Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OLTIN QAZIB OLISh SANOATI KORXONALARINI KIMYoVIY REAGENTLAR BILAN TAʼMINLASh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Qizilqumnodirmetalloltin” davlat konserni korxonalarini texnologik ehtiyojlar uchun kimyoviy reagentlar bilan taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Qizilqumnodirmetalloltin” davlat konsernining 1993—1995-yillarda Navoiy kon-metallurgiya kombinatida ionli almashinuvchan AM-2B markali smolani ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, “Navoiyazot” ishlab chiqarish birlashmasida tsianli natriyni ishlab chiqarishni qayta yoʻlga qoʻyishni va uning quvvatini yiliga 4,8 ming tonnadan 7 ming tonnaga yetkazish hamda 500 tonna poli-akrilamid ishlab chiqaradigan qurilmani barpo etish boʻyicha takliflariga rozilik berilsin. “Navoiyazot” birlashmasi xoʻjalik yoʻli bilan ushbu obyektlarda qurilish-montaj ishlari bajarilishini taʼminlasin.
Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy bankiga 1993—1995-yillarda barpo etiladigan obyektlarda foydalaniladigan asbob-uskunalarni, ehtiyot qismlar va materiallarni respublika tashqarisidan sotib olish uchun “Navoiyazot” birlashmasiga zarur boʻlgan 500 mln soʻm miqdoridagi kredit resurslarini foydadan yiliga 5 foizli toʻlov bilan kreditni obyektlar ishga tushirilgandan keyin uch yil mobaynida toʻlagan holda “Oʻzsanoatqurilishbank”ka berish tavsiya etilsin.
“Oʻzsanoatqurilishbank” koʻrsatib oʻtilgan ishlarni bajarganlik uchun hamda asbob-uskunalar va materiallarni sotib olishga ketgan sarflar toʻlovlarini, istisno tariqasida, haqiqatda qilingan sarflar boʻyicha amalga oshirsin.
2. “Navoiyazot” ishlab chiqarish birlashmasiga birlashma ehtiyojlari uchun qoldiriladigan mahsulotlar hajmlari hisobidan 1993-yilda jahon bozorida 15 ming tonna ammiakli selitrani, 5 ming tonna ammoniy sulfatni, 1 ming tonna nitron tolasini hamda 2 ming tonna sirka kislotasini sotishga, olingan mablagʻlarni ilgʻor texnologiyalarni va zamonaviy asbob-uskunalarni sotib olishga yoʻnaltirishga ruxsat etilsin.
3. Oʻzbekiston shartnomalar va savdo boʻyicha davlat-aksionerlik uyushmasi hamda respublikaning boshqa taʼminot-sotish tashkilotlari “Navoiyazot” birlashmasiga koʻrsatib oʻtilgan obyektlar qurilishi uchun ajratilgan kapital mablagʻlap hajmi doirasida birkitilgan nomenklatura boʻyicha kvotalangan mahsulot ajratishni amalga oshirsinlar, shuningdek, shartnomaviy asosda mahsulot yetkazib beruvchilar bilan xoʻjalik aloqalarini oʻrnatishda koʻmaklashsinlar.
4. “Oʻzdavkimyo” konserni (oʻrtoq Mirxoʻjayev) 1993-yilning IV choragida 500 tonna poliakrilamid hamda 1995-yilning IV choragida 7 ming tonna tsianli natriy ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirishni taʼminlasin.
5. Sianli natriy ishlab chiqarishni 15 ming tonnaga yetkazish boʻyicha quvvatlarni ishga tushirish va 2 ming tonna tiomochevina ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish bilan bogʻliq masalalarni hal etish uchun Oʻzbekiston Davlat kimyo konserni va “Qizilqumnodirmetalloltin” davlat konserni uch oy muddatda quyidagilarni amalga oshirsinlar:
sinil kislotasi va tsian tuzlari ishlab chiqarish sexining texnikaviy-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishni taʼminlash, qurilish uchun joy tanlash va mablagʻ bilan taʼminlash manbalarini belgilash;
tiomochevina ishlab chiqarish quvvatlarini qurish toʻgʻrisida takliflar tayyorlash.
6. Sanoat asosida ishlab chiqarishni loyihalash uchun dastlabki maʼlumotlar bilan taʼminlash maqsadida “Navoiyazot” ishlab chiqarish birlashmasi tajriba qurilmasida rodanli ammoniydan tiomochevina olish texnologiyasini oʻzlashtirish ishlarini davom ettirsin.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari oʻrtoq A. N. Voznenko zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 9-iyul.,
342-son