Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUDUDIDA “SOʻM-KUPONLAR” MUOMALASI TARTIBINI YaNADA TAKOMILLAShTIRISh ChORALARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Isteʼmol bozorini muhofaza qilish, pul muomalasini mustahkamlash, Oʻzbekiston Respublikasi hududida “Soʻm-Kuponlar”ni joriy etish borasida hukumatning ilgari qabul qilgan qarorlariga hamda ularning muomala tartibini yanada takomillashtirish zarurligiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qoʻyilsinki, 1993-yilning 6-dekabridan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining hududida 1993-yil 15-noyabrda muomalaga chiqarilgan qiymati 1, 3, 5, 10, 25, 50, 100, 200, 500, 1000, 5000, 10000 boʻlgan “Soʻm-Kuponlar” qonuniy toʻlov vositasi hisoblanadi.
“Soʻm-Kuponlar” Oʻzbekiston Respublikasining hududida davlat, kooperativ hamda boshqa korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoa xoʻjaliklari va aholi tomonidan barcha turdagi toʻlovlarga, shuningdek, bank muassasalari va Aloqa vazirligi korxonalari tomonidan joriy hisob-kitob schyotlariga, omonatlarga, akkreditivlarga qoʻshish uchun va pul oʻtkazish uchun cheklovlarsiz qabul qilinishi majburiydir.
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandning uchunchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 27-dekabrdagi 611-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
2. Tovarlar va xizmatlarning haqini toʻlash uchun “Soʻm-Kuponlar” bilan bir qatorda SSSR Davlat bankining 1961—1992-yillarda chiqarilgan quyidagi qogʻoz pullaridan:
qiymati 1, 3, 5, 10 va 25 rubl boʻlgan pullardan — 1994-yilning 1-yanvarigacha boʻlgan muddatda toʻlov vositasi sifatida foydalanish mumkinligi belgilab qoʻyilsin.
Mazkur qogʻoz pullarni 1993-yilning 6-dekabridan boshlab “Oʻzjamgʻarmabank” muassasalari omonatlarga qabul qilmaydilar.
3. “Oʻzbeksavdo” davlat uyushmasi, “Oʻzbekbirlashuv” tizimlaridagi ulgurji va chakana savdo korxonalari, savdo tarmoqlariga ega boʻlgan vazirliklar va idoralar:
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 25-fevraldagi 96-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
bozor fondidagi oziq-ovqat mahsulotlarini faqat bolalar muassasalariga, shifoxonalarga, davolash-profilaktika muassasalariga, dam olish uylariga, keksalarning internatlariga, nogironlar uchun moʻljallangan uylarga, oʻquv muassasalari hamda boshqa ijtimoiy-madaniy muassasalarga sotsinlar;
cheklar va chek daftarchalari boʻyicha tovarlar sotishni belgilangan tartibda cheklovlarsiz amalga oshirsinlar.
4. Tovarlarni sotishdan va pulli xizmatlardan tushadigan pul daromadlarining holatini nazorat qilish boʻyicha Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 19-noyabrdagi 561-son qaroriga muvofiq Markaziy bankning tuman, shahar muassasalari huzurida tuzilgan komissiyalar pul topshiruvchi har bir korxona, muassasa va tashkilotdan tushgan “Soʻm-Kuponlar” va rubllardagi daromadlarni albatta har kuni inkassatsiya qilish, tezkorlik bilan hisobga olish, tahlil etish borasidagi ishlarni kuchaytirsinlar.
Daromadni inkassatsiya qilish borasida belgilangan tartibni buzish hollari aniqlangan taqdirda amaldagi qonunlarga muvofiq tezkorlik bilan choralar koʻrilsin.
5. “Oʻzjamgʻarmabank” muassasalari 1993-yilning 6-dekabridan boshlab 200 ming rubldan ortiq boʻlgan alohida maxsus foizsiz schyotlarga qoʻyilgan omonatlardan tashqari, fuqarolarning schyotlaridan tovarlar sotib olish va xizmatlar haqini toʻlash uchun omonatchining xohishiga koʻra hisob-kitob cheklari va chek daftarchalarini bera boshlasinlar. “Oʻzjamgʻarmabank” muassasalari foydalanilmagan hisob-kitob cheklarining haqini “Soʻm-Kuponlar” bilan toʻlamaydi.
6. “Oʻzjamgʻarmabank” muassasalari naqd “Soʻm-Kuponlar” bilan taʼminlab borilishiga qarab 1994-yilning 1-yanvaridan boshlab omonatlar naqd pul bilan berilsin.
7. Ushbu qarorning qanday bajarilayotganini nazorat qilish respublika komissiyasining raisi oʻrtoq A.M. Mutalov zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 30-noyabr,
578-son