Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TOSHKENT SHAHRIDA OTELI BOʻLGAN KICHIK BIZNES-MARKAZNI QURISH TOʻGʻRISiDA
Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining xalqaro talablarga javob beradigan moddiy-texnika negizini kengaytirish maqsadida hamda chet el vakolatxonalarining faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratishga ehtiyojning ortib borayotganligini hisobga olib, Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi 200 oʻrinli oteli boʻlgan Kichik biznes-markaz qurilishi boʻyicha buyurtmachi etib belgilansin.
Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Kichik biznes-markazni foydalanishga tayyor holda qurish boʻyicha bosh pudratchi etib “Buyuk ipak yoʻli” Oʻzbekiston—Turkiya qoʻshma korxonasi, rubllar boʻyicha ishlarni bajaruvchi subpudratchi tashkilotlar etib “Toshmetroqurilish” qurilish boshqarmasi, “Toshmuhandisqurilish” tresti va “Oʻzavtotrans” korporatsiyasi belgilangan.
2.Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi:
Toshkent shahar hokimining 1993-yil 15-iyundagi 205-f-son farmoyishi bilan Kichik biznes-markaz qurilishi uchun Komsomol 40 yilligi koʻchasida ajratilgan 1,5 gektarli maydonda qurilishni amalga oshirsin;
bosh pudratchi “Buyuk ipak yoʻli” qoʻshma korxonasi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga kredit liniyasi ochish uchun hujjatlar toʻplamini taqdim etsin.
3. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki:
Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligiga Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan, kompleks ishga tushirilgandan keyin kutilayotgan daromaddan qaytarish kafolati bilan kredit tarzida 5 mln AQSH dollari beriladi;
Turkiya tomoni uzoq muddatli kredit shartlari boʻyicha xalqaro moliya idoralarida 15 mln AQSH dollarini qidirib topadi.
4. “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi, kapital mablagʻlarning zarur limitini ajratgan holda, Kichik biznes-markaz qurilishini bank krediti hisobiga mablagʻ bilan taʼminlanuvchi obyektlar roʻyxatiga kiritsin.
5. “Oʻzshartnomasavdo”, “Oʻzqurilishmateriallari” konserni buyurtmachining taqdim etgan talabnomalariga muvofiq ajratilgan kapital mablagʻlar limitlarini moddiy-texnika resurslari bilan taʼminlasinlar.
6. Toshkent shahar hokimligi buyurtmachi va bosh pudratchi tomonidan taqdim etilgan Kichik biznes-markazning meʼmorchilik va hajm-reja yechimlarini belgilangan tartibda kelishib olsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika va elektrlashtirish vazirligi Kichik biznes-markazning energiya va issiqlik bilan taʼminlash obyektlarini, tashqi muhandislik kommunikatsiyalarini qurishda buyurtmachiga amaliy yordam koʻrsatsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi buyurtmachi sifatida:
Kichik biznes-markaz qurilishi uchun zarur boʻlgan import qilinadigan asbob-uskuna va materiallar uchun bojxona toʻlovlari va yigʻimlaridan;
Toshkent shahrining muhandislik kommunikatsiyalarini rivojlantirishda ulush qoʻshib qatnashishdan;
Kichik biznes-markaz qurilishida band boʻlgan turkiyalik mutaxassislar va ishchilarning viza hujjatlarini rasmiylashtirish uchun yigʻimlar toʻlashdan ozod qilinsin.
9. Bosh pudratchi bilan havo va yer usti transportida yuklar tashuvini amalga oshiruvchi Oʻzbekiston kompaniyalari oʻrtasidagi oʻzaro hisob-kitoblarni, shuningdek, mutaxassislarning yashashi va ularga servis xizmati koʻrsatilgani uchun toʻlovlarni rubllarda amalga oshirishga ruxsat etilsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari Oʻ. T. Sultonov va K. N. Toʻlaganov zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 19-noyabr,
564-son