Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA FOYDALANILADIGAN YERLARNI YaLPI ROʻYXATDAN OʻTKAZISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Respublikadagi barcha yerlarni zaruriy hisobga olishni, yer soligʻining toʻliq va oʻz vaqtida tushishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzgeodeziya” boshqarmasining hamda respublikaning boshqa vazirliklari va idoralarining ixtisoslashtirilgan tashkilotlarini shartnoma asosida jalb etib, 1995-yilning birinchi yarmida mulkchilikning shakllaridan qatʼi nazar, barcha korxonalar, muassasalar va tashkilotlar foydalanadigan yerlarning chegaralari va maydonlarini aniqlagan holda shaharlar va shaharchalar yerlarini roʻyxatdan oʻtkazsinlar;
roʻyxatdan oʻtkazish natijalari boʻyicha bir oy muddatda yerlardan foydalanish huquqini yoki yerlarni ijaraga olish shartnomalarini belgilangan tartibda rasmiylashtirsinlar;
barcha shaharlar va shaharchalarda yerlardan foydalanuvchilarning har biri boʻyicha yer kadastri hujjatlarini muntazam yuritishni tashkil etsinlar;
respublika va viloyatlarga boʻysunuvchi shaharlar hokimliklarida yer kadastri hujjatlarini yuritish, yer qonunchiligiga rioya etilishini va yer munosabatlarini tartibga solib borishni nazorat qilish boʻyicha boʻlinmalar tashkil etsinlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, “Oʻzgeodeziya” boshqarmasi va ularning joylardagi organlari bilan birgalikda 1995-yilning 1 choragida respublika shaharlari hududini kompleks baholash ishlarini tugallasinlar.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi hamda “Oʻzgeodeziya” boshqarmasi bilan birgalikda bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi shaharlari va shaharchalari yerlarini yalpi roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi koʻrsatmalarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
3. “Oʻzgeodeziya” boshqarmasi yerlarni roʻyxatdan oʻtkazish ishlarini amalga oshirishni barcha zarur geodeziya va topografiya materiallari va maʼlumotlari bilan belgilangan tartibda taʼminlasin.
4. Belgilab qoʻyilsinki, shaharlar va shaharchalar yerlarini roʻyxatdan oʻtkazish ishlari mahalliy budjet hisobiga amalga oshiriladi. Respublika va viloyatlarga boʻysunuvchi shaharlarning hamda tumanlarning hokimliklari ushbu maqsadlar uchun mahalliy budjetdan zarur mablagʻlarni ajratsinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda, respublika shaharlari hududlarini baholash natijalarini hisobga olgan holda, yer soligʻi stavkalariga tuzatish kiritish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi yerlarni roʻyxatdan oʻtkazish natijalari boʻyicha yer uchastkalarini soliq solishdan yashirgan yoki ularning maydonini kamaytirib koʻrsatgan yerdan foydalanuvchilarni aniqlasin va qonunchilikka muvofiq ularga nisbatan choralar koʻrsin.
7. “Oʻzgeodeziya” boshqarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Davlat soliq qoʻmitasi bilan kelishgan holda, zarurat boʻlganda yer kadastri hujjatlariga yer soligʻini toʻgʻri hisoblab chiqarish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha koʻrsatkichlar kiritsinlar.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari I. X. Joʻrabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 31-dekabr,
636-son