Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2026-yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati yakunlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2026-yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati yakunlari toʻgʻrisidagi axborotni koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) Kengashi taʼkidlaydiki, oʻtgan davrdagi faoliyat Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, parlament ishini tartibga soluvchi qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasi, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi va uni amalga oshirish boʻyicha joriy yilgi davlat dasturi asosida “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilining ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha islohotlar dasturlari asosida tashkil etildi.
Mamlakatimiz Prezidenti boshchiligida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning huquqiy asoslarini yaratishga, shu jumladan iqtisodiyotni yuksaltirishga va investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilashga qaratilgan jami 112 ta qonun loyihasi koʻrib chiqilib, 73 ta qonun loyihasini oʻz ichiga olgan 60 ta qonun va maʼmuriy-hududiy chegaralarni oʻzgartirishga doir 3 ta qaror qabul qilinib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuborildi.
“Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisida”gi hamda “Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonunlar, “Oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi toʻgʻrisida”gi, “Bozor nazorati toʻgʻrisida”gi, “Harbiy xizmatchilarning maqomi va ularni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida”gi, “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish haqida”gi qonunlar shular jumlasidandir.
Shuningdek korrupsiyaga qarshi kurashishga, jamoat xavfsizligi va tartibini taʼminlashga, aholining salomatligini va genofondini himoya qilishga qaratilgan qator muhim qonunlar koʻrib chiqildi hamda qabul qilindi.
Xususan, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarining va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunlar shular jumlasidandir.
Deputatlar qonunchilik tashabbusi huquqidan unumli foydalanib, fuqarolarning murojaatlarida bayon etilgan va saylov okruglarida aniqlangan dolzarb masalalarning huquqiy yechimiga qaratilgan 11 ta qonun loyihasini ishlab chiqdi hamda Qonunchilik palatasiga kiritdi.
Bundan tashqari deputatlar tomonidan mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, jinoyatchilik va narkojinoyatchilikning oldini olish, sifatsiz va qalbakilashtirilgan dorilarni realizatsiya qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish kabi jamiyat hayotidagi oʻtkir masalalarga huquqiy yechim topish, shuningdek davlat kafolati ostida tashqi qarz olish masalasini maʼqullashni parlament vakolatiga oʻtkazish, davlat organlari rahbarlarining axborotini qoʻmitalar tomonidan eshitish institutini yanada kengaytirish hamda deputat soʻrovining taʼsirchanligini oshirishga qaratilgan qonun loyihalari ham ishlab chiqildi.
Parlament ishida sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanishga oid chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi faoliyatiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish boʻyicha 2026 — 2029-yillarga moʻljallangan ish rejasi tasdiqlandi.
Qonunchilik palatasining nazorat-tahlil faoliyati jamiyat hayotidagi eng muhim sohalar va ijro etuvchi hokimiyat organlari ustidan taʼsirchan parlament nazoratini taʼminlashga yoʻnaltirildi. Xususan, quyi palatadagi siyosiy partiyalar fraksiyalari va qoʻmitalar tashabbusi bilan 4 ta “hukumat soati” oʻtkazildi, transport vazirining tegishli masala yuzasidan axboroti eshitildi (“parlament eshituvi”), mansabdor shaxslarga 3 ta parlament va 41 ta deputat soʻrovi yuborildi, qoʻmitalar tomonidan 80 ta nazorat-tahlil tadbiri oʻtkazildi.
Hukumatning Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va tegishli yilga moʻljallangan Davlat dasturining ijrosini taʼminlash yuzasidan hisobotlarini koʻrib chiqish, aholini oʻylantirib kelayotgan dolzarb masalalar yuzasidan mansabdor shaxslarning axborotini eshitishga ustuvor ahamiyat berildi.
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti ijrosi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish boʻyicha yoʻlga qoʻyilgan yangi amaliyotga muvofiq joriy yilda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2026-yil birinchi chorakdagi ijrosi boʻyicha hisobotni masʼul qoʻmitaning kengaytirilgan majlisida eshitishga oʻtildi. Bu Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti ijrosi ustidan nazorat qilishning samaradorligini taʼminlashga va davlat organlarining masʼuliyatini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Qoʻmitalar tomonidan 8 ta qonunning, jumladan “Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi, “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi, “Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida”gi, “Probatsiya toʻgʻrisida”gi, “Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi, “Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisida”gi kabi qonunlarning ijro etilish holati joylarga chiqqan holda nazorat-tahlil tartibida oʻrganildi. Mazkur oʻrganish yakunlari jamoatchilik vakillari va soha mutasaddilari ishtirokida keng muhokama qilindi.
Shuningdek belgilangan maqsadli indikatorlarga erishilish darajasi, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI ), BMT barqaror rivojlanish maqsadlarining oʻz vaqtida bajarilishi holati yuzasidan hisobotlarni qoʻmitalar majlislarida eshitib borish amaliyotidan unumli foydalanildi.
Aholi va saylovchilar bilan ochiq muloqotning uzviyligi taʼminlandi. Qonunchilik palatasining Reglamentiga muvofiq deputatlar har oyning oxirgi haftasida, jami 6 marotaba oʻz saylov okruglarida boʻlib, aholi, shu jumladan yoshlar, turli soha vakillari bilan 10,1 mingdan ziyod uchrashuv oʻtkazdi. Jamiyat hayotidagi koʻplab muhim tadbirlarda qatnashib, hududlarda qator targʻibot ishlarini ham olib bordi.
Mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan deputatlarning siyosiy faolligini, saylovchilar oldidagi masʼuliyatini yanada oshirish, saylov okruglaridagi ijtimoiy masalalarni hal etishdagi tashabbuskorligini kuchaytirish maqsadida xalq noiblari tashabbusli budjet boʻyicha berilgan vakolatdan ilk bor foydalandi. Jami qiymati 238,9 mlrd. soʻmlik 150 ta loyihani tanlab, qoʻshimcha gʻolib deb eʼlon qildi. Shuningdek “Ochiq budjet” axborot portalidagi tanlovda yetarlicha ovoz toʻplay olmagan “Mening bogʻim” loyihalarini hududning ekologik holatiga va sharoitlariga muvofiqligidan kelib chiqib, deputatlar tomonidan gʻolib deb eʼlon qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.
Xalqaro parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish deputatlar korpusining doimiy eʼtibor markazida boʻldi. Qonunchilik palatasida oʻtgan davrda jami 22 ta xorijiy delegatsiya qabul qilindi. Shu jumladan, 3 ta xorijiy davlat (Iordaniya, Qozogʻiston va Indoneziya) parlamenti raisi hamda 8 nafar diplomatik korpus rahbari darajasida amaliy muloqotlar oʻtkazildi. Deputatlar qator xalqaro parlament tashkilotlari tadbirlarida faol ishtirok etdi.
Xorijiy qonun chiqaruvchi organlar bilan aloqalarni yanada kuchaytirishda parlamentlararo hamkorlik guruhlari oʻziga xos institutga aylandi. Hisobot davrida 12 ta xorijiy mamlakat parlamenti bilan hamkorlik boʻyicha yangi guruhlar tuzilib, ularning umumiy soni 70 taga yetkazildi.
Chet el davlatlari parlamentlari bilan oʻzaro aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish doirasida 31-mart kuni Samarqand shahrida “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” birinchi parlamentlararo hamkorlik forumi, 3-aprel kuni Buxoro shahrida Qonunchilik palatasi bilan Qozogʻiston Respublikasi Parlamenti Majilisi oʻrtasidagi Parlamentlararo hamkorlik kengashining yigʻilishi, 3-may kuni “Oʻzbekiston — Yaponiya” parlamentlararo forumining beshinchi yigʻilishi kabi qator nufuzli xalqaro tadbirlar yuqori saviyada tashkil etildi.
Mamlakatimiz Prezidenti raisligida shu yil 13-martda oʻtkazilgan aholining murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan videoselektor yigʻilishida belgilangan ustuvor yoʻnalishlardan kelib chiqib, murojaatlar bilan ishlash borasidagi ishlarni yanada samarali tashkil etishga alohida ahamiyat berildi. Hisobot davrida Qonunchilik palatasiga kelib tushgan jami 4 762 ta murojaat belgilangan tartibda koʻrib chiqildi. Qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha taklif bergan fuqarolar bilan qator uchrashuvlar oʻtkazilib, bildirilgan takliflar ularning ishtirokida muhokama qilindi.
Oʻtgan davrda amalga oshirilgan ishlar bilan birga Qonunchilik palatasi faoliyati samaradorligini yanada oshirish maqsadida eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan ayrim masalalar ham mavjud.
Xususan, 2025 — 2029-yillarga moʻljallangan qonun ijodkorligi dasturida belgilangan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlarida nazarda tutilgan qonun loyihalarining ishlab chiqilishi hamda Qonunchilik palatasiga oʻz vaqtida kiritilishi yuzasidan hukumat bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish lozim.
Qonun loyihalarining sifatini yanada oshirish maqsadida eng muhim ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy ahamiyatga ega qonun loyihalarini jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazgan holda quyi palataga kiritish masalalariga eʼtiborni kuchaytirish muhim ahamiyatga ega. Chunonchi, oʻtgan davrda Qonunchilik palatasiga kiritilgan qonun loyihalaridan 30 tasi jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilmagan.
Qonunchilik palatasi qoʻmitalari tomonidan oʻzi masʼul boʻlgan qonunlarning ijro etilish holatini hududlarga chiqqan holda nazorat-tahlil tartibida oʻrganish, uning yakunlarini joylarda jamoatchilik va soha vakillari bilan muhokama qilish borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish lozim. Bunda qoʻmitalar huzuridagi jamoatchilik kengashlarining imkoniyatidan samarali foydalanish zarur.
Shuningdek Qonunchilik palatasida qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqilganidan keyin uni jamoatchilik muhokamasiga qoʻyish hamda loyihalarni fuqarolarning takliflari asosida takomillashtirishga ustuvor ahamiyat qaratish kerak.
Bundan tashqari saylovchilar tomonidan koʻtarilayotgan masalalarni, joylardagi dolzarb muammolarni hal etish borasida deputatlarning qonunchilik tashabbusi huquqidan hamda siyosiy partiyalar fraksiyalarining parlament nazoratining eng taʼsirchan shakllaridan foydalanish boʻyicha tashabbuskorligini oshirish maqsadga muvofiq.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2026-yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati yakunlari toʻgʻrisidagi axborot maʼlumot uchun qabul qilinsin (ilova qilinadi).
2. Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga:
oʻz partiyalarining dasturiy maqsad-vazifalaridan hamda siyosiy partiyalar elektorati tomonidan koʻtarilayotgan masalalardan kelib chiqib, deputatlarning qonun loyihalarini ishlab chiqish va Qonunchilik palatasiga kiritish borasidagi ishlarini yanada kuchaytirish;
qonun loyihalarini joylarda bevosita partiya elektorati ishtirokida muhokama qilish va ularning takliflarini olish amaliyotidan yanada kengroq foydalanish;
parlament nazorati shakllaridan foydalanish borasida tashabbuskorlikni yanada oshirish tavsiya etilsin.
3. Qonunchilik palatasining qoʻmitalari:
oʻz faoliyat yoʻnalishidan kelib chiqib, 2025 — 2029-yillarga moʻljallangan qonun ijodkorligi dasturida nazarda tutilgan qonun loyihalarining masʼul vazirliklar va idoralar tomonidan oʻz vaqtida tayyorlanishi hamda Qonunchilik palatasiga kiritilishi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini taʼminlash;
qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari tomonidan Qonunchilik palatasiga kiritilayotgan qonun loyihalarining sifatini oshirish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlarida nazarda tutilgan qonun loyihalarining belgilangan muddatlarda Qonunchilik palatasiga kiritilishi ustidan deputat nazoratini yanada kuchaytirish;
Qonunchilik palatasiga kiritilayotgan qonun loyihalarining qonunchilikda belgilangan tartibda jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilganligi boʻyicha talabchanlikni oshirish;
qoʻmitalar huzuridagi jamoatchilik kengashlarining qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil faoliyatidagi ishtirokini yanada kengaytirish;
oʻz masʼulligida qabul qilingan qonunlarning ijro etilish holatini joylarga chiqqan holda nazorat-tahlil tartibida oʻrganish ishlarini yanada jadallashtirish choralarini koʻrsin.
4. Qonunchilik palatasi Devonining Matbuot xizmati (Gʻ. Samadov) Qonunchilik palatasining 2026-yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati yakunlarini ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilishini taʼminlasin.
5. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari zimmasiga yuklatilsin.
6. Ushbu Qaror tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining majlisiga kiritilsin.
7. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2026-yil 20-iyul,
2365-V-son