“TASDIQLANGAN”
Oʻzbekiston Respublikasi
Moliya vazirligi
Vazirning oʻrinbosari
E.F. GADOYEV
1998-yil 30-oktabr, 57-son
BUXGALTERIYA BALANSI TUZILGAN SANADAN KEYINGI XOʻJALIK FAOLIYATiNING NAZARDA TUTILMAGAN HOLATLARI VA YUZ BERADIGAN HODISALARI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI BUXGALTERIYA HISOBI MILLIY STANDARTI
16-SON BHMS
16-SON BHMS
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1998-yil 23-dekabrda 578-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Mazkur standart Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 14-iyundagi 139-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (16-sonli BHMS) “Buxgalteriya balansini tuzish sanasidan keyin xoʻjalik faoliyatida yuz beradigan hodisalar va nazarda tutilmagan holatlar”ni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3539, 31.07.2024-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
UMUMIY QOIDALAR
1. Ushbu Buxgalteriya hisobi milliy standarti (BHMS) Oʻzbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonuni asosida ishlab chiqilgan va Oʻzbekiston Respublikasida buxgalteriya hisobini meʼyoriy tartibga solish tizimining bir qismi hisoblanadi.
STANDARTNING MAQSADI
2. Ushbu standartning maqsadi moliyaviy hisobotni tuzish tartibini quyidagilar boʻyicha belgilashdan iborat:
— kutilmagan vaziyatlar boʻyicha;
— buxgalteriya balansini tuzish sanasidan keyin xoʻjalik faoliyatida yuz beradigan hodisalar boʻyicha.
HARAKAT DOIRASI
3. Ushbu standart kutilmagan vaziyatlarni hamda buxgalteriya balansini tuzish sanasidan keyin xoʻjalik faoliyatida yuz beradigan hodisalarni hisobga olish va ochish uchun qoʻllaniladi.
4. Kutilmagan vaziyatlarning yuz berishiga olib keladigan quyidagi holatlar (koʻrsatkichlar) ushbu standartning harakat doirasiga kirmaydi:
— sugʻurta kompaniyasining hayotni sugʻurta qilish boʻyicha berilgan sugʻurta polislari yuzasidan vujudga keladigan majburiyatlari;
— uzoq muddatli lizing kontraktlari boʻyicha vujudga keladigan majburiyatlar (q. “Lizing hisobi” BHMS);
— kutilmagan vaziyatlar natijasida olingan foyda (daromad) soliqlari.
TUSHUNCHALAR
5. Ushbu standartda foydalaniladigan terminlar:
Kutilmagan vaziyat — bu shunday vaziyatki, uning pirovard natijasi (foyda yoki zarar) kelgusida bitta yoki bir nechta nomuayyan vaziyatlarning sodir boʻlish holati bilangina tasdiqlanadi. Yaʼni bunday holatda buxgalteriya balansi tuzilganidan keyin nomuayyan vaziyatlarning sodir boʻlishi natijasida xoʻjalik subyekti foyda oladi yoki zarar koʻradi.
Buxgalteriya balansi tuzilganidan keyin sodir boʻladigan xoʻjalik faoliyatidagi hodisalar — bu ham koʻngilli ham koʻngilsiz hodisalarki, ular buxgalteriya balansini tuzish sanasi bilan moliyaviy hisobotni eʼlon qilish uchun tasdiqlash sanasi oʻrtasidagi oraliqda yuz beradi.
Bunday hodisalarning ikki turi farqlanadi:
— buxgalteriya balansini tuzish sanasida mavjud boʻlgan va kelgusida yuz beradigan hodisalar;
— buxgalteriya balansini tuzish sanasida (sanasidan keyin) mavjud boʻlmagan va kelgusida yuz beradigan hodisalar.
KUTILMAGAN VAZIYATLAR
6. Ushbu standartda “kutilmagan vaziyatlar” deganda buxgalteriya balansini tuzish sanasidagi muayyan vaziyatlar tushuniladiki, ularning moliyaviy natijalari kelgusida yuz beradigan voqealar oqibatida aniqlanadi. Bunday vaziyatlar moliyaviy hisobotda hisoblash tamoyiliga muvofiq aks ettiriladi.
7. Kelgusidagi voqealarga taalluqli boʻlgan kutilmagan vaziyatlar quyidagicha ifodalanishi mumkin:
— miqdori boʻyicha;
— umumiy bayon vositasi bilan.
8. Kutilmagan vaziyatlarning oqibatlariga va moliyaviy taʼsiriga baho berish xoʻjalik yurituvchi subyekt tomonidan belgilanadi.
Baholash moliyaviy hisobotlarni eʼlon qilish uchun tasdiqlash paytida belgilanadi.
KUTILMAGAN ZARARLAR HISOBI
9. Kutilmagan zararlar hisobi kutilmagan vaziyatlar natijalariga koʻra olib beriladi. Agar kutilmagan vaziyat xoʻjalik yurituvchi subyektni zarar koʻrishga olib kelishi ehtimoli mavjud boʻlsa, bunday zararni moliyaviy hisobotlarda aks ettirish maqsadga muvofiqdir.
10. Kutilmagan zarar miqdori moliyaviy hisobotda majburiyat sifatida koʻrib chiqilishi kerak, agar:
— buxgalteriya balansini tuzish sanasida kelgusidagi voqealar natijasida har qanday mumkin boʻlgan qoplash mablagʻini hisobga qabul qilish ehtimoli aktivlar qiymatini pasaytirib yuboradi, bunday qoplash mablagʻlari majburiyat hisoblanadi;
— kelgusida koʻriladigan zararlar qiymatini (bahosini) aniqlash imkoniyati mavjud boʻlsa.
11. Kutilmagan zararlarning mavjudligi (10-banddagi hollardan tashqari) moliyaviy hisobotlarda ochib berilishi kerak, zarar koʻrish ehtimoli kam boʻlgan holatlar bundan mustasno.
12. Ishlab chiqarish faoliyatida umumiy yoki aniqligi nomuayyan xatarlar uchun hisoblangan summalar, buxgalteriya balansini tuzish sanasida kutilmagan vaziyatlarga taalluqli emas va shu boisdan kutilmagan vaziyatlar sifatida koʻrib chiqilmaydi.
KUTILMAGAN FOYDALAR HISOBI
13. Kutilmagan foyda moliyaviy hisobotlarda daromad sifatida koʻrsatilmasligi kerak, chunki bu narsa hech qachon olish mumkin boʻlmagan daromadning eʼtirof etilishiga olib kelishi mumkin. Biroq foyda olish ehtimoli katta boʻlgan vaziyatlarda, bunday foyda kutilmagan deb hisoblanmaydi va uni moliyaviy hisobotda koʻrsatish kerak.
KUTILMAGAN HOLATLARNI BAHOLASH
14. Moliyaviy hisobotlarda koʻrsatiladigan kutilmagan holatlar summasi moliyaviy hisobotlarni eʼlon qilish uchun tasdiqlash sanasida baholanadi. Buxgalteriya balansini tuzish sanasidan keyin yuz beradigan va aktivlar qiymatini kamaytiradigan (shuningdek majburiyatlarni yuzaga keltiradigan) hodisalar kutilmagan vaziyatlar boʻyicha moliyaviy hisobotlarda hisobga olinishi kerak.
15. Agar kutilmagan holatlarning vujudga kelish ehtimolini hosil qiladigan vaziyat shunga oʻxshash koʻplab vaziyatlar bilan bir xil boʻlsa, u holda ayrim kutilmagan holatlarning ahamiyatini aks ettiruvchi summa shunday vaziyatlar guruhida koʻrsatiladi. Masalan, sotilgan tovarlar boʻyicha kafolatlar, shubhali debitorlik qarzlar.
KUTILMAGAN HOLATLARNI YORITISH
16. Agar kutilmagan zarar moliyaviy hisobotda koʻrsatilmasa, u holda uning moliyaviy taʼsiri mohiyati va bahosi moliyaviy hisobotga tushuntirish xatida ochib beriladi, zarar koʻrish ehtimoli kam boʻlgan hollar bundan mustasno.
17. Kutilmagan holatlarni ochish zarur boʻlganda ushbu standartning 11 va 13-bandlariga muvofiq quyidagi axborotlar ochib berilishi kerak:
— kutilmagan holatlarning mohiyati;
— kelgusidagi natijalarga taʼsir etishi mumkin boʻlgan nomuayyan voqealar;
— moliyaviy taʼsirni baholash yoki bunday baholashni oʻtkazish mumkin emasligini isbotlash.
BUXGALTERIYA BALANSINI TUZISH SANASIDAN KEYIN XOʻJALIK FAOLIYATIDA YUZ BERADIGAN HODISALAR
18. Buxgalteriya balansini tuzish sanasi bilan moliyaviy hisobotlarni eʼlon qilish uchun tasdiqlash sanasi oʻrtasida yuz beradigan hodisalar aktivlarga va majburiyatlarga tuzatishlar kiritish zaruratini yoxud ularni yoritish zaruratini koʻrsatishi mumkin.
19. Aktivlar va passivlar balansini tuzish sanasidan keyin xoʻjalik faoliyatida yuz bergan, uzluksizlik tamoili barcha subyektga yoki uning bir qismiga nisbatan oqlanmaganligini, yaʼni subyekt bankrot boʻlganligini koʻrsatuvchi hodisalar boʻyicha tuzatilishi kerak.
20. Aktivlar va majburiyatlar boʻyicha tuzatishlar balansni tuzish sanasidan keyin yuz bergan, balansni tuzish sanasida miqdorlarni aniqlash uchun qoʻshimcha axborotni taʼminlaydigan hodisalar boʻyicha zarurdir. Masalan, balansni tuzish sanasidan keyin yuz bergan mijozning bankrotligini tasdiqlaydigan qarz boʻyicha zararlarga tuzatish kiritish mumkin; buxgalteriya balansini tuzish sanasidan keyin yongʻin natijasida asosiy ishlab chiqarish binosi buzilishi yoki boshqa katta korxonani sotib olish tufayli asosiy vositalarning balans qiymatiga tuzatishlar kiritish.
21. Buxgalteriya balansini tuzish sanasidan keyin yuz bergan xoʻjalik faoliyatidagi voqealar shuni koʻrsatishi mumkinki, butun subyekt yoki uning bir qismi ishlab chiqarishning uzluksizligi tamoyiliga mos kelmasligini. Xoʻjalik yurituvchi subyektning balansi moliyaviy holatni tashxis qilish natijasida moliyaviy holat yomonlashganligini, yaʼni noqobillikni koʻrsatadi, bunda moliyaviy hisobotni eʼlon qilish uchun tasdiqlashda uzluksizlik tamoyilidan foydalanish masalasi koʻrib chiqiladi.
22. Agar balansni tuzish sanasidan keyin yuz bergan hodisalar moliyaviy hisobotni tuzish sanasida aktivlar va passivlarning holatiga taʼsir oʻtkazmagan boʻlsa, biroq ular shu qadar muhimki, bunday axborotni oshkor qilmaslik moliyaviy hisobotlardan foydalanuvchilarning qarorlarini tahlil etish va qabul qilishga taʼsir etishi mumkin boʻlsa, u holda ana shu hodisalarning mohiyati moliyaviy hisobotga tushuntirish xatida yoritib beriladi.
23. Kutilmagan holatlar soliqqa tortishning moliyaviy ahvoliga hamda davrga taalluqli boʻlgan, moliyaviy hisobotda aks ettirilgan va balansni tuzish sanasidan keyin taklif etilgan va eʼlon qilingan dividendlarga taʼsir oʻtkazgan taqdirda, moliyaviy hisobotlar tasdiqlangunigacha tuzatishlar kiritish yoxud ochib berilishi kerak.
YORITIB BERISH
24. Agar buxgalteriya balansini tuzish sanasidan keyin yuz bergan xoʻjalik faoliyatidagi hodisalarni ochish talab etiladigan boʻlsa, — quyidagi axborotlar taqdim etilishi kerak:
— operatsiyaning mohiyati;
— moliyaviy taʼsirga baho berish yoki bunday baholashni oʻtkazib boʻlmaslik toʻgʻrisidagi axborot.