Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
BUXORO ShAHRIDA FUQAROLARNI ChET ELLARDA IShGA JOYLAShTIRISh BOʻYIChA XOʻJALIK HISOBIDAGI MINTAQAVIY BYuRO TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Buxoro viloyati hokimligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining Buxoro shahrida Fuqarolarni chet ellarda ishga joylashtirish boʻyicha xoʻjalik hisobidagi mintaqaviy byuro tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi Buxoro viloyati hokimligi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining chet ellardagi mehnat faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2003-yil 12-noyabrdagi 505-son qaroriga muvofiq Fuqarolarni chet ellarda ishga joylashtirish boʻyicha xoʻjalik hisobidagi Buxoro mintaqaviy byurosi faoliyatini tashkil etishni taʼminlasin.
3. Buxoro shahridagi Fuqarolarni chet ellarda ishga joylashtirish boʻyicha xoʻjalik hisobidagi mintaqaviy byuro xodimlarining cheklangan umumiy soni 16 kishidan, shu jumladan boshqaruv xodimlari soni 12 kishidan iborat etib belgilansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 12-noyabrdagi 505-son qaroriga 5-ilovadagi “Nukus va Qarshi shaharlarida” soʻzlari “Nukus, Qarshi va Buxoro shaharlarida” soʻzlari bilan almashtirilsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 23-dekabr,
561-son