Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2025-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining (bundan buyon matnda Hisob palatasi deb yuritiladi) 2025-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotini koʻrib chiqib, shuni qayd etadiki, Hisob palatasi hisobot davrida oʻz faoliyatini “Oʻzbekiston Respublikasining Hisob palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlarida belgilangan vazifalar asosida amalga oshirgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining moliyaviy nazorat tizimini takomillashtirishga qaratilgan farmonlari asosida mamlakatimizda davlat tashqi auditi va moliyaviy nazorati tizimi tubdan transformatsiya qilindi. Hisob palatasi nafaqat moliyaviy taftish oʻtkazuvchi, balki respublikamizda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini baholovchi strategik tuzilmaga aylandi. Bunda ustuvorlik nafaqat budjet mablagʻlarining sarflanishiga, balki ularning ijtimoiy-iqtisodiy natijadorligiga qaratildi. Sohada amalga oshirilgan islohotlar natijasida Hisob palatasi faoliyatiga raqamli texnologiyalarni, shu jumladan sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish ishlari yanada jadallashdi. Xususan, qisqa vaqt ichida “Masofaviy audit” avtomatlashtirilgan axborot tizimi davlat moliyaviy nazorati tizimining eng muhim infratuzilmalaridan biriga aylandi.
Hisobot davrida Hisob palatasining 2025-yildagi faoliyati davomida oʻtkazilgan nazorat tadbirlarining salmogʻi 2024-yildagiga nisbatan qariyb 20 foizga oshgan. Audit tadbirlari davomida bir qator moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan. Koʻrilgan choralar natijasida 2 trln. soʻmdan ortiq mablagʻ Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga qaytarilgan. Xavf-xatarni oldindan nazorat qilish orqali 8,1 trln. soʻmlik asossiz xarajatlarning oldi olingan.
Hisob palatasi tomonidan mahalliy budjetlar loyihalari ekspertizadan oʻtkazilib, mahalliy ijro etuvchi organlarga xulosalar taqdim etilgan. Xulosalar asosida aniqlangan “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasida nazarda tutilganiga nisbatan hududlarda daromadlar prognozi boʻyicha 6,2 trln. soʻm, xarajatlar boʻyicha 2,2 trln. soʻm hamda tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar boʻyicha 5,8 trln. soʻm miqdoridagi farqlar bartaraf etilgan.
Hisob palatasi oʻz faoliyatida anʼanaviy nazoratdan tizimli tahlil va preventiv mexanizmlarga oʻtish jarayonlariga alohida eʼtibor qaratgan. Xususan, “Masofaviy audit” avtomatlashtirilgan axborot tizimi 75 ta tashkilotning 259 ta maʼlumotlar bazasi bilan integratsiya qilingan. Davlat xaridlari sohasida sunʼiy intellekt modullari yordamida manfaatlar toʻqnashuviga va affillanganlikka oid jami 83,3 mlrd. soʻm miqdoridagi mablagʻlar bilan bogʻliq boʻlgan qonunbuzarlik holatlari bartaraf etilgan.
Shu bilan birga davlat qarzi hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarning natijadorligini oshirish va loyihalar ijrosining kechikishi hollarining oldini olish maqsadida tashqi qarz mablagʻlari jalb etilgan loyihalar tashabbuskorlarining va masʼul idoralarning masʼuliyatini oshirish, ayrim davlat aktivlarini sotish jarayonlari choʻzilayotganligini inobatga olib, mutasaddi idoralar tomonidan realizatsiya jarayonlaridagi toʻsiqlarni bartaraf etish choralarini koʻrish, budjetga oid qonunchilik va pul-kredit munosabatlari auditi boʻyicha hisobotlarning axborot berish koʻlamini kengaytirish, ularda aniqlangan kamchiliklar va ularga yoʻl qoʻygan subyektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yanada kengaytirish boʻyicha tavsiyalar berildi.
Shuningdek vazirliklar va idoralardagi ichki audit xizmatlarining faoliyat samaradorligini hamda ular tomonidan budjet mablagʻlaridan foydalanilishi ustidan oʻtkazilayotgan tekshiruvlar sifatini oshirish maqsadida tarmoq idoralarining ichki nazorat tizimini uslubiy jihatdan qoʻllab- quvvatlash va monitoring jarayonlarini kuchaytirish lozimligi taʼkidlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2025-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotini koʻrib chiqib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 9-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2025-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari parlament nazoratini amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2025-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotda qayd etilgan maʼlumotlardan oʻz faoliyat yoʻnalishlarining oʻziga xos jihatlarini inobatga olgan holda foydalansin.
3. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2026-yil 24-aprel,
1990-V-son