Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
RESPUBLIKA “MAHALLA” XAYRIYA JAMGʻARMASINING
FAOLIYATINI YaNADA TAKOMILLAShTIRISh
ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
FAOLIYATINI YaNADA TAKOMILLAShTIRISh
ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Mahalla” xayriya jamgʻarmasining mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy hayotida tutgan oʻrnining oshib borayotganligini eʼtiborga olib hamda uning faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, idoralari, konsernlari, korxonalari, xoʻjaliklari va tashkilotlari “Mahalla” xayriya jamgʻarmasi hamda uning quyi boʻgʻinlariga muntazam ravishda moddiy-moliyaviy va amaliy yordam koʻrsatishlari zarurdir.
2. Mahallalar hududida joylashgan korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlariga tegishli mahallalarda madaniy va maʼrifiy, obodonchilik ishlarini amalga oshirish, anʼanaviy milliy bayramlarni oʻtkazishda, shuningdek, oqsoqollarning takliflari asosida kam daromadli va boquvchisini yoʻqotgan oilalar va yolgʻiz qolgan kishilarga moddiy-maʼnaviy yordam berib borish chora-tadbirlarini koʻrish topshirilsin.
3. “Mahalliy sanoat” korporatsiyasi (V. Chjen), “Oʻzbeksavdo” Uyushmasi (M. Usmonov), “Oʻzbekbirlashuv” (G. Volkov), “Oʻzmaishiyuyushma” (3. Sobirov) 1994-yildan boshlab “Mahalla” xayriya jamgʻarmasi hamda uning quyi boʻlimlari buyurtmalariga muvofiq mahalla guzarlari, choyxonalari uchun zarur boʻlgan xoʻjalik va uy-roʻzgʻor anjomlarini imtiyozli narxlarda ajratishni nazarda tutsinlar.
“Oʻzshartnomasavdo” uyushmasi (T. Sharipov), “Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish” qoʻmitasi (R.Xusanov) “Mahalla” xayriya jamgʻarmasi tasarrufidagi kichik korxonalarni zarur boʻlgan dastgohlar, ehtiyot qismlar, xomashyo mahsulotlari va tayyor mahsulotlar bilan taʼminlash chora-tadbirlarini belgilasinlar.
“Oʻzbekyengilsanoat” uyushmasining Akmal Ikromov tumani “Bekobod” mahallasidagi Toshkent bosh kiyimlar fabrikasi 3-sexini respublika “Mahalla” xayriya jamgʻarmasi balansiga oʻtkazish haqidagi taklifi qabul qilinsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (E.Boqiboyev):
“Mahalla” xayriya jamgʻarmasini iqtisodiy, moliyaviy va xoʻjalik faoliyatini yanada mustahkamlash uchun 1994-yilda respublika davlat budjetidan 1 mlrd soʻm miqdorida mablagʻ ajratsin. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki jamgʻarmaning mablagʻlaridan uning ustav vazifalariga qatʼiy muvofiq maqsadli ravishda ishlatilishi ustidan taʼsirchan nazorat oʻrnatishni taʼminlasin;
Davlat soliq bosh boshqarmasi (Sh.Gataulin) bilan birgalikda “Mahalla” xayriya jamgʻarmasining tasarrufidagi ishlab chiqarish hamda savdo korxonalarini soliqlar va boj toʻlovlarini ozod qilish masalasi boʻyicha 10 kun muddat ichida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi (U.Abdugʻaniyev) respublika hududidan tashqariga noqonuniy ravishda olib chiqib ketishda musodara qilingan tovarlar va mahsulotlarni “Mahalla” xayriya jamgʻarmasi doʻkonlari orqali aholiga sotishni tashkil yetish haqida shahar va tuman hokimliklari bilan kelishgan holda ikki hafta muddat ichida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
6. Toshkent shahar hokimligi (A.Fozilbekov)ga Respublika mahalla madaniyat markazi uchun bino ajratish, Shoyxontohur tumanidagi “Islomobod” mahalla madaniy markazini respublika “Mahalla” xayriya jamgʻarmasi balansiga oʻtkazish masalasini hal etish topshirilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (Z.Almatov) va Adliya vazirligi (A.Mardiyev)ga joylarda huquq-tartibot masalalari yuzasidan doimiy xalq bilan muloqotda boʻlib, mahalla faollari bilan ish yuritishni tashkil etish tavsiya etilsin.
8. Viloyat, tuman va shahar hokimlariga 1994-1995-yillarda har bir mahallaga zamonaviy va milliy loyihalar asosida guzarlar qurilishini tashkil qilishda va bu ishda davlat korxona va tashkilotlarini, davlat tasarrufida boʻlmagan kooperativ, kichik korxona va yuridik shaxslar tomonidan beriladigan xayriya mablagʻlaridan unumli foydalanish, shuningdek, jamgʻarma faoliyati uchun kichik korxona hamda doʻkonlar ochishga joy ajratib berish, aholi tomonidan yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi va chorvachilik mahsulotlarini qabul qilish punktlarini ochishga amaliy yordam berish topshirilsin.
Shahar va tuman hokimliklari oʻz hududlaridagi idoralar rahbarlari ishtirokida mahalla oqsoqollari hamda aholi bilan muntazam ravishda uchrashuvlar oʻtkazib, ular tomonidan bildirilgan fikr, mulohaza va takliflar asosida ijtimoiy muammolarni hal etish dasturini belgilasinlar.
9. Respublika “Mahalla” xayriya jamgʻarmasi (Sh.Temurov)ga:
Xalq taʼlimi vazirligi (J.Yoʻldoshev) bilan birgalikda bir oy muddat ichida “Oila-maktab-mahalla” dasturini ishlab chiqish, joylardagi pedagogik jamoalar va mahalla va faollarining asosiy eʼtiborlarini uning ijrosiga qaratish;
Madaniyat ishlari vazirligi (E.Hayitboyev) bilan birgalikda tuman va shaharlardagi qishloq, mavze, mahallalarda madaniy maʼrifiy ishlarni yanada jonlantirish, yoshlar oʻrtasida milliy istiqlol mafkurasiga asoslangan doʻstlik, vatanparvarlik, insonparvarlik, halollik, jonkuyarlik tuygʻularini shakllantirish;
Sogʻliqni saqlash vazirligi (Sh.Karimov) bilan birgalikda mahalla va mavzelarda aholi salomatligini, ekologik muhitni yaxshilash, sogʻlom avlodni kamol toptirish ishlarini rivojlantirish;
“Oʻzbekiston — vatanim, mahallam — uyim” shiori ostida osoyishtalikni saqlash, jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurash ishlarida maʼmuriy organlar amaliy yordam berish, fuqarolar oʻrtasida baynalminal doʻstlikni yanada mustahkamlash vazifalari yuklatilsin.
10. Oʻzbekiston Davlat televideniye va radioeshittirish kompaniyasi (Sh.Yahyoyev)ga, respublika va viloyat gazetalar tahririyatlariga “Mahalla” xayriya jamgʻarmasining faoliyatini muntazam ravishda keng yoritib borish va targʻib qilish tavsiya etilsin.
11. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari M. Qoraboyev zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 1-dekabr,
583-son