Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QISHLOQ XOʻJALIGI MAHSULOTLARINI XARID QILISH VA SOTISH BOʻYICHA ULGURJI BOZORLAR TIZIMINI SHAKLLANTIRISH VA RIVOJLANTIRISH TOʻGʻRISIDA
1998—2000-yillardagi davrda qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish dasturi amalga oshirilishini taʼminlash, ulgurji savdo tizimini takomillashtirish va isteʼmol bozorini qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan toʻldirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining respublika qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini (paxta va dondan tashqari) xarid qilish va sotish boʻyicha ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyatlari shaklidagi (keyingi oʻrinlarda Ulgurji bozor AJ) ulgurji qishloq xoʻjaligi bozorlari tarmoqlarini tashkil etish haqidagi;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasining, Dehqon va fermer xoʻjaliklari uyushmasining Meva-sabzavot birlashmalarining Matlubotsavdo hududiy aksiyadorlik kompaniyalarining tashkil etilayotgan Ulgurji bozor aksiyadorlik jamiyatlariga muassislar sifatida kirishlari toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin.
2. Belgilansinki, Ulgurji bozor AJ:
Toshkent shahrida, barcha viloyat markazlarida bittadan, zarur boʻlganda esa yirik shaharlarda ham mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari huzurida tashkil etiladi;
oʻz faoliyatida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar, Toshkent shahar va yirik shaharlar hokimliklariga hisobot beradi.
3. Quyidagilar Ulgurji bozor aksiyadorlik jamiyatlarining asosiy vazifalari sifatida tavsiya etilsin:
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ulgurji xarid qilish va sotishning zamonaviy bozor tizimini shakllantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
qishloq xoʻjaligi korxonalaridan, dehqon va fermer xoʻjaliklaridan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ulgurji xarid qilish tashkil etilishini taʼminlash;
sotuvchilar va isteʼmolchilarga qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari savdosini, uning sanitariya-veterinariya tahlilini, sertifikatsiyalashni, transportda tashishni, ortish-tushirish ishlarini, saqlashni, paketlarga joylash va markalashni tashkil etish boʻyicha kompleks servis xizmatlari koʻrsatish;
mahsulot yetkazib berish yuzasidan kontraktlar tuzishni tashkil etish, ulgurji bozorlardagi konyunktura, talab va takliflar toʻgʻrisidagi axborotlar bilan taʼminlash;
xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish maqsadida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saralash va ularga dastlabki ishlov berish boʻyicha ishlab chiqarishlarni rivojlantirish, shuningdek ularni mahalliy dehqon bozorlariga va eksportga yetkazib berish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish.
4. Ulgurji qishloq xoʻjaligi bozori toʻgʻrisidagi Namunaviy nizom va Ulgurji bozor aksiyadorlik jamiyatining namunaviy tashkiliy tuzilmasi 1 va 2-ilovalarga muvofiq maʼqullansin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
mavjud ulgurji bozorlarni rekonstruksiya qilish, kengaytirish yoki ularni qurish yuzasidan texnik-iqtisodiy asoslashlarning buyurtmachilari boʻlsinlar hamda ishlab chiqilgan texnik-iqtisodiy asoslashlarni xizmat koʻrsatuvchi bankka va boshqa tegishli idoralarga taqdim etsinlar;
faoliyat koʻrsatayotgan meva-sabzavot kombinatlarini ulgurji bozorlar sifatida qayta jihozlashning maqsadga muvofiqligi va mavjud ulgurji omborlar va sovutgichlardan foydalanish masalasini koʻrib chiqsinlar;
ulgurji bozorlar qurish uchun belgilangan tartibda zarur yer uchastkalari ajratsinlar, shuningdek quriladigan ulgurji bozorlarning loyihalari ishlab chiqilishini va oʻz vaqtida ekspertizadan oʻtkazilishini taʼminlasinlar, loyihalarda mehmonxonalar, umumiy ovqatlanish, maishiy xizmat koʻrsatish korxonalari, shuningdek kompleks servis xizmatlari koʻrsatish boʻyicha boshqa obyektlar qurilishini nazarda tutsinlar;
ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga ulgurji bozorlar shakllantirilishi toʻgʻrisida axborot taqdim etsinlar.
6. Ulgurji bozorlar qurilishi boʻyicha loyihalarni amalga oshirish va ularning samarali faoliyat koʻrsatishlari uchun:
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi bilan birgalikda taqdim etilgan loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslarini belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazsin hamda ularning xarajatlarni qoplashi tasdiqlangan taqdirda Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot banki (YETTB) va boshqa xalqaro va investitsiya institutlari bilan ulgurji bozorlar qurilishi uchun ularning kreditlaridan foydalanish haqidagi masalani ishlab chiqish;
Biznes-fondga ulgurji bozorlar qurilishini mablagʻ bilan taʼminlash uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining buyurtmanomalarini ustuvor tartibda koʻrib chiqish va qurilayotgan ulgurji bozorlarning ustav sarmoyalarini shakllantirishda oʻz mablagʻlari ulushi bilan belgilangan tartibda qatnashish tavsiya etilsin.
7. Toshkent shahar hokimligining, Oʻzbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasining Toshkent ulgurji qishloq xoʻjaligi bozori aksiyadorlik jamiyati oʻzining asosiy vazifalaridan tashqari tashkil etilayotgan ulgurji bozorlar tizimida savdo, xizmat koʻrsatish texnologiyasini ishlab chiqish va takomillashtirish, xizmat koʻrsatish, xaridorlar va sotuvchilar, narxlar kotirovkasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bankini shakllantirish, marketing va konsalting xizmatlari masalalari boʻyicha uslubiy markaz qoʻshimcha funksiyalarini bajarishi toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi ulgurji bozorlar hududlarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xarid qilish va sotish boʻyicha, xoʻjalik yurituvchi subyektlarga bevosita bitishuvlar tuzilgan kunda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini tashib ketish uchun zarur boʻlgan barcha hujjatlarni jadal rasmiylashtirish uchun bojxona va soliq postlarini tashkil etishni taʼminlasinlar.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Oʻzbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi, Oʻzdavstandart markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Oʻzavtotrans davlat korporatsiyasi ulgurji bozorlar huzurida axborot xizmatlari koʻrsatish, mahsulotlarning muvofiqligi va kelib chiqishi sertifikatlarini olish, transport xizmati koʻrsatish boʻyicha punktlar tashkil etishni nazarda tutsinlar.
10. Aholini meva-sabzavotlar va ularni qayta ishlash mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash tizimini tashkil etish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi, Dehqon va fermer xoʻjaliklari uyushmasi bilan birgalikda:
shaharlarda va tuman markazlarida meva-sabzavot mahsulotlari sotish uchun ixtisoslashtirilgan chakana savdo tarmoqlarini tiklash va tashkil etish chora-tadbirlarini koʻrsinlar;
meva-sabzavot mahsulotlarini sotish boʻyicha ulgurji bozorlar, chakana savdo tarmoqlari tashkil etilishini va ularning faoliyatini har chorakda tahlil qilsinlar hamda hisobot choragidan keyingi oyning 15-kunida Vazirlar Mahkamasiga axborot taqdim etsinlar.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi ishlarini amalga oshirish yuzasidan davlat buyurtmasini shakllantirishda unga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xarid qilish va sotish boʻyicha ulgurji bozorlar hamda meva-sabzavot mahsulotlarini chakana sotish tarmoqlari faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotni kiritishni nazarda tutsin.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari M.Z.Usmonov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 26-oktabr,
452-son
Ulgurji qishloq xoʻjaligi bozori toʻgʻrisida
NAMUNAVIY NIZOM
Umumiy qoidalar
1. Ulgurji qishloq xoʻjaligi bozori qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilari va isteʼmolchilarining ulgurji savdo, shu jumladan, mahsulotni sotishdan oldingi tayyorlash xizmatlariga boʻlgan ehtiyojlarini qondirish uchun ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati shaklida (keyingi oʻrinlarda “Ulgurji bozor” aksiyadorlik jamiyati deb ataladi) tashkil etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. “Ulgurji bozor” aksiyadorlik jamiyati Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimliklari huzurida va yirik shaharlarda yuridik shaxs huquqi bilan tashkil etiladi.
har qanday yuridik va jismoniy shaxs, shu jumladan, xorijiy yuridik va jismoniy shaxs ulgurji bozorning muassisi boʻlishi mumkin.
3. “Ulgurji bozor” aksiyadorlik jamiyati oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga va belgilangan tartibda tasdiqlanadigan oʻz ustaviga amal qiladi.
4. Ulgurji bozorlar faoliyati samaradorligini taʼminlash uchun ular yirik shaharlar va transport uzellari yaqinidagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilari tovar mahsulotni yirik isteʼmolchilarga va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksport qiluvchi tashkilotlarga yetkazib beradigan joylarda joylashtiriladi.
Ulgurji bozorning maqsadi va asosiy vazifalari
5. Qishloq xoʻjaligi mahsuloti yetishtirishning mavsumiy xususiyati bilan uning bir maromda isteʼmol qilinishi oʻrtasidagi nomutanosiblikni bartaraf etish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilari uchun mahsulotlarni erkin belgilanadigan narxlar asosida sotish, mahsulotlarni konsignatsiyaga va sanoatda qayta ishlashga qabul qilish kabilar, isteʼmolchilarga esa ularning buyurtmanomalariga muvofiq yetkazib berish uchun sharoitlar yaratish “Ulgurji bozor” aksiyadorlik jamiyati faoliyat koʻrsatishining asosiy maqsadi hisoblanadi.
6. “Ulgurji bozor” aksiyadorlik jamiyati qoʻyilgan maqsadlarga erishish uchun quyidagi vazifalarni hal qiladi:
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ulgurji xarid qilish va sotishning zamonaviy bozor tizimini shakllantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
qishloq xoʻjaligi korxonalaridan, dehqon va fermer xoʻjaliklaridan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ulgurji xarid qilish tashkil etilishini taʼminlash;
sotuvchilar va isteʼmolchilarga qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari savdosini, uning sanitariya-veterinariya tahlilini, sertifikatsiyalashni, transportda tashishni, ortish-tushirish ishlarini, saqlashni, paketlarga joylash va markalashni tashkil etish boʻyicha kompleks servis xizmatlari koʻrsatish;
mahsulot yetkazib berish yuzasidan kontraktlar tuzishni tashkil etish, ulgurji bozorlardagi konyunktura, talab va takliflar toʻgʻrisidagi axborotlar bilan taʼminlash;
xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish maqsadida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saralash va ularga dastlabki ishlov berish boʻyicha ishlab chiqarishlarni rivojlantirish, shuningdek, ularni mahalliy dehqon bozorlariga va eksportga yetkazib berish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
ulgurji bozorning ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish (savdo maydonlari, omborxonalar, muzxonalar, mahsulotlarni qayta ishlovchi sexlar va boshqa obyektlar qurish)ga, ulgurji bozorlarga tutash hududlarni rivojlantirish (mehmonxonalar, ovqatlanish punktlari, transport toʻxtab turish joylari, yoʻllar, aloqa uzellari, tibbiy xizmat koʻrsatish joylari va shu kabilarni qurish)ga investorlar mablagʻlarini jalb qilish;
respublika mintaqalari boʻyicha qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, tayyorlash obyektlari va narxlar boʻyicha maʼlumotlar bankini shakllantirish;
tegishli boshqaruv organlariga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va oziq-ovqat tovarlari bilan ulgurji savdo qilishdagi ishlarning ahvoli toʻgʻrisida tahliliy obzorlar tayyorlash, uni rivojlantirish yuzasidan tavsiyanomalar berish;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish sohasida ham, xizmat koʻrsatish sohasida ham kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashish;
qoʻshimcha ish joylari tashkil etish.
7. Oʻz mijozlarining talablarini qondirish maqsadida “Ulgurji bozor” aksiyadorlik jamiyatlari oʻz hududlarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qabul qilishni, sotishdan oldingi tayyorlashni, saqlashni, isteʼmolchilarga joʻnatish uchun turkumlashni hamda bozor qatnashchilariga axborot xizmati koʻrsatishni, fermerlar va dehqon xoʻjaliklarining buyurtmanomalariga koʻra qishloq xoʻjaligi mahsulotlari tashish uchun transport berishni, mehmonxona xoʻjaligini, avtomobil toʻxtash joylarini, bank xizmatlari koʻrsatishni oʻz ichiga oluvchi zarur xizmatlar koʻrsatishni taʼminlovchi korxonalar qurishga koʻmaklashadilar.
Ulgurji bozor qatnashchilari
8. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish, tayyorlash, saqlash, sotish, isteʼmol qilish va ularni qayta ishlash sohasida oʻz faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ulgurji xarid qiluvchilar, shuningdek, bitishuvlar tuzishda zarur xizmatlar koʻrsatuvchi va bozor faoliyatiga xizmat koʻrsatuvchi bozor faoliyati infratuzilmalari muassasalari “Ulgurji bozor” aksiyadorlik jamiyati qatnashchilari hisoblanadilar.
9. “Ulgurji bozor” aksiyadorlik jamiyatining har bir qatnashchisi bozorda savdo qilishning yagona qoidasiga rioya qilishi, bozorda roʻyxatdan oʻtgan boʻlishi va vizual kuzatish uchun qulay hamda oʻz maqomiga muvofiq boʻlgan yagona namunadagi hujjat (ruxsatnoma, roʻyxatdan oʻtish kartasi va boshqalarga) ega boʻlishi kerak.
10. Ulgurji bozor qatnashchilariga ulgurji bozorga teng va erkin kirish huquqi beriladi.
Ulgurji bozorning funksiyalari, ulgurji savdoni amalga oshirishning asosiy prinsiplari va qoidalari
11. “Ulgurji bozor” AJ funksiyalariga quyidagilar kiradi:
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining ulgurji oldi-sotdi operatsiyalarini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish va xizmatlar koʻrsatish;
sotuvchilarga savdo seksiyalarini, muzxona kameralarini ijaraga berish;
savdo qoidalarini ishlab chiqish va belgilangan savdo qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish;
bozor hududini sanitariya jihatidan nazorat qilishni taʼminlash;
mahsulotni sertifikatsiyalash va sanitariya-veterinariya jihatidan tahlil qilish xizmatlari faoliyatini tashkil etish;
kelayotgan mahsulotlar hisobini yuritish;
nizolarni sudgacha yetkazmasdan hal qilish;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlari sifatini va tovarbopligini saqlash uchun shart-sharoitlar yaratish;
transport xizmati koʻrsatish, ortish-tushirish ishlari, tovarni sotishdan oldin tayyorlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatish;
tovarlarning saqlanishi va savdo qatnashchilarining xavfsizligini saqlash uchun shart-sharoitlar yaratish;
ulgurji savdo qatnashchilariga bank xizmati koʻrsatish uchun shart-sharoitlar yaratish;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksport qiluvchilarga bojxona xizmati koʻrsatish uchun shart-sharoitlar yaratish;
sotuvchilarga va xaridorlarga maishiy xizmatlar koʻrsatish;
bozorning zarur infratuzilma obyektlarini tashkil etish.
12. Ulgurji bozorda bozor qatnashchilari oʻrtasida erkin aloqalar bogʻlash taʼminlanadi, unda bitishuvlarni muvaffaqiyatli oʻtkazish uchun zarur boʻlgan kompleks xizmatlar koʻrsatiladi.
13. Ulgurji bozorda paxta va dondan tashqari qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining barcha turlari (xom ashyo, yarim fabrikatlar, tayyor oziq-ovqat mahsulotlari) sotilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Ulgurji bozordagi ulgurji savdolar quyidagi prinsiplar asosida olib boriladi:
tovarni erkin tanlash;
xaridor va sotuvchini erkin tanlash;
erkin narx belgilash;
sotib olingan tovarlarni erkin tasarruf etish.
15. Ulgurji bozor xodimlari bitishuvlarni amalga oshirish, shuningdek savdolarni oʻtkazish jarayoniga toʻgʻridan-toʻgʻri yoki bilvosita aralashish huquqiga ega emaslar. Ulgurji savdo qatnashchilari aniq tovar seksiyalarida aniq savdolarga taalluqli boʻlmagan boshqa eʼlonlar qilishlari mumkin emas.
16. Ishlab chiqaruvchilar (tovar sotuvchilar) tovarning kelib chiqishini tasdiqlovchi sertifikatlar (hujjatlar)ga ega boʻlishlari kerak.
17. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari xaridorlari eksport maqsadlari uchun “Oʻzdavstandart” markazi va Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi ulgurji bozordagi tayinlangan vakillik xizmatidan tovarning muvofiqligi va kelib chiqishi sertifikatlarini olishlari mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
18. Ulgurji bozorda naqd tovar bilan ulgurji bitishuvlar (toʻgʻridan-toʻgʻri, forvardli va konsignatsiyali bitishuvlar) tuziladi. Tovar uchun hisob-kitoblar shakli sotuvchi va xaridor tomonidan belgilanadi.
Bozorda faoliyat koʻrsatuvchi asosiy xizmatlar
19. “Ulgurji savdo” aksiyadorlik jamiyatiga ulgurji savdo jarayoniga koʻmaklashish maqsadida quyidagi xizmatlar faoliyati tashkil etiladi:
marketing xizmati;
veterinariya va sanitariya xizmati;
texnika xizmati;
axborot bilan taʼminlash xizmati;
yuridik xizmat;
qoʻriqlash xizmati;
tosh-tarozi xizmati;
transport xizmati.
20. Ulgurji bozor faoliyatiga quyidagilar koʻmaklashadi:
ichki ishlar organlari;
bojxona xizmati;
soliq xizmati;
sanitariya-epidemiologiya xizmati;
“Oʻzdavstandart” markazi xizmati;
veterinariya xizmati.
Ulgurji bozorning ishlab chiqarish infratuzilmasi
21. Ulgurji bozorning ishlab chiqarish infratuzilmasiga quyidagilar kiradi:
ulgurji bozor savdosini amalga oshirish uchun jihozlangan maydon va savdo seksiyalari;
qishloq xoʻjaligi mahsuloti sifatini baholash uchun laboratoriya;
vaqtincha saqlash omborlari va konsignatsiya omborlari;
tez buziladigan mahsulotlarni vaqtincha saqlash uchun sovutish kameralari;
avtomashinalar parki;
avtomashinalar toʻxtash joylari;
mahsulotlarni sotishdan oldin tayyorlash va sanoat yoʻli bilan qayta ishlash sexlari.
Ulgurji bozorni boshqarish
22. “Ulgurji bozor” aksiyadorlik jamiyatini boshqarish va uning xoʻjalik faoliyati “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonunlariga, shuningdek ochiq aksiyadorlik jamiyatining ularga muvofiq ishlab chiqilgan taʼsis hujjatlari (ustavi)ga muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
23. “Ulgurji bozor” aksiyadorlik jamiyatlari oʻzlari huzurida tashkil etilgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar va yirik shaharlar hokimliklariga oʻz faoliyati toʻgʻrisida hisobot beradi.
“Ulgurji bozor” aksiyadorlik jamiyatining namunaviy tashkiliy
tuzilmasi