Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON TARIXI MUZEYI ASHYOLARI HAQIDA
Oʻzbekiston tarixi muzeyi yangi binoga koʻchib oʻtganligi munosabati bilan, ekspozitsiyalar hamda muzey fondidagi tarixiy va madaniy boyliklarning yaxlit bir yerda saqlanishini taʼminlash, ulardan ilmiy-maʼrifiy ishlarda foydalanishni yanada yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston tarixi muzeyining Oxunboboyev koʻchasi 15-uydagi omborxonada joylashgan tarixiy ashyolari Sharof Rashidov koʻchasi 3-uydagi yangi binoga koʻchirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi fanlar akademiyasi bir oy muddat ichida belgilangan tartibda Oxunboboyev koʻchasi 15-uyda joylashgan sobiq muzey binosini Toshkent viloyati hokimligi balansiga bersin, mazkur bino hovlisi va hovlidagi yordamchi binolar restavratsiya ishlarini tashkil etish uchun Oʻzbekiston tarixi muzeyi ixtiyorida qoldirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 21-apreldagi 203-son qarorining 5-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilib borish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri oʻrinbosari oʻrtoq M. Q. Qoraboyevga topshirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1993-yil 1-mart,
115-son