Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA XUSUSIY TADBIRKORLIK TOʻGʻRISIDAGI NIZOMGA QOʻShIMChALAR VA OʻZGARTIRIShLAR KIRITISh HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining “Tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslardan roʻyxatga olganlik uchun undiriladigan yigʻim va bunday shaxslarni roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish tartibi haqida” 1993-yil 28-dekabrdagi qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 26-fevraldagi 85-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida xususiy tadbirkorlik toʻgʻrisidagi Nizomga quyidagi qoʻshimchalar va oʻzgartirishlar kiritilsin:
6-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Davlat roʻyxatiga olish “Tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslardan roʻyxatga olganlik uchun undiriladigan yigʻim va bunday shaxslarni roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi”;
11-bandning birinchi va ikkinchi xatboshlari quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Yakka tartibdagi mehnat faoliyati xususiy tadbirkorlikning shakllaridan biri hisoblanadi va jismoniy shaxslar tomonidan yuridik shaxs boʻlmasdan amalga oshiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan ruxsat berilgan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish istagini bildirgan jismoniy shaxsni davlat roʻyxatiga olish bu shaxs doimiy yashaydigan joydagi tuman, shahar, shahardagi tuman hokimligi tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat roʻyxatiga olganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma roʻyxatga oluvchi organ tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi belgilaydigan shakl boʻyicha uch nusxada rasmiylashtiriladi. Guvohnomaning bir nusxasi tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtgan jismoniy shaxsga beriladi, ikkinchi nusxasi tadbirkor roʻyxatga olingan joydagi soliq organiga yuboriladi, uchinchi nusxasi roʻyxatga olgan organda qoladi”.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1994-yil 23-fevral,
90-son