от 28.05.2009 г. №
Меморандум о взаимопонимании между Правительством Республики Узбекистан и Правительством Федеративной Республики Бразилия
Кучга кириш санаси
28.05.2009
Меморандум о взаимопонимании
между Правительством Республики Узбекистан и Правительством Федеративной Республики Бразилия
О сотрудничестве в сфере туризма
Бразилиа, 28 мая 2009 года
(Вступил в силу 28 мая 2009 года)
(подписи)
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Braziliya Federativ Respublikasi Hukumati oʻrtasida
anglashuv Memorandumi
Turizm sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
2009-yil 28-may, Brazilia
(2009-yil 28-maydan kuchga kirgan)
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Braziliya Federativ Respublikasi Hukumati (bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar),
ikkala mamlakat oʻrtasida doʻstlik rishtalarini va oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish maqsadida,
turizmning nafaqat mamlakatlar oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikning rivojlanishida, balki oʻzaro anglashuv va har ikki mamlakat fuqarolari oʻrtasidagi birodarlikni kuchaytirishda muhim omil ekanligini inobatga olgan holda,
ikkala mamlakat oʻrtasida turizm sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish zaruriyatini anglagan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
1. Tomonlar ikki mamlakat oʻrtasida oʻzaro sayyohlar almashinuvini yaxshilash maqsadida kerakli chora-tadbirlarni amalga oshiradilar.
2. Tomonlar oʻz davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq, oʻzaro manfaatdorlik tamoyillari asosida, turizm sanoatining jadal rivojlantirish maqsadida amalga oshiriladigan saʼy-harakatlarni oʻzaro muvofiqlashtiradilar.
2-modda
Tomonlar oʻz davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq, turizm sohasidagi vakolatli organlari va tegishli tashkilotlari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantiradilar. Bunday hamkorlikni quyidagi yoʻnalishlarda amalga oshiradilar:
(a) maʼlumot va statistika almashadilar;
(b) birgalikda faoliyatning chora-tadbirlarini koʻradilar;
(v) ikki mamlakat turizm sohasida tajriba va professionallik darajasini oshirish maqsadida turizmni yaxshilash hamda rivojlantirish faoliyati bilan mashgʻul boʻlgan mutaxassislar va texniklarning oʻzaro tashriflarini almashadilar;
(g) Jahon Turizm Tashkiloti (JTT) va boshqa turizm sohasiga oid xalqaro tashkilotlar doirasida yagona yondashuvga erishish uchun harakat qiladilar.
3-modda
1. Tomonlar turizm sohasining vakolatli organlari oʻrtasida ikki mamlakatdagi milliy qonunchilik, madaniy va tabiiy boyliklarni saqlash hamda himoyalashga doir tartib va qoidalar, turistlarning joylashtirilishi, turistik agentliklar, mahalliy yarmarkalar, festivallar va koʻrgazmalar, kelishuvlar, kongresslar va boshqa tadbirlarga oid maʼlumotlar bilan oʻzaro almashadilar.
2. Tomonlar oʻz mamlakatlari milliy qonunchiligi doirasida turizmni targʻibot qilishga doir hujjatlar va materiallar bilan oʻzaro almashish imkoniyatlarini koʻrib chiqadilar.
4-modda
1. Tomonlar turizm infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida oʻz mamlakatlari xususiy sektorlari oʻrtasida hamkorlikni ragʻbatlantiradilar.
2. Tomonlar turizm sohasiga oʻzaro investitsiyalar jalb qiladilar va xorijiy investorlarga beriladigan investitsiyaviy imtiyozlar yuzasidan maʼlumot almashadilar.
5-modda
1. Ushbu Anglashuv Memorandumini amalga oshirish boʻyicha vakolatli organlar sifatida quyidagilar hisoblanadi:
(a) Oʻzbekiston Respublikasi nomidan — “Oʻzbekturizm” Milliy kompaniyasi;
(b) Braziliya Federativ Respublikasi nomidan — Turizm vazirligi.
2. Ushbu Anglashuv Memorandumida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida Tomonlar oʻz mamlakatlarining vakolatli organlari vakillari ishtirokida diplomatik kanallar orqali zarur hollarda yuzaga keladigan masalalarni hal qilish maqsadida uchrashuvlar tashkil qiladilar.
6-modda
1. Ushbu Anglashuv Memorandumi imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi va muddati cheklanmagan holda amal qiladi.
2. Tomonlarning har biri istalgan vaqtda diplomatik kanallar orqali yozma ravishda ushbu Anglashuv Memorandumining faoliyatini toʻxtatish toʻgʻrisida xabarnoma taqdim etishi mumkin. Bunda xabarnoma olingan sanadan toʻqson (90) kun oʻtgandan soʻng ushbu Anglashuv Memorandumining amali toʻxtatilgan deb hisoblanadi.
3. Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra, ushbu Anglashuv Memorandumiga diplomatik kanallar orqali yozma ravishda qoʻshimcha yoki oʻzgartishlar kiritilishi mumkin.
4. Ushbu Anglashuv Memorandumini talqin qilishda yoki amalga tatbiq etishda yuzaga keladigan barcha nizo va kelishmovchiliklar Tomonlar oʻrtasida diplomatik kanallar orqali muzokaralar oʻtkazish yoʻli bilan hal qilinadi.
Brazilia shahrida 2009-yil 28-may kuni ikki asl nusxada har biri oʻzbek, portugal va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Talqin etishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2009-y., 2-3-son)