Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
SHOʻRTAN GAZ-KIMYO KOMPLEKSI ATROFIDA YASHIL VOHA BARPO ETISH TOʻGʻRISIDA
Shoʻrtan gaz-kimyo kompleksini va unga yondosh hududlarni qum bosishidan muhofaza qilish hamda ushbu mintaqada ekologiya vaziyatini yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qashqadaryo viloyati hokimligi Shoʻrtan gaz-kimyo kompleksiga yondosh 5 ming gektar yerni ajratish masalasini belgilangan tartibda hal qilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat oʻrmon qoʻmitasi koʻrsatib oʻtilgan yerlarda 1998-yil 1-iyuldan boshlab avtomobil yoʻllari, novlar va sugʻorish tarmoqlari boʻylab ihota oʻrmonzorlari, manzarali ihota daraxtzorlari, kichik oʻrmonlar va koʻchatzorlar barpo etish hamda kelgusida ularni parvarish qilish boʻyicha ixtisoslashtirilgan oʻrmon xoʻjaligi korxonasi tashkil etsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi oʻrmon xoʻjaligi korxonasi tashkil etish uchun ilovaga* muvofiq mablagʻ ajratsin.
* Ilova berilmaydi.
3. “Oʻzneftgazqazibolish” birlashmasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat oʻrmon qoʻmitasi hisob-kitoblariga binoan, tashkil qilinayotgan ixtisoslashtirilgan oʻrmon xoʻjaligi korxonasini ihota oʻrmonzorlari barpo etish uchun zarur boʻlgan texnika, asbob-uskunalar va anjomlar bilan taʼminlasin.
4. “Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish” davlat kooperativ qoʻmitasiga tashkil qilinayotgan ixtisoslashtirilgan oʻrmon xoʻjaligi korxonasining texnika va transport vositalarini tuzatish hamda ularga servis xizmati koʻrsatish, korxonani zarur ehtiyot qismlar bilan taʼminlash yuklansin.
5. “Oʻzdavneftmahsulot” birlashmasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat oʻrmon qoʻmitasi buyurtmalariga binoan, ixtisoslashtirilgan oʻrmon xoʻjaligi korxonasini ihota oʻrmonzorlari va manzarali ihota daraxtzorlari barpo etishga doir ishlarni bajaruvchi texnika va avtomashinalarning uzluksiz ishlashi uchun yonilgʻi-moylash materiallari bilan taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi hamda “Oʻzkimyosanoat” uyushmasi ixtisoslashtirilgan oʻrmon xoʻjaligi korxonasi tashkil etilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat oʻrmon qoʻmitasiga mineral oʻgʻitlar va daraxtzorlarni himoya qilish kimyoviy vositalari ajratishni nazarda tutsinlar.
7. Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Moliya vazirligi Shoʻrtan gaz-kimyo kompleksi atrofida yashil voha barpo etishni 2001-yilgacha har yili Oʻzbekiston Respublikasi investitsiya dasturiga kiritishni va ushbu tadbirlar uchun Davlat oʻrmon qoʻmitasiga asoslangan hisob-kitoblar boʻyicha mablagʻlar ajratishni nazarda tutsinlar.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari I. H. Joʻrabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 26-iyun,
266-son