Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirishda xususiy sektor ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlarning sifati va samaradorligini oshirish, tibbiy va yordamchi xizmatlarni koʻrsatishda xususiy sektor imkoniyatlaridan keng foydalanish hamda sogʻliqni saqlash sohasiga xususiy investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirishda xususiy sektor ishtirokini kengaytirishning asosiy maqsadlari etib belgilansin:
(a) sogʻliqni saqlash tizimini yagona strategik rejalashtirish asosida rivojlantirish, tibbiy xizmat turlari kesimida davlat va xususiy sektorning roli hamda ishtirokining maqbul va samarali mexanizmlarini belgilash;
(b) xususiy sektor imkoniyatlaridan keng foydalanish, tibbiy va yordamchi xizmatlar xaridida yangi autsorsing mexanizmlarini joriy etish orqali 2030-yilga qadar tibbiyot tashkilotlarida koʻrsatiladigan klinik va yordamchi xizmatlarni bosqichma-bosqich xususiy sektordan autsorsing asosida xarid qilish hajmini 30 foizgacha yetkazish;
(v) sogʻliqni saqlash sohasiga xususiy investitsiyalarni keng jalb qilish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini takomillashtirish;
(g) 2030-yilga qadar ilgʻor boshqaruv tajribasini joriy etish uchun kamida 5 ta yirik tibbiyot tashkilotiga nufuzli xorijiy professional boshqaruv kompaniyalari va boshqaruvchilar guruhlarini (keyingi oʻrinlarda — professional boshqaruvchilar) jalb qilish.
II. Tibbiy xizmatlar xaridida xususiy sektor bilan samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish
2. Belgilansinki, 2027-yil 1-yanvardan boshlab:
(a) sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etish va rivojlantirish boʻyicha uzoq va qisqa muddatli master reja (keyingi oʻrinlarda — Master reja) asosida davlat va xususiy sektor ishtirokidagi quyidagi mexanizmlar joriy etiladi:
(i) tibbiyot sohasiga xususiy sektorni tegishli hududda tibbiy xizmatlarga boʻlgan ehtiyoj hamda davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlarining mavjud quvvatlarini inobatga olgan holda jalb qilish;
(ii) davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordamni koʻrsatish uchun zarur boʻlgan tibbiyot muassasalarini davlat tasarrufida saqlash hamda ularning quvvatlarini aholining tibbiy xizmatlarga boʻlgan haqiqiy ehtiyojiga mutanosib ravishda rivojlantirish;
(iii) faoliyatining samaradorligini oshirish, ilgʻor boshqaruv tajribasi va zamonaviy klinik texnologiyalarni joriy etish zarur boʻlgan alohida tibbiyot muassasalariga professional boshqaruvchilarni jalb qilish;
(iv) yirik kapital qoʻyilmalar talab etiladigan yangi tibbiyot muassasalarini, qoida tariqasida, xususiy investitsiyalarni jalb qilgan holda davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish.
Bunda Sogʻliqni saqlash vazirligi Master rejada belgilangan ehtiyojlar asosida davlat-xususiy sheriklik mexanizmi orqali tashkil etiladigan tibbiyot muassasalarini belgilaydi hamda qonunchilikda belgilangan tartibda loyihalarni tayyorlash, xususiy sheriklarni tanlash va davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimlarini tuzish ishlarini tashkil etadi;
(v) yirik kapital qoʻyilmalar talab etilmaydigan hamda xususiy sektorda yetarli quvvat va raqobat muhiti shakllangan alohida tibbiy va yordamchi xizmatlarni autsorsing asosida xususiy sektordan davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq xarid qilish;
(b) davlat-xususiy sheriklik asosida yangi tibbiyot muassasalarini tashkil etish Master rejada belgilangan ehtiyojdan kelib chiqib, yirik kapital qoʻyilmalar talab etiladigan loyihalar doirasida amalga oshiriladi.
3. Belgilansinki, 2027-yil 1-yanvardan boshlab davlat tibbiyot muassasalarida (keyingi oʻrinlarda — tibbiyot muassasalari) tibbiy va yordamchi xizmatlarni xususiy sektordan autsorsing asosida xarid qilishning yangi tartibi joriy etiladi. Bunda:
(a) autsorsing shartnomalari xizmatning xususiyati va autsorser tomonidan kiritiladigan investitsiyalar hajmidan kelib chiqib, besh yilgacha muddatga tuziladi;
(b) alohida hollarda investitsiyani qoplash muddatidan kelib chiqib, istisno tariqasida, Sogʻliqni saqlash vazirligi xulosasi asosida autsorsing xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha shartnomalar oʻn yilgacha muddatga tuzilishi mumkin;
(v) yangi tartib joriy etilgunga qadar muddati tugaydigan autsorsing loyihalarini 2027-yil yakuniga qadar davom ettirishga ruxsat etiladi.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
(a) tibbiyot muassasalarida tibbiy va yordamchi xizmatlarni autsorsing asosida tashkil etish davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilik va Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi;
(b) autsorsing shartnomasida nazarda tutilgan tibbiyot muassasalari balansidagi bino va inshootlar, ularning alohida qismlari yoki xonalari, bunday foydalanishning iqtisodiy maqsadga muvofiqligi asoslantirilgan hamda xizmat narxida hisobga olingan taqdirda, tekin foydalanishga beriladi. Bunda Sogʻliqni saqlash vazirligi:
(i) autsorsing asosida tashkil etiladigan tibbiy va yordamchi xizmatlarning roʻyxatiga oʻzgartirish kiritish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi;
(ii) har bir yoʻnalish boʻyicha namunaviy xarid qilish hujjatlari, texnik talablar, shartnomalar loyihalari, xizmat sifati va natijadorligini baholash boʻyicha uslubiy tavsiyalarni hamda zaruratga koʻra baholash mezonlarini ishlab chiqadi;
(iii) autsorsing loyihalarini amalga oshirish jarayonlarini muvofiqlashtiradi, ularning yagona reyestrini yuritadi hamda natijadorligini monitoring qilib boradi.
5. 2027-yil 1-aprelga qadar tibbiyot muassasalarida autsorsing loyihalarini roʻyxatga olish, hisobini yuritish va amalga oshirilishini monitoring qilish boʻyicha “Tibbiyot autsorsingi” elektron axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — Axborot tizimi) joriy etilsin. Bunda:
(a) autsorsingga beriladigan xizmatlar, amalga oshirilayotgan loyihalar, xizmat koʻrsatuvchilar va tuzilgan shartnomalarning yagona elektron reyestri yuritiladi;
(b) davlat xaridlari elektron tizimlari bilan integratsiya qilish orqali amalga oshirilgan xarid tartib-taomillari, tuzilgan shartnoma qiymati va muddati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar avtomatik tarzda olinadi va Axborot tizimida aks ettiriladi;
(v) shartnomalar boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlar hajmi va sifati, samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI), xizmatlarni qabul qilish natijalari, amalga oshirilgan toʻlovlar hamda shartnoma majburiyatlarining bajarilishi monitoring qilinadi;
(g) autsorsing loyihalarining iqtisodiy samaradorligi, xizmatlar sifati va budjet mablagʻlaridan foydalanish natijadorligi boʻyicha tahliliy maʼlumotlar shakllantiriladi.
6. Sogʻliqni saqlash vazirligi Axborot tizimini yuritish va maʼlumotlarning tizimli monitoringini amalga oshirish boʻyicha masʼul organ etib belgilansin.
III. Sogʻliqni saqlash tizimida davlat va xususiy sektor ishtirokining yangi mexanizmlarini joriy etish
7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq tibbiyot muassasalarini professional boshqaruvchilarga berishda:
(a) professional boshqaruvchilarni jalb qilish zarurati muassasaning klinik va moliyaviy koʻrsatkichlari, boshqaruv samaradorligi hamda uni rivojlantirish maqsadlarini kompleks baholash natijalari asosida aniqlanadi;
(b) professional boshqaruvchi, qoida tariqasida, ochiq va raqobatli tanlov asosida, uning tibbiyot muassasalarini boshqarish sohasidagi tajribasi, moliyaviy barqarorligi va boshqaruv salohiyatini inobatga olgan holda tanlanadi;
(v) professional boshqaruvchi faoliyati shartnomada belgilangan samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) asosida har yili baholanadi va baholash natijalari shartnomani davom ettirish, qayta koʻrib chiqish yoki belgilangan tartibda bekor qilish uchun asos hisoblanadi.
8. Sogʻliqni saqlash vazirligi 2027-yildan boshlab har yili 1-noyabrga qadar Master reja asosida xususiy investitsiyalarni jalb etish hisobiga va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari doirasida amalga oshiriladigan ustuvor loyihalar roʻyxatini shakllantirsin hamda oʻz rasmiy veb-saytida eʼlon qilib borsin.
Bunda xususiy sektorni jalb qilish shakli har bir loyiha boʻyicha uning investitsiya hajmi, Davlat budjeti parametrlarida sogʻliqni saqlash sohasiga ajratilgan mablagʻlar doirasida davlatning moliyaviy majburiyatlari, xavf-xatarlar va iqtisodiy samaradorligidan kelib chiqib belgilanadi.
9. Sogʻliqni saqlash vazirligining tibbiyot muassasalarini loyihalashtirish va qurishga oid shaharsozlik normalari va qoidalari, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarini qayta koʻrib chiqish, oʻzaro muvofiqlashtirish hamda ilgʻor xalqaro standartlarga uygʻunlashtirish boʻyicha Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan loyiha ofisini tashkil etish haqidagi taklifi maʼqullansin.
10. Tibbiyot muassasalarini loyihalashtirish va qurishga oid normativ-texnik bazani takomillashtirish, sogʻliqni saqlash sohasida autsorsing va davlat-xususiy sheriklik loyihalarini muvofiqlashtirish, ularning ustidan tizimli monitoring hamda nazoratni tashkil etish maqsadida Tibbiyot va farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining 7 ta shtat birligi Sogʻliqni saqlash vazirligiga oʻtkazilsin.
IV. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
11. Sogʻliqni saqlash vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda tibbiyot muassasalarida tibbiy va yordamchi xizmatlar koʻrsatishni autsorsing asosida tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni hamda davlat tibbiyot muassasalarida autsorsing asosida tashkil etiladigan xizmatlar roʻyxatini tasdiqlashni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
12. Mazkur qarorda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar Davlat budjeti parametrlarida sogʻliqni saqlash sohasiga ajratilgan mablagʻlar va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
13. Sogʻliqni saqlash vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi bilan birgalikda 2027-yil 1-mayga qadar Axborot tizimining davlat xaridlari elektron tizimlari va boshqa tegishli davlat axborot tizimlari bilan belgilangan tartibda integratsiya qilinishini taʼminlasin.
14. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari sogʻliqni saqlash sohasida toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya loyihalari, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik loyihalari boʻyicha tashabbuslar Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan oldindan kelishilgan holda amalga oshirilishini taʼminlasin.
15. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi sogʻliqni saqlash sohasiga Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Master reja asosida shakllantirilgan va tashabbus qilingan loyihalar portfeli doirasida xorijiy investitsiyalarni jalb qilish choralarini koʻrsin.
16. Bosh prokuratura Sogʻliqni saqlash vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda 2027-yil 1-aprelga qadar tibbiyot muassasalarining bino va inshootlari, ularning alohida qismlari hamda yer maydonlarini ijaraga berish boʻyicha amaldagi shartnomalarni toʻliq xatlovdan oʻtkazsin. Oʻrganish natijalari boʻyicha qonunchilik hujjatlari talablariga zid ravishda tuzilgan, davlat manfaatlariga zarar yetkazuvchi ijara shartnomalari yoki obyektlardan maqsadsiz foydalanish holatlari yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
17. Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-sentabrdagi “Davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-311-son qaroriga 8-ilovaning 7-bandi 2027-yil 1-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
19. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib sogʻliqni saqlash vaziri E.E. Adilov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari belgilansin.
20. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 4-noyabr,
PQ-392-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.11.2026-y., 07/26/392/1098-son)