Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri I. Maxkamovning “Temir yoʻl transporti sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, temir yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish hamda yoʻlovchi va yuk tashish xizmatlarini takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axborotini eshitish haqida
“Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 4 va 10-moddalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri I. Maxkamovning “Temir yoʻl transporti sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, temir yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish hamda yoʻlovchi va yuk tashish xizmatlarini takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axborotini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining majlisida eshitish haqidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi va Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyalarining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qoʻmitasining taklifi qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qoʻmitasi eshituvga tayyorgarlik koʻrilishini hamda uning oʻtkazilishini tashkil etsin.
3. Mazkur Qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2026-yil 31-mart,
1894-V-son