Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
RESPUBLIKA AHOLISIGA VA XALQ XOʻJALIGIGA SOTILADIGAN AVTOMOBIL BENZINI NARXINI OʻZGARTIRISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 3-apreldagi 110-sonli “Aholiga sotiladigan avtomobil yoqilgʻisiga chakana narxlarni oʻzgartirish haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Neft va uni qayta ishlash mahsulotlari narxlarining oshib borayotganligi munosabati bilan hamda ulardan foydalanishning samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 1994-yilning 5-dekabridan boshlab aholiga sotiladigan avtomobil benzinining chakana narxi 1 litri uchun 8 soʻm miqdorida belgilansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Ijtimoiy taʼminot vazirligi belgilangan roʻyxatlar boʻyicha urush qatnashchilari va faxriylari, urush va mehnat nogironlariga oyiga belgilangan 50 litr avtobenzinni chakana narxlarning 50 foizi darajasida imtiyozli narxlarda sotish normasi saqlab qolinsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bozor va bozordan tashqari fondlar narxlari darajasini muvofiqlashtirgan holda benzinning yangi chakana narxlari preyskurantini tasdiqlasin va uni barcha manfaatdor vazirliklar, idoralar, korxonalar va tashkilotlarga yetkazsin.
4. “Oʻzdavneftmahsulot” davlat-aksionerlik birlashmasi, uning joylardagi organlari, avtomobil benzinini naqd pulga sotadigan avtomobil benzini quyish stansiyalaridagi avtomobil benzini qoldiqlarini 1994-yil 5-dekabrdagi holatiga koʻra qayta baholab chiqsinlar hamda qayta baholashdan tushgan mablagʻlarni oʻzlarining aylanma mablagʻlarini koʻpaytirishga yoʻnaltirsinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 14-oktabrdagi 509-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1994-yil 2-dekabr,
579-son