Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri I. Maxkamovning “Temir yoʻl transporti sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, temir yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish hamda yoʻlovchi va yuk tashish xizmatlarini takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti haqida
Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri I. Maxkamovning “Temir yoʻl transporti sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, temir yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish hamda yoʻlovchi va yuk tashish xizmatlarini takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axborotini eshitib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, keyingi yillarda temir yoʻl transporti sohasida boshqaruv samaradorligini oshirishga, infratuzilmani modernizatsiya qilishga, xizmatlar sifatini yaxshilashga, raqamli texnologiyalarni joriy etishga va xususiy sektor ishtirokini kengaytirishga qaratilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Temir yoʻl tarmogʻi iqtisodiyotning muhim tayanchi boʻlib, logistika, sanoat kooperatsiyasi, mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik va turizmni rivojlantirish borasida katta ahamiyatga ega. “Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni sohaning zamonaviy tamoyillarga mos boʻlgan huquqiy poydevorini yaratdi.
2023 — 2025-yillarda temir yoʻl transporti orqali jami 317,9 mln. tonna yuk tashilgan boʻlib, shundan 137,8 mln. tonna yuk xalqaro tashuvlarga toʻgʻri keladi. 2025-yilda yuk tashish hajmi 105,8 mln. tonnani tashkil etib, 5,1 foizga oʻsish kuzatilgan. 2026-yil I choragida koʻrsatilgan xizmatlar boʻyicha moliyaviy koʻrsatkichlar 4,7 trln. soʻmga yetgan.
2024-2025-yillarda qator yangi ichki va xalqaro poyezd yoʻnalishlari ochilib, hududlararo va xalqaro oʻzaro bogʻliqlik kengaytirildi. Shuningdek 2023 — 2025-yillarda jami uzunligi 338,7 km. boʻlgan yangi temir yoʻllar qurilgan.
Raqamlashtirish doirasida “E-nakl” tizimi joriy qilinib, yuk hujjatlarini rasmiylashtirish bosqichlari 7 tadan 3 tagacha qisqartirildi. Vokzallarda xizmat koʻrsatish sohasi ham kengayib, tadbirkorlar soni sezilarli darajada oshgan.
Sohada xalqaro transport yoʻlaklarini rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Strategik ahamiyatga ega boʻlgan “Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston” temir yoʻli qurilishi loyihasi mazkur yoʻnalishdagi eng yirik tashabbuslardan biri hisoblanadi.
Shu bilan birga tahlillar sohada amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda hali oʻz yechimini kutayotgan ayrim masalalar va muayyan kamchiliklar ham mavjudligini koʻrsatmoqda.
Jumladan, aholi soni va iqtisodiyot oʻsishi munosabati bilan temir yoʻl sohasidagi xizmatlar sifati va qamrovini yanada kengaytirish, sohaga ajratilayotgan mablagʻlarni samarali boshqarish tizimini va zamonaviy nazorat texnologiyalarini mavjud imkoniyatlardan toʻliq foydalanish uchun takomillashtirish zarur.
Sohada davlat ishtirokidagi korxonalar ustunligi saqlanib qolmoqda hamda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish ishlari kutilgan darajada samara bermayapti.
Yoʻlovchi tashishda elektron chipta sotish ulushi 86 foizga yetgan boʻlsa-da, infokioskalar asosan yirik markaziy vokzallarga oʻrnatilgan boʻlib, kichik stansiyalarda yoʻlovchilar uchun zamonaviy raqamli xizmatlardan foydalanish imkoniyati cheklanganligicha qolmoqda.
Yoʻlovchi va yuk tashishga boʻlgan talab ortib borayotganligi munosabati bilan mavjud harakat tarkibi va ishlab chiqarish quvvatlari bu talablarni toʻliq taʼminlash uchun yetarli emasligi, sohaga qoʻshimcha investitsiyalar jalb etish hamda keng koʻlamli yangilash va modernizatsiya ishlarini amalga oshirish zaruriyati saqlanib qolmoqda.
Temir yoʻl transportini barqaror va ekologik jihatdan xavfsiz boʻlishini taʼminlash uchun elektrlashtirish darajasini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi. Bir qancha temir yoʻl liniyalarini elektrlashtirishga qaratilgan loyihalarni belgilangan muddatlarda yakunlash maqsadida ishlarni yanada jadallashtirish lozim.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri I. Maxkamovning “Temir yoʻl transporti sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, temir yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish hamda yoʻlovchi va yuk tashish xizmatlarini takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligiga:
temir yoʻl transportida yoʻlovchi tashish sohasiga xususiy sektorni kengroq jalb etish, yangi xizmatlarni joriy etish hamda ularning sifatini oshirish, shuningdek bozor mexanizmlarini keng tatbiq etish va raqobat muhitini rivojlantirish;
temir yoʻl infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda xorijiy investitsiyalarni va moliyaviy resurslarni jalb etish boʻyicha aniq choralar koʻrish;
shaharlararo va viloyatlararo yoʻnalishlarni yoʻlovchi poyezdlar bilan bogʻlashga, yangi yoʻnalishlarni yoʻlga qoʻyishga va yoʻlovchilar sonini oshirishga qaratilgan choralar koʻrish;
temir yoʻl sanoati korxonalarini rivojlantirish, yuk va yoʻlovchi vagonlarini bosqichma-bosqich yangilash ishlarini jadallashtirish;
tashqi savdo transport yoʻlaklarini diversifikatsiyalashni kengaytirish uchun qoʻshimcha qulay shart-sharoitlar yaratish, mamlakatimizning tranzit salohiyati yanada samarali amalga oshirilishini taʼminlash;
sohada inson omilini qisqartirish, jarayonlar shaffofligini taʼminlash maqsadida raqamlashtirish va elektron xizmatlar turlarini koʻpaytirish choralarini koʻrish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qoʻmitasi temir yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish hamda yoʻlovchi va yuk tashish xizmatlarini takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar ustidan taʼsirchan parlament nazoratini oʻrnatsin.
4. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari R. Xakimov zimmasiga yuklatilsin.
5. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari R. XAKIMOV
Toshkent sh.,
2026-yil 3-iyun,
2152-V-son