirgan holda; yurish vaqtida muvozanat saqlash, turli qadam bosib, panjarani ushlab, katta yoshdagilarning qoʻlini ushlab zinadan chiqish va tushish, poldagi toʻsiqlar ustidan oʻtish, oyoq uchlarida yurish, katta yoshdagilarning koʻrsatmasiga qarab, yurish tezligi va yoʻnalishini oʻzgartira olgan holda; b) quyidagi holatlarda yugurib yurish: 1,5-2 daqiqa davomida uzluksiz, oʻrta hisobda daqiqasiga 60 — 100 m tezlikda; past-baland yerlarda 320 m masofaga asta past tezlikda; buyumlar orasidan ularga tegib ketmaslikka harakat qilgan holda; 3 x 10 m masofaga borib-kelgan holda; kim oʻzarga, shuningdek tutish va oʻzini olib qochish uchun; v) quyidagi holatlarda sakrash: bir joyda turli usullarda (oyoqlarini chalishtirib yoki ochib, bir oyogʻi oldinda, bir oyogʻi orqada, galma-gal oʻng va chap oyogʻida); ikki oyogʻida, bir oyogʻida oldinga harakatlanib, bir oyogʻidan boshqa oyogʻiga, chiziqlar ustidan, past buyumlar ustidan, bir oyoqda teskari yoʻnalishda; balandligi katta boʻlmagan toʻsiqlar (kubiklar) ustidan, past buyumlarning ustiga chiqib pastga; emaklab yurish, qorinda va yelka bilan yotib qoʻllarga tayanib hamda oyoqlarni itarib xona boʻylab emaklay olish; g) quyidagicha suvda suzish (ixtiyoriy usulda): koʻkragida va orqasida sirpanib, galma-gal nafas olib, chiqarib; koʻkragidan orqasiga dumalab oʻgirilib va aksini amalga oshirib; d) quyidagi harakatlarni amalga oshirish: oʻzini qoʻllari bilan tortib, gimnastika kursisi ustidan oʻrmalash; gimnastika devorchasi, narvoncha ustiga chiqish va pastga tushish; arqon, koptok, argʻimchoq kabi sport anjomlaridan foydalanib harakatlar bajarish; turgan joyidan uzunlikka kamida 80 — 90 sm masofaga sakrash, yugurib kelib uzunlikka, balandlikka, kalta argʻamchi ustidan uni old tomon aylantirib sakrash; ikki gʻildirakli velosipedni toʻgʻri yoʻnalish boʻylab, burilib, doira shaklida, “ilon izi” boʻylab haydash; harakatlarni bajarish boʻyicha urinishlarini izchillik bilan tashkillashgan harakatlar bilan birlashtirish (oʻz oʻqi atrofida aylanish, bir oyogʻida yuqoriga sakrash, musiqa ohangiga mos ravishda ijodiy harakatlarni yaratish); yugurish vaqtida turgʻun va harakatlanuvchan narsalarga tegmasdan ularni aylanib oʻtish. 258. 5 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalar taʼlimiga quyidagicha yondashish lozim: muntazam ravishda ertalabki gimnastika, jismoniy mashqlarni oʻtkazish; bolaning bolalar sporti turlari bilan shugʻullanishiga koʻmaklashish; bolaning faol harakatlanuvchi tartibga amal qilishiga, xususan, sayr qilishi, kichik safarlarga chiqishi, ekskursiyalarga borishiga yordam berish; doira chizib, bolaning ana shu doira boʻylab yurishini ragʻbatlantirish; bolaning suzishni oʻrganishini tashkil etish; bolaning bir oyoqda sakrashi, musiqa ohangiga mos harakatlarni bajarishini ragʻbatlantirish; bolalar faoliyati uchun tabiatdan samarali foydalanish; turli asbob-uskunalardan foydalanish imkoniyatlarini taʼminlash va ragʻbatlantirish; bolaga yugurish, qadam tashlash, sakrash va tepaga tirmashish bilan bogʻliq boʻlgan mashqlarni bajarish boʻyicha topshiriq berish; toza havoda turlicha sakrash va yugurishni oʻziga kiritadigan musobaqalarni tashkil qilish; bolani oddiy sport anjomlari, velosiped bilan taʼminlash; bolaning murakkab motorikali harakatlarni bajarishini ragʻbatlantirish; bolaning raqsga tushishishini ragʻbatlantirish; harakatli va estafetali oʻyinlarni tashkil etish. 259. 5 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalarning xavfsiz yashashlari va harakatlanishlari uchun quyidagilarga rioya qilish lozim: badan qaltirashi, bosh ogʻrishi, holsizlik kabi kasallanishlarning dastlabki alomatlariga eʼtiborli boʻlish; jismoniy mashqlarning meʼyorida boʻlishini kuzatib turish; toza havoda mashq oʻtkazishga qoʻyiladigan gigiyenik talablarga rioya qilish; chiniqtirish meʼyorlari, suvda suzish mashgʻulotlarini tashkil etish talablariga amal qilish; harakatlanish faoliyati va dam olishni toʻgʻri tashkil etish. 2-§. Mayda motorikani rivojlantirish 260. Quyidagilar 5 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalarda mayda motorika rivojlanishining talablari hisoblanadi: qoʻllari va barmoqlarining harakatlarini nazorat qila olish; umumiy foydalanishda boʻlgan oʻyinchoqlar va buyumlarni ishlata olish. 261. Quyidagilar 5 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalarda mayda motorika rivojlanishining indikatorlari hisoblanadi: bosma harflarda bir necha soʻzlarni, shu jumladan oʻz ismini tuzish; kundalik faoliyatda ishtirok etish; qogʻozdan turli oddiy konstruksiyalarni yasash; qaychini bir qoʻlida ushlab, belgilangan chiziqlar boʻyicha qogʻozni kesish; kamida 16 ta boʻlaklardan shakl yigʻish; koptokni bir yoki ikki qoʻli bilan ilish va uni bir qoʻlidan boshqa qoʻliga irgʻitish; mayda munchoqlarni ipga oʻtkazish; maxsus idishlardan yelim, tish pastasi yoki boʻyoqni siqib chiqarish; suvni bir idishdan boshqa idishga toʻkmasdan quyish hamda ogʻzi tor shisha idishga suv quya olish; choʻmich bilan shoʻrvani yoki boshqa suyuqlikni likopcha yoki boshqa idishga solish, turli materiallar bilan tajriba qilish; mahkamlash usuli bilan eng oddiy modellarni yaratish. 262. 5 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalar taʼlimiga quyidagicha yondashish lozim: bolaning oʻz ixtiyoriga koʻra bajara oladigan faoliyatni amalga oshirishiga koʻmaklashish; koptokni bir qoʻl bilan ilib olishni koʻrsatish; qogʻozni chiziqlar boʻyicha kesishini ragʻbatlantirish; bolaga maxsus idishlardan mustaqil foydalanish va ularning ichidagilarini bir qoʻli bilan siqib olishga ruxsat berish; bolaning mustaqil ravishda poyabzalini kiyish va iplarini bogʻlashini ragʻbatlantirish; bolani ovqat tayyorlashda (xamir yoyish, stakanga suv yoki sharbat solishda) ishtirok etishini ragʻbatlantirish; bolani bir idishdan boshqa idishga suyuqlik quyishini ragʻbatlantirish; bolani barmoqlar bilan maxsus mashqlarni bajarishni talab etadigan oʻyinlar, oʻyinchoqlar va oʻquv materiallari bilan taʼminlash. 263. Bola qaychi va yelim bilan ishlayotganida, uning xavfsizligini taʼminlash lozim. 3-§. Sensomotorikani rivojlantirish 264. 5 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalarning sezgi organlari yordamida oʻz harakatlarini tartibga solishga qodirligi ularda sensomotorika rivojlanishining talabi hisoblanadi. 265. Quyidagilar 5 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalarda sensomotorika rivojlanishining indikatorlari hisoblanadi: koptokni oʻz sherigiga turli dastlabki holatlardan irgʻitish, bir joyda turib yoki oldinga harakatlanib, polga, yerga urish, uni bir yoki ikki qoʻli bilan ilib olish, bu jarayonda chapak chalish va boshqa topshiriqlarni bajarish; koptokni, qum solingan qopchani gorizontal va vertikal holatdagi moʻljalga 3-4 m masofadan tashlash. 266. 5 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalar taʼlimiga quyidagicha yondashish lozim: bolani koptoklar, qum solingan qopchalar bilan taʼminlash; bolaning minoralar, shakllar qurishi, xamir, plastilin qorishi, rasm chizishi va boʻyashi mumkin boʻlishi uchun unga turli materiallar va oʻyinchoqlardan foydalanish imkoniyatini yaratish; qalam va boʻrchalarni berayotganda buyumlarni qanday chizish kerakligini ogʻzaki oʻrgatish. 267. Bolalarning xavfsiz yashashi va harakatlanishini taʼminlash uchun quyidagi talablarga rioya qilish lozim: serharakat faoliyatni birmuncha xotirjam faoliyat va dam olish bilan uygʻunlashtirish; ichiga narsa solinadigan koptoklarning vazni 0,5-1 kg dan ogʻir boʻlmasligiga eʼtibor qaratish; mashqlarni bajarish vaqtida bolaning xavfsizligini taʼminlash. 4-§. Madaniy-gigiyenik koʻnikmalarni rivojlantirish 268. 5 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalar oʻzini parvarishlay olishlari va madaniy-gigiyenik koʻnikmalarini orttirishlari lozim. 269. Quyidagilar 5 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalarda madaniy-gigiyenik koʻnikmalar rivojlanishining indikatorlari hisoblanadi: kun davomida tanasi tozaligi, kiyimlari, sochlari, ust-boshi ozodaligini kuzatib turish; toʻgʻri, tartibli ovqatlanish, qoshiq, sanchqilardan foydalanish va ayni paytda stol atrofida oʻtirganda gavdasini toʻgʻri tutib turish; mustaqil ravishda hojatxonadan foydalanish va gigiyena qoidalariga amal qilish; mustaqil ravishda xonasini yigʻishtirish va oʻyinchoqlarini oʻz joyiga terib qoʻyish; toʻgʻri ovqatlanishning muhimligini anglash; salomatlik toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilishning muhimligini tushunish; birinchi tibbiy yordam koʻrsatish koʻnikmalarini bilish. 270. 5 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalar taʼlimiga quyidagicha yondashish lozim: shaxsiy va jamoat gigiyenasi qoidalarini tushuntirish; sogʻlom turmush tarzining asoslari boʻyicha suhbatlar oʻtkazish; gavdasini tutishini kuzatish, yassitovonlilikning oldini olish; gigiyena va etika mavzularida sahna koʻrinishi tashkil etilishiga koʻmaklashish; sogʻliqni saqlash boʻyicha turli vaziyatlar yaratish va hal qilish; infeksiyalar nimaligi va ularning qanday yoʻllar bilan yuqishini tushuntirish; nima uchun bolalikdanoq sogʻliqni saqlash toʻgʻrisida qaygʻurish lozimligini tushuntirish; bolaning vanna, hojatxonadan mustaqil foydalanishiga ruxsat berish; bolaga oʻyinchoqlarni yigʻishi va tozalashi, uyquga tayyorlanishiga yordam berish; nomaʼqul xatti-harakatlar (sigaret chekish, spirtli ichimlik isteʼmol qilish) haqida soʻzlab berish; bolaning mustaqil ravishda ovqatlanishi, ovqatlanib boʻlgandan soʻng stol ustidagi idish-tovoqlarni yigʻishtirishiga ruxsat berish. 271. 5 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalarning xavfsiz yashashi va harakatlanishini taʼminlash maqsadida ularning yashashi va harakatlanishi uchun jarohatlanish, jismoniy, aqliy va ruhiy zoʻriqishning oldini oladigan qulay sharoitlarni yaratish lozim. XXV bob. Ijtimoiy-hissiy rivojlanish 1-§. Ijtimoiy rivojlanish 272. Quyidagilar 5 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalarda ijtimoiy rivojlanish talablari hisoblanadi: tanish va notanish odamlarni ajrata olish; boshqa bolalar va katta yoshdagilar bilan muloqot qilish koʻnikmalarini rivojlantirish. 273. Quyidagilar 5 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalarda ijtimoiy rivojlanish indikatorlari hisoblanadi: muloqot qilishda nutqli va nutqsiz vositalardan (ifodali imo-ishoralardan) foydalanish; oʻz atrofidagi tanish odamlar bilan osonlikcha muloqotga kirishish; muammolarga duch kelganda tanishlardan yordam soʻrash; notanish yoki ilk bor koʻrayotgan odamlari toʻgʻrisida savollar berish; kelishishni bilish; xushmuomalalikni namoyish etishning oddiy koʻnikmalariga ega boʻlish (salomlashish, xayrlashish, minnatdorchilik bildirishni bilish); boshqalar bilan barqaror aloqalar oʻrnatish, doʻstlar orttirish; bolalar va katta yoshdagilar bilan ham idrok etayotgan vaziyatni, ham uning doirasidan chiqib ketadigan holatni aks ettiradigan mavzularda muloqot yuritishga qodir boʻlish; yordam berish, ovutish, oʻyinchoq, qalamlar bilan oʻrtoqlashish; katta yoshdagilar bilan suhbatlashganda savol berish va javob qaytarish; boshqa bolalar bilan oʻynash va yordam berish; xonaga kirganda yoki uchrashib qolganda olqishlash. 274. 5 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalar taʼlimiga quyidagicha yondashish lozim: bolaning muloqot yuritishi, rolli va teatrlashtirilgan hamda boshqa turdagi oʻyinlarda faol ishtirok etishini ragʻbatlantirish; bolaning oila aʼzolari va ularning vazifalarini bilishiga koʻmaklashish; bolaning zaruratga qarab yordam soʻrab murojaat etishini ragʻbatlantirish; bolaning notanish odamlar toʻgʻrisida savol berishini ragʻbatlantirish va bolaning savollariga batafsil javob berish; bolaga atrofdagilarni hurmat qilish muhimligini tushuntirish; bolaning salomlashishda qoʻl siqishi va olqishlashini ragʻbatlantirish; bolalarning savollariga javob berish; bolani diqqat bilan tinglash va uning soʻzlariga qiziqish bildirish. 275. 5 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalarning xavfsiz yashashi va harakatlanishini taʼminlash maqsadida quyidagilarga rioya qilish lozim: bolani hech qachon begona odamlar oldida yoki gʻazablangan paytda jazolamaslik; jazo aybli ish qilingan zahotiyoq qoʻllanilishi lozim, biroq u aybli ishning darajasidan ortib ketishi kerak emas. 2-§. Hissiy rivojlanish 276. Quyidagilar 5 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalarda hissiy rivojlanish talablari hisoblanadi: bola oʻzining “men” tamoyilini rivojlantirishi; boshqalarning his-tuygʻularini sezish va oʻz hissiyotlarini ifodalashga qodirligi. 277. Quyidagilar 5 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalarda hissiy rivojlanish indikatorlari hisoblanadi: tashabbuskor, faol boʻlish, boʻlajak voqealardan mamnuniyat his qilish; oʻzining familiyasi, ismi, yoshi, manzili, oila aʼzolari, qaysi mamlakat, shahar (qishloq)da yashayotganligini bilish, oʻzi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni boshqa bolalar bilan almashish; oʻzining milliy va madaniy qadriyatlarini bilish va ular bilan gʻururlanish; topshiriqlarni bajarishda qatʼiyat va sabr-toqatni namoyish etish; tengdoshlariga yoqishni istash; katta yoshdagilar va bolalarning ruhiy ahvolini seza olish; oʻziga yaqin katta yoshdagilar va tengdoshlariga nisbatan hamdardlik bildirish; atrofdagilarni kiyimlari va tili boʻyicha ajratish; oʻyinlar tashkil etishga qodir boʻlish; tinglashi mumkin boʻlgan musiqa asarlarini bajonidil tinglash, ularga nisbatan emotsional munosabat bildirish; badiiy asar qahramoniga nisbatan tashvishlanish va hamdardlik bildirish. 278. 5 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalar taʼlimiga quyidagicha yondashish lozim: bola oʻzini tanishtirishi kerak boʻlgan vaziyatlar mavjud boʻlgan rolni ijro etadigan oʻyinlarni tashkil qilish; bolaga yashaydigan shahri, uyi, manzili toʻgʻrisida soʻzlab berish va soʻrash; bolaga maʼnaviy-moddiy qadriyatlar toʻgʻrisida tushuntirish; oʻz madaniy qadriyatlarini oʻyinlar, ijod, musobaqalar orqali ifodalashga imkon berish; bolaning tasviriy faoliyat (rasm chizish, shaklchalarni yopishtirib yasash, applikatsiya qilish), rol ijro etish va rejissorlik qilish oʻyinlarida, oilaviy va umumiy bayramlardagi chiqishlar, bolalar teatri va boshqa vaziyatlarda oʻz tuygʻulari, hissiyotlarini ifodalashini ragʻbatlantirish; quvonchli va qaygʻuli voqealarni yuzaga keltiradigan vaziyatlarni muhokama qilish; bola bilan qiyin vaziyatga tushib qolgan doʻstlar va katta yoshdagilarni qoʻllab-quvvatlash naqadar muhimligini muhokama qilish; bola bilan u amalga oshirayotgan harakatlarni muhokama qilish. 279. Bola tengdoshlari orasida oʻziga ishonchsizlik, kamsitilganlik, tajovuz qilinishiga olib keladigan ahvolga tushib qolishiga yoʻl qoʻymaslik lozim. XXVI bob. Nutq, oʻqish va savodga tayyorgarlik 1-§. Nutq 280. Quyidagilar 5 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalarda nutq rivojlanishining talablari hisoblanadi: nutqni tinglash va tushunish; soʻzlashish va muloqot yuritishga qodir boʻlish; nutq-tovush madaniyatini shakllantirish; oddiy tahlil va sintez qilish koʻnikmalarini rivojlantirish; soʻz boyligini faollashtirish; nutqning grammatik tuzilishini shakllantirish; bogʻlanishli nutqni shakllantirish; ijodiy hikoya qilishni shakllantirish. 281. Quyidagilar 5 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalarda nutq indikatorlari hisoblanadi: musobaqalar va munozalarda ishtirok etish, u yerda eshitgan koʻrsatmalarini toʻgʻri bajarish; ayrim maxsus soʻzlarning maʼnosini bilish; eshitgan hikoyalarni osonlikcha bayon qilish; ona tilini juda yaxshi bilish, fikrni oddiy va umumiy foydalanishdagi gaplar yordamida ifodalash; mavjud til tizimi (tovush, soʻz, gap) toʻgʻrisida elementar (oddiy) tasavvurga ega boʻlish; soʻzdan tovushni, unli va undosh tovushlarni ajrata olish; narsalarning nomlarini toʻgʻri aytish, bir-biri bilan solishtirib, ayrim farqlarini tushunish; oʻz nutqida uyushiq boʻlakli, sodda, yoyiq va qoʻshma gaplarning turli xillaridan foydalana olish; oʻyinchoqlar va buyumlar haqida hikoya tuza olish; shaxsiy tajriba, mazmunli rasmlar asosida hikoya tuza olish; gaplarni grammatik jihatdan toʻgʻri tuza olish; surat (rasmlar) boʻyicha mazmunli hikoya tuzish; umumlashtiruvchi soʻzlar, antonimlar, solishtirmalardan foydalanish; harakatlarni rejalashtirish uchun nutqdan foydalanish; oʻz tuygʻulari va niyatlarini nutq yordamida ifodalab, tengdoshlari va katta yoshdagilar bilan muloqotda ishtirok etish; turli hikoyalarni soʻzlab berish, hikoyalarni oʻylab topishga harakat qilish, qofiya va soʻz oʻyiniga qiziqish bildirish; kitoblar, telekoʻrsatuvlardan nutqning turli parchalarini yodlab olish va ishlatish. 282. 5 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalar taʼlimiga quyidagicha yondashish lozim: musobaqa, munozara va boshqa tadbirlarni tashkil etish, savollar berish va bolani toʻgʻri javob berish yoki koʻrsatmalarni bajarishga ragʻbatlantirish; bolaning yangi soʻzlardan foydalanish va ularning maʼnosini bilish istaklarini ragʻbatlantirish; bolaga muntazam ravishda hikoyalar aytib turish, teatrga olib borish, bola bilan taassurotlarini muhokama qilish; rasmga qarab mazmunli hikoya tuzish, nutqni rivojlantirish boʻyicha maxsus trening va oʻyinlar oʻtkazishga yordam berish, qofiya va soʻz oʻyinlari, sheʼrlarni ifodali oʻqish, ertaklarni aytib berish, shaxsiy hayotdan hikoya tuzishga koʻmaklashish; bolani ijodiy dramatik, rol ijro etiladigan oʻyinlarda ishtirok etishga jalb qilish. 283. 5 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bola bilan munosabatlarda samimiyat, doʻstonalik va himoya etilganlik muhitini saqlab turish lozim. 2-§. Oʻqish va savod malakalarini egallash 284. Quyidagilar 5 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalarda oʻqish va savod malakalari rivojlanishining talablari hisoblanadi: bosma materiallarga qiziqish bildirish, harflar va ramzlarni ajrata olish; yozish koʻnikmalarini oʻrganish; oddiy tahlil va sintez qilish koʻnikmalarini rivojlantirish. 285. Quyidagilar 5 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalarda oʻqish va savod malakalari indikatorlari hisoblanadi: koʻp vaqt davomida kitob bilan oʻtirib, uni tomosha qilish, kitobni toʻgʻri holatda ushlash; ayrim maʼlumotlarni yigʻish uchun kitoblardan foydalanish; bir necha mashhur asarlar va adabiy qahramonlarni aytib berish; adabiy asarlarning ayrim parchalarini soʻzlab berish; alifboni bilish; boʻgʻinlar boʻyicha oʻqishi mumkinligi; ilmoq, gajak, chiziqchalar, tayoqchalar kabi yozish elementlarining barchasini bilish; yozish koʻnikmalarini oʻrganish; namunadan 2-3 ta soʻzlarni olib yozish va chizish; oʻz ismini va 2-3 ta soʻzlarni bosma harflarda mustaqil ravishda yozish; gapni soʻzlarga, soʻzlarni boʻgʻinlarga boʻlish; maʼlum tovushlarning oʻrnini aniqlay olish; soʻzda tovushlar ketma-ketligini aniqlash; boʻgʻinlardan soʻzlar, soʻzlar ishtirokida gap tuza olish; tovushlarni eshitib farqlay olish. 286. 5 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalar taʼlimiga quyidagicha yondashish lozim: bolaga kitoblar berish, kitobni toʻgʻri yoʻnalishda koʻrishga odatlantirish; bolani uni qiziqtiradigan maʼlumotlarni rasmlar bilan bezatilgan kitoblardan topishga yoʻnaltirish; bolaga kitoblar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni berish; bolaning atrofida mavjud buyumlarni ramziy nomlash boʻyicha harflar bilan maxsus oʻyinlarni oʻtkazish; bolalar uchun moʻljallangan namunalarda harflar yoki soʻzlarni chizish va bolaning mustaqil yozishini ragʻbatlantirish hamda kuzatish; bolani oʻz harakatlari va hissiyotlarini tasvirlashga oʻrgatish; bolaning turli qahramonlarga maktub “yozishi” va “olishiga” yordam berish; bolaning rasm chizishini ragʻbatlantirish va rasmlarni unga maʼlum obyektlarda chizishga koʻrsatma berish. 287. 5 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolaning xavfsiz yashashi va harakatlanishi uchun quyidagilarga rioya qilish lozim: kitoblarning estetika talablariga javob berishiga eʼtibor qaratish; yozuv-chizuv jihozlarini ularning texnik parametrlariga qarab xarid qilish. XXVII bob. Bilish jarayoni va atrof muhit toʻgʻrisidagi bilimlarga ega boʻlish 288. Bilish quyidagilarni oʻz ichiga oladi: bolalar faoliyatining turli koʻrinishlarini rivojlantirish uchun amaliy bilimlarni toʻplash va umumlashtirish; tajribalar oʻtkazish, modellashtirish, oddiy qidiruv faoliyati bilan shugʻullanish; tabiatni sevish va uni asrab-avaylash faoliyatining baʼzi metodlariga ega boʻlish; oʻzaro taqqoslash, umumlashtirish, tahlil qilish xususiyatlari; maʼlumotlarning turli manbaalari bilan ishlashni oʻrganish. 1-§. Elementar matematik koʻnikmalar va bilimlarni rivojlantirish 289. Quyidagilar 5 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalarda elementar matematik koʻnikmalar va bilimlar rivojlanishining talablari hisoblanadi: miqdor, sonlar, sanash, geometrik shakllar toʻgʻrisidagi oʻz bilimlarini namoyish etish; fazoda moʻljal olish va vaqt boʻyicha ilk tushunchalarga ega boʻlish. 290. Quyidagilar 5 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalarda elementar matematik koʻnikmalar va bilimlar rivojlanishining indikatorlari hisoblanadi: oʻz uyining raqamini bilish; 10 gacha boʻlgan sonlarni toʻgʻri va teskari sanay olish; 20 gacha boʻlgan sonlarni toʻgʻri sanash; yonma-yon turgan sonlar orasidagi munosabatlarni tushunish; 0 dan 20 gacha boʻlgan raqamlarni bilish; misollarni raqamlar yozilgan kartochkalar yordamida ifodalab echishni bilish; bir amalli masalalarni qoʻshish va ayirish orqali tuzish va echish; “+”, “–”, “=” ishoralarini bilish; shartli oʻlchov yordamida predmetlar uzunligini oʻlchab, natijasini son va raqam bilan aytish; suyuq va toʻkiluvchi jismlarni shartli oʻlchov birligi bilan oʻlchab, natijasini son va raqam bilan aytish; koʻpburchaklarning elementlarini (tomonlari, burchaklari, uchlari) bilish; shar, kub va silindrlarni tanish; geometrik shakllar, mevalar, sabzavotlar va boshqa shu kabi narsalarni 2, 4 va 10 tagacha teng qismlarga boʻla olish; butunning qismdan kattaligi, qism butunning qismi ekanligini tushunish; katak qogʻozi varagʻi sathini moʻljal olish, qogʻoz varagʻining oʻng, chap, yuqori, past, oʻrtasini aniqlay olish; sutka qismlarini farqlash, kecha, bugun, ertani bilish; hafta kunlarining nomi, ketma-ketligi, bugun haftaning qaysi kuni ekanligini ayta olish; labirintlarni bilish va ularning yechimini topa olish; buyumlarning oʻziga nisbatan oʻrnini aniqlash (tepada-pastda, oldinda-orqada, oʻngda-chapda); hushtak boʻyicha turli yoʻnalishda harakatlanish (oldinga-orqaga, chapga-oʻngga); yil fasllari, ularning nomi, ketma-ketligi va oʻziga xos xususiyatlarini bilish; yil taqvimi, oʻtayotgan oy, sana, hafta kuni haqida bilish; soat turlari uning ishlatilishini tushunish; lego jihozlaridan loyihalar yaratish; 20 qismdan kam boʻlmagan pazllarni yigʻish; qogʻozlarni bukib shakllar yasash; qurilish materiallari toʻplamlaridan turli mavzularda loyihalar yaratish; pul qiymatlari, narx, plastik kartochka, terminal haqida dastlabki tushunchaga ega boʻlish. 291. 5 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalar taʼlimiga quyidagicha yondashish lozim: raqamlarni yozib, bu qanday raqam ekanligini bolaga aytib berish; bola bilan sanash, ayirish va qoʻshish kerak boʻlgan turli oʻyinlarni oʻynash; bolaning oʻz manzili va uyining raqamini yodlab olish istagini qoʻllab-quvvatlash; ranglar, oʻlcham, shakllar, raqamlar va sanash, vaqtni oʻzlashtirib olishi uchun buyumlar bilan tajriba qilish; bola bilan koʻproq suhbatlashish, undan ertalabdan kechqurungacha qanday oʻtganligini aytib berishni soʻrash. 292. Bolani rivojlantiruvchi muhit sanitariya va gigiyena talablariga muvofiq boʻlishi lozim. 2-§. Atrof muhitni oʻrganish va anglash 293. Quyidagilar 5 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalarda atrof muhitni oʻrganish va anglash talablari hisoblanadi: jonli va jonsiz olamni kuzatish, taʼriflab berish; inson tana aʼzolarini oʻrganish. 294. Quyidagilar 5 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalarda atrof muhitni oʻrganish va anglash indikatorlari hisoblanadi: tabiat hodisalariga qiziqish bildirish, oʻsimliklar va hayvonot olami toʻgʻrisida tasavvurga ega boʻlish; hayvonlar yashaydigan turli muhitlarni (baliqlar suvda, boʻri esa oʻrmonda yashashini) aytib berish; togʻ, oʻrmon, dengiz, daryo singari oʻziga xos geografik atamalarning nomlarini bilish; ayrim hayvonlar va oʻsimliklar bilan bevosita muloqot qilishning xavf-xatari toʻgʻrisida bilish; oddiy sabab-oqibat aloqalarini tushunish; oʻzi uchun yangi boʻlgan narsalarni koʻrib qolganda, uning xususiyatlarini bilib olishga urinish; xato qilish va yanglishish yoʻli bilan amaliy vazifalarning yechimini topishga harakat qilish; oʻyinlarda voqealar, hayotiy vaziyatlar, katta yoshdagilar mehnatiga taqlid qilish; oʻzining mustaqil dalillarini keltirib, voqealarni muhokama qilish; yoʻlda harakatlanish va koʻchada oʻzini tutishning elementar qoidalarini bilish; odamning bir necha organlari va ularning xususiyatlarini bilish; odam va hayvon oʻrtasidagi bir necha farqlanuvchi va umumiy jihatlarni aytib berish. 295. 5 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalar taʼlimiga quyidagicha yondashish lozim: jonli va jonsiz tabiat obyektlari bilan tajriba oʻtkazish uchun imkoniyat yaratish; bolani turli hayvonlar, oʻsimliklar, geografik atamalar toʻgʻrisidagi suhbatlarga jalb qilish; bolaning jonli va jonsiz tabiat toʻgʻrisidagi bilimlarini oshirish uchun kitoblar, rasmlar, maxsus telekoʻrsatuvlardan foydalanish; bolaning sabzavot va mevalar tarkibida mavjud boʻlgan vitaminlar, uy hayvonlarining roli toʻgʻrisida soʻzlab berishini ragʻbatlantirish; bolaning faoliyatiga katta yoshdagilar ishtirokida hayvonlar va oʻsimliklarni parvarishlashni kiritish; bolaning kundalik faoliyatida mustaqil ravishda davomli kuzatishlarni tashkil qilish; bolaning turli tahlil etish vositalari yordamida (koʻzlarini yumib, qoʻllari bilan paypaslab koʻrish orqali) buyumlarni oʻrganishini ragʻbatlantirish; bayramlarni birgalikda nishonlash, koʻngilochar tadbirlar, tabiatga ekskursiyalarni tashkil etish; bolaga odamning tuzilishi toʻgʻrisidagi turli rasmlarni taklif qilish; bolaga jonli tabiatni kuzatish va solishtirishga imkon berish, bolaning hayvonlar va odamlar oʻrtasidagi tafovutlarni topishini ragʻbatlantirish; bolaga tana aʼzolarining nomi, joylashuvi va vazifalari toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berish. 296. 5 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolaning xavfsiz yashashi va harakatlanishi uchun quyidagilarga rioya qilish lozim: ekskursiyalar va boshqa tadbirlarda bolalarni albatta kuzatib yurish; bolaning haddan ortiq hayajonlanishiga yoʻl qoʻymaslik; bolaning oʻrganish va tajriba qilish istagini qoʻllab-quvvatlash; bolaga koʻchada notanish odamlar bilan uchrashganda, uyda bir oʻzi qolganda, daydi hayvonlar uchraganda oʻzini qanday tutish kerakligini tushuntirish; bolaning kompyuter oldida 10 — 15 daqiqadan ortiq boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik; bolaga zoʻravonlikni targʻib qiluvchi telekoʻrsatuvlarni tomosha qilishga ruxsat bermaslik. 3-§. Ijod 297. Quyidagilar 5 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalarda ijod talablari hisoblanadi: turli tovushlar va ovozlarni ajrata olish; musiqali va koʻrgazmali faoliyatda ishtirok etishga qiziqish bildirish; musiqiy va shovqinli tovushlarni hamda musiqiy asarning mazmunini farqlash. 298. Quyidagilar 5 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalarda ijod indikatorlari hisoblanadi: musiqa ohangining tezligiga muvofiq sekin va tez harakatlanish; ovozli texnikadan foydalanish; musiqa asarlarini tanlab tinglash; tanish boʻlgan musiqa asarlarini astoydil tinglash va ularga nisbatan emotsional munosabat bildirish; oʻzi tinglamoqchi boʻlgan musiqani mustaqil tanlash; oʻzi oʻrgangan qoʻshiqdan parchalarni mustaqil kuylash; musiqa asboblariga qiziqish bildirish va ularni chalish; turli musiqa faoliyatlarida ishtirok etish; mustaqil ravishda tanish va xayoliy obyektlarni chizish; rangli boʻyoqlar bilan rasm chizish uchun turli moʻyqalamlardan foydalanish; biror narsani bezatish uchun turli obyektlarning rasmini chizish; sanʼat asarlari, kundalik buyumlarni diqqat bilan tomosha qilish; kundalik buyumlarning nomini aytish va taʼriflab berish; koʻrgan va eshitganlarini aks ettirish; plastilin, loydan shaklchalarni yopishtirish, yasash. 299. 5 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalar taʼlimiga quyidagicha yondashish lozim: bolaning musiqa eshitganida raqsga tushishini ragʻbatlantirish; musiqaga qiziqish uygʻotishga koʻmaklashish; bola oʻz musiqasini yaratishi uchun uni tegishli materiallar bilan taʼminlash; oddiy muammolarni ijodiy hal qilishini ragʻbatlantirish; bolaning ijod qilib naqshlar yasashi, rasm solishi va plastilin yoki loydan turli shakllar yasashi uchun uni zarur materiallar bilan taʼminlash; bolaning har qanday yutuqlarini ragʻbatlantirish, uning ijod mahsullaridan uy koʻrgazmalarini tashkil etish. VIII boʻlim. Yakuniy qoida 300. Mazkur Davlat talablari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazi bilan kelishilgan. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi direktori B. ISMOILOV 2013-yil 18-sentabr Sogʻliqni saqlash vaziri A. ALIMOV 2013-yil 18-sentabr Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri B. XODIYEV 2013-yil 18-sentabr Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazi direktori v. b. X. MAMADALIYEVA 2013-yil 18-sentabr (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 42-son, 568-modda) |
||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||