Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
LIZING TOʻGʻRISIDA
1-modda. Lizing toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Lizing toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari lizingni amalga oshirish paytida yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soladi hamda ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iborat.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining lizing toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
2-modda. Lizing tushunchasi
Lizing ijara munosabatlarining alohida turi boʻlib, unda bir taraf (lizing beruvchi) ikkinchi tarafning (lizing oluvchining) topshirigʻiga binoan uchinchi tarafdan (sotuvchidan) haq evaziga egalik qilish va foydalanish uchun lizing shartnomasida belgilangan shartlarda berib qoʻyish maqsadida mol-mulkni (lizing obyektini) oladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Lizing uch taraflama (sotuvchi — lizing beruvchi — lizing oluvchi) yoki ikki taraflama (lizing beruvchi — lizing oluvchi) lizing shartnomasi boʻyicha amalga oshiriladi.
Lizing beruvchi va sotuvchi oʻrtasida ikki taraflama lizing shartnomasi tuzilayotganida qoʻshimcha ravishda lizing obyektining oldi-sotdi shartnomasi tuziladi.
3-modda. Lizing obyektlari
Tadbirkorlik faoliyati uchun foydalaniladigan isteʼmol qilinmaydigan har qanday ashyolar, shu jumladan korxonalar, mulkiy komplekslar, binolar, inshootlar, uskunalar, transport vositalari hamda boshqa koʻchar va koʻchmas mulk lizing obyektlari boʻlishi mumkin.
Yer uchastkalari va boshqa tabiat obyektlari, shuningdek erkin muomalada boʻlishi qonun hujjatlari bilan taqiqlangan yoki muomalada boʻlishining alohida tartibi belgilangan mol-mulk lizing obyektlari boʻlishi mumkin emas.
Keyingi tahrirga qarang.
4-modda. Lizing subyektlari
Lizing beruvchi, lizing oluvchi va sotuvchi lizing subyektlaridir.
Lizing shartnomasi boʻyicha lizing oluvchiga kelgusida topshirish maqsadida lizing obyektini mulk qilib oluvchi shaxs lizing beruvchi deb eʼtirof etiladi.
Egalik qilish va foydalanish uchun lizing shartnomasi boʻyicha lizing obyektini olayotgan shaxs lizing oluvchi deb eʼtirof etiladi.
Lizing beruvchi lizing obyektini kimdan olayotgan boʻlsa, shu shaxs sotuvchi deb eʼtirof etiladi.
Aniq lizing obyektiga nisbatan quyidagilarning bir shaxs timsolida ish koʻrishiga yoʻl qoʻyilmaydi:
lizing shartnomasi boʻyicha lizing beruvchi va lizing oluvchi;
lizing beruvchining kreditori va lizing obyektining lizing oluvchisi.
Keyingi tahrirga qarang.
5-modda. Lizing turlari
Lizing turlari boʻyicha moliyaviy va operativ lizinglarga boʻlinadi.
Moliyaviy lizingda lizing shartnomasi quyidagi talablardan biriga javob berishi kerak:
lizing shartnomasi muddati tugagach, lizing obyekti lizing oluvchining mulkiga oʻtadi;
lizing shartnomasi muddati lizing obyektining xizmat muddatidan 80 foizdan ortiq boʻladi yoki lizing shartnomasi muddati tugagach, lizing obyektining qoldiq qiymati uning boshlangʻich qiymatining 20 foizidan kamni tashkil etadi;
lizing oluvchi lizing obyektini qatʼiy belgilangan narxda yoki lizing shartnomasi muddati tugaganda aniqlanadigan narxda sotib olish huquqiga ega;
lizing shartnomasi davridagi toʻlovlarning umumiy summasi lizing obyekti qiymatining 90 foizidan ortiq.
Agar lizing shartnomasida ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan talablardan birortasi nazarda tutilmagan boʻlsa, lizingning bunday turi operativ lizing hisoblanadi. Operativ lizingni (ijarani) amalga oshirish tartibi va shartlari qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Lizing uning uchta subyekti ishtirok etadigan toʻgʻridan-toʻgʻri shaklda ham, lizing oluvchi va sotuvchi boʻlib bir shaxsning oʻzi ishtirok etadigan qaytariladigan shaklda ham amalga oshirilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
6-modda. Qoʻshimcha lizing
Lizing oluvchi lizing beruvchi oldida lizing shartnomasi yuzasidan javobgar boʻlib qolgani holda, lizing shartnomasi boʻyicha olgan lizing obyektini lizing beruvchining yozma roziligi bilan vaqtinchalik egalik qilish va foydalanish uchun uchinchi shaxsga qoʻshimcha lizingga topshirishga haqli. Bunda ushbu Qonunning qoidalari qoʻshimcha lizing shartnomasida qoʻshimcha lizing beruvchiga, qoʻshimcha lizing oluvchiga va sotuvchiga nisbatan muvofiq ravishda lizing beruvchiga, lizing oluvchiga va sotuvchiga boʻlganidek qoʻllaniladi.
Qoʻshimcha lizing shartnomasining amal qilish muddati lizing shartnomasining amal qilish muddatidan ortiq boʻlishi mumkin emas.
7-modda. Lizing obyektini hisobga olish va roʻyxatdan oʻtkazish
Moliyaviy lizing obyekti lizing oluvchi balansida hisobga olinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Operativ lizing obyekti lizing beruvchi balansida hisobga olinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Davlat organlarida roʻyxatdan oʻtkazilishi talab etiladigan lizing obyektlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda lizing beruvchining yoki lizing oluvchining nomiga rasmiylashtiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
8-modda. Lizing faoliyati
Lizing shartnomasi boʻyicha lizing beruvchining oʻz mablagʻi va (yoki) qarz mablagʻlarini investitsiyalashga qaratilgan tadbirkorlik faoliyati turi — lizing faoliyatidir.
Banklar lizing faoliyatini oʻz mablagʻlari va (yoki) jalb etilgan mablagʻlar hisobidan amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
9-modda. Lizing shartnomasi
Lizing shartnomasi yozma shaklda, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tuziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Agar lizing oluvchi jismoniy shaxs boʻlsa, lizing shartnomasi notarial tasdiqlanishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Quyidagilar lizing shartnomasining muhim shartlari hisoblanadi:
lizing obyektining tavsiflanishi (lizing obyektining miqdori, sifati, roʻyxati, kontrakt qiymati va boshqa koʻrsatkichlari) va shartnoma umumiy pul summasining koʻrsatilishi;
taraflarning lizing obyektini olish va berish bilan bogʻliq majburiyatlari;
lizing obyektini berish tartibi, shu jumladan lizing obyektini yetkazib berish, montaj qilish va foydalanishga topshirish tartibi;
lizing toʻlovlarini toʻlash shartlari, miqdorlari, muddatlari va tartibi;
lizing obyektidan foydalanish, unga qarash, uni saqlab turish va taʼmirlash yuzasidan taraflarning majburiyatlari;
shartnomaning amal qilish muddati.
Keyingi tahrirga qarang.
Taraflarning kelishuviga binoan lizing shartnomasiga quyidagi shartlar kiritilishi mumkin:
lizing obyektini (moliyaviy lizingda) sotib olish tartibi va muddatlari;
Keyingi tahrirga qarang.
lizing shartnomasini oʻzgartirish va bekor qilish;
lizing obyektini sugʻurta qilish;
fors-major holatlar;
lizing beruvchi qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatishi, bunday xizmatlarsiz lizing obyektidan foydalanib boʻlmasa;
lizing subyektlari tomonidan lizing shartnomasi shartlariga rioya etilishini nazorat qilish tartibi.
Lizing shartnomasiga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa shartlar ham kiritilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
10-modda. Lizing shartnomasini oʻzgartirish va bekor qilish
Lizing shartnomasini oʻzgartirish va bekor qilish, agar qonun hujjatlarida va shartnomada boshqa tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, taraflar kelishuviga binoan amalga oshirilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
11-modda. Lizing beruvchining huquq va majburiyatlari
Lizing beruvchi quyidagi huquqlarga egadir:
lizing oluvchining lizing obyektidan qanday sharoitlarda foydalanayotganligini va uni belgilangan maqsadiga muvofiq ishlatayotganligini lizing shartnomasi shartlariga hamda qonun hujjatlari talablariga muvofiq nazorat qilish;
Keyingi tahrirga qarang.
lizing oluvchining roziligi bilan lizing obyekti va uning sotuvchisini tanlash;
qonun hujjatlarida hamda lizing shartnomasida nazarda tutilgan hollarda va tartibda lizing oluvchidan lizing obyektini olib qoʻyish;
Keyingi tahrirga qarang.
lizing oluvchi lizing shartnomasini jiddiy tarzda buzgan taqdirda barcha lizing toʻlovlarini muddatidan ilgari toʻlashni yoxud yetkazilgan zararni undirib va (yoki) lizing obyektini qaytib olgan tarzda shartnomani bekor qilishni talab etish.
Keyingi tahrirga qarang.
Agar lizing obyekti lizing beruvchining aybi bilan yetkazib berilmagan boʻlsa yoki lizing shartnomasi shartlariga nomuvofiq boʻlsa, lizing beruvchi lizing oluvchining roziligi bilan oʻzi lozim darajada bajarmagan lizing shartnomasi shartlarini tuzatib bajarishga yoki lizing oluvchiga boshqa lizing obyektini taklif etishga haqli.
Lizing beruvchi:
lizing shartnomasi boʻyicha mol-mulkni olishi va uni lizing oluvchiga egalik qilish hamda foydalanish uchun berishi;
lizing oluvchi uchun mol-mulk olayotganda mol-mulk muayyan shaxsga lizingga berishga moʻljallanganligini sotuvchiga maʼlum qilishi;
lizing obyektini, agar shartnomada shunday shartlar nazarda tutilgan boʻlsa, saqlab turish, taʼmirlash va unga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha lizing oluvchi oldida oʻz zimmasiga olingan majburiyatlarni oʻz vaqtida va toʻliq hajmda bajarishi shart.
Lizing beruvchi qonun hujjatlarida belgilangan boshqa huquqlarga ega boʻlishi va oʻzga mujburiyatlarni bajarishi mumkin.
12-modda. Lizing oluvchining huquq va majburiyatlari
Lizing oluvchi quyidagi huquqlarga ega:
lizing obyektini mustaqil aniqlash va sotuvchini tanlash;
lizing beruvchidan lizing shartnomasini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik tufayli yetkazilgan zarar qoplanishini talab qilish;
sotuvchiga lizing obyekti oldi-sotdi shartnomasidan kelib chiquvchi talablarni, jumladan uning sifati va butligi, topshirish muddati, kafolatli taʼmirlashi va hokazolar xususida talablar qoʻyish;
lizing obyekti yetkazib berilmagan, toʻliq yetkazib berilmagan, yetkazib berish muddati oʻtkazib yuborilgan yoki sifati talab darajasida boʻlmagan lizing obyekti yetkazib berilgan taqdirda, yetkazib beriladigan lizing obyektidan voz kechish va lizing shartnomasining bekor qilinishini talab etish;
lizing shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan taqdirda, oʻzi vaqti-vaqti bilan avans sifatida toʻlagan toʻlovlar va boshqa summalarni lizing obyektidan foydalanish davrida olgan foydaning qiymatini chegirib tashlab, oʻziga qaytarib berishni talab qilish.
Keyingi tahrirga qarang.
Uchinchi shaxs undiruvni lizing obyektiga qaratganda lizing oluvchi lizing shartnomasini bekor qilish va lizing obyektini mulk qilib olish bilan bir paytda lizing shartnomasi boʻyicha tegishli lizing toʻlovlari qoldigʻini bir yoʻla toʻlashga haqli.
Keyingi tahrirga qarang.
Lizing oluvchi:
lizing obyektini qabul qilib olishi va undan lozim darajada foydalanishi, uni shartnoma shartlariga muvofiq saqlab turishi;
lizing toʻlovlarini oʻz vaqtida toʻlab turishi, agar lizing shartnomasida boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, lizing obyektini oʻz hisobidan joriy taʼmirlashi, uni saqlab turishga doir boshqa xarajatlar qilishi shart.
Lizing shartnomasi bekor qilinganda lizing oluvchi lizing obyektini lizing beruvchidan qanday holatda olgan boʻlsa, shunday holatda, normal eskirish va taraflarning kelishuvida shartlashilgan oʻzgarishlarni hisobga olgan holda qaytarishi shart, ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Lizing oluvchining lizing obyektini taʼmirlash va unga texnik xizmat koʻrsatishga doir huquqi va majburiyati sotuvchi bilan alohida tuzilgan shartnomada belgilanishi mumkin.
Lizing oluvchi qonun hujjatlarida belgilangan boshqa huquqlarga ega boʻlishi va oʻzga majburiyatlarni bajarishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
13-modda. Sotuvchining huquq va majburiyatlari
Sotuvchi qonun hujjatlariga va shartnomaga muvofiq huquqlarga ega boʻladi va majburiyatlarni bajaradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Agar lizing shartnomasida yoki oldi-sotdi (mahsulot yetkazib berish) shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha sotuvchining lizing oluvchiga nisbatan huquq va majburiyatlari lizing beruvchiga nisbatan huquq va majburiyatlaridek boʻladi. Bunda lizing oluvchi lizing obyekti oldi-sotdi shartnomasini bekor qilishga yoki uni haqiqiy emas deb topishga haqli emas.
14-modda. Lizing obyektining oldi-sotdi shartnomasi xususiyatlari
Lizing obyektining oldi-sotdi shartnomasi lizing beruvchi va sotuvchi oʻrtasida tuzilib, unga koʻra lizing beruvchi lizing oluvchining topshirigʻiga binoan lizing obyektini keyinchalik lizing oluvchiga berish uchun oʻz mulki qilib oladi.
Taraflarning xohishiga koʻra lizing obyektining oldi-sotdi shartnomasi lizing shartnomasi kuchga kirishidan oldin yoki keyin tuzilishi mumkin.
Lizing obyekti oldi-sotdi shartnomasini tuzish paytida lizing beruvchi lizing obyekti qaysi maqsadda olinayotganligidan sotuvchini oldindan xabardor qilishi, buni oldi-sotdi shartnomasida qayd etishi shart.
15-modda. Lizing obyektiga boʻlgan mulk huquqi
Lizing obyektiga boʻlgan mulk huquqi lizing oluvchi tomonidan sotib olingunga qadar lizing beruvchiga tegishlidir.
Moliyaviy lizingda lizing shartnomasining amal qilish muddati tugagunga qadar barcha lizing toʻlovlari toʻlangan taqdirda, agar lizing shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, lizing obyektiga boʻlgan mulk huquqi lizing oluvchiga oʻtishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Operativ lizingni amalga oshirishda lizing beruvchi va lizing oluvchi oʻrtasidagi lizing obyektining oldi-sotdi shartnomasi asosida lizing obyektiga boʻlgan mulk huquqi lizing oluvchiga oʻtishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Lizing oluvchi bankrot boʻlgan, uning mol-mulki xatga olingan yoki musodara qilingan taqdirda, lizing obyekti lizing oluvchining umumiy mol-mulkidan ajratiladi va lizing beruvchiga qaytarilishi lozim, u mol-mulkni oʻz xohishiga koʻra tasarruf etishi mumkin. Lizing beruvchiga zararni qoplash tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
16-modda. Lizing beruvchi va lizing oluvchining oʻz huquqlaridan uchinchi shaxslar foydasiga voz kechishi
Lizing beruvchi lizing oluvchini xabardor qilgan holda lizing shartnomasi boʻyicha oʻz huquqlaridan toʻliq yoki qisman uchinchi shaxslar foydasiga voz kechishi mumkin.
Lizing oluvchi lizing beruvchining ruxsati bilan moliyaviy lizing shartnomasi boʻyicha oʻz huquqlaridan toʻliq yoki qisman uchinchi shaxslar foydasiga voz kechishi mumkin. Operativ lizingni amalga oshirishda lizing oluvchining huquqlaridan voz kechishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Lizing obyektiga boʻlgan mulk huquqi lizing beruvchidan uchinchi shaxsga oʻtganda, lizing oluvchi bilan tuzilgan lizing shartnomasi yangi mulkdor uchun oʻz kuchini saqlab qoladi.
17-modda. Lizing obyektini jadal amortizatsiya qilishni qoʻllash
Lizing beruvchi va lizing oluvchi oʻzaro kelishgan holda qonun hujjatlariga muvofiq lizing obyektini jadal amortizatsiya qilishni qoʻllash huquqiga ega.
Keyingi tahrirga qarang.
18-modda. Lizing obyektini sugʻurtalash
Nobud boʻlish, yoʻqolish, oʻgʻirlash, shikastlanish, buzilish va barvaqt eskirish xavfi bilan bogʻliq boʻlgan tarzdagi har qanday yetkazilishi mumkin boʻlgan zarardan lizing obyektini sugʻurtalash taraflarning kelishuviga binoan amalga oshiriladi. Bunday kelishuv boʻlmagan taqdirda, lizing oluvchi lizing obyekti sugʻurtasi uchun javobgar boʻladi.
19-modda. Lizing obyekti bilan bogʻliq xavflar
Lizing obyekti bilan bogʻliq barcha xavflar, shu jumladan uning tasodifan yoʻqolishi (nobud boʻlishi) yoki tasodifan buzilishi, shuningdek oʻgʻirlanishi, barvaqt eskirishi, shikastlanishi xavflari lizing shartnomasida nazarda tutilgan tartibda lizing oluvchiga oʻtadi. Xavflar lizing oluvchiga oʻtgan daqiqadan eʼtiboran lizing oluvchi lizing obyekti har qanday tarzda yoʻqotilishi yoki shikastlanishi uchun lizing shartnomasi amal qiladigan muddat davomida javobgar boʻladi.
Agar xavflar lizing beruvchidan lizing oluvchiga oʻtadigan vaqt lizing shartnomasida belgilangan boʻlmasa, xavflar lizing oluvchiga u lizing obyektini olgan daqiqadan eʼtiboran oʻtadi.
Agar taklif etilgan lizing obyekti lizing shartnomasiga mos kelmasa va bu lizing oluvchiga lizing obyektidan voz kechish huquqini bersa, ana shunday nomuvofiqlik bartaraf etilgunga qadar yoki lizing oluvchi lizing obyektini olgunga qadar barcha xavflar lizing beruvchi zimmasida boʻladi.
Sotuvchining nochorligi yoki lizing obyektining undan foydalanish maqsadlariga nomuvofiqligi xavflari lizing oluvchining zimmasida boʻladi, lizing beruvchining sotuvchini yoki lizing obyektini tanlash yoxud lizing beruvchi lizing oluvchini muayyan sotuvchini yoki lizing obyektini tanlashga gʻayriqonuniy tarzda majburlash hollari bundan mustasno.
20-modda. Lizing shartnomasi boʻyicha taʼminlash
Lizing shartnomasiga bogʻliq ravishda sarflangan mablagʻlar qaytarilishining kafolati sifatida lizing beruvchi lizing oluvchidan taʼminlash berilishini, shu jumladan garov, bank kafolati yoki uchinchi shaxsning kafilligi koʻrinishidagi taʼminlash berilishini talab qilishi mumkin.
21-modda. Lizing obyektidan garov sifatida foydalanish
Agar lizing shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, lizing beruvchi lizing oluvchini oldindan xabardor qilmay turib lizing obyektidan garov sifatida foydalanishga haqli emas.
Keyingi tahrirga qarang.
Lizing oluvchi lizing obyektini garov sifatida ishlatishga haqli emas.
Keyingi tahrirga qarang.
22-modda. Lizing toʻlovlari
Lizing shartnomasi boʻyicha lizing oluvchi toʻlaydigan lizing toʻlovlari lizing obyekti amortizatsiyasining tegishli qismi qiymatini va lizing shartnomasi boʻyicha lizing beruvchi tomonidan qilingan xarajatlarni, shuningdek uning daromadi (marja)ni oʻz ichiga oladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Lizing toʻlovlari shartnomaning butun amal qilish muddatiga taqsimlanadi va boʻlib-boʻlib toʻlanadi. Lizing toʻlovlarining miqdorlari va davriyligi lizing shartnomasi bilan belgilanadi.
23-modda. Lizing oluvchidan pul summalarini undirish va lizing obyektini olib qoʻyish
Lizing beruvchi tomonidan lizing oluvchidan pul summasini undirish va lizing obyektini olib qoʻyish tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
24-modda. Lizing subyektlarining javobgarligi
Lizing beruvchi mol-mulkni yetkazib bermaganlik, toʻliq yetkazib bermaganlik, yetkazib berish muddatini oʻtkazib yuborganlik va tegishli darajada sifatli boʻlmagan mol-mulkni yetkazib berganlik uchun, agar bu uning aybli harakatlari (harakatsizligi) tufayli boʻlsa, lizing oluvchining oldida javobgar boʻladi.
Lizing beruvchi lizing oluvchi oldida lizing obyekti yuzasidan javobgar boʻlmaydi, lizing obyekti sotuvchisi va lizing obyektining oʻzi lizing beruvchi tomonidan tanlangan va lizing oluvchi shu tufayli zarar koʻrganligi isbotlangan hollar bundan mustasno.
Lizing beruvchi va lizing oluvchi sotuvchiga nisbatan lizing obyektining oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha solidar kreditorlar sifatida ish koʻradilar. Sotuvchi ular oldida lizing obyektining oldi-sotdi shartnomasidan kelib chiquvchi majburiyatlarni bajarish (lizing obyektining sifati, butligi, lozim darajada yetkazib berilishi va boshqalar) yuzasidan javobgar boʻladi. Bunda sotuvchi lizing obyekti bilan bogʻliq aynan bitta zarar uchun bir paytning oʻzida lizing oluvchi va lizing beruvchi oldida javobgar boʻlishi mumkin emas.
Operativ lizingni amalga oshirishda lizingga berilgan lizing obyektidan foydalanishga toʻliq yoki qisman toʻsqinlik qiluvchi kamchiliklar uchun lizing beruvchi javobgar boʻladi. Bunday kamchiliklar aniqlangan taqdirda, lizing oluvchi lizing beruvchidan ularning tekin bartaraf etilishini va lizing toʻlovlari mutanosib ravishda kamaytirilishini yoki mazkur lizing obyektining kamchiliklarini bartaraf etish bilan bogʻliq oʻz xarajatlarining qoplanishini talab qilishga haqli.
Keyingi tahrirga qarang.
Lizing beruvchi lizing obyektining lizing shartnomasini tuzishda qayd etib oʻtilgan kamchiliklari uchun javob bermaydi.
Lizing oluvchining aybi bilan lizing obyektining yoʻqolishi yoki lizing obyektining oʻz vazifasiga doir ahamiyatini yoʻqotishi, agar lizing shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, lizing oluvchini lizing beruvchi oldidagi javobgarlikdan ozod etmaydi.
25-modda. Nizolarni hal etish
Lizingni amalga oshirish jarayonida yuzaga keladigan nizolar sud tartibida hal etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 14-aprel,
756-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 5-son, 108-modda; 2003-y., 1-son, 8-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 52-son, 533-modda; 2016-y., 52-son, 598-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.10.2019-y., 03/19/572/3943-son; 15.01.2020-y., 03/20/602/0052-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)