O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
Huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2025-yil 23-sentabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2025-yil 19-dekabrda ma’qullangan
Senat tomonidan 2025-yil 19-dekabrda ma’qullangan
Keyingi yillarda mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashning mutlaqo yangi mexanizmlarini joriy etish, huquqbuzarlikni sodir etishga sabab bo‘layotgan ijtimoiy-maishiy muammolarni ijtimoiy profilaktika choralari tizimi orqali hal etish hamda aholining shaxsiy xavfsizlikka bo‘lgan ishonchini mustahkamlash borasida samarali chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, sodir etiladigan huquqbuzarliklarning asl omillarini o‘z vaqtida aniqlash va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish ishlari samaradorligini yanada oshirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Mazkur Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurish bilan bog‘liq huquqbuzarlikni bir yil davomida takroran sodir etganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanishini nazarda tutuvchi qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritilmoqda. “Qurol to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatni sodir etgan shaxslarni fuqaroviy qurolni olish huquqidan muayyan muddatga mahrum etishga, shuningdek himoya orderi bilan o‘ziga nisbatan cheklovlar o‘rnatilgan fuqarolardan o‘qotar qurolni va uning o‘q-dorilarini vaqtincha olib qo‘yishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Shuningdek “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolanishga joylashtirish uchun bunday shaxs bir yil ichida bir martadan ortiq ma’muriy javobgarlikka tortilgan bo‘lishi kerakligi haqidagi talabni o‘zgartirish, olis hududlarda tuziladigan narkologik ekspertizalarni o‘tkazish uchun ixtisoslashtirilgan tumanlararo tibbiy komissiyalarga narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga muhtoj deb topish vakolatini berish bo‘yicha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Ushbu Qonun xavfsiz muhitni yaratishga, sodir etiladigan huquqbuzarliklarning asl omillarini o‘z vaqtida aniqlashga, shuningdek jinoyatchilikning barvaqt oldini olish ishlari samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
1-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan 2015-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1995-yil, № 3, 6-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 9, 193-modda, № 12, 269-modda; 1996-yil, № 5-6, 69-modda, № 9, 144-modda; 1997-yil, № 2, 56-modda, № 4-5, 126-modda, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 3, 38-modda, № 5-6, 102-modda, № 9, 181-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 5, 124-modda, № 9, 229-modda; 2000-yil, № 5-6, 153-modda, № 7-8, 217-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda, № 9-10, 165, 182-moddalar; 2002-yil, № 1, 20-modda, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda, № 5, 67-modda, № 9-10, 149-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 5, 90-modda, № 9, 171-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 9, 312-modda, № 12, 413, 417, 418-moddalar; 2006-yil, № 6, 261-modda, № 9, 498-modda, № 10, 536-modda, № 12, 656, 659-moddalar; 2007-yil, № 4, 158, 159, 164, 165-moddalar, № 9, 416, 421-moddalar, № 12, 596, 604, 607-moddalar; 2008-yil, № 4, 181, 189, 192-moddalar, № 9, 486, 488-moddalar, № 12, 640, 641-moddalar; 2009-yil, № 1, 1-modda, № 9, 334, 335, 337-moddalar, № 10, 380-modda, № 12, 462, 468, 470, 472, 474-moddalar; 2010-yil, № 5, 175, 179-moddalar, № 6, 231-modda, № 9, 335, 339, 341-moddalar, № 10, 380-modda, № 12, 468, 473, 474-moddalar; 2011-yil, № 1, 1-modda, № 4, 104, 105-moddalar, № 9, 247, 252-moddalar, № 12/2, 365-modda; 2012-yil, № 4, 108-modda, № 9/1, 242-modda, № 12, 336-modda; 2013-yil, № 4, 98-modda, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 1, 2-modda, № 5, 130-modda, № 9, 244-modda, № 12, 341, 343-moddalar; 2015-yil, № 6, 228-modda, № 8, 310, 312-moddalar, № 12, 452-modda; 2016-yil, № 1, 2-modda, № 4, 125-modda, № 9, 276-modda, № 12, 383, 385-moddalar; 2017-yil, № 4, 137-modda, № 6, 300-modda, № 9, 510-modda, № 10, 605-modda; 2018-yil, № 1, 1, 4, 5-moddalar, № 4, 224-modda, № 7, 430, 431, 432-moddalar, № 10, 671, 673, 679-moddalar; 2019-yil, № 1, 1, 3, 5-moddalar, № 2, 47-modda, № 3, 161, 165, 166-moddalar, № 5, 259, 261, 267, 268-moddalar, № 7, 386-modda, № 8, 469, 471-moddalar, № 9, 591, 592-moddalar, № 10, 674, 676-moddalar, № 11, 787, 791-moddalar, № 12, 880, 891-moddalar; 2020-yil, № 1, 4-modda, № 3, 203, 204-moddalar, № 7, 449-modda, № 9, 539, 540-moddalar, № 10, 593, 596-moddalar, № 11, 651-modda, № 12, 691-modda; 2021-yil, № 1, 5, 7, 12, 13, 14-moddalar, № 2, 142-modda, № 3, 217-modda, № 4, 290, 293-moddalar, 4-songa ilova, № 8, 800, 802, 803-moddalar, № 9, 903-modda, № 10, 966, 967, 968, 973-moddalar, № 11, 1066-modda; 2022-yil, № 1, 1, 2-moddalar, № 2, 80, 81-moddalar, № 3, 215, 216-moddalar, № 4, 337-modda, № 5, 464, 467-moddalar, № 8, 787-modda, № 10, 981, 984-moddalar, № 12, 1188-modda; 2023-yil, № 3, 184, 185, 188, 189-moddalar, № 4, 265, 266, 268-moddalar, № 5, 319, 320-moddalar, № 7, 533, 534, 535, 537, 539-moddalar, № 8, 634-modda, № 10, 798-modda, № 11, 921, 923, 924-moddalar, № 12, 1004-modda; 2024-yil, № 1, 5, 7, 8, 9-moddalar, № 2, 102, 111, 115, 116-moddalar, № 3, 243, 245-moddalar, № 6, 530, 532-moddalar, № 7, 629-modda, № 8, 826, 829, 831-moddalar, № 9, 954, 964, 965-moddalar, № 10, 1070, 1071, 1073, 1077, 1078, 1083, 1084-moddalar, № 11, 1187, 1188, 1189-moddalar, № 12, 1279, 1280, 1282, 1286, 1287-moddalar; 2025-yil, № 1, 5, 8-moddalar, № 2, 187, 188, 196, 198, 201-moddalar, № 3, 368, 376-moddalar, № 4, 517, 521-moddalar, № 5, 643, 644-moddalar, № 6, 729-modda, № 7, 828, 829, 832-moddalar, № 8, 968, 971-moddalar) 1852-moddasiga quyidagi qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritilsin:
quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan to‘ldirilsin:
“Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi”;
ikkinchi qism uchinchi qism deb hisoblansin;
quyidagi mazmundagi to‘rtinchi qism bilan to‘ldirilsin:
“Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, —
huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib yoki musodara qilmay, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi”.
2-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 29-iyulda qabul qilingan “Qurol to‘g‘risida”gi O‘RQ-550-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 7, 388-modda; 2020-yil, № 10, 593-modda, № 11, 651-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 10, 968-modda; 2022-yil, № 3, 216-modda, № 5, 466-modda; 2024-yil, № 2, 105-modda) quyidagi o‘zgartirishlar kiritilsin:
1) 13-modda o‘ninchi qismining:
beshinchi xatboshisidagi “119” raqami “119-moddalarida, 1261-moddasining to‘rtinchi — sakkizinchi qismlarida” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
o‘n uchinchi xatboshisidagi “sodir etganlarga” degan so‘zlar “sodir etganlarga, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etganlarga” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
2) 28-modda birinchi qismining sakkizinchi xatboshisidagi “sodir etgan” degan so‘zlar “sodir etgan, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
3-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 27-oktabrda qabul qilingan “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risida”gi O‘RQ-644-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2020-yil, № 10, 597-modda; 2021-yil, 4-songa ilova; 2023-yil, № 8, 630-modda) quyidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin:
1) 25-moddaning matnidagi “bir martadan ortiq” degan so‘zlar chiqarib tashlansin;
2) 26-moddaning birinchi qismidagi “bir martadan ortiq” degan so‘zlar chiqarib tashlansin;
3) 27-modda:
birinchi qismi “tibbiy komissiyalar” degan so‘zlardan keyin “yoki olis hududlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining, viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshliqlarining buyrug‘i asosida tuziladigan narkologik ekspertizalarni o‘tkazish uchun ixtisoslashtirilgan tumanlararo tibbiy komissiyalar (bundan buyon matnda ixtisoslashtirilgan tumanlararo tibbiy komissiyalar deb yuritiladi)” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin;
ikkinchi qismi “tibbiy komissiyalar” degan so‘zlardan keyin “yoki ixtisoslashtirilgan tumanlararo tibbiy komissiyalar” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin;
quyidagi mazmundagi to‘rtinchi qism bilan to‘ldirilsin:
“Narkologik ekspertizalarni o‘tkazish uchun ixtisoslashtirilgan tumanlararo tibbiy komissiya tuziladigan olis hududlar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi”;
4) 28-moddaning:
ikkinchi qismi “narkologiya dispanseriga” degan so‘zlardan keyin “yoki ixtisoslashtirilgan tumanlararo tibbiy komissiyaga” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin;
uchinchi qismi “tibbiy komissiyaning” degan so‘zlardan keyin “yoki ixtisoslashtirilgan tumanlararo tibbiy komissiyaning” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin.
4-modda. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
5-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
6-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 17-aprel,
O‘RQ-1133-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.04.2026-y., 03/26/1133/0379-son)