от 11.10.2005 г. № 1193
Инструкция Государственной инспекции по надзору в электроэнергетике «Узгосэнергонадзор», Министерства здравоохранения Республики Узбекистан, от 11.10.2005 г. № 1193
Кучга кириш санаси
07.11.2005
постановление
Государственной инспекции по надзору в электроэнергетике «Узгосэнергонадзор»
Министерства здравоохранения Республики Узбекистан
ОБ УТВЕРЖДЕНИИ ИНСТРУКЦИИ ПО ОКАЗАНИЮ ДОВРАЧЕБНОЙ ПОМОЩИ ПОСТРАДАВШИМ В СВЯЗИ С НЕСЧАСТНЫМИ СЛУЧАЯМИ ПРИ ОБСЛУЖИВАНИИ ЭЛЕКТРОЭНЕРГЕТИЧЕСКОГО ОБОРУДОВАНИЯ
[По согласованию с Министерством юстиции Республики Узбекистан отнесена(ы) к техническим документам 28 ноября 2005 г., № 20/15-226/22]
Начальник государственной инспекции «Узгорэнергонадзор» Б. ГУЛЯМОВ
г. Ташкент,
11 октября 2005 г.,
№ 1193
Министр здравоохранения Ф. Г. НАЗИРОВ
г. Ташкент,
11 октября 2005 г.,
№ 5
Oʻzdavenergonazorat Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining
QarorI
ELEKTR ENERGETIKA USKUNALARIGA XIZMAT KOʻRSATIShDA YuZ BERGAN BAXTSIZ HODISALAR OQIBATIDA JABRLANGANLARGA ShIFOKORDAN OLDINGI YORDAM KOʻRSATISh BOʻYIChA YOʻRIQNOMANI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda texnik hujjat deb topilgan. 2005-yil 28-noyabr 20/15-226/22-son]
Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi (Oʻzdavenergonazorat) toʻgʻridagi Nizomga va Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Ustaviga muvofiq qaror qilamiz:
1. Ilova qilinayotgan Elektr energetika uskunalariga xizmat koʻrsatishda yuz bergan baxtsiz hodisalar oqibatida jabrlanganlarga shifokordan oldingi yordam koʻrsatish boʻyicha Yoʻriqnoma tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtgan kundan boshlab 10 kun davomida amalga kiritiladi.
Elektr energetikada nazorat boʻyicha “Oʻzdavenergonazorat” davlat inspeksiyasi boshligʻi B.H. GʻULOMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 11-oktabr,
1193-son
Sogʻliqni saqlash vaziri F.G. NAZIROV
Toshkent sh.,
2005-yil 11-oktabr,
5-son
Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi “Oʻzdavenergonazorat” va Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan 1193/5-son bilan 2005-yil 11-oktabrda
TASDIQLANGAN
Elektr energetika uskunalariga xizmat koʻrsatishda yuz bergan baxtsiz hodisalar oqibatida jabrlanganlarga shifokordan oldingi yordam koʻrsatish boʻyicha
Yoʻriqnoma
1. UMUMIY QOIDALAR
Baxtsiz hodisalar, odatda, turli hil jarohatlar bilan birga kelishi kuzatiladi. Travma (grekcha Trauma) jarohatlar — tashqi omillar taʼsirida yuz beradigan inson organizmi yumshoq toʻqimalarining shikastlanishi va ularning butunligi va funksiyalarini buzilishidir,
Shifokordan oldin darhol koʻrsatilgan yordam jabrlangan insonni ogʻir oqibatlardan saqlab qolishi mumkin.
Shifokordan oldingi (bundan keyin — birinchi) yordam — bu baxtsiz hodisada jabrlangan kishining hayoti va sogʻligʻini saqlash yoki tiklashga qaratilgan chora-tadbirlar majmuasi. Bunday yordamni, tibbiy xodim yetib kelishiga qadar, jabrlangan kishining yonida boʻlganlar (oʻzaro yordam) yoki jabrlangan kishining oʻzi (oʻziga yordam) koʻrsatishi kerak.
Jabrlanganning hayoti va odatda keyingi davolanishining muvaffaqiyati birinchi yordamning qanchalik tez va mohirona koʻrsatilishiga bogʻliq boʻladi. Shuning uchun ham har bir odam birinchi yordam koʻrsatishni bilishi va jabrlanganlarga hamda oʻziga birinchi yordam koʻrsata olishi kerak.
Jabrlangan kishida nafas olish yoki puls urishi singari tirikligini bildiruvchi alomatlar boʻlmasa uni oʻlgan deb hisoblash va unga yordam koʻrsatishdan bosh tortib boʻlmaydi; jabrlangan kishini hushiga keltirish va unga yordam koʻrsatishning maqsadga muvofiqligi masalasini faqat shifokorgina hal qilish huquqiga egadir.
Elektr uskunalariga xizmat koʻrsatishda elektr tokidan jarohatlanganlarga oʻz vaqtida birinchi yordam koʻrsatilishi ayniqsa muhimdir.
Elektr energetika uskunalariga xizmat koʻrsatuvchi korxona va tashkilotlarda ishlovchi barcha xodimlar kasb boʻyicha oʻqitilishi bilan bir qatorda jabrlanganlarga birinchi yordam koʻrsatish boʻyicha amaliy mashgʻulotlar oʻtishlari hamda vaqti-vaqti bilan birinchi yordam koʻrsatish usullari boʻyicha yoʻriqnomaviy mashgʻulotlar oʻtishlari lozim. Mashgʻulotlarni korxonaning (tashkilotning) muhandis — texnik xodimlari bilan birgalikda tibbiy xodimlar jumlasidan boʻlgan puxta bilimlarga ega mutaxassislar oʻtishlari kerak.
Korxonaning har bir xodimi oʻzining kasbiy vazifalarini qanday mohirona bajarsa, birinchi yordamni ham shunday koʻrsata bilishi kerak, shuning uchun ham kasbiy mahoratga va shifokordan oldingi yordam koʻrsatishni bilishga qoʻyiladigan talablar bir xil boʻlishi lozim.
Birinchi yordam oʻz vaqtida koʻrsatilishi va samarali boʻlishi uchun doimiy navbatchilik joylarida qoʻyidagilar boʻlishi kerak:
birinchi yordam koʻrsatish uchun kerakli dori-darmonlar va tibbiy buyumlar toʻplami solingan tibbiy yordam qutichasi (yoki korxona hududidan tashqarida ishlanganda brigadirlarda turadigan birinchi yordam xaltasi);
koʻrinadigan joylarda osiladigan baxtsiz, hodisalarda jabrlanganlarga birinchi yordam koʻrsatish, sunʼiy nafas va yurakka tashqi massaj qilish usullari tasvirlangan plakatlar;
birinchi yordam qutichalarini va tibbiy yordam koʻrsatish punktlarini topishni osonlashtiruvchi koʻrsatkich taxtachalari va belgilari. Ishlar chet tashkilotlarning xodimlari tomonidan bajarilganda ushbu tashkilotlarning xodimlariga birinchi yordam qutichalari turgan va tibbiy yordam koʻrsatish punktlari oʻrnashgan joylari maʼlum qilinishi kerak.
Birinchi yordam koʻrsatishni toʻgʻri tashkil etilishi uchun har bir korxona, sex, tuman, tarmoq uchastkasida va h. quyidagi chora-tadbirlar bajarilishi lozim:
zimmasiga birinchi yordam qutichasi va xaltalarini muntazam toʻldirib turish va ulardagi dori-darmonlar va tibbiy buyumlarning tegishli holatda saqlanishini taʼminlash vazifasi yuklatilgan xodimlarni ajratish;
birinchi yordamning toʻgʻri koʻrsatilishi va jabrlangan kishini tibbiy yordam koʻrsatish punktiga oʻz vaqtida va albatta yoʻnaltirilishi, hamda birinchi yordam qutichalari va xaltalarini quyida keltirilgan kerakli dori-darmonlar va tibbiy buyumlar bilan muntazam toʻldirib turilishi ustidan muntazam va qatʼiy nazoratni tashkil etish.
Jadval
Birinchi yordam qutichalarining tarkibi
№‎ Dori-darmonlar va tibbiy buyumlar Maqsadi Miqdori
1.‎ Bogʻlash paketi‎

Bogʻlamalarni qoʻyish uchun‎

5 dona‎
2.‎ Steril bint‎ -“- dona
3.‎ Gigroskopik, klinik, jarrohlik paxtasi -“-‎ 50 grammlik 5 oʻram‎
4.‎ Jgut Qon oqishini toʻxtatish uchun‎ 1 dona
5.‎ Shinalar Singan, chiqqanlarni mahkamlab qoʻyish uchun‎ 3-4 dona
6.‎ Yax uchun rezina xalta Lat egan, singan chiqqan joylarni sovitish uchun 1 dona‎
7.‎ Stakan

Dorilarni ichish, koʻz va oshqozonni yuvish va eritmalarni tayyorlash uchun‎

1 dona‎
8.‎ Choy qoshigʻi Eritmalarni tayyorlash uchun‎ 1 dona
9.‎ Yod (5 foizli spirtli eritmasi)‎ Yaralar va terining shilingan joylari atrofiga surish uchun‎ 1 flakon (50 ml)
10.‎ Nashatir spirti (10 foizli ammiak eritmasi)‎ Hushdan ketgan vaqtda qoʻllash uchun‎ 1 flakon (30 ml)
11.‎ Bor kislotasi‎ Ishqordan kuyganda koʻz va terini yuvish, ogʻizni chayish, volt yoyidan kuyganda koʻzga hoʻllab qoʻyishga eritma tayyorlash uchun 1 paket (25 g.)
12.‎ Ichimlik sodasi (natriy gidrokarbonat yoki natriy ikki oksidi) ‎ Kislotadan kuyganda koʻz va terini yuvish, ogʻizni chayishga eritma tayyorlash uchun‎ 1 paket (25 g.)
13.‎ Vodorod peroksidi eritmasi (3 foizli)‎ Burundan, katta boʻlmagan yaralar va shilingan joylardan qon oqishini toʻxtatish uchun‎ 1 flakon (50 ml)
14.‎ Valeriana nastoykasi‎ Asab tizimini tinchlantirish uchun 1 flakon (30 ml)
15.‎ Achchiq tuz (ingliz)‎ Oziq-ovqatdan va boshqa zaharlanishlarda ichish uchun‎ 50 g.
16.‎ Aktivlashtirilgan koʻmir (kukun) Oziq-ovqatdan va boshqa zaharlanishlarda ichish uchun‎ 50 g.
17.‎ Kali� permanganat (kristallar)‎ Oziq-ovqatdan va boshqa zaharlanishlarda ichish uchun‎ 10 g.
18.‎ Validol yoki nitroglitserin‎ Yurak atrofida kuchli ogʻriqlarda til ostiga olish uchun 1 tyubik‎
19.‎ Amidopirin, analgin (tabletkalar) Issiqni tushiruvchi va ogʻriqni kamaytiruvchi vosita sifatida ichish uchun‎

2 oʻram

Izoh: 1. Ichimlik sodasi va bor kislotasining eritmalari faqat ishqor va kislotalar bilan ishlanadigan ish joylari uchun koʻzda tutiladi.
2. Zaharli gazlar va moddalar bilan zaharlanish mumkin boʻlgan sexlar va laboratoriyalarda birinchi yordam qutichasining tarkibi tegishlicha toʻldirilishi kerak.
3. Birinchi yordam xaltalari uchun vositalar toʻplamiga shinalar, yax uchun rezina xaltasi. stakan, choy qoshigʻi, bor kislotasi va ichimlik sodasi kiritilmaydi. Qolgan vositalar roʻyxatda koʻrsatilgani boʻyicha 50 foiz miqdorida kiritiladi.
4. Yoz davrida hashorat chiqishi mumkin boʻlgan ishlash joylarda birinchi yordam qutichalarida (xaltalarida) dimedrol (1 oʻram) va kordiamin (1 flakon) boʻlishi kerak.
5. Birinchi yordam qutichasining ichki devorida qaysi dori vositalari qanday jarohatlarda qoʻllanishi (masalan, burundan qon oqishida — 3 foizli vodorod peroksidi va h.) koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Yordam koʻrsatayotgan shaxs inson organizmini hayotiy muhim funksiyalari buzilishining asosiy alomatlarini bilishi, hamda jabrlanganni xavfli va zararli omillar taʼsiridan xalos etishi, jabrlanganning holatini baholay bilishi, koʻrsatilayotgan birinchi yordamning ketma-ketligini belgilab olishi, zarur boʻlganda jabrlanganga yordam koʻrsatayotganda va transportirovka qilishda qoʻl keladigan mavjud vositalardan foydalanishi kerak.
Jabrlanganga birinchi yordamni koʻrsatishda amalga oshiriladigan harakatlarning ketma-ketligi:
1) jabrlanganning organizmiga xavfli va zararli omillar taʼsirini (elektr tokining taʼsiridan xalos etish, zararlangan muhitdan olib chiqish, yonayotgan kiyimlarini oʻchirish, suvdan chiqarib olish va h.) bartaraf qilish;
2) jabrlanganning holatini baholash;
3) jabrlanuvchini hayoti uchun eng koʻp xavf solayotgan jarohatning hususiyatlarini va uni qutqarish boʻyicha qilinadigan harakatlarning ketma-ketligini aniqlash;
4) jabrlanuvchini qutqarish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni eng kerakligi tartibida bajarish (nafas yoʻllari oʻtkazuvchanligini tiklash; sunʼiy nafas, yurakning tashqi massaji muolajalarini oʻtkazish; qon oqishini toʻxtatish; singan joylarni mahkamlab qoʻyish, bogʻlamalar qoʻyish va h.);
5) tibbiyot xodimlari yetib kelishiga qadar jabrlanuvchining asosiy hayotiy funksiyalarini saqlab turish;
6) tez tibbiy yordam yoki shifokorni chaqirish yoxud jabrlanuvchini eng yaqin tibbiyot muassasasiga yetkazish choralarini koʻrish.
Hodisa roʻy bergan joyga tibbiyot xodimlarini chaqirish imkoni boʻlmasa, jabrlanuvchini eng yaqin tibbiyot muassasasiga yetkazish choralari taʼminlanishi kerak. Jabrlanuvchini faqat nafasi va pulsi barqaror boʻlganda joydan-joyga koʻchirib oʻtkazish mumkin.
Agar jabrlanuvchining holatiga koʻra uni koʻchirib boʻlmasa, tibbiyot xodimlari yetib kelishiga qadar jabrlanuvchining asosiy hayotiy funksiyalarini saqlab turish lozim.
2. JABRLANUVChINI JAROHATLOVChI OMILLARNING TAʼSIRIDAN XALOS ETISh
Jabrlanuvchiga yordam koʻrsatish uni jarohatlovchi omillarning taʼsiridan xalos etish vaqtidan boshlanadi: elektr uskunasini oʻchirish, tok oʻtkazuvchi qismlardan kuchlanishni uzish yoki jabrlanuvchini undan ajratib olish; jabrlanuvchini qadam kuchlanishi maydonidan olib chiqish va boshqalar; suvdan tortib olish; xavfli (gazlangan, changlangan, havoning harorati oshgan yoki pasaygan va h.) zonadan olib chiqish; ishlab chiqarish uskunalarini, harakatdagi mashinalar va mexanizmlarni toʻxtatish; bugʻ yoki suvni oʻchirish; yonayotgan kiyimlarni oʻchirish va boshqalar. Bundan yordam koʻrsatayotgan shaxsning oʻzi ham, tegishli himoya vositalaridan foydalangan holda, oʻzini shu jarohatlovchi omillarning taʼsiridan saqlashi lozim.
Jabrlanuvchi, faqat unga yoki yordam beruvchi shaxsga u yerda boʻlish xavfli boʻlganda yoki oʻsha joyda yordam koʻrsatib boʻlmasa, masalan tayanchda, machtada, kajavada va h. yurakka massaj qilish imkoni boʻlmaganda boshqa joyga koʻchiriladi.
Elektr tokining taʼsiridan ozod qilish.
Elektr toki urganda jabrlanuvchini imkoni boricha tezroq elektr toki taʼsiridan xalos etish lozim. Chunki elektr tokining taʼsiri qancha koʻp boʻlsa, organizmdagi elektr jarohati shunchalik ogʻirroq boʻladi.
Kuchlanish ostidagi tok oʻtkazuvchi qismlarga tegib ketish, koʻp hollarda mushaklarning ixtiyoriy boʻlmagan ravishda qisqarishiga va nafas olish va qon aylanish organlari faoliyatining buzilishi yoki umuman toʻxtab qolishiga olib keluvchi holatga sabab boʻlishi mumkin. Agar jabrlanuvchi simni qoʻlida ushlab turgan boʻlsa, uning barmoqlari shunday qattiq qisiladiki, simni uning qoʻllaridan boʻshatib boʻlmaydi. Shuning uchun yordam beruvchining birinchi harakati elektr uskunasining jabrlanuvchi tegib turgan qismini tezroq oʻchirishdan iborat boʻlishi kerak.
Elektr uskunasini uzgich, biriktirgich-ajratgich (rubilnik) yoki boshqa oʻchiruvchi apparat yordamida (1-rasm), hamda saqlagichlarni olib qoʻyish, shtepsel ulamasini ajratish, havo liniyasida sim tashlab sunʼiy qisqa tutashuv hosil qilish yoʻli bilan oʻchirish mumkin.
1-rasm. Elektr uskunasini oʻchirish yoʻli bilan jabrlanganni tok taʼsiridan ozod qilish
Agar jabrlanuvchi tepada turgan boʻlsa, uning balandlikdan yiqilib tushishi uskunani oʻchirilishi va shu tariqa jabrlanuvchini tok taʼsiridan xalos etilishiga olib keladi. Bu holda qoʻshimcha jarohatlarning oldini olish choralarini koʻrish kerak. HLning tayanchlaridan jabrlanuvchini tushirish tartibi mazkur Yoʻriqnomaning ilovasida tavsiya qilingan.
Uskunani oʻchirish bilan bir vaqtda chiroq ham oʻchib qolishi mumkin, shuning uchun kunduzgi yoritish boʻlmaganda, elektr uskunaning oʻchirilishi va jabrlanuvchiga yordam koʻrsatilishini kechiktirmasdan, boshqa manbadan yoritish (xonaning portlash va yongʻin xavfsizligini eʼtiborga olib avariyaviy yoritish, akkumulyatorli fonarlar va h.) taʼminlanishi kerak.
Agar elektr uskunasini tezlik bilan oʻchirish imkoni boʻlmasa, bu holda jabrlanuvchini u tegib turgan tok oʻtkazuvchi qismlardan ajratish choralari koʻrilishi kerak. Bunda yordam beruvchi shaxs, barcha hollarda, ehtiyot choralarini koʻrmasdan jabrlanuvchiga tegib ketishi mumkin emas, chunki uning hayoti uchun xavflidir. Xuddi shuningdek, u tokning yerga tutashuv joyida oʻtkazuvchi qismga oʻzi tegib ketmaslik yoki qadam kuchlanishi taʼsiriga tushmaslikni nazorat qilib turishi kerak.
1000 gacha V. kuchlanishda jabrlanuvchini tok oʻtkazuvchi qismlardan yoki simdan ajratish uchun kanop, yogʻoch, taxta yoki elektr tokini oʻtkazmaydigan boshqa quruq jismdan foydalanish kerak (2-rasm).
2-rasm. 1000 V gacha kuchlanishli elektr uskunalarida simni yogʻoch bilan olib tashlash yoʻli bilan jabrlanuvchini tok taʼsiridan ozod qilish
Jabrlanuvchini tok oʻtkazuvchi qismlardan kiyimidan tortib (kiyimi quruq va badaniga yopishmagan boʻlsa), masalan kamzul yoki paltosining etagidan, yoqasidan tortib ajratish mumkin, bunda uning atrofidagi metall buyumlar yoki jabrlanuvchi badanining kiyimsiz joylariga tegib ketmasligi kerak (3-rasm). Jabrlanuvchini oyogʻidan tortib ham chetga olib qoʻyish mumkin, bundan yordam beruvchi shaxs oʻz qoʻllarini izolatsiya qilmasdan turib, jabrlanuvchining kiyimiga yoki poyafzaliga tegishi mumkin emas, chunki ular nam boʻlishi va elektr tokini oʻtkazishi mumkin. Qoʻllarini izolatsiya qilish uchun yordam beruvchi, ayniqsa u jabrlanuvchi badanining kiyim tegmagan joylaridan ushlashi kerak boʻlganda, yordam beruvchi shaxs dielektrik qoʻlqoplar kiyishi yoki qoʻliga sharf oʻrashi, qoʻliga movut furajkani, kamzuli yoki
3-rasm. 1000 V gacha kuchlanishli elektr uskunalarida jabrlanuvchini quruq kiyimidan tortib tok taʼsiridan ozod qilish
paltoning yengini kiyib olishi, jabrlanuvchining ustiga rezina gilamchani, rezinali mato (plash) yoki oddiy quruq matoni tashlashi kerak. Shuningdek, yordam koʻrsatuvchi shaxs rezina gilamcha, quruq taxta yoki elektr tokini oʻtkazmaydigan har qanday taglik, quruq kiyimlar oʻrami va h. ustiga turib oʻzini izolatsiya qilishi mumkin. Jabrlanuvchini tok oʻtkazuvchi qismlardan ajratishda bir qoʻl bilan harakat qilish lozim (4-rasm).
4-rasm. Jabrlanuvchini 1000 V. gacha kuchlanishli tok oʻtkazuvchi qismlardan ajratish
Agar elektr toki jabrlanuvchi orqali yerga oʻtib ketayotgan boʻlsa va u tok oʻtkazuvchi element (masalan, simni) talvasada qoʻlida mahkam ushlab olgan boʻlsa, eng osoni jabrlanuvchini yerdan ajratgan holda (uning tagiga quruq taxta tiqib yoki uning oyogʻini arqon yoki kiyimi yordamida yerdan uzib qoʻyish) tokning taʼsirini toʻxtatish mumkin, bunda yordam koʻrsatuvchi shaxs oʻziga nisbatan ham jabrlanuvchiga nisbatan ham yuqorida koʻrsatilgan ehtiyot choralarini koʻrishi kerak. Shuningdek simni yogʻoch dastagi quruq boʻlgan bolta bilan (5-rasm) yoki dastagi izolatsiyalangan asboblardan (ombir, yassi jagʻli ombirdan) foydalangan holda uzish mumkin. Dastagi izolatsiyalanmagan asbobning dastagiga quruq mato oʻrab ham foydalanish mumkin. Simlarni fazalar boʻyicha, yaʼni har bir fazani alohida uzish lozim, bunda odam oʻzini yerdan izolatsiyalashi (quruq taxtalar, yogʻoch narvon va h. ustida turishi) kerak.
5-rasm. 1000 V. gacha kuchlanishli elektr uskunalarida simlarni uzish yoʻli bilan jabrlanuvchini tok taʼsiridan ozod qilish
1000 V.dan yuqori kuchlanishda jabrlanuvchini tok oʻtkazuvchi qismlardan ajratish uchun himoya vositalaridan: dielektrik qoʻlqoplar va botiqlar
1000 V. gacha kuchlanishli elektr uskunalarida izolatsiyalaydigan shtanga yordamida simlarni chetga olish yoʻli bilan jabrlanuvchini tok taʼsiridan ozod qilish qiyish va tegishli kuchlanishga moʻljallangan shtanga yoki izolatsiyalangan omburlardan foydalanish lozim (6-rasm).
6 — 20 kV. li elektr uzatish havo liniyalarida, ularni tezlik bilan taʼminlash manbai tomonidan uzish mumkin boʻlmasa, HLni oʻchirish uchun sunʼiy ravishda qisqa tutashuv hosil qilish kerak. Buning uchun HL simlariga izolatsiyalanmagan egiluvchan oʻtkazgichni tashlash lozim. Tashlanayotgan oʻtkazgich, u orqali qisqa tutashuv toki oʻtayotganida, kuyib ketmasligi uchun yetarlicha kesimga ega boʻlishi shart. Oʻtkazgich tashlanishidan oldin, uning bir uchi zaminlanishi (metall tayanchga, zaminlovchi tushirgich yoki alohida zaminlagich va boshqalarga ulanishi) kerak, ikkinchi uchiga esa tashlaganda qulay boʻlishi uchun yuk osilsa yaxshi boʻladi. Oʻtkazgichni shunday tashlash kerakki, u odamlarga, shu jumladan yordam koʻrsatuvchi shaxsga ham jabrlanuvchiga ham tegib ketmasligi kerak. Oʻtkazgichni tashlayotganda dielektrik qoʻlqoplar va botiklar kiyib olish shart.
Yordam koʻrsatuvchi shaxs, agar oʻtkazuvchi qism (sim va h.) yerda yotgan boʻlsa qadam kuchlanishi xavfini esda tutishi kerak. Bu zonada ayniqsa ehtiyotkorlik bilan, yerdan izolatsiya boʻlishi uchun himoya vositalari (dielektrik kalishlar, botiklar, gilamchalar, izolatsilovchi tagliklar) va elektr tokini yomon oʻtkazadigan (quruq yogʻochlar, xodalar va h.) jismlardan foydalangan holda harakat qilish lozim. Tutashuv tokining yerga yoyilishi zonasida himoya vositalarisiz harakat qilganda, oyoqlarni bir-biridan uzmay yerda surib yurish kerak (7-rasm).
7-rasm. Tutashuv tokining yerga yoyilishi zonasida toʻgʻri harakatlanish:
a — tok oʻtkazuvchi qismning yerga tutashuv nuqtasidan uzoqlashish;
b — poyafzal izlari
Jabrlanuvchi tok oʻtkazuvchi qismlardan ajratilganda uni shu zonadan tok oʻtkazuvchi qismdan (simdan) kamida 8 metr masofaga olib chiqish lozim.
Suvdan chiqarib olish. Choʻkayotgan odamning qutqarishda asosiy qoida — oʻylab, xotirjam va ehtiyotkorlik bilan harakat qilishdan iborat.
Agar choʻkayotgan odamning qutqarish toʻgʻrisidagi chaqirigʻi eshitilgan boʻlsa, uning holatidan boxabar boʻlinganligi va unga yordam koʻrsatilishi haqida, albatta, javob qaytarilishi lozim. Bu choʻkayotgan odamning ruhini koʻtaradi va unga kuch bagʻishlaydi.
Agar mumkin boʻlsa, choʻkayotgan yoki suzib charchagan odamga uni qirgʻoqqa, qayiqqa tortib olish uchun langarchoʻp yoki kiyimining uchini uzatishi yoki qoʻl ostidagi qandaydir suzadigan jism yoki maxsus qutqaruvchi moslamalarni tashlashi kerak. Qutqaruvchi jismni shunday tashlash kerakki, u choʻkayotgan odamga urilib ketmasligi lozim. Agar bunday jismlar boʻlmasa yoki ulardan foydalanganda ham choʻkayotgan odamni qutqarib boʻlmasa, unda qutqarish uchun unga yordamga suzib borish kerak.
Yordam koʻrsatuvchi shaxs oʻzi nafaqat yaxshi suzish va shoʻngʻishni bilishi, balki jabrlanuvchini tashish usullarini va uning osilib olishidan oʻzini boʻshatishni bilishi kerak.
Ommaviy baxtsiz hodisalarda har bir choʻkayotgan odamga alohida yordam koʻrsatishga harakat qilish kerak. Suzib turib birdaniga bir nechta odamga yordam koʻrsatib boʻlmaydi.
Yordam koʻrsatish uchun tez suvga sakrash kerak boʻlsa, kiyimni va poyafzalni echib olish kerak. Suvning tubi va chuqurligi nomaʼlum boʻlgan joylarda suvga kalla tashlab shoʻngʻib boʻlmaydi. Suvga sakrash joyini shunday tanlash kerakki, oqimning tezligidan foydalanib hodisa roʻy bergan joyga tezroq yetib borish mumkin boʻlsin.
Suvning harorati past boʻlganda yoki suzayotgan odam charchaganida uning boldir, son mushaklarida yoki barmoqlarida tomir tortishib qolishi mumkin. Boldir mushaklarida tomir tortishganda chalqancha suzib tomir tortishib qolgan oyoqni oldinga choʻzish va uning barmoqlarini oʻziga qaratib tortish tavsiya etiladi. Son mushaklarida tomir tortishganda oyoqni tizada kuch bilan bukish yordam beradi, bunda oyoqning tagini qoʻl bilan sonning ichki tomoniga bosib turish kerak. Qoʻl barmoqlari ivishganda qoʻlni mushtum qilgan holda suvdan chiqarib qattiq silkitish kerak.
Suzib charchagan odamga quyidagicha yordam koʻrsatish mumkin. Yordam koʻrsatuvchi odam charchagan odamning oldinga choʻzgan qoʻllarining bilaklari tagiga oʻz yelkalarini tutishi va “brass” usuli bilan suzib uni oʻzi bilan olib ketishi lozim (8-rasm, a, b). Agar suzib charchagan odam yordam koʻrsatuvchi odam bilan bir maromda oyogʻi bilan suza olsa, uni olib chiqish yanada osonroq boʻladi. Suzib charchagan odamning qoʻllari yordam koʻrsatayotgan odamning yelkalaridan sirpanib tushib ketmasligini kuzatib turish kerak.
8-rasm. Suzishdan charchagan odamga yordam koʻrsatish:
a — chalqancha suzib qutqarish;
b — oldiga olib qutqarish
Choʻkayotgan odamga orqasidan turib yordam koʻrsatish kerak, chunki umidsizlik va qoʻrquv choʻkayotgan odamga kuch beradi va u yordam berayotgan odamga yopishib olib uni ham choʻktirishi mumkin.
Agar choʻkayotgan odam yordam berayotgan odamni baribir ushlab olgan boʻlsa, chuqur nafas olgan xolda suvning tagiga shoʻngʻish kerak. Bunda choʻkayotgan odam suvning ustida qolish uchun yordam berayotgan odamni qoʻyib yuboradi.
Choʻkayotgan odam ushlab olishidan qutulishning bir nechta usullari mavjud:
agar choʻkayotgan odam yordam berayotgan odamning old tomonidan tanasidan yoki boʻynidan ushlab olgan boʻlsa, bir qoʻl bilan uning belidan ushlab turib, boshqa qoʻlning kafti bilan choʻkayotganning dahaniga tiralish, burnini qisish va kuch bilan dahaniga itarish kerak. Juda boʻlmaganda yordam koʻrsatuvchi shaxs choʻkayotgan odamning qornidan pasiga tizzasi bilan tiralishi va undan kuch bilan itarilishi lozim (9-rasm);
9-rasm. Choʻkayotgan odam old tomondan ushlab olganida qutilish
agar choʻkayotgan odam yordam beruvchi boʻynining orqa tomonidan ushlab olgan boʻlsa, bir qoʻl bilan choʻkayotgan odamning bilagidan ushlab olish, ikkinchi qoʻl bilan esa shu qoʻlning tirsagidan itarib, choʻkayotgan odamning qoʻlini keskin oʻzining boshi ustidan oʻtkazib yuborish va qoʻlni boʻshatmay turib uni oʻziga orqasi bilan oʻgirish hamda uni qirgʻoqqa qarab sudrash lozim (10-rasm);
10-rasm. Choʻkayotgan odam orqa tomondan ushlab olganida qutulish
agar choʻkayotgan odam yordam beruvchining bilaklaridan ushlab olgan boʻlsa, qoʻllarni mushtum qilib kuch bilan tashqariga chiqib ketishga harakat qilish kerak va shu bilan bir vaqtda oyoqlarni qoringa tortib choʻkayotgan odamning koʻksiga tiralish va undan itarilish kerak (11-rasm);
11-rasm. Choʻkayotgan odam qoʻl bilaklaridan ushlab olganida qutilish
agar choʻkayotgan odam yordam beruvchining oyoqlaridan ushlab olgan boʻlsa, undan oʻzini boʻshatish uchun bir qoʻl bilan boshini oʻziga bosib turib, ikkinchi qoʻlda uning dahanidan ushlab oʻziga teskari qilib burish kerak (12-rasm).
12-rasm. Choʻkayotgan odam oyoqlardan ushlab olganida qutulish
Agar choʻkayotgan odam suv ostiga kirib ketgan boʻlsa, uning ketidan shoʻngʻish kerak. Uni darhol topib boʻlmasa, bir necha marta parallel shoʻngʻish kerak.
Agar choʻkayotgan odamning orqa tomonidan suzib kelish mumkin boʻlmasa, unda eng yaxshisi undan bir necha metr berida shoʻngʻib, uning yon tomonidan suzib kelish kerak va bir qoʻl bilan uning tizzasidan itarib, ikkinchi qoʻl bilan boshqa oyogʻidan ushlash, siltab oʻziga teskari qaratib olish va qirgʻoqqa olib chiqish kerak (13-rasm).
13-rasm. Choʻkayotgan odamni oʻziga orqasini qilib
Agar jabrlanuvchi suvning ostida tepaga qarab yotgan boʻlsa, yordam beruvchi odam shoʻngʻib uning boshi tomonidan suzib borishi kerak, agar jabrlanuvchi pastga qarab yotgan boʻlsa — uning yoniga oyoq tomonidan suzib borishi kerak. Ikkala holatda ham yordam beruvchi odam jabrlanuvchini qoʻltigʻini tagidan ushlab olib, koʻtarishi va suvning tubidan kuch bilan itarilib choʻkkan odam bilan suvning ustiga chiqib olishi va qirgʻoqqa qarab suzishi kerak.
Choʻkayotgan odamni bir necha usulda qirgʻoqqa olib chiqish mumkin:
boshidan ushlab (14-rasm). Buning uchun yordam berayotgan odam choʻkayotgan odamni chalqancha holatga oʻtkazishi uni shu holatda ushlab turib, yuzini kafti bilan (kafti bilan quloqlarini berkitib, katta barmoqlari bilan lunjidan, kichkina barmoqlari bilan esa past jagʻidan) ushlashi va suvning ustidan ushlab qirgʻoqqa tomon olib borishi kerak. Yordam berayotgan odamning oʻzi ham chalqancha suzishi lozim;
14-rasm. Choʻkayotgan odamni boshidan ushlab qutqarish
Qoʻlidan ushlab (15-rasm). Buning uchun yordam berayotgan odam choʻkayotgan odamning orqasidan suzib kelishi, uning tirsaklarini orqasiga oʻtkazishi va uni oʻzining bagʻriga bosib erkin usulda suzib qirgʻoqqa olib borishi kerak;
15-rasm. Choʻkayotgan odamni qoʻlidan ushlab qutqarish
qoʻl ostidan ushlab (16-rasm). Buning uchun yordam berayotgan odam choʻkayotgan odamning orqasidan suzib kelishi, oʻzining oʻng (chap) qoʻlini tezlik bilan uning oʻng (chap) qoʻli ostiga oʻtkazib olishi, choʻkayotgan odamning ikkinchi qoʻlini tirsagidan teparogʻidan ushlashi uni oʻzining bagʻriga bosib yonboshlab suzib qirgʻoqqa olib borishi kerak.
16-rasm. Choʻkayotgan odamni qoʻlini ostidan ushlab qutqarish
a — koʻkragi ustidan;
b — orqa tomonidan
Hushidan ketgan odamni qirgʻoqqa olib chiqish uchun yordam berayotgan odam yonboshlab suzishi va jabrlanuvchini sochidan yoki yoqasidan tortishi kerak.
Choʻkayotgan odamni har qanday usullar bilan qirgʻoqqa olib chiqishda uning ogʻzi va burni suvdan tepada boʻlishi kerak.
Choʻkayotgan odamni qayiq yordamida qutqarish. Choʻkayotgan odamni qutqarish uchun maxsus buyumlarsiz qayiqda suzib borilganda, oʻzi bilan langar, choʻp, yogʻoch va h. olib borish, agar choʻkayotgan hushini yoʻqotmagan boʻlsa uni choʻkayotgan odamga uzatish kerak. Agar qayiqda odam bitta oʻzi boʻlsa, bu holda u suvga sakramagani maʼqul, chunki boshqaraolmaydigan qayiqni suv oqimi olib ketishi mumkin. Qayikni choʻkayotgan odamning oldiga faqat yon tarafi bilan emas, balki old yoki orqa uchi bilan olib borish kerak. Choʻkayotgan odamni qayiqqa yo old yo orqa uchidan olish kerak, chunki uni qayiqning yon tomonidan olinadigan boʻlsa qayiq agʻdarilib ketishi mumkin. Agar qayiqdagi yordam koʻrsatuvchi ikkinchi odam, choʻkayotgan odamni qayiqdan turib suvdan ushlab ketishi mumkin boʻlsa, choʻkayotgan odamni qayiqqa olmasa ham boʻladi.
Gaz bilan zaharlangan shaxslarni gazlangan zonadan olib chiqish. Zaharli gazlar chiqishi mumkin boʻlgan xonadagi shaxs oʻzini noxush sezsa yoki unda zaharlanish alomatlari (asabiylashish, boʻshashish holati, bosh aylanishi, koʻngil aynashi va boshqalar) paydo boʻlsa, bu holda ushbu odamni tezlik bilan xonadan toza havoga olib chiqish kerak. Jabrlanuvchining holati xonadan oʻzi chiqa olmaydigan darajada ogʻirlashsa, xonadan tashqarida uni kuzatib turgan shaxs uni zudlik bilan xonadan tashqariga yetaklab yoki koʻtarib olib chiqishi kerak.
Kuzatib turgan shaxs jabrlangan odamga yordam koʻrsatish uchun gaz bilan zaharlangan xonaga kirishidan oldin, oʻzining yonida boʻlishi kerak boʻlgan kislorodli (izolatsiyalaydigan) yoki shlangli protivogaz niqobini taqib olishi lozim. Bunday hollarda filtrlovchi protivogazlarni taqish man etiladi.
Kabel inshootlari yoki gaz quvurlari qudugʻida turgan shaxs oʻzini noxush sezganda yoki unda zaharlanish alomatlari paydo boʻlganda, quduqni tepasida uni kuzatib turgan shaxslar, darhol saqlagich kamarining yelka tasmalariga biriktirilgan arqondan foydalanib uni quduqdan chiqishiga yordam berishi yoki quduqdan chiqarib olishi kerak.
Gaz bilan zaharlangan xonadan olib chiqilgan shaxsning holati yaxshilanmasa va unda zaharlanish alomatlari saqlanib qolsa, bu holda jabrlangan shaxs zudlik bilan davolash muassasasiga yuborilishi lozim.
Yonayotgan kiyimni oʻchirish. Agar odamning ustidagi kiyimi yonayotgan boʻlsa, olovni imkoni boricha tezroq oʻchirish kerak, ammo bunda olovni himoya qilinmagan qoʻllar bilan oʻchirish mumkin emas.
Kiyimi yonayotgan odam, odatda, oʻzini u yoqdan bu yoqa uradi, yuguradi. Darhol uni toʻxtatish choralari koʻrilishi kerak, uning harakatlari oqibatida olov yanada kuchayadi.
Yonayotgan kiyimni tezlik bilan echib tashlash yoki suv quyib, qishda esa qor bilan oʻchirish kerak. Yonayotgan kiyimda yerda dumalab ham olovni oʻchirish mumkin. Yonayotgan kiyimdagi odamning ustiga qalin mato, koʻrpa, brezent tashlash mumkin, olov oʻchganidan keyin jabrlangan odamning terisiga issiqlik taʼsirini kamaytirish uchun uni olib qoʻyish kerak. Yonayotgan kiyimdagi odamni boshi bilan oʻrab boʻlmaydi, chunki bu uni nafas yoʻllarining jarohatlanishi va olovdan chiquvchi zararli moddalar bilan zaharlanishiga sabab boʻlishi mumkin.
3. JABRLANGANGA BIRINChI YORDAM KOʻRSATISh USULLARI
Birinchi yordam koʻrsatish usullari jabrlangan odamning holatiga bogʻliqdir.
Jabrlangan odam sogʻligʻining holatini quyidagi alomatlar boʻyicha aniqlash mumkin:
es-hushi: aniq, yoʻq, shikastlangan (jabrlanganning harakatlari susaygan yoki hayajonlangan);
teri qatlamlarining va koʻrinadigan shilliq (lab, koʻz) pardalarining rangi: pushti, koʻkargan, oqarib ketgan;
nafas olishi: bir maromda, yoʻq, buzilgan (notoʻgʻri, sirtki, xirillagan);
uyqu arteriyalaridagi puls: yaxshi aniqlanmoqda (urishi tekis yoki notekis), yaxshi aniqlanmayapti yoki yoʻq;
koʻz qorachigʻlari: kengaygan, toraygan.
Maʼlum koʻnikmalarga ega boʻlganda yordam koʻrsatuvchi shaxs oʻzini yoʻqotib qoʻymasdan bir daqiqa ichida jabrlanganning holatini baholay bilishi va unga qanday tartibda va qaysi hajmda yordam koʻrsatilishini belgilab olishi lozim.
Jabrlanganning hushi oʻzida yoki yoʻqligiga qarab aniqlanadi. Bunga toʻla ishonch hosil qilish uchun jabrlanganning holatini oʻzidan soʻrash kerak.
Teri qatlamlarining rangi va nafas olishi (koʻkrak qafasining koʻtarilishi va tushirilishi) ham qarab aniqlanadi. Har daqiqasi qimmat boʻlgan vaqtni nafas olishini aniqlash uchun ogʻzi yoki burniga oyna va yaltiroq metall jismlarni qoʻyish uchun ketkizib boʻlmaydi.
Uyqu arteriyasida pulsni aniqlash uchun qoʻl barmoqlarini jabrlanuvchining tomogʻiga (traxeyasiga) qoʻyiladi va ularni ozgina chetga surib, boʻynining yon tomonidan ushlab koʻriladi (17-rasm).
17-rasm. Yurakka tashqi massajni oʻtkazishda qoʻllarning toʻgʻri harakati va uyqu arteriyasida pulsni aniqlash
Koʻzlarning yumuq holatida koʻz qorachigʻining kengligi quyidagicha aniqlanadi: koʻrsatkich barmoqlarini ikkala koʻzning yuqori qovoqlariga qoʻyiladi va koʻz olmasini asta bosib yuqoriga koʻtarish kerak. Bunda koʻz qiya ochiladi va koʻzning yoy pardasi, uning markazida esa dumaloq shakldagi koʻz qorachigʻi koʻrinadi. Ularning (kengaygan yoki toraygan) holati yoy pardasining ular egallagan maydoniga qarab baholanadi.
Jabrlanganning es-hushi qay darajada buzilganligi, teri qatlamlarining rangi va nafas olishining holatini pulsni aniqlash bilan bir vaqtda baholash mumkin, buning uchun bir daqiqa vaqt yetadi. Koʻz qorachiqlarini bir necha soniya ichida koʻrib olish mumkin.
Elektr toki yoki boshqa xavfli omillar taʼsiridan soʻng jarohatlangan odamning badanida koʻzga koʻrinadigan ogʻir jarohatlar boʻlmasa, jarohatlangan odam harakatlanishiga va ayniqsa ishini davom ettirishiga ruxsat berib boʻlmaydi, chunki uning sogʻligʻi keyinchalik birdaniga ogʻirlashib qolishi mumkin. Faqatgina shifokor jabrlangan odam sogʻligʻining holatini baholashi mumkin.
Yashin urganida jabrlangan odamni yerga koʻmish mumkin emas, bu faqat zarar keltiradi va uni saqlab qolishda qimmatli boʻlgan vaqtni yoʻqotilishiga olib keladi.
Agar jabrlangan odamning es-hushi oʻzida boʻlsa (bundan oldin esa hushidan ketgan boʻlib, lekin nafas olishi va pulsi bir maromda saqlanib qolgan boʻlsa) uni, masalan, kiyimlardan toʻshalgan, taglikka yotqizish; muntazam nafas olishi va pulsini kuzatib turib nafas olishiga xalal beruvchi kiyimlarini echib boʻshatish; unga toza havo kelishi uchun sharoit yaratish; agar kun sovuq boʻlsa uning badanini isitish; kun issiq boʻlsa uni salqinroqqa joylashtirish; osoyishtalikni taʼminlash, ortiqcha odamlarni ketkizish; suvdagi valeriana eritmasini (20 tomchi) ichirish lozim.
Agar jabrlanuvchi behush boʻlsa, uning nafas olishini kuzatib turish lozim, agar tilining orqaga ketib qolishi oqibatida nafas olishi sekinlashsa, past jagʻini oldinga chiqarish kerak. Buning uchun ikkala qoʻlning toʻrtta barmogʻi bilan past jagʻni orqa tomondan burchaklaridan ushlab tortiladi va yuqoridagi tishlar past tishlardan oldinda turadigan qilib suriladi (18-rasm). Tilning orqaga ketib qolishi toʻxtamaguncha uni shunday ushlab turish lozim. Behush boʻlgan jabrlanuvchiga nashatir spirti hidlatib turish, yuziga sovuq suv sepib turish lozim.
18-rasm. Past jagʻni ikkala qoʻl bilan oldinga surish.
Jabrlanuvchining koʻngli aynisa va u qayt qilishni boshlasa, qusish moddalarini yoʻqotish uchun uning boshi va yelkalarini yon tomonga (yaxshisi chapga) burish kerak.
Agar jabrlanuvchi entikib, juda sekin nafas olayotgan boʻlsa, lekin pulsi sezilayotgan boʻlsa unga darhol sunʼiy nafas olish muolajasini boshlash lozim. Sunʼiy nafas oldirish vaqtida jabrlanuvchi yotgan holatda boʻlishi shart emas. Sunʼiy nafas oldirishni, jabrlanuvchi xavfli va zararli omillar taʼsiridan xalos etilib, hamda u tayanchdan pastga tushirilib, xavfli zonadan olib chiqilganidan soʻng darhol boshlash kerak.
Agar jabrlanuvchi behush boʻlsa va u nafas olmasa, pulsi sezilmasa, teri qatlamlari koʻkargan va koʻz qorachigʻi kengayib ketgan boʻlsa, darhol sunʼiy nafas oldirish va yurakning tashqi massajini oʻtkazish yoʻli bilan organizmning hayotiy funksiyalarini tiklashga harakat qilish kerak.
Ushbu chora-tadbirlar majmuasi reanimatsiya (yaʼni jonlantirish) deb, chora-tadbirlar esa — reanimatsion chora-tadbirlar deb ataladi.
Qimmatli vaqtni yoʻqotib jabrlanuvchini echintirishning hojati yoʻq. Shuni esda tutish kerakki, yurak toʻxtatgan vaqtdan 4 daqiqa oʻtmagan boʻlsa jonlantirish muolajalari samara berishi mumkin, shuning uchun ham birinchi yordamni tez va imkoni boricha hodisa roʻy bergan joyda koʻrsatish kerak.
Jabrlanuvchi nafas olmayotgan boʻlsa yoki uning pulsi sezilmasa, uni oʻlgan deb hisoblab unga yordam koʻrsatishdan bosh turtib boʻlmaydi. Jabrlanuvchining oʻlgani haqidagi xulosani faqat tibbiyot xodimlari chiqarishi mumkin.
Jonlantirish harakatlarini boshlash bilan birga shifokor yoki tez yordamni chaqirish haqida ham oʻylash kerak, faqat buni yordam koʻrsatayotgan shaxs emas, balki boshqa shaxs qilishi lozim.
Jabrlanuvchi nafas olishining, qon aylanishining toʻxtash vaqti, sunʼiy nafas oldirishni va yurakka tashqi massaj oʻtkazishni boshlash vaqtini, hamda reanimatsion chora-tadbirlarning davomiyligini eslab qolish va ularni yetib kelgan tibbiyot xodimlariga maʼlum qilib yetkazish kerak.
4. SUNʼIY NAFAS OLDIRISh VA YuRAKKA TAShQI MASSAJNI OʻTKAZISh USULLARI
Sunʼiy nafas oldirish. Sunʼiy nafas oldirish jabrlanuvchi nafas olmayotganda yoki ogʻir (sekin, entikib) nafas olayotganida, hamda qanday: elektr toki taʼsiri, zaharlanish, choʻkish va boshqa sabab boʻlishidan qatʼiy nazar nafas olishi muntazam ogʻirlashib borayotganda oʻtkaziladi.
Sunʼiy nafas oldirishning eng samarali usuli boʻlib “ogʻizdan ogʻizga” yoki “ogʻizdan burunga” usuli hisoblanadi, bunda jabrlanuvchining oʻpkasiga yetarli hajmda havo yetkazib berilishi taʼminlanadi. “Ogʻizdan ogʻizga” yoki “ogʻizdan burunga” usuli yordam koʻrsatuvchi shaxs chiqarayotgan havoni majburan jabrlanuvchining havo yoʻllariga yuborilishiga asoslanadi, bunda fiziologik jihatdan ushbu yuborilayotgan havodan jabrlanuvchining nafas olishi uchun foydalansa boʻladi. Havoni doka, roʻmolcha va h. orqali yuborsa boʻladi. Sunʼiy nafas oldirishning ushbu usuli jabrlanuvchining oʻpkasiga havo kelishini nazorat qilish imkonini beradi, chunki koʻkrak qafasi havo puflanayotganda koʻtarilishi va havo chiqarilganda pastga tushishini koʻrish mumkin.
Sunʼiy nafas oldirishni oʻtkazish uchun jabrlanuvchini chalqancha yotqizish, nafas olishni siqib turgan kiyimlarining tugmalarini echib boʻshatish va behush chalqancha yotganda orqaga ketib qolgan til bilan yopilib qolgan yuqori nafas olish yoʻllari oʻtkazuvchanligini taʼminlash lozim. Bundan tashqari, ogʻiz boʻshligʻi ichida yot moddalar (qusuq moddalari, echilib tushgan protezlar, agar odam choʻkkan boʻlsa, qum, balchiq, oʻtlar va h.) boʻlishi mumkin, ularni jabrlanuvchining boshini yon tomonga burib dastroʻmol (latta) yoki bint oʻralgan koʻrsatkich barmoq bilan olib tashlash kerak (19-rasm). Shundan soʻng yordam koʻrsatuvchi shaxs jabrlanuvchi boshining yon tomoniga joylashib, bir qoʻlini uning boshini tagidan oʻtkazadi, ikkinchi qoʻlining kafti bilan jabrlanuvchining boshini imkoni boricha orqaga agʻdarib peshonasini bosishi lozim (20-rasm).
19-rasm. Ogʻiz va ogʻiz boʻshligʻini tozalash
20-rasm. Sunʼiy nafas oldirish vaqtida jabrlanuvchi boshining holati
Bunda tilning asosi koʻtarilib halqumga kirish yoʻlini ochib beradi, jabrlanuvchining ogʻzi esa ochiladi. Yordam koʻrsatuvchi shaxs jabrlanuvchining yuziga engashib, ogʻzini ochib chuqur nafas oladi soʻngra lablari bilan jabrlanuvchining ogʻzini toʻliq yopib jabrlanuvchining ogʻziga havo yuborib tez nafas chiqaradi; shu bilan bir vaqtda u jabrlanuvchining burnini yuzi bilan yoki peshonani ushlab turgan qoʻlning barmoqlari bilan yopishi kerak (21-rasm).
21-rasm. Sunʼiy nafas oldirishning “Ogʻizdan-ogʻizga” usuli
22-rasm. Sunʼiy nafas oldirishning “Ogʻizdan-burunga” usuli
Bunda jabrlanuvchining koʻtarilishi kerak boʻlgan koʻkrak qafasini kuzatib turish lozim. Koʻkrak qafasi koʻtarilishi bilan havo puflash toʻxtatiladi, yordam koʻrsatuvchi shaxs boshini koʻtarib, jabrlanuvchi asta-sekin nafas chiqaradi. Nafas chiqarish yanada chuqurroq boʻlishi uchun koʻkrak qafasini sekin bosgan holda jabrlanuvchining oʻpkasidan havo chiqishiga koʻmaklashish mumkin.
Agar jabrlanuvchining pulsi yaxshi aniqlanayotgan va unga faqat sunʼiy nafas oldirish kerak boʻlsa, sunʼiy nafas oldirish oʻrtasidagi vaqt oraligʻi 5 soniyani tashkil etishi kerak, bu bir daqiqada 12-marta nafas oldirishdan iboratdir.
Koʻkrak qafasi kengayishidan tashqari teri qatlamlarining va shilliq pardalarning pushti rangga kirishi, hamda jabrlanuvchining behushlik holatidan chiqib oʻzi mustaqil nafas ola boshlashi, sunʼiy nafas oldirish samaradorligini yaxshi koʻrsatkichi boʻlib xizmat qiladi.
Sunʼiy nafas oldirishni oʻtkazishda yordam koʻrsatuvchi shaxs puflanayotgan havoning jabrlanuvchini oshqozoniga emas, balki oʻpkasiga oʻtishini kuzatib turishi kerak. Qorinning shishishi havoning oshqozonga oʻtganidan dalolat beradi, bunda koʻkrak va kindik oʻrtasida qorin qoʻlning kafti bilan ehtiyotkorlik bilan asta-sekin bosib eziladi. Bunda jabrlanuvchi qayt etishi mumkin, bunda uning ogʻzi va halqumini tozalash uchun jabrlanuvchining boshi va yelkasini yon tomonga (yaxshisi chapga) burish kerak.
Agar havo puflanganda koʻkrak qafasi koʻtarilmasa, jabrlanuvchining past jagʻini oldinga tortib chiqarish lozim (18-rasm).
Agar jabrlanuvchining jagʻlari bir-biriga mahkam bosilgan boʻlib uning ogʻzini ochib boʻlmasa, bu holda sunʼiy nafas oldirishni “ogʻizdan burunga” usuli bilan oʻtkazish kerak (22-rasm).
Jabrlanuvchi oʻzi mustaqil nafas ololmasa va uning pulsi aniqlanayotgan boʻlsa, baxtsiz hodisa minoraning savatchasida, tayanchda yoki machtada roʻy bergan boʻlsa sunʼiy nafas oldirishni oʻtirgan yoki turgan holatda oʻtkazish mumkin (23-va 24-rasm). Bunda jabrlanuvchining boshini imkoni boricha orqaga engashtiriladi yoki past jagʻi oldinga suriladi. Qolgan usullar xuddi oldingidek oʻtkaziladi.
23-rasm. Ish joyida jabrlanuvchining oʻtirgan holatida sunʼiy nafas oldirish
24-rasm. Ish joyida jabrlanuvchining turgan holatida sunʼiy nafas oldirish
Kichkina bolalarga havoni puflaganda bir vaqtda oʻzining ogʻzi bilan bolaning burnini ham yopib, ham ogʻziga ham burniga havo puflanadi (25-rasm). Bola qanchalik kichkina boʻlsa, nafas olganida unga puflanadigan havo shunchalik kam boʻlishi kerak va katta odamga nisbatan koʻproq marta havo puflanishi lozim (bir daqiqada 15 — 18-marta). Yangi tugʻilgan chaqaloqqa katta odamning ogʻiz boʻshligʻidagi havo yetarli boʻladi. Shuning uchun bolaning nafas olish yoʻllari shikastlanmasligi uchun unga havoni juda keskin emas va toʻliq boʻlmagan hajmda puflash kerak.
25-rasm. Bolaga sunʼiy nafas oldirish
Jabrlanuvchining oʻzi dastlabki sust nafas ola boshlashi bilan sunʼiy nafas oldirishdagi havoni, oʻzi nafas olayotgan vaqtda puflash lozim.
Jabrlanuvchi yetarli darajada chuqur va bir maromda mustaqil nafas olganidan soʻng unga sunʼiy nafas oldirish toʻxtatiladi.
Jabrlanuvchi nafas olmasa va uning uyqu arteriyasida puls aniqlanmasa, bu holda sunʼiy nafas oldirish uchun ikki marta havo puflanadi va yurakka tashqi massaj oʻtkazishni boshlash kerak.
Yurakka tashqi massaj oʻtkazish. Jabrlanuvchi nafas olmasa va uning uyqu arteriyasida puls aniqlanmasa unga yordam koʻrsatayotganda faqat sunʼiy nafas oldirishning oʻzi yetarli boʻlmaydi, chunki oʻpkadagi kislorod qon bilan boshqa organlar va toʻqimalarga oʻta olmaydi. Bu holda sunʼiy ravishda qon aylanishini tiklash kerak, buning uchun yurakka tashqi massaj oʻtkazish lozim.
Odamning yuragi koʻkrak qafasida toʻsh suyagi va umurtqa pogʻonasi oʻrtasida joylashgan boʻladi. Toʻsh suyagi — harakatchan yassi suyakdir. Odam chalqancha (qattiq sirtda) yotganida umurtqa pogʻonasi harakatsiz qattiq asos boʻlib qoladi. Agar toʻsh suyagi bosilsa, yurak toʻsh suyagi va umurtqa pogʻonasi oʻrtasida siqiladi va uning ichidagi qon tomirlarga siqib chiqariladi. Agar toʻsh suyagiga ilqib-ilqib bosilsa, yurakdagi qonning siqib chiqarilishi xuddi yurak tabiiy qisqarganida chiqqanidek boʻladi. Bu yurakka tashqi (bilvosita, yopiq) massaj oʻtkazish deb ataladi, bunda qon aylanishi sunʼiy ravishda tiklanadi. Shunday qilib, sunʼiy nafas oldirish yurakka tashqi massaj oʻtkazish bilan birgalikda amalga oshirilsa, nafas olish va qon aylanish funksiyalari amalga oshiriladi.
Quyidagi: teri qatlamlarining oqarib yoki koʻkarib ketishi, hushini yoʻqotish, uyqu arteriyalarida pulsning aniqlanmasligi, nafas olishning toʻxtab qolishi yoki entikib, toʻxtab-toʻxtab nafas olish alomatlarining birgalikdagi koʻrinishi yurak faoliyatining toʻxtab qolganidan dalolat beradi va reanimatsion chora-tadbirlarning amalga oshirilishini taqozo etadi.
Yurak toʻxtab qolganda, vaqtni zoye kyetkazmasdan, jabrlanuvchini qattiq tekis joyga: kursiga, polga, hech narsa boʻlmaganda tagiga taxta qoʻyib yotqizish lozim.
Agar bitta odam yordam koʻrsatayotgan boʻlsa, u jabrlanuvchining yon tomoniga oʻrnashib oladi va engashib ikki marta (“ogʻizdan-ogʻizga” yoki “ogʻizdan-burunga” usuli bilan) tez havo puflaydi, soʻngra qaddini rostlab, jabrlanuvchining shu tomonida qolib, bitta qoʻlining kaftini toʻsh suyagining pastki yarmiga, tagidagi uchidan ikki barmoq yuqoriroqqa qoʻyadi (26-va 27-rasm), barmoqlarini esa sal koʻtaradi (17-rasmga qarang). Ikkinchi qoʻlining kaftini birinchi kaftining ustiga koʻndalang yoki uzunasiga qilib qoʻyib, engashgan gavdasi bilan yordam bergan holda bosadi. Bosganda qoʻllar tirsak boʻgʻimlarida toʻgʻri boʻlishi kerak.
26-rasm. Yurakka tashqi massajni oʻtkazishda qoʻllar turishi kerak boʻlgan joy
27-rasm. Yurakka tashqi massajni oʻtkazishda yordam koʻrsatuvchi shaxs turishi kerak boʻlgan joy
Bosganda tez-tez shunday siltab bosish kerakki, toʻsh suyagi 4-5 sm.ga surilishi, bosish davomiyligi 0,5 soniyadan oshmasligi, alohida bosishlar oraligʻi ham 0,5 soniyadan oshmasligi kerak.
Bosishlar oraligʻida qoʻllar toʻsh suyagidan olinmaydi (agar ikki kishi yordam berayotgan boʻlsa) barmoqlar koʻtarilgan holatda boʻlishi, qoʻllar tirsak boʻgʻimlarida toʻliq toʻgʻrilangan boʻlishi lozim.
Agar jonlantirishni bitta odam oʻtkazayotgan boʻlsa (28-rasm), har ikki marta chuqur havo puflaganida toʻsh suyagini 15-marta bosish kerak, soʻngra yana ikka marta havo puflanadi va yana 15-marta toʻsh suyagini bosish kerak va h. Bir daqiqa ichida toʻsh suyagini kamida 60-marta bosish va 12-marta havo puflash, yaʼni 72 muolajani bajarish lozim, shuning uchun reanimatsion chora-tadbirlarning surʼati yuqori boʻlishi kerak. Tajribaning koʻrsatishicha, sunʼiy nafas oldirishga koʻproq vaqt sarflanadi. Havoni puflashda jabrlanuvchining koʻkrak qafasi kengayishi bilan havo puflashni toʻxtatish lozim.
28-rasm. Sunʼiy nafas oldirish va yurakka tashqi massajni bir kishi tomonidan oʻtkazilishi
Reanimatsion chora-tadbirlar ikki kishi tomonidan oʻtkazilayotgan boʻlsa (29-rasm), “nafas oldirish — massaj qilish” nisbati 1:5 ni tashkil qiladi, yaʼni bitta chuqur havo puflanganidan soʻng koʻkrak qafasi besh marta bosilishi kerak. Jabrlanuvchiga sunʼiy nafas oldirish vaqtida yurakka massaj qilayotgan kishi koʻkrak qafasini bosmay turadi, chunki koʻkrak qafasi bosilganidagi harakatlar havo puflanishidan kuchliroq boʻladi (havo puflanishida koʻkrak qafasining bosilishi sunʼiy nafas oldirishni va dyemak reanimatsion chora-tadbirlarni samarasiz qilib qoʻyadi). Reanimatsion chora-tadbirlar ikki kishi tomonidan oʻtkazilayotganda yordam koʻrsatuvchi shasxlar har 10 — 15 daqiqada oʻrin almashib turishi maqsadga muvofiqdir.
29-rasm. Sunʼiy nafas oldirish va yurakka tashqi massajni ikki kishi tomonidan oʻtkazilishi
Yurakka tashqi massaj toʻgʻri bajarilganda toʻsh suyagining har bosilishida arteriyalarda puls paydo boʻlishiga olib keladi.
Yordam koʻrsatuvchi shaxslar yurakka tashqi massajni toʻgʻri va samarali oʻtkazilayotganligini uyqu va son arteriyalarida pulsning paydo boʻlishi boʻyicha vaqti-vaqti bilan nazorat qilib turishlari lozim. Jonlantirish bir kishi tomonidan oʻtkazilayotgan boʻlsa, u har 2 daqiqada uyqu arteriyasidagi pulsni aniqlash uchun yurakka massaj qilishni 2-3 soniyaga toʻxtatib turishi lozim (17-rasm). Agar jonlantirish ikki kishi tomonidan oʻtkazilayotgan boʻlsa, uyqu arteriyasidagi puls sunʼiy nafas oldirishni oʻtkazayotgan shaxs tomonidan nazorat qilinadi. Massaj qilish vaqtidagi tanaffusda pulsning paydo boʻlishi yurak faoliyatining (qon aylanishining) tiklanganligidan dalolat beradi. Bunda yurakka massaj qilishni darhol toʻxtatish, ammo sunʼiy nafas oldirishni, jabrlanuvchi oʻzi barqaror mustaqil nafas olishiga qadar davom ettirish kerak. Puls paydo boʻlmagan taqdirda yurakka massaj qilishni davom ettirish lozim.
Sunʼiy nafas oldirish va yurakka tashqi massaj oʻtkazishni jabrlanuvchi oʻzi mustaqil nafas olishi va yurak faoliyati tiklanishiga qadar yoki uni tibbiyot xodimlari qaramogʻiga oʻtkazilishiga qadar amalga oshirish lozim.
Agar reanimatsion chora-tadbirlar samarali oʻtkazilsa (toʻsh suyagi bosilganda yirik arteriyalarda puls aniqlansa, koʻz qorachigʻlari toraysa, teri qatlamlarining va shilliq pardalarining koʻkarganligi kamaysa), jabrlanuvchida nafas olish va yurak faoliyati tiklanadi.
Organizm jonlanishining (mustaqil nafas olishi, koʻz qorachigʻlarining torayishi, jabrlanuvchi qoʻl-oyoqlarini qimirlatishga harakat qilishi va boshqa) alomatlari paydo boʻlib, uzoq vaqt davomida puls aniqlanmasa, bu yurak fibrillatsiyasidan dalolat beradi. Bu hollarda tibbiyot xodimlari qaramogʻiga topshirilishiga qadar jabrlanuvchiga sunʼiy nafas oldirish va yuragiga massaj qilish muolajalarini davom ettirish zarur.
12 yoshgacha boʻlgan bolalarga oʻtkaziladigan reanimatsion chora — tadbirlar oʻziga xos xususiyatlarga ega boʻladi. Bir yoshdan 12 yoshgacha boʻlgan bolalarga yurak massaji bir qoʻlda oʻtkaziladi (30-rasm) va bolaning yoshiga qarab koʻkrak qafasi bir daqiqada 70 dan 100-martagacha bosiladi, bir yoshgacha boʻlgan bolalarga ikkita (koʻrsatkich va bosh) barmoq yoki bolaning tanasini qolgan barmoqlar bilan quchoqlab olib ikkala qoʻlning bosh barmoqlari bilan toʻsh suyagining oʻrtasiga bir daqiqada 100 dan 120-martagacha bosiladi (31-rasm).
30-rasm. Birdan 12 yoshgacha boʻlgan bolalarga yurak massajini oʻtkazish
31-rasm. Yangi tugʻilgan va bir yoshgacha boʻlgan chaqaloqlarga yurak massajini oʻtkazish
5. YaRADOR BOʻLGANDA YORDAM KOʻRSATISh
Har qanday jarohat yarador qilgan jismdagi, jarohatlangan odamning terisidagi, changdagi, yerdagi, yordam koʻrsatuvchi shaxsning qoʻllaridagi va toza boʻlmagan bogʻlash matosidagi mikroblar bilan ifloslanishi mumkin.
Jarohatlanganga yordam koʻrsatishda quyidagi qoidalarga rioya etish zarur:
jarohat joyini suv yoki har qanday dori moddasi bilan yuvish, ustiga kukun sepish va surtmalar surish mumkin emas, chunki bu yaraning bitishiga toʻsqinlik qiladi, uni yiringlatishi va teri sirtidagi ifloslarni kirib qolishiga sabab boʻladi;
jarohat joyining ichidan qum, tuproqni va h. olib tashlash mumkin emas, chunki shu tariqa jarohat ichidagi hamma ifloslarni olib boʻlmaydi. Yaraning atrofidagi ifloslarni yaraning ichiga tushmasligi uchun undan tashqariga qilib ehtiyotkorlik bilan olish lozim;
terining tozalangan qismiga yod surish va bogʻlab qoʻyish zarur;
yaraning ichidagi qotib qolgan qonni, kiyim qoldiqlarini va h. olib boʻlmaydi, chunki bu qon oqib ketishiga sabab boʻlishi mumkin;
yara joyini izolatsiya tasmasi bilan bogʻlash yoki uning ustini oʻrgimchakning ini bilan oʻrab qoʻyish mumkin emas, bu qoqshal kasalligiga olib kelishi mumkin.
Yarador boʻlganda birinchi yordam koʻrsatish uchun dori qutichasidagi bogʻlash oʻramini uning ustida yozilgan koʻrsatmalarga muvofiq ochish kerak. Bogʻlash vaqtida bevosita yaraga tegadigan qismiga qoʻl tegizmaslik lozim.
Qandaydir sababga koʻra bogʻlash oʻrami boʻlmagan taqdirda, jarohatni bogʻlash uchun toza dastroʻmol yoki matodan foydalanish mumkin. Yara joyiga bevosita paxta qoʻyish mumkin emas.
Matoning bevosita yaraga qoʻyiladigan qismiga yaradan kattaroq dogʻ hosil boʻlguncha bir nechta tomchi yod tomizish, soʻngra esa matoni yaraning ustiga qoʻyish kerak.
Yordam koʻrsatuvchi shaxs qoʻllarini yuvishi yoki barmoqlarini yod bilan artishi kerak. Biroq yuvilgan qoʻllar bilan ham yaraga tegish mumkin emas.
Agar yaraning ustiga tuproq tushgan boʻlsa, qoqshal kasalligiga qarshi emlash uchun darhol shifokorga murojaat qilish kerak.
6. QON KETGANDA YORDAM KOʻRSATISh
Qon ketishi tashqi (qon tanadan tashqariga oqadi) yoki ichki (qon bosh suyagining, koʻkrak qafasining, qorin boʻshligʻining ichida) boʻlishi mumkin. Qon tomirlarining shikastlanishiga qarab arterial, vena va kapillyar qon ketishi turlariga boʻlinadi.
Arterial qon ketishi chuqur kesilgan yoki sanchilgan jarohatlarda paydo boʻladi. Yorqin qizil (alvon) rang qon (yurak mushaklarining qisqarishiga mos) tirqirab oqadi, baʼzida esa kichkina favvoracha boʻlib uradi. Katta (uyqu, oʻmrov osti, yelka, son, tizza osti) arteriyalar jarohatlanganda juda kuchli qon ketishi vujudga keladi, qon katta bosim bilan qon tomirlardan oqib chiqadi, agar qon ketishini oʻz vaqtida toʻxtatmasa, jarohatlangan kishi bir necha daqiqa ichida nobud boʻlishi mumkin.
Venadan qon ketishi venalar jarohatlanganda paydo boʻladi. Qon sekin tekis oqib chiqadi, toʻq qizil olcha rangiga ega boʻladi.
Kapillyar qon ketishi katta shilingan joylarda va sirtqi jarohatlarda mayda qon tomirlar (kapillyarlar) shikastlanganda boʻladi. Qon yara joyining butun sirti boʻylab asta sekin tomchilab sizib chiqadi. Kapillyar qon ketishini dastlab yaraning atrofini yod bilan artib steril bogʻlam yoki vodorod peroksidining 3 foizli eritmasiga hoʻllangan bogʻlam yordamida toʻxtatish oson.
Tashqi qon ketishi turli usullar bilan toʻxtatiladi.
Kuchli boʻlmagan (vena yoki arterial) qon ketishida yaraning ustiga qattiq siquvchi bogʻlam qoʻyiladi va tananing qonayotgan qismi tepaga koʻtariladi.
Siquvchi bogʻlam quyidagicha qoʻyiladi: yara atrofidagi teri yod bilan artiladi, yaraning ustiga bogʻlam materiallari (bir nechta qavat steril doka, bint), paxta qoʻyiladi va siqib bogʻlanadi. Agar qon ketishi toʻxtamasa, qoʻyilgan bogʻlam materiallarini olmasdan turib, uning ustiga yana bir nechta qavat doka, paxta qoʻyilib siqib bogʻlanadi. Agar qoʻl-oyoqlar bogʻlanadigan boʻlsa, bint oʻramlari pastdan yuqoriga barmoqlardan tanaga qarab bogʻlanishi kerak. Jarohatlangan qoʻl yoki oyoq tepaga koʻtarib qoʻyiladi.
Kuchli qon ketishini tez toʻxtatish uchun qonayotgan tomirni yaradan teparoqda (qon oqimi boʻylab) suyakka barmoqlar bilan bosib turish kerak. 32-rasmda arteriya qon tomirlarini bosib turganda eng samarali boʻlgan joylar nuqtalar bilan koʻrsatilgan. Quyidagi jarohatlarda qon ketishini toʻxtatish uchun bosiladigan nuqtalar: peshona yoki chakkada-chakka arteriya qon tomirini quloq suprasi oldida (1-nuqta);
Quyidagi jarohatlarda qon ketishini toʻxtatish uchun bosiladigan nuqtalar:
peshona yoki chakkada — chakka arteriya qon tomirini quloq suprasi oldida (1-nuqta);
gardanda — gardan arteriyasini bosish (2-nuqta);
boshda yoki boʻyinda — uyqu arteriyasi qon tomirlarini boʻyin umurtqa pogʻonalariga bosish (3- va 4 - nuqtalar);
yelkada (yelka boʻgʻimlari oldida) va qoʻltiq ostida — oʻmrov osti arteriyani oʻmrov osti chuqurchasidagi suyakka bosish (5-nuqta);
32-rasm. Qon tomirlaridan qon ketishini toʻxtatish uchun arteriyalarni bosish kerak boʻlgan joylari
yelka oldida — qoʻltiq osti (6-nuqta) yoki yelka (7-nuqta) arteriyasini yelka oʻrtasida ichki tomondan bosish;
qoʻl panjasi yoki barmoqlarida — bilak va tirsak arteriyalarini yelka oldi suyagining pastdagi uchdan bir qismining panja oldida bosish (8- va 9-nuqtalar);
son qismida — son arteriyasini butida bosish (10-nuqta);
boldirda — son arteriyasini sonning oʻrtasida (11-nuqta) yoki tizza osti arteriyani (12-nuqta) bosish;
oyoq yuzasi va panjalarida — oyoq yuzasidagi orqa arteriyasini (13-nuqta) yoki orqa katta boldir arteriyasini (14-nuqta) bosish.
Oyoq va qoʻllardagi qon ketishini uni jarohat joyidan yuqoriroqda boʻgʻimda bukish yoʻli bilan toʻxtatish mumkin, agar bu qoʻl yoki oyoq sinmagan boʻlsa (33-rasm). Jabrlanuvchining tezlik bilan yengini yoki shimining pochasini shimarish va boʻgʻimini bukishda hosil boʻlgan chuqurchaga bir siqim paxta, doka yoki istalgan mato boʻlagini solib qoʻyish va boʻgʻinni kuch bilan, oxirigacha bukish kerak. Bunda bukilgan joydagi oʻtgan yaraga qon keltiruvchi arteriya siqiladi. Oyoq yoki qoʻl shunday buklangan holatida jabrlanuvchining tanasiga roʻmol, sharf yoki kamar bilan bogʻlab qoʻyilishi kerak.
33-rasm. Qon ketishini toʻxtatish uchun oyoq-qoʻllarni boʻgʻimida bukish:
a — yelka oldidan;
b — yelkadan;
v — boldirdan;
g — sondan
Jarohatlangan oyoq — qoʻllardan qon kuchli ketganida uni chirmov (jgut) bilan qattiq : tortib bogʻlash kerak (34-rasm).
34-rasm. Qon ketishini toʻxtatish uchun rezina chirmovi (jgut)
Chirmov sifatida har qanday egiluvchan, choʻziladigan mato, rezina naycha, podtyajkalar va h.dan foydalanish mumkin.
Chirmov jarohatdan yuqoriroq (tanaga yaqinroq) joyga, oldin qon ketayotgan tomirni tegishli suyakka barmoq bilan bosib turgan holda, ogʻriqni kamaytirish va terining qisilib qolmasligi uchun kiyimning ustidan yoki qandaydir yumshoq qistirma (oyoq-qoʻlga oʻralgan bir nechta qavat qilib buklangan bint, doka yoki roʻmol) ustidan bogʻlanadi.
Agar yordam bir kishi tomonidan koʻrsatilayotgan boʻlsa, qon tomirini bosib turishni jabrlanuvchiga topshirish mumkin.
Chirmovni ikkala qoʻl bilan choʻzib turib, jarohatlangan qoʻl-oyoq atrofida ikki-uch marta oʻrash kerak, bunda chirmov oʻramlari oʻrtasida terining ochiq qolgan joylari boʻlmasligi lozim (35-rasm).
35-rasm. Rezina chirmovni qoʻyish bosqichlari
36-rasm. Qon ketishini burama bilan toʻxtatish:
a — tugun bogʻlash;
b — tayoqcha yordamida burish;
v — tayoqchani mahkamlash
Chirmovni qon ketishi toʻxtamaguncha burash lozim. Agar chirmov toʻgʻri qoʻyilgan boʻlsa, chirmov qoʻyilgan joydan pastdagi qon tomirda qonning pulsatsiyasi aniqlanmaydi, bogʻlangan joydan pastdagi oyoq-qoʻlning uchi oqara boshlaydi. Biroq chirmovni juda qattiq bogʻlab boʻlmaydi, chunki mushaklarni shikastlash, asab tomirlarini siqib qoʻyish va oyoq-qoʻl falajini paydo qilish mumkin.
Qoʻl ostida bogʻlash uchun ishlatsa boʻladigan choʻziladigan mato boʻlmasa, oyoq-qoʻlni choʻzilmaydigan matodan: boʻyinbogʻ, belbogʻ, buralgan roʻmol yoki sochiqdan va h. yasalgan burama bilan bogʻlash mumkin.
Burama yasalishi kerak boʻlgan mato koʻtarilgan oyoq-qoʻl atrofida tegishli qistirma qoʻyib oʻraladi, va oyoq-qoʻlning tashqi tomonidan tugun qilib bogʻlanadi. Shu tugunning ichiga yoki uning tagiga tayoqchaga oʻxshash qandaydir jism tiqilib, qon toʻxtashiga qadar buraladi (36-rasm). Kerakli darajagacha buralganidan soʻng tayoqchani, oʻzi ochilib ketmaydigan qilib (qoʻshimcha halqa yoki bint bilan) mahkamlash kerak.
Yilning iliq davrida chirmov yoki buramani 2 soatdan koʻproq vaqtga, sovuq davrida esa — 1 soatdan koʻproq vaqtga qoʻyib boʻlmaydi. Chirmov bundan koʻproq vaqtga qoʻyilganda oyoq-qoʻl toʻqimalarini nobud boʻlishi xavfi bor. Shu boyisdan vaqtni nazorat qilish uchun chirmov yoki buramaning tagiga yoki jarohatlanganning kiyimida bogʻlash joyining yoniga, ular qoʻyilgan aniq vaqt koʻrsatilgan qogʻozni qistirib qoʻyish kerak. Bir soatdan keyin chirmovni (buramani) qoldirish zarurati boʻlsa, jarohatlangan joyini teparoqdan barmoq bilan bosib turib, jarohatlangan joyga qon kelishi uchun chirmovni 10 — 15 daqiqaga echib turish, soʻngra chirmovni oldingi joyidan teparoq yoki pastroqqa qaytadan bogʻlab qoʻyish kerak. Chirmov bogʻlangan jabrlanuvchini imkon qadar tezroq davolash muassasasiga yetkazish zarur.
Hayot uchun juda xavfli boʻlgan ichki qon ketishida, qon tananing ichki organlari boʻshliqlariga oqadi va uni amalda toʻxtatib boʻlmaydi. Uni jabrlanuvchining tashqi koʻrinishiga qarab aniqlash mumkin: uning rangi oqaradi, terida yopishqoq ter paydo boʻladi, tez-tez yuzaki nafas oladi, pulsi tezlashib uning ovozi sekin eshitiladi. Jabrlanuvchini yotqizish yoki yarim oʻtirgan holatga keltirish, unga tinchlik-osoyishtalikni taʼminlash, taxminin qon ketayotgan joyga “muz” (yax, sovuq suv solingan idish) qoʻyish va tezlik bilan shifokorni chaqirish lozim. Agar qorin boʻshligʻi shikastlanganligiga taxmin qilinayotgan boʻlsa, unga ichishga suv berish mumkin emas.
Burundan qon ketganda, jabrlanuvchini oʻtqazish, qon dimogʻiga oqib tushmasligi uchun boshini oldinga engashtirish, yoqasini echib qoʻyish, qanshariga sovuq suvga hoʻllangan latta qoʻyish, burnining ichiga 3 foizli vodorod peroksidiga hoʻllangan paxta yoki doka tikib qoʻyish, burun kataklarini 4-5 daqiqaga barmoqlar bilan qisib qoʻyish kerak.
Ogʻizdan qon ketganda (qon qusish) jabrlanuvchining boshini yon tomonga burib yotqizib qoʻyish lozim.
7. SINGAN, ChIQQAN, LAT EGANDA VA ETI UZILGANDA YORDAM KOʻRSATISh
Suyak butunligining buzilishi singan deb ataladi. Jabrlanuvchi singan joyida kuchli ogʻriqni sezadi, bu ogʻriq, holatni oʻzgartirmoqchi boʻlganda kuchayadi, suyak siniqlarining joyidan siljishi tufayli, qiyshayish, shishganlikni koʻrish mumkin.
Sinish ochiq yoki yopiq boʻladi; ochiq sinishda teri qatlamlari ham shikastlangan boʻladi.
Sinishda, jabrlanuvchiga singan suyakning qimirlamasligini taʼminlash kerak. Bu ogʻriqni kamaytiradi va suyak siniqlarining keyingi siljini va qon tomirlari hamda yumshoq toʻqimalarni ular tomonidan yana jarohatlanishining oldini oladi.
Ochiq sinishlarda oldin qon ketishi toʻxtatiladi va steril bogʻlam qoʻyiladi.
Suyak qimirlamasligi uchun standart shinalar yoki qoʻl ostidagi materiallardan (fanera, taxta, yogʻochdan va h.) tayyorlangan shinalardan foydalaniladi.
Yopiq sinishda jabrlanuvchining kiyimini echmaslik — shinalarni kiyimni ustidan qoʻyish kerak.
Singan joyga ogʻriqni kamaytirish uchun “muz” (yax, sovuq suv solingan rezina xalta, suvga hoʻllangan latta) qoʻyilishi kerak.
Chiqish — boʻgʻimdagi suyuqlarning joyidan siljishi, bunda boʻgʻimlarning sirti qisman yoki toʻliq bir-biriga tegmay qoladi. Qoʻl yoki oyoq chiqqan vaqtdagi kuchli ogʻriq keyin ham kamaymaydi. Qoʻl yoki oyoq chiqishining hususiyatlari quyidagicha: boʻgʻimning harakatlantirib boʻlmasligi, uning nogʻayritabiiy holati, shishganligi.
Qoʻl-oyoq chiqqanda yoki singanda jarohatlangan qoʻl yoki oyoqni shina yordamida toʻliq harakatlanmasligini taʼminlash va shikastlangan joyga “muz” qoʻyish kerak. Oʻz holicha qoʻl yoki oyoqni kiritishga harakat qilmaslik kerak, buni faqat shifokor qilishi mumkin.
Jabrlanuvchini davolash muassasasiga yetkazish kerak, yoʻlda va tibbiyot xodimlariga topshirish vaqtida jarohatlangan qoʻl-oyoqni yoki tananing boshqa qismini qimirlamaydigan tinch holatda boʻlishini taʼminlash lozim.
Qoʻl-oyoq chiqqan yoki singanda shina qoʻyish yoʻli bilan kamida ikkita, singan joydan tepadagi va undan pastdagi boʻgʻimlarning, katta suyaklar singanidan esa — uchta boʻgʻimning qimirlamasligini taʼminlash kerak. Shinaning markazi singan joy oldida boʻlishi lozim. Shina bogʻlami yirik tomirlarni, asab tolalarni va suyaklarning turtib chiqqan joyini ezmasligi kerak.
Shinani, yaxshisi yumshoq latta va ustidan bint bilan oʻrash kerak. Shina bint, roʻmol. kamar va h. bilan mahkamlab qoʻyiladi. Shina boʻlmagan taqdirda, shikastlangan qoʻlni tanaga, shikastlangan oyoqni esa ikkinchi sogʻ oyoqqa bogʻlab qoʻyish kerak.
Elka suyagi singan yoki chiqqanda shinani qoʻlni tirsagida bukib qoʻyish kerak. Qoʻl suyagining yuqori qismi singanida shina ikki — yelka va tirsak boʻgʻimlariga qoʻyilishi, qoʻl suyagining pastki qismi singanida esa — unga qoʻshimcha bilak boʻgʻimiga ham qoʻyilishi kerak (37-rasm). Shinani qoʻlga bint bilan bogʻlash, qoʻlni esa roʻmol yoki bint bilan boʻyinga osib qoʻyish kerak.
37-rasm. Elka suyagi singanida shina qoʻyish
Elka oldi suyagi singan yoki chiqqanda (kaft kengligidagi) shinani tirsak boʻgʻimidan, jabrlanuvchining kaftiga, goʻyo u mushtumida ushlab turgandek, bir siqim paxta yoki bint solib barmoqlarning uchigacha qoʻyilishi kerak (38-rasm). Shinalar boʻlmagan taqdirda, qoʻlni roʻmol bilan boʻyinga (39-rasm) yoki kamzulga (40-rasm) osib qoʻyilishi lozim. Agar qoʻl (chiqib ketganida) tanadan orqada qolayotgan boʻlsa, qoʻl va tananing oʻrtasiga qandaydir yumshoq narsa (masalan buklangan kiyim) qoʻyish kerak.
38-rasm. Elka oldi suyagi singanida shina qoʻyish
39-rasm. Qoʻlni roʻmol bilan osib qoʻyish
40-rasm. Qoʻlni kamzulning etagiga osib qoʻyish
Shinalarni, iloji boricha oyoqni koʻtarmasdan, joyida ushlab turish va bir nechta joydan (tanaga, songa, boldirga) bint bilan bogʻlab qoʻyish lozim, ammo bu singan joyning yonida yoki ustida boʻlishi kerak emas. Bintni bel, tizza yoki tovon ostiga tayoqcha bilan itarish lozim.
41-rasm.Son suyagi singanda shina qoʻyish
Boldir suyaklari singan yoki chiqqanda tizza va boldir boʻgʻimlari mahkamlab qoʻyiladi (42-rasm).
42-rasm. Boldir suyagi singanda shina qoʻyish
Umrov suyagi singan yoki chiqqanda qoʻltiq ostiga shikastlangan tomondan bir siqim paxta qoʻyish, qoʻlni tirsagidan toʻgʻri burchak ostida bukib tanaga bint bilan oʻrab qoʻyish (43-rasm) va boʻyinga roʻmol yoki bint bilan osib qoʻyish lozim. Bintni bogʻlayotganda shikastlangan qoʻldan tanaga qarab oʻrash kerak.
43-rasm. Oʻmrov suyagi singan yoki chiqqanda bogʻlam qoʻyish
Umurtqa suyagi shikastlanganda unda kuchli ogʻriq seziladi va engashib yoki qayirib boʻlmaydi. Birinchi yordam quyidagicha koʻrsatilishi kerak: ehtiyotkorlik bilan, jabrlanuvchini koʻtarmasdan uning orqasiga tagidan keng taxta, oshiq-moshiqdan chiqarib olingan eshikni tiqish yoki jabrlanuvchini yuzini pastga qaratib oʻgirish lozim, oʻgirayotgan vaqtda uning tanasi egilib ketmasligini (orqa miya shikastlanmasligi uchun) kuzatib turish kerak.
Qovurgʻalar singanda ogʻriq nafas olganda, yoʻtalganda va harakat qilganda seziladi. Yordam koʻrsatishda koʻkrak qafasini bint bilan qattiq tortib oʻrash yoki nafas chiqarilganda uni sochiq bilan tortib bogʻlash lozim.
Toz suyaklari singanda toz qismini paypaslaganda, but qismida, dumgʻaza qismida ogʻriq seziladi, oyoqni toʻgʻrilab koʻtarib boʻlmaydi. Yordam quyidagicha koʻrsatiladi: jabrlanuvchining orqasiga tagidan keng taxta tiqiladi, uni “qurbaqa” holatiga yotqizish, yaʼni uning oyoqlarini tizzasida bukib ikki tomonga ochish, toʻpiqlarini esa birga qilish, tizzasi tagiga kiyimlarni bukib qoʻyish kerak. Jabrlanuvchini (ichki organlari shikastlanmasligi uchun) yon tomonga oʻgirish, oʻtqazish va oyogʻiga tippa-tik qilib qoʻyish mumkin emas.
Bosh shikastlanganda bosh suyagi singan boʻlishi (alomatlari: ogʻiz va qoʻloqdan qon oqishi, behushlik holati) yoki miya chayqalishi (alomatlari: bosh ogʻrigʻi, koʻngil aynishi, qayt qilish, hushini yoʻqotish) mumkin. Bunda birinchi yordam quyidagicha koʻrsatiladi: jabrlanuvchini chalqancha yotqizish, boshni ikki tomondan qimirlamaydigan qilib buklangan kiyimlardan yasalgan yostiqchalar bilan mahkamlab qoʻyish, qattiq siqib bogʻlash lozim, agar ochiq jarohat boʻlsa steril bogʻlam qoʻyilishi (44-rasm), “muz” qoʻyish va shifokor yetib kelguncha toʻla tinchlik taʼminlanishi kerak.
44-rasm. Bosh suyagi-miya jarohatida bogʻlam qoʻyish
Behush holatda boʻlgan jabrlanuvchi qayt qilishi mumkin. Bu holda uning boshini yon tomonga burib qoʻyish kerak. Shuningdek uning tili orqaga ketishi natijasida nafasi siqib qolishi mumkin. Bunday holatda jabrlanuvchining pastki jagʻini oldinga tortish va uni, sunʼiy nafas oldirishdagidek, shunday holatda ushlab turish kerak (18-rasmga qarang).
Lat yeyishda shish, lat egan joyga tekkanda ogʻriq paydo boʻladi. Yordam koʻrsatish maqsadida ogʻriqni kamaytirish va qon talashib qolishining oldini olish uchun “muz” qoʻyish, siqib bogʻlab qoʻyish kerak. Lat egan joyga tegmaslik lozim.
Lat egan joyga yod surtish, ishqalash va isituvchi kompress qoʻyish kerak emas, chunki bu ogʻriqni kuchaytiradi.
Et uzilganda (boʻgʻimlar shikastlanganda) kuchli ogʻriq seziladi, shish paydo boʻladi va boʻgʻimlarning harakati cheklanadi. Birinchi yordamni koʻrsatishda jarohatlangan qoʻl-oyoqni bint bilan siqib bogʻlash va uning tinch turishini taʼminlash lozim. Jarohatlangan joyga “muz” qoʻyish kerak. Jarohatlangan oyoq koʻtarib qoʻyilishi, jarohatlangan qoʻl esa — roʻmol bilan osib qoʻyilishi zarur.
Yuk bosib qolganda jabrlanuvchini yukning tagidan boʻshatib olish, jarohatlangan qoʻl-oyoqni siqib bogʻlash va uning tagiga buklangan kiyimlardan yasalgan yostiqchani tiqib koʻtarib qoʻyish lozim. Jarohatlangan toʻqimalar halok boʻlishi vaqtida paydo boʻladigan zaharli moddalar soʻrilishini kamaytirish uchun bintning ustidan “muz” qoʻyiladi. Qoʻl-oyoqlar singanda shina qoʻyilishi kerak.
Agar jabrlanuvchi nafas olmasa va uning pulsi aniqlanmasa, darhol sunʼiy nafas oldirish va yuragiga massaj qilish zarur.
8. KUYGANDA YORDAM KOʻRSATISh
Kuyishlar termik, kimyoviy va elektr kuyishlar boʻladi, olov, bugʻ, qaynoq jismlar va moddalar taʼsirida termik quyishlar; kislotalar va ishqorlar, hamda ayrim ogʻir metallarning tuzlari taʼsirida — kimyoviy kuyishlar; elektr toki va elektr yoyi taʼsirida — elektr kuyishlar sodir boʻladi.
Jarohatlar chuqurligi boʻyicha barcha kuyishlar toʻrtta darajaga boʻlinadi: birinchisi-qizarish va terining shishishi; ikkinchisi — suvli pufaklar; uchinchisi — terining sirtqi va chuqur qatlamlarining oʻlishi; toʻrtinchisi-terining koʻmirga aylanishi, mushaklar va muskul paylari, suyaklarning jarohatlanishi.
Birinchi darajali termik va elektr kuyishlarda inson tanasiga xavfli omil (olov, issiq sirt, qaynoq suyuqlik, gaz yoki bugʻ va h.) taʼsiri bartaraf etilganidan soʻng tananing kuygan joylarini ustiga sovuq suv quyish yoki 15 — 20 daqiqaga qor qoʻyish lozim. Bu ogʻriqni, hamda toʻqimalarga issiqlikni taʼsir etish vaqtini va kuyish chuqurligini kamaytiradi va toʻqimalarning shishib ketishining oldini oladi.
Kuyish maydoni katta boʻlmagan birinchi va ikkinchi darajali kuyishlarda bint yoki dokadan foydalanib, kuygan joyga steril bogʻlam qoʻyish kerak.
Jabrlanuvchiga yordam koʻrsatilayotganda, infeksiyalarni yuqtirmaslik uchun terining kuygan joylariga qoʻl tegizish yoki unga surtmalar, yogʻlar, moylar, vazelin surtish, ichimlik sodasi, kraxmal va h. sepish mumkin emas. Pufakchalarni yorish, kuygan joyga yopishib qolgan mum, kanifol va boshqa smolali moddalarni koʻchirib olish mumkin emas, chunki ular koʻchirilayotganda kuygan terini ham koʻchirib olishi mumkin va shu bilan jarohatlangan joyga infeksiyalar yuqishi uchun qulay sharoit yaratiladi.
Kuygan joydan kiyim va poyafzalni echib olish mumkin emas, ularni qaychi yoki pichoq bilan kesish va ehtiyotkorlik bilan echib olish lozim.
Agar kiyim kuyib teriga yopishib qolgan boʻlsa, uning ustidan steril bogʻlam qoʻyib, jabrlanuvchini davolash muassasasiga yuborish kerak.
Ogʻir va katta maydonli kuyishlarda jabrlanuvchini echintirmasdan toza choyshab yoki matoga oʻrab qoʻyish, ustiga issiqroq narsa yopish, bitta yoki ikkita analgin yoki amidopirin tabletkasini berish, iliq choy ichirish va shifokor kelishiga qadar tinchlik yaratib berish lozim.
Yuz kuyganda uni steril doka bilan yopib qoʻyish kerak.
Shokning dastlabki alomatlarida: jabrlanuvchining rangi keskin oqarib, tez-tez va sirtqi nafas olsa, pulsi yaxshi sezilmasa, unga tezlik bilan 20 tomchi valeriana nastoykasidan ichirib yuborish lozim.
Koʻzlar kuyganda, bor kislotasining (yarim choy qoshiq bor kislotasining bir stakan suvdagi) eritmasiga hoʻllab sovuq latta qoʻyish va jabrlanuvchini darhol shifokorga yuborish kerak.
Elektr yoyi va elektr toki taʼsirida kuyganda jabrlanuvchini (kuyish maydonining yuzasidan qatʼiy nazar) davolash muassasasiga yetkazish kerak, chunki elektr tokining organizmga taʼsir etish xususiyatlarini eʼtiborga olib, u doimiy ravishda shifokor kuzatuvi ostida boʻlishi zarur. Uning yuragi, jarohatlangan vaqtdan bir necha soat yoki hatto bir sutka keyin toʻxtab qolishi mumkin.
Kimyoviy kuyishda, toʻqimalar jarohatlanishining chuqurligi koʻp jihatdan kimyoviy modda taʼsir etish vaqtiga bogʻliqdir. Shuning uchun kimyoviy moddaning kuchi (konsentratsiyasi) va taʼsir etish vaqtini imkoni boricha tezroq kamaytirish maqsadida jarohat joyini darhol krandan, rezina shlangdan yoki chelakdan oquvchi katta miqdordagi sovuq suv bilan 15 — 20 daqiqa davomida yuvish kerak.
Agar kislota yoki ishqor kiyim orqali teriga tushgan boʻlsa, oldin uni suv bilan kiyimdan yuvib tashlash, soʻngra esa ehtiyotkorlik bilan kiyimni kesib, hoʻl kiyimni jabrlanuvchining ustidan echib olish va shundan keyin terini yuvish zarur.
Odam tanasiga qattiq modda koʻrinishidagi oltingugurt kislotasi yoki ishqori tushsa, uni quruq paxta yoki toza mato boʻlagi bilan olib tashlash, soʻngra jarohatlangan joyni suv bilan yaxshilab yuvish va ustiga quruq steril bogʻlam qoʻyish lozim.
Kimyoviy kuyishda kimyoviy moddani suv bilan toʻliq ketkizib boʻlmaydi. Shuning uchun yuvgandan keyin jarohatlangan joyni tegishli neytrallovchi eritmalarga hoʻllangan latta bilan artish kerak.
Kimyoviy kuyishlarda keyingi yordam xuddi termik kuyishlardagidek koʻrsatiladi.
Kislotadan kuyganda ichimlik sodasining (bir choy qoshigʻi ichimlik sodasining bir stakan suvdagi) eritmasiga latta (bogʻlam) hoʻllab bosiladi.
Kislota suyuqlik, bugʻ yoki gaz koʻrinishida koʻzga yoki ogʻiz boʻshligʻiga tushgan boʻlsa, oldin ularni katta miqdordagi suv bilan chayish, soʻngra ichimlik sodasi (yarim choy qoshigʻi ichimlik sodasining bir stakan suvdagi) eritmasi bilan yuvish lozim.
Teri ishqor taʼsirida kuyganda bor kislotasi (bir choy qoshigʻi bor kislotasining bir stakan suvdagi) eritmasiga yoki sirka kislotasining kuchsiz (osh sirkasining teng miqdorda suvdagi) eritmasiga latta (bogʻlam) hoʻllab bosiladi.
Ishqor tomchilari sachrab yoki uning bugʻlari koʻzga va ogʻiz boʻshligʻiga tushganda, jarohatlangan joylarni katta miqdordagi suv bilan chayish, soʻngra bor kislotasi (yarim choy qoshigʻi bor kislotasining bir stakan suvdagi) eritmasi bilan yuvish lozim.
Agar koʻzga qattiq kimyoviy moddaning zarrachalari tushsa, oldin ularni nam tampon bilan olib tashlash lozim, chunki koʻzlarni yuvishda ular shilliq pardani shilib yuborishi va qoʻshimcha jarohatga sabab boʻlishi mumkin.
Kislota yoki ishqor qiziloʻngachga tushganida zudlik bilan shifokorni chaqirish kerak. Shifokor kelguncha jabrlanuvchining ogʻzidan soʻlagini va shilimshiqlarni chiqarib tashlash, oʻzini yotqizib issiq qilib oʻrash, qorniga esa ogʻriqni kamaytirish uchun “muz” qoʻyib qoʻyish lozim.
Agar jabrlanuvchida nafas siqish alomatlari paydo boʻlsa, unga ogʻzining shilliq pardalari kuyganligi sababli “ogʻizdan — burunga” usuli bilan sunʼiy nafas oldirish zarur.
Qiziloʻngachga tushgan ishqorni neytrallash maqsadida jabrlanuvchi qayt qilishi uchun oshqozonni suv bilan yuvish mumkin emas, chunki kuydiruvchi suyuqlik qiziloʻngach boʻyicha orqaga qaytayotganida shilliq pardani yana jarohatlaydi va halqum shishib ketishi mumkin.
Jabrlanuvchiga uch stakandan koʻp boʻlmagan miqdorda suv ichirish mumkin, bunda qiziloʻngachga tushgan kislota yoki ishqor suyuladi va uning kuydiruvchi taʼsiri kamayadi. Jabrlanuvchiga sut yoki suvga atalab aralishtirilgan (1 litr suvga 12 dona) tuxumning oqini ichirish yaxshi samara beradi.
Teri katta hajmda kuyganida, hamda koʻzga kislota yoki ishqor tushganida birinchi yordam koʻrsatilganidan soʻng jabrlanuvchini davolash muassasasiga yuborish kerak.
9. MUZLAB QOLGANDA YORDAM KOʻRSATISh
Past haroratning taʼsiri ostida toʻqimalarning shikastlanishi muzlab qolish deb ataladi.
Past haroratning taʼsiri ostida toʻqimalar halok boʻlmay, ulardagi hayotiy jarayonlar sustlashadi. Toʻqimalarning harorati pastlashgan sari, ularning hayotiy faoliyatini belgilovchi, almashinuv jarayonlari shunchalik sustlashadi (19°S haroratda almashinuv jarayonlari deyarli butunlay toʻxtab qoladi, 10°S haroratda esa qon oqimi toʻxtaydi). Almashinuv jarayonlarining sustlashishi toʻqimalarning hayotiy ehtiyojlarini kamaytiradi, lekin ularning shikastlanishiga olib kelmaydi.
Muzlab qolgan toʻqimalar bir maromda isitilmasa, ular halok boʻladi.
Muzlab qolishning sabablari turlicha boʻladi, va tegishli sharoitlarda (uzoq vaqt davomida sovuqning taʼsiri, shamol, oshgan namlik, siqadigan yoki hoʻl poyafzal, harakatsiz holat, jabrlanuvchining yaxshi boʻlmagan umumiy holati — kasallik, darmonsizlik, mastlik, qon yoʻqotish va h.) hatto 3 — 7°S haroratda ham muzlab qolish mumkin. Dastavval barmoqlar, panjalar, oyoq yuzlari, quloqlar va burun muzlashga moyil boʻladi.
Yordam koʻrsatayotganda eng muhimi — tananing muzlab qolgan joylarining birdaniga tez isishiga yoʻl qoʻymaslik, chunki iliq havo, iliq suv, issiq jismlar va hatto qoʻllarning tegishi toʻqimalarni nobud qilishi mumkin. Jabrlanuvchini isitilgan xonaga olib kirishdan oldin tanasining muzlagan joylarini (koʻpincha qoʻllari yoki oyoqlari), ularning ustiga issiq oʻtkazmaydigan (paxta-bintli, jun va boshqa) bogʻlamlar qoʻyib issiqning taʼsiridan muhofaza qilish zarur. Bogʻlam, terining rangi oʻzgarmagan joylariga tegmay, faqat terisi aniq oqargan joylarni yopib turishi lozim. Aks holda tananing qon aylanish buzilmagan joylaridagi issiq bogʻlam ostida muzlagan joylarga tarqala boshlaydi va ularni sirtidan boshlab isishiga olib keladi, bu esa sirtdagi toʻqimalarning nobud boʻlishiga sabab boʻladi.
Issiqni oʻtkazmaydigan bogʻlam qoʻyilganidan soʻng qoʻl — oyoqlarning muzlagan barmoqlarini harakatlanmasligini taʼminlash zarur, chunki ulardagi tomirlar moʻrt boʻlib qoladi va qon oqimi yura boshlaganidan keyin qon talashib qolishi mumkin.
Buning uchun shinalardan, hamda qoʻl ostidagi istalgan narsalardan: qalin karton, faner, taxtacha boʻlaklaridan foydalanish mumkin. Oyoq yuzasi uchun ikkita taxtachadan foydalanish lozim: bittasi boldirdan songacha boʻlgan uzunlikdagi, ikkinchisi — oyoq yuzasining uzunligi boʻyicha. Ular 90° burchak ostida mahkamlab qoʻyilishi kerak.
Tananing muzlagan joylaridagi bogʻlam u yerda qizish his etilmaguncha va ularning sezish qobiliyati tiklanmaguncha turishi lozim.
Organizmdagi issiqlikni oʻrnini toʻldirish va qon aylanishini yaxshilash uchun jabrlanuvchiga issiq shirin choy ichirib turish zarur.
Organizm toʻliq muzlashi oqibatida inson hushini yoʻqotganida shifokordan oldin yordam koʻrsatishning asosiy qoidasi issiq xonaga olib kirishdan avval jabrlanuvchining qoʻl va oyoqlariga issiq oʻtkazmaydigan bogʻlam qoʻyishdan iboratdir. Agar jabrlanuvchining enidagi poyafzal yaxlab qolgan boʻlsa, uni echish emas, balki oyoqlarini poʻstin, palto yoki qoʻl ostidagi boshqa narsa bilan oʻrab qoʻyish kerak. Jabrlanuvchini, issiq oʻtkazmaydigan bogʻlamlarini echmasdan, zudlik bilan eng yaqin davolash muassasasiga yetkazish lozim.
10. ORGANLAR VA TOʻQIMALARGA BEGONA JISMLAR TUShGANIDA YORDAM KOʻRSATISh
Begona jismlar tomoqqa, qiziloʻngachga, nafas yoʻllariga, koʻzga, teri ostiga va h. tushishi mumkin.
Tomoqqa, qiziloʻngachga, nafas yoʻllariga koʻpincha ovqat yeyish vaqtida baliq va goʻsht suyaklari, hamda ish qilayotgan vaqtda ogʻizga solinadigan toʻnogʻich, knopkalar, mayda mixlar va boshqa jismlar tushishi mumkin. Bunda ogʻriq paydo boʻlishi, nafas olishning qiyinlashishi, yoʻtal tutishi, nafas siqib qolishi mumkin.
Begona jismni qiziloʻngachdan oshqozonga oʻtishi uchun non, boʻtqa yoki kartoshka yeyishga urinishlar koʻp hollarda yordam bermaydi, shuning uchun albatta davolash muassasasiga murojaat qilish kerak.
Mayda zarrachalar koʻrinishidagi (metall, tosh, yogʻoch zarrachalari, qum, hashoratlar va boshqa) begona jismlar koʻzga tushganida, ogʻriq paydo boʻladi, koʻz yoshlanadi va ular koʻrish qobiliyatining buzilishi va sustlashishiga sabab boʻlishi mumkin. Agar koʻzga narsa tushgan boʻlsa, uni koʻzni (stakandan, paxta yoki dokadan, suv ichiladigan favvorachadan) suv oqizib koʻzning tashqi burchagidan (chekadan) ichki burchagiga (burunga) qaratib yuvish yoʻli bilan chiqarish mumkin. Xuddi shuningdek, koʻz qovogʻini tashqariga agʻdarib toza nam paxta yoki toza dastroʻmol bilan jismni olib tashlash mumkin (45-rasm). Koʻzni ishqalash mumkin emas.
45-rasm. Koʻzni koʻrib chiqish:
a — pastki qovoqni tortib turish;
b — tepadagi qovoqni koʻtarish
Koʻz pardasiga tushgan narsani oʻzicha olib tashlab boʻlmaydi. Buni faqat tibbiyot xodimlari, iloji boricha tezroq qilishlari kerak, zarracha koʻz pardasini qancha koʻp vaqt davomida jarohatlasa, shuncha asoratlari koʻproq boʻladi, hatto yara paydo qilishi mumkin. Koʻzga quruq steril bogʻlam qoʻyilib (46-rasm), jabrlanuvchini iloji boricha tezroq davolash muassasasiga yuborish kerak.
46 - rasm. Koʻz jarohatlanganda bogʻlam qoʻyish
Yumshoq toʻqimalarga (teri, tirnoq ostiga va h.) tushgan begona jismlar, ular bilan birga toʻqimalarga mikroblar kirishi bilan xavflidir, bu mikroblar begona jismning atrofida yalligʻlanish jarayoni boshlanishiga sabab boʻladi. Yumshoq toʻqimalardagi begona jismlarni faqat ularni oson va toʻliq olinishiga ishonch hosil boʻlganda oʻzicha olish mumkin. Ozgina qiyinchilik paydo boʻlsa ham shifokorga murojaat qilish kerak. Begona jism olib tashlanganidan soʻng uning kirgan joyini yod bilan artish va ustiga steril bogʻlam qoʻyish kerak.
11. HUShSIZLIKDA, ISSIQLIK VA QUYoSh NURIDAN JAROHATLANIShDA YORDAM KOʻRSATISh
Behushlik — bu toʻsatdan, miyadan qonning ketib qolishi sababli qisqa vaqtga (bir necha soniyadan bir necha daqiqagacha) hushni yoʻqotishdir. Odatda, behush boʻlishdan oldin bosh aylanadi, koʻz-oldi qorongʻulashadi, qulogʻi shangʻillaydi, ayrim hollarda koʻngil aynaidi va qayt etadi. Behushlik qattiq qoʻrquv, kuchli ogʻriq, qon ketishi, tananing yotgan holatdan tikka holatga keskin oʻtishi natijasida sodir boʻlishi mumkin.
Behushlikda jabrlanuvchi qattiq terlaydi, qoʻl-oyoqlari muzlaydi, pulsi tez-tez uradi va uning ovozi sekin chiqadi, nafas olishi sirtqi boʻladi, teri qatlamlari oqaradi.
Yordam koʻrsatganda jabrlanuvchini boshi tanasidan pastroq turadigan qilib chalqancha yotqizish, nafas olishda siquvchi kiyimining tugmalarini echish, toza havo kelishini taʼminlash, yuziga sovuq suv sepish, nashatir spirtiga hoʻllangan paxtani hidlatish, yuziga shapatilab urish lozim. Behush holatdagi jabrlanuvchi qayt qilishi mumkin, shuning uchun uning boshini yon tomonga burib qoʻyish kerak. Uning boshiga muz va hoʻllangan latta qoʻyish kerak emas. Jabrlanuvchi hushidan ketishidan oldingi holatida unga sovuq suv yoki issiq choy berish lozim.
Issiqlik va quyosh nuridan jarohatlanish organizmning qattiq isib ketishi va buning oqibatida miyaga qon quyilishi sababli sodir boʻladi. Bu organizmdagi issiqlik balansi buzilib, tashqaridan keladigan issiqlik va organizmda hosil boʻladigan issiqlikning chiqishi qandaydir sabablarga koʻra qiyinlashganda yuz beradi. Atrof-muhitning koʻtarilgan harorati, uning oʻta namligi, suv oʻtkazmaydigan (rezinalashtirilgan, brezent) kiyimlar organizmga issiqlikni salbiy taʼsir etishiga sabab boʻladi. Ogʻir jismoniy ish, mastlik, kam uxlashlik, suv ichish va ovqatlanish rejimining buzilishi ham issiqlikni taʼsirida organizmning qizib ketishiga sabab boʻladi.
Issiqlik taʼsirida jarohatlanganda odamning ahvoli yomonlashadi, oʻzi boʻshashadi, kuchli qizish seziladi, teri qizaradi, kuchli ter chiqishi (ter tomchi-tomchi boʻlib oqadi), yurakning urishi tezlashadi, nafas siqadi, pulsi tezlashadi, chakada ogʻirlik seziladi, bosh aylanadi, bosh ogʻriydi, koʻngil ayniydi, gohida qayt etishi mumkin. Tananing harorati 38 — 40°S gacha koʻtariladi. Pulsning tezligi bir daqiqada 100 — 120 urishgacha yetadi.
Issiq urishi issiqlikni organizmda oʻta toʻplanishi (tananing harorati 41-42o,S va undan yuqori) hususiyatiga ega boʻlib, insonning ongi xiralashadi va hatto hushidan ketishi mumkin, turli guruh mushaklarining uvishib qolishi, nafas olish va qon aylanishining buzilishi roʻy beradi. Gallyutsinatsiyalar, alahsirash paydo boʻlishi mumkin. Teri qurib va qizib ketadi, til ham quruq boʻlib, pulsi ipsimon va notekis uradi.
Agar issiq urganda oʻz vaqtida yordam koʻrsatilmasa, odam oʻlib qolishi mumkin. Nafas olish va qon aylanish tizimlarining buzilishi oʻlimga olib kelishi mumkin.
Oftob urishi odam boshiga hech narsa kiymay uzoq vaqt davomida bevosita quyosh nurlari ostida boʻlganida sodir boʻladi. Oftob urishining alomatlari xuddi issiq urishi alomatlari bilan bir xil boʻladi.
Issiq yoki oftob urganida quyidagicha yordam koʻrsatiladi: jabrlanuvchini zudlik bilan salqin joyga olib oʻtish; boshini tagiga buklangan kiyimdan yasalgan yastiqchani qoʻyib chalqancha yotqizish; kiyimlarini tugmasini echib boʻshatish yoki kiyimlarini echish; boshi va koʻkragini sovuq suv bilan xoʻllash; boshiga (peshonasi, boshini tepasi, gardaniga) hamda qon tomirlar koʻp oʻtgan joylari: butiga, oʻmrov suyagi ostiga, qoʻltigʻining tagiga, va tizza ostiga sovuq suvga hoʻllangan latta yoki muz qoʻyish lozim.
Agar odam hushini yoʻqotmagan boʻlsa, unga achchiq sovuq choy yoki sovuq tuzli suv ichirish kerak. Jabrlanuvchining nafas olishi qiyinlashgan boʻlsa va pulsi aniqlanmasa, reanimatsion chora-tadbirlarning barchasini; sunʼiy nafas oldirish va yurakka tashqi massaj oʻtkazishni bajarish kerak.
12. ZAHARLANGANDA YORDAM KOʻRSATISh
Gazlar, shu jumladan atsetilen, is va tabiiy gaz bilan, benzin bugʻlari va h. bilan zaharlanganda odamda bosh ogʻrigʻi, “chakkada dukilash”, “quloqda shangʻillash”, umumiy holsizlik paydo boʻladi, bosh aylanishi, yurakning tez urib ketishi, koʻngil aynishi va qayt qilishi mumkin. Kuchli zaharlanganda uyqu keladi, hamma narsaga befarq boʻlib qoladi, oʻta ogʻir zaxarlanganda esa betartib harakatlar qilib kuchli hayajonlanish paydo boʻladi, nafas olishi buziladi, koʻz korachigʻlari kengayadi.
Barcha turdagi zaharlanishlarda jabrlanuvchini darhol gazlangan zonadan olib chiqish, nafas olishiga xalal beruvchi kiyimining tugmalarini echish, toza havo kelishini taʼminlash, jabrlanuvchini yotqizish, oyogʻini koʻtarib qoʻyish, badanini ishqalash, ustiga issiq narsa yopib qoʻyish, nashatir spirti hidlatib turish kerak.
Behush boʻlgan jabrlanuvchi qayt qilishi mumkin, shuning uchun uning boshini yon tomonga burib qoʻyish kerak.
Nafas olishi toʻxtab qolsa, sunʼiy nafas oldirishni boshlash zarur.
Zaharli gazlar bilan barcha zaharlanish holatlarida jabrlanuvchiga katta miqdorda sut ichirish lozim.
Azot oksidlari bilan zaharlanishda jabrlanuvchiga ichimlik sodasi qoʻshilgan issiq sut ichirish kerak.
Xlor bilan zaharlanishda koʻzlar, burun, ogʻizni (bir stakan suvga yarim choy qoshiq) ichimlik sodasi eritmasi bilan yuvish va jabrlanuvchiga ichimlik sodasi qoʻshilgan iliq sutni mayda qultum bilan ichirish lozim. Tomogʻi shishganda boʻyin atrofiga “issiq” narsa qoʻyib turish kerak.
Ammiak bilan zaharlanganda nafas olish yoʻllari orqali sirka yoki limon kislotasining kristallari qoʻshilgan suvning bugʻidan nafas oldirish, iliq sut ichirish kerak. Tomogʻi shishganda boʻyin atrofiga “issiq” narsa qoʻyib turish kerak.
Tasodifan ammiak eritmasi odamning ichiga ketib qolganida (bir stakan suvga bir choy qoshiq) sirka kislotasi qoʻshilgan 8 — 10 stakan suv ichirib qayt qildirish, sut ichirish lozim.
Gidrazingidrat bilan ogʻzi orqali zaharlanganda jabrlanuvchining oshqazonini iliq suv bilan yuvish, qayt qildirish, tuzli ich surgich (bir stakan suvga 1-2 osh qoshiq achchiq tuz) eritmasi ichirish va zudlik bilan davolash muassasasiga yetkazish lozim.
Gidrozingidrat va uning suvdagi eritmasi teriga tushganida jarohatlangan joyni (oldin etil spirti bilan artish yaxshiroq) katta miqdordagi suv bilan yuvish, va quyida keltirilgan tarkibdagi surtmalardan: a) 20 foiz parafin, 20 foiz tserezin, 60 foiz vazelin moyi; b) 3 foiz rux oksidi, 14 foiz stearin, 83 foiz oʻsimlik yogʻi surtish kerak.
Gidrozingidrat koʻzga tushganida ularni katta miqdordagi oqar suv bilan yuvish lozim.
Ogʻizdan “ivviol” sintetik yogʻi bilan zaharlanganda jabrlanuvchiga qayt qilishi uchun bir necha stakan iliq suv ichiriladi va bu muolaja bir necha marta qaytariladi. Bundan keyin yarim stakan (yarim choy qoshiq) ichimlik sodasi eritmasi unga 2-3 osh qoshigʻida faollashgan koʻmirni qoʻshib ichirish kerak. Soʻngra jabrlanuvchini zudlik bilan davolash muassasasiga yetkazish zarur.
“Ivviol” teriga tushganida uni (ehtiyotkorlik bilan, ishqalamasdan) quruq latta bilan artib olish, soʻngra esa sovunli iliq suvda yaxshilab yuvib tashlash kerak.
“Ivviol” koʻzga tushganida koʻzni katta miqdordagi suv bilan yuvish lozim.
Oziq-ovqatdan (zaharli qoʻziqorinlar, oʻsimliklar, aynigan eskirgan oziq-ovqatlardan) zaharlanganda jabrlanuvchida bosh ogʻrigʻi, qayt qilish, qorinda ogʻriq, umumiy holsizlik paydo boʻlishi mumkin. Gohida ich ketishi, tana harorati koʻtarilishi mumkin.
Jabrlanuvchiga yordam koʻrsatish — uning oshqozonini yuvishdan iborat boʻladi. Unga 3-4 stakan suv yoki nim pushti kaliy permaganat eritmasini ichishga beriladi va qayt qilishi uchun harakat qilinadi. Oshqozonni yuvish bir necha marta qaytariladi. Soʻngra (bir stakan suvda ikki-toʻrt osh qoshiq) faollashgan koʻmir eritmasi ichiriladi. Shundan soʻng jabrlanuvchiga iliq choy ichirish, hamda tibbiyot xodimlari yetib kelguncha yotqizish va ustiga issiq narsa yopib qoʻyish kerak. Nafas olish va qon aylanishi buzilganda zudlik bilan sunʼiy nafas oldirish va yurakka tashqi massajni boshlash kerak.
13. TIShLANGANDA YORDAM KOʻRSATISh
Zaharli ilon va hasharotlarning chaqishi. Zaharli ilon va hasharotlar chaqganda bosh aylanishi, koʻngil aynishi, qayt etish, ogʻizda quruqlik va achchiq maza seziladi, yurak urishi tezlashadi, qizish, nafas siqishi va uyquchilik alomatlari paydo boʻladi. Alohida ogʻir holatlarda jabrlanuvchida tomir tortishishi, hushini yoʻqotishi, nafas olishning toʻxtab qolishi mumkin. Chaqqan joyda kuchli ogʻriq paydo boʻladi. teri qizaradi, shish paydo boʻladi. Ilon chaqqanida yordam koʻrsatish uchun chaqqan joydagi zaharni (iloji boricha tezroq) soʻrib tuflab tashlash, hamda zaharning tarqalishini sekinlashtirish uchun jabrlanuvchining harakatlarini cheklash lozim. Yordam koʻrsatayotgan odam uchun zaharni soʻrib tuflab tashlash, hatto uning ogʻzida shilingan joylari boʻlsa ham, xavfli emas. Chaqilgan oyoqni sogʻlom oyoqqa bint bilan bogʻlab qoʻyish va tagiga bir nima qoʻyib koʻtarib qoʻyish kerak. Chaqilgan qoʻlni buklangan holatda mahkamlab qoʻyish lozim. Jabrlanuvchiga koʻproq suyuqlik (yaxshisi issiq choy) ichirish kerak. Chaqilgan qoʻl yoki oyoqqa chirmov bogʻlash, chaqish joyini kuydirish, zaharni yaxshiroq chiqishi uchun terini kesish, jabrlanuvchiga alkogolli ichimliklar ichirish qatʼiyan man etiladi. Jabrlanuvchini davolash muassasasiga joʻnatish kerak. Uni yotgan holatda olib borish lozim.
Hasharotlar (asalari, ari, tukli ari, qovogʻari) chaqganida terining ichiga kirib qolgan nishini olib tashlash, shishgan joyiga “yax” (muz, sovuq solingan idish, sovuq suvga hoʻllangan latta) qoʻyish, jabrlanuvchiga koʻproq suyuqlik ichirish kerak. Jabrlanuvchi alkogolli ichimliklar ichishi mumkin emas, chunki u tomirlarning oʻtkazuvchanligini kuchaytiradi va toʻqimalarda zaharni ushlab qoladi, bu esa shishlarning kattalashishiga olib keladi.
Hasharotlarning zahariga oʻta taʼsirchan boʻlgan (allergiyasi bor) odamlarda hasharotlar chaqanidan keyin tomogʻi va tili shishishi, hamda anafilaktik shok boʻlishi (hushidan ketishi, yurak-tomir, asab tizimi va boshqa organlar faoliyatining buzilishi) mumkin. Bu holda jabrlanuvchiga 1-2 tabletka dimedrol va 20 — 25 tomchi kordiamin ichirish, yon atrofiga issiq suvli gryelkalar qoʻyish va uni zudlik bilan davolash muassasasiga yetkazish lozim. Nafas olishi qiyinlashsa va yuragi toʻxtab qolsa, sunʼiy nafas oldirish va yurakka tashqi massaj qilish zarur.
Hayvonlarning tishlashi. Har qanday hayvon tishlaganida, u tashqi koʻrinishida sogʻlom boʻlib koʻrinsa ham, hayvon shikastlagan yara joyi va shilingan joylarning atrofidagi terini yod bilan artish va steril bogʻlam qoʻyish lozim. Jabrlanuvchini quturishga qarshi emlanishi uchun davolash muassasasiga yuborish kerak.
Quturgan hayvonning soʻlagi terisiga, burniga, koʻziga yoki ogʻziga tushgan odamni ham shifokorga yuborish kerak.
14. ChOʻKKANDA YORDAM KOʻRSATISh
Choʻkkan odamga koʻrsatiladigan birinchi yordam uning qanday choʻkganligiga bogʻliq boʻladi. Choʻkishning turlari ikki xil boʻladi: koʻkimtir turi (koʻk asfiksiya), unda oʻpkaga suv toʻlib qoladi, va oqargan turi (oq asfiksiya) unda suv oʻpkaga kirmaydi.
Choʻkishning koʻkimtir turi, koʻpincha choʻkayotgan odam, koʻp energiya sarflab, suvning sirtida suzishga harakat qilib darrov choʻkmaganida kuzatiladi. Bunda uning nafas olishi betartib boʻlib qoladi. Nafas olganida katta miqdorda suv yutib yuborib ichagi suvga toʻlib qoladi. Bu nafas olishini qiyinlashtiradi va vaznini ogʻirlashtiradi. Kislorod yetishmovchiligi — gipoksiya boshlanadi. Suvga toʻliq kirib ketganidan keyin odam refleks tariqasida nafas olishni toʻxtatadi. Oʻsib boruvchi gipoksiya odamning hushidan ketib qolishiga olib keladi va terining koʻkimtir rang olishiga sabab boʻladi. Oʻpka shishib borishi bilan odamning ogʻzi va burnidan koʻpik chiqa boshlaydi, yuragi urishdan toʻxtaydi.
Choʻkishning oqargan turi oʻz hayoti uchun kurashishga harakat qilmay tez choʻkib ketgan yoki behush holatda choʻkkan odamlarda boʻladi. Sovuq suvga tushganda nafas olishi va yurak urishi birdaniga toʻxtab qoladi. Halqumga tushgan suv ovoz tirqishining refleks tariqasida yopilib qolishiga sabab boʻladi va nafas olish yoʻllari havo oʻtkazmaydigan boʻlib qoladi. Bunda suv va havo kirmaydi.
Choʻkishning koʻkimtir turida jabrlanuvchini suvdan olgandan keyin dastlab nafas yoʻllaridagi suvni chiqarib tashlash kerak. Qutqaruvchi jabrlanuvchini qornini pastga, oʻzining buklangan tizzasiga, uning koʻkrak qafasining pastki qismi tiraladigan qilib, boshi va tanasining tepa qismi esa pastga osilib turadigan qilib yotqizishi kerak. Bir qoʻl bilan jabrlanuvchining ogʻzi ochiq boʻlishish uchun dahanini bosish yoki boshini koʻtarish lozim va soʻngra boshqa qoʻl bilan uning orqasidan qattiq-qattiq (bir necha marta) bosib suvning chiqib ketishiga yordam berish kerak (47-rasm). Suv oqib chiqishi toʻxtaganidan keyin jabrlanuvchini chalqancha yotqizish, ogʻzining ichini tozalash va sunʼiy nafas oldirishni boshlash zarur. Agar jabrlanuvchining uyqu arteriyalarida pulsi boʻlmasa va koʻz qorachigʻlari kengaygan boʻlsa, darhol yurakka tashqi massajni boshlash kerak.
47-rasm. Jabrlanuvchining oʻpkasidan va ichagidan suvni chiqarish
Choʻkishning oqargan turida jabrlanuvchini suvdan olgandan keyin darhol reanimatsion chora — tadbirlar (sunʼiy nafas oldirish, yurakka tashqi massaj) oʻtkazishni boshlash kerak.
Agar yordamchilar boʻlsa, ular shu vaqtda jabrlanuvchining badanini uqalashi va qizdirishi lozim.
Jabrlanuvchi nafas olishini boshlashi bilan unga nashatir spirti hidlatish kerak. Agar jabrlanuvchi hushiga kelsa, unga 20 tomchi valeriana nastoykasidan ichirish, quruq kiyimlar kiydirish, ustini issiqroq qilib oʻrab qoʻyish, achchiq choy ichirish va tibbiyot xodimlari yetib kelishiga qadar toʻliq tinchlik taʼminlab berilishi kerak.
15. JABRLANUVChINI JOYDAN-JOYGA KOʻChIRISh
Baxtsiz hodisa yuz berganda jabrlanuvchiga zudlik bilan faqatgina birinchi yordam koʻrsatib qolmay, balki uni eng yaqin davolash muassasasiga tez va toʻgʻri yetkazib borish kerak. Jabrlanuvchini joydan — joyga koʻchirish qoidalarining buzilishi unga tuzatib boʻlmas zarar keltirishi mumkin.
Jabrlanuvchini koʻtarishda, joydan-joyga koʻchirishda uni qulay holatda boʻlishini kuzatib turish va silkitmasdan olib yurish kerak. Jabrlanuvchi zambilsiz qoʻlda joydan-joyga koʻchirilganda yordam koʻrsatayotganlar mayda qadam bilan, tizzalarini bir oz bukib bir xil qadam tashlab yurishlari kerak.
Jabrlanuvchini koʻtarib zambilga solayotganda, yaxshisi buyruq boʻyicha, bir xil harakat qilish lozim. Jabrlanuvchini sogʻ tomonidan koʻtariladi, bunda yordam koʻrsatayotgan odamlar bitta tizzada turib jabrlanuvchining boshi, orqasi, oyoqlari va dumbasi ostiga koʻllarini shunday tiqishlari kerakki, ularning barmoqlari tananing narigi tomonidan koʻrinsin. Jabrlanuvchini zambil oldiga olib kelmay, tizzadan turmasdan turib uni yerdan ozgina koʻtarish va kimdir uning tagiga zambil qoʻyishga harakat qilishi kerak. Bu, ayniqsa, suyaklar singanida juda muhimdir, bunda kimdir singan joyini ushlab turishi zarur.
Boshi, bosh suyagi va miyasi, umurtqa suyagi va orqa miyasi shikastlangan, qorni jarohatlangan, toz suyaklari va oyoq suyaklari singan jabrlanuvchini joydan — joyga chalqancha yotqizib koʻchiriladi. Jabrlanuvchining nafas yoʻllariga qayt qilish moddalari va qon tushmasligi uchun uning boshini yon tomonga burib qoʻyish lozim.
Umurtqa suyagi shikastlangan jabrlanuvchini joydan — joyga koʻchirish uchun zambilning tagiga keng taxta, uning ustiga esa kiyimlarni solib qoʻyish kerak; jabrlanuvchini chalqancha yotqizish lozim. Taxta boʻlmagan taqdirda jabrlanuvchini zambilga qornini pastga qilib yotqizish kerak.
Pastki jagʻ singanida jabrlanuvchiga havo yetishmayotgan boʻlsa, uni zambilga yuzini pastga qaratib yotqizish kerak.
Qorin shikastlanganda yoki toz suyaklari singanda jabrlanuvchini zambilga kuragini pastga qilib “qurbaqa” holatida yotqizish kerak.
Koʻkrak qafasi shikastlangan jabrlanuvchini oʻtirgan holatda, orqasiga kiyimlarni buklab qoʻyib joydan-joyga koʻchirish lozim.
Tekis joyda jabrlanuvchini oyogʻini oldinga qilib koʻtarish kerak. Tepalikka yoki zinadan chiqayotganda, hamda jabrlanuvchi behush holatda boʻlsa, uning boshini oldinga qilib koʻtarish kerak. Zambil ogʻib ketmasligi uchun pastdagi yordam koʻrsatuvchi zambilni teparoqqa koʻtarib yurishi kerak.
Zambilni silkitib yubormaslik uchun yordam koʻrsatuvchilar oyoqlarini bir xil tashlamay, kalta qadam bilan yurishlari lozim.
Zambilda koʻtarib ketayotganda jabrlanuvchini, uning bogʻlamlari va shinalari holatini kuzatib borish kerak. Zambilda uzoq vaqt koʻtarib borish kerak boʻlganida, jabrlanuvchining holatini oʻzgartirib turish, uning boshi ostiga qoʻyilgan kiyimlarni toʻgʻrilab turish, chanqogʻini qondirish (faqat qorin shikastlanmaganda) sovuq va yogʻingarchilikdan himoya qilish lozim.
Jabrlanuvchini zambildan olayotganda uni zambilga yotqizish qanday tartibda amalga oshirilgan boʻlsa, xuddi shu tartibda olish lozim. Jabrlanuvchi yotqizilgan zambilni katta masofaga koʻtarib borish kerak boʻlsa, yordam koʻrsatuvchi zambilning dastasiga bogʻlangan tasmani boʻynidan oʻtkazib koʻtarishi lozim.
Ogʻir jarohatlangan odamni olib ketayotganda, aravaga yoki mashinaga solishda uni zambildan olmasdan, uning ostiga xashak, oʻtlar solib, zambili bilan solgan yaxshiroq. Jabrlanuvchini olib ketayotganda silkitmasdan, ehtiyotkorlik bilan olib ketish kerak.
Elektr energetika uskunalariga xizmat koʻrsatishda yuz bergan baxtsiz hodisalar oqibatida jabrlanganlarga shifokordan oldingi yordam koʻrsatish boʻyicha
yoʻriqnomaga ilova
Jabrlanuvchini HL tayanchidan tushirish
HL tayanchida ishlash vaqtida baxtsiz hodisa yuz berib, jabrlanuvchi behush holatga tushgan boʻlsa, uni tezda tayanchdan tushira bilish kerak. Buning uchun HL tayanchida ish olib borayotgan brigada quyidagi maxsus moslamalar bilan jihozlangan boʻlishi kerak:
tayanchga mahkamlash uchun moslamasi boʻlgan bir rolikli blok;
diametri 10 mm.dan kam boʻlmagan va uzunligi tayanch balandligining ikki barobaridan (20 m. va undan ortiq) uzunroq boʻlgan ipli yoki kapronli arqon;
ish olib borilayotgan HLning kuchlanishiga muvofiq boʻlgan elektr himoya vositalari.
Jabrlanuvchini tayanchdan tushirishga moʻljallangan blok, doimo ishga tayyor boʻlishi va undan arqon oʻtkazilgan boʻlishi kerak.
Jabrlanuvchini tayanchdan tushirishni boshlaganda, yordam koʻrsatuvchi odamni elektr toki urmasligi va uning tepadan tushib ketmasligining oldini olish choralari koʻrilishi kerak. Elektr toki urishining oldini olish uchun HL simlarigacha “Elektr uskunalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalari”da belgilangan yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan masofaga rioya qilinishi lozim. Agar mazkur masofaga rioya qilish imkoni boʻlmasa, HL kommutatsiya apparati yordamida oʻchirilishi yoki kuchlanishi 20 kV.gacha boʻlgan HLga sim otish yoʻli bilan qisqa tutashuv hosil qilib oʻchirilishi mumkin. Jabrlanuvchining oldiga chiqishda maxsus mexanizmlar (mezana) yoki tayanchga chiqish uchun moslamalardan (ilgak, tirnoqlardan) foydalansa boʻladi. Bunda monterlik kamari va himoya dubulgʻasidan albatta foydalanish kerak.
Tayanchga chiqayotganda jabrlanuvchini tushirish uchun tayyorlab qoʻyilgan (yigʻilgan) blokni birga olib chiqish kerak.
Blok jabrlanuvchining tepasidan tayanchning kontruktiv elementlariga (travers, ilgaklar, va h.) mustahkam qilib mahkamlanishi kerak. Keyin arqonning bir uchi jabrlanuvchining monterlik kamariga yoki uning qoʻllari ostidan halqa qilib oʻtkazish kerakki, bunda jabrlanuvchini tushirishda u doimo tik holatda boʻlishi va halqaning ichidan chiqib ketmasligi lozim. Arqonning ikkinchi uchi yerga tushiriladi. Yerga tushirilgan arqonning uchi, tushirish vaqtida sekinlashtirish va jabrlanuvchini qoʻshimcha shikastlanishining oldini olish maqsadida, tayanchning qandaydir silindrik boʻlagi (ustun, ilgak, travers va boshqalar) atrofida 1-2-marta aylantirilishi lozim.
Tayanchga koʻtarilgan zahoti jabrlanuvchining holatini aniqlash lozim va reanimatsion chora-tadbirlar oʻtkazish zarur boʻlsa oʻpkasiga ikki marta puflash, soʻngra zudlik bilan uni yerga tushirish kerak. Buning uchun yerda turgan odam arqonni tortib, jabrlanuvchini u osilib turgan tirnoqlardan (ilgaklardan) va monterlik kamaridan boʻshatib olish uchun uni bir oz koʻtarishi lozim. Jabrlanuvchi tayanchdan boʻshatib olinganidan soʻng uni tezlik va ehtiyotkorlik bilan yerga tushirish va birinchi yordam koʻrsatishni davom ettirish kerak.