Oʻzbekiston Respublikasi
Moliya vazirligi tomonidan
Vazir oʻrinbosari
E.F. GADOYEV
1999-yil 4-avgust, 61-son
“TASDIQLANGAN”
“AUDITNI HUJJATLAShTIRISh”
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI audit MILLIY STANDARTI
6-SON aMS
6-SON aMS
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1999-yil 3-sentabrda 812-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Mazkur standart Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2021-yil 2-iyuldagi 43-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan qabul qilingan ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3316, 30.07.2021-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Umumiy qoidalar
1. Mazkur standart Oʻzbekiston Respublikasining “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 10-iyundagi 296-son “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis XIV sessiyasida qilgan maʼruzasida bayon etilgan asosiy qoidalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida ishlab chiqilgan va Oʻzbekiston Respublikasida auditorlik faoliyatini normativ tartibga solish elementi hisoblanadi.
Standartning maqsadi va vazifalari
2. Mazkur standartning maqsadi auditorlik tashkiloti (auditor) tomonidan auditning ish hujjatlarini tayyorlash boʻyicha yagona talablarni belgilash hisoblanadi.
3. Standartning vazifalari quyidagilardan iborat:
3.1. Auditni hujjatlashtirishning umumiy prinsiplarini shakllantirish;
3.2. Auditning ish hujjatlari shakli va mazmuniga qoʻyiladigan talablarga moslashtirish;
3.3. Ish hujjatlarini tuzish va saqlash tartibini tavsiflash.
4.Toʻgʻri rasmiylashtirilgan ish hujjatlari:
4.1. Auditni rejalashtirish va oʻtkazishga, audit jarayonida tahlilning amalga oshirilishiga yordam beradi;
4.2. Fikr bildirish uchun oʻtkazilgan auditning natijalari haqida guvohlik beradi.
Amal qilish sohasi
5. Mazkur standartning talablari rasmiy auditorlik xulosasini tayyorlashni nazarda tutadigan auditni amalga oshirish paytida barcha auditorlik tashkilotlari uchun majburiy hisoblanadi, tavsiyaviy tusda ekanligi bevosita koʻrsatilgan qoidalar bundan mustasno.
6. Mazkur standart talablari, tekshiruv natijalari asosida rasmiy auditorlik xulosasi tayyorlashni koʻzda tutmaydigan auditning amalga oshirilishida, shuningdek, auditga turdosh xizmatlar (konsalting xizmatlari) koʻrsatilishida tavsiyaviy tusga ega boʻladi.
Aniq topshiriqni bajarish chogʻida mazkur standartning majburiy talablaridan chetga chiqilgan hollarda auditorlik tashkiloti buni oʻzining ish hujjatlarida hamda audit va/yoki unga turdosh xizmatlarga buyurtma bergan xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbariyatiga beriladigan yozma hisobotda majburiy tartibda koʻrsatib oʻtishi lozim.
Auditning ish hujjatlarini tayyorlash asoslari
7. Auditorlik tashkiloti tomonidan oʻtkaziladigan audit majburiy tartibda hujjatlashtirilishi, yaʼni olingan axborotlar auditning ish hujjatlarida aks ettirilishi va mazkur audit standartiga muvofiq rasmiylashtirilishi kerak.
8. Auditning ish hujjatlariga quyidagilar kiradi:
a) auditni oʻtkazish rejalari va dasturlari;
b) auditorlik tashkiloti tomonidan qoʻllanilgan tartib-taomillar va ularning natijalari tavsifi;
v) xoʻjalik yurituvchi subyektning tushuntirishlari, izohlari va arizalari;
g) xoʻjalik yurituvchi subyekt hujjatlarining nusxalari, shu jumladan, fotonusxalari;
d) xoʻjalik yurituvchi subyektda buxgalteriya hisobining tashkil etilishi va ichki nazorat tizimi tavsifi;
e) auditorlik tashkilotining tahliliy hujjatlari;
j) boshqa hujjatlar.
Ish hujjatlari tarkibiga kiritilishi mumkin boʻlgan hujjatlarning namunaviy roʻyxati auditning mazkur standartidagi ilovada keltirilgan.
9. Ish hujjatlari auditni oʻtkazayotgan auditorlik tashkiloti tomonidan tuzilishi yoki audit oʻtkazilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektdan yoki boshqa shaxslardan olinishi mumkin.
10. Ish hujjatlarining shakli va mazmuni quyidagi omillarga bogʻliq:
a) olib borilayotgan ishning xususiyatiga;
b) auditorlik xulosasining shakliga;
v) xoʻjalik yurituvchi subyekt faoliyatining (biznesining) xususiyati va murakkabliligiga;
g) xoʻjalik yurituvchi subyektning buxgalteriya hisobi va ichki nazoratning holatiga;
d) alohida tartib-taomillarni bajarish chogʻida auditorlik tashkiloti xodimlari ishi ustidan rahbarlik va nazorat qilishning zaruriy darajasiga;
e) auditni oʻtkazish jarayonidagi oʻziga xos maxsus auditorlik usullari va texnologiyasiga.
11. Oʻzbekiston Respublikasida auditorlik faoliyatini tartibga soladigan hujjatlarda tuzilishi koʻzda tutilgan hujjatlar auditorlik tashkilotining ish hujjatlari tarkibiga majburiy tartibda kiritiladi.
12. Ish hujjatlarining shakllari, agar Oʻzbekiston Respublikasida auditorlik faoliyatini tartibga soladigan hujjatlarda bunday shakllar nazarda tutilmagan boʻlsa, auditorlik tashkiloti tomonidan mustaqil ravishda ishlab chiqiladi.
13. Ish hujjatlari auditni oʻtkazayotgan auditorlik tashkilotining tasarrufida boʻladi. Xoʻjalik yurituvchi subyektning hujjatlari nusxalari, shu jumladan, fotonusxalari auditorlik tashkiloti ish hujjatlari tarkibiga ushbu xoʻjalik yurituvchi subyektning roziligi bilan kiritilishi mumkin.
14. Audit oʻtkazilgan xoʻjalik yurituvchi subyekt va boshqa shaxslar, shu jumladan, soliq va boshqa davlat organlari, auditorlik tashkilotidan ish hujjatlarini yoki uning nusxalarini toʻliq yoki biror-bir qismini taqdim etishni talab qilish huquqiga ega emaslar, bundan toʻgʻridan toʻgʻri Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida koʻzda tutilgan holatlar mustasno.
15. Ish hujjatlarida keltirilgan maʼlumotlar maxfiydir va auditorlik tashkiloti tomonidan oshkor etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ish hujjatlari mazmuniga qoʻyiladigan talablar
16. Ish hujjatlari oʻzida quyidagilarni mujassamlashtirgan boʻlishi kerak:
a) auditni rejalashtirish toʻgʻrisidagi yozuvlar;
b) bajarilgan auditorlik xizmatlarining xususiyati, oʻtkazilish vaqti va hajmi toʻgʻrisidagi yozuvlar;
v) audit davomida olingan maʼlumotlar asosida chiqarilgan xulosalar.
17. Auditorning professional mulohazasini talab etuvchi barcha muhim masalalar, mazkur masalalar boʻyicha chiqarilgan xulosalar bilan birgalikda ish hujjatlarida aks ettirilishi kerak.
18. Ish hujjatlari yetarlicha toʻliq va batafsil boʻlishi kerak, toki tajribali auditor u bilan tanishib chiqqanidan soʻng, auditorlik tashkiloti tomonidan oʻtkazilgan audit toʻgʻrisida umumiy taassurotga ega boʻlsin.
19. Ish hujjatlari tarkibiga kiritilgan maʼlumotlar shunday aniq bayon qilingan va ifodalangan boʻlishi kerakki, ularning mohiyati hamda shakllari aniq-yaqqol boʻlishi va turlicha talqin qilishning imkoni boʻlmasligi kerak.
20. Ish hujjatlarining hajmi va mazmuni quyidagi omillarga bogʻliq:
20.1. Mazkur xoʻjalik yurituvchi subyekt yangi buyurtmachi boʻlib hisoblanadimi;
20.2. Xoʻjalik yurituvchi subyekt nodavlat tashkiloti boʻlib hisoblanadimi;
20.3. Audit uchinchi tomon talabi bilan oʻtkazilyaptimi;
20.4. Maxsus hisobot talab etiladimi.
Ish hujjatlarini rasmiylashtirishga qoʻyiladigan talablar
21. Ish hujjatlari oʻz vaqtida: auditning boshlanguniga qadar, auditni oʻtkazish jarayonida va tugashi boʻyicha tuzilishi lozim. Xoʻjalik yurituvchi subyektga auditorlik xulosasini taqdim etish paytida barcha ish hujjatlari tuzilgan (olingan) va rasmiylashtirilishi nihoyasiga yetkazilgan boʻlishi lozim.
22. Ish hujjatlari tarkibiga kiruvchi hujjatlar quyidagi rekvizitlarga ega boʻlishi kerak:
a) hujjatning nomi;
b) audit oʻtkazilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektning nomi;
v) audit oʻtkazilayotgan davr;
g) auditorlik tartib-taomillarini bajarish yoki hujjatni tuzish sanasi;
d) hujjatning mazmuni;
e) hujjatni tuzgan shaxsning imzosi va uning rasshifrovkasi;
j) hujjatni tekshirish sanasi va hujjatni tekshirgan shaxsning imzosi va uning rasshifrovkasi.
23. Auditning ish hujjatlariga kiruvchi hujjatlar ularga kiritilgan maʼlumotlar manbaiga havolalarni oʻzida mujassamlashtirgan boʻlishi lozim.
24. Agar ish hujjatlarida shartli belgilardan (ramzlardan) foydalanilgan boʻlsa, u holda bunday belgilar (ramzlar)tushuntirilgan boʻlishi kerak.
25. Har bir ish hujjati oʻzining raqam indeksiga ega boʻlishi kerak. Raqam indekslarini tuzish tizimi va berish tartibi auditorlik tashkiloti tomonidan belgilanadi.
Ish hujjatlarini saqlash tartibi
26. Audit tugaganidan soʻng, ish hujjatlari auditorlik tashkilotining arxiviga majburiy saqlash uchun topshirilishi kerak.
27. Ish hujjatlarining saqlanishi, ularning rasmiylashtirilishi va arxivga topshirilishini auditorlik tashkilotining rahbari yoki u tomonidan vakolat berilgan shaxs tashkil qiladi.
Oʻtkazilayotgan yoki oʻtkazilgan auditni qayd qiluvchi ish hujjatlarini mazkur xoʻjalik yurituvchi subyektning audit qilinishi bilan band boʻlmagan auditorlik tashkilotining xodimlariga berilishiga, odatda, yoʻl qoʻyilmasligi kerak.
28. Auditorlik tashkiloti ish hujjatlarining ishonchli saqlanishini taʼminlashi shart. Saqlash muddati qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Ish hujjatlarining yoʻqolishi yoki yoʻq boʻlishi hollarida auditorlik tashkilotining rahbari xizmat surishtirishini tayinlashi va uning natijalari tegishli dalolatnoma bilan rasmiylashtirilishi kerak.
29. Ish hujjatlarini auditorlik tashkilotidan olishni Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan hollarda va tartibda, faqatgina unga vakolatli boʻlgan organlar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Kuchga kirish sanasi
30. Mazkur Auditning milliy standarti 2000-yilning 1-yanvaridan kuchga kiradi.
6-son AMSga
ILOVA
ILOVA
Auditorlik tashkilotining ish hujjatlari tarkibiga kiritilishi mumkin boʻlgan hujjatlarning
namunaviy roʻyxati
1. Xoʻjalik yurituvchi subyektning tashkiliy-huquqiy va tashkiliy tarkibiga doir axborotlar.
2. Xoʻjalik yurituvchi subyektning taʼsis hujjatlaridan, shuningdek boshqa muhim yuridik hujjatlardan koʻchirmalar yoki nusxalar.
3. Auditni rejalashtirish toʻgʻrisidagi hujjatlar, shu jumladan, audit dasturlari va ularga oid oʻzgartishlar.
4. Auditorning buxgalteriya hisobi va ichki nazorat tizimlarini tushunishining dalillari.
5. Xoʻjalik operatsiyalari va buxgalteriya hisobi schyotlari boʻyicha qoldiqlarning tahlili.
6. Xoʻjalik yurituvchi subyekt faoliyati (biznesi)ning yoʻnalishlari va muhim koʻrsatkichlari tahlili.
7. Oʻtkazilgan auditorlik tartib-taomillarining xususiyati, oʻtkazish sanasi va hajmi hamda ularning natijalari toʻgʻrisidagi yozuvlar.
8. Yordamchilar tomonidan bajariladigan ishlar nazorat qilingani va tahlil etilgani toʻgʻrisida maʼlumotlar.
9. Auditorlik tartib-taomillarini amalga oshirgan shaxslar va ularning bajarilish vaqti toʻgʻrisida maʼlumotlar.
10. Xoʻjalik yurituvchi subyektni auditdan oʻtkazilishi munosabati bilan boshqa auditorlik tashkilotlari, ekspertlar va uchinchi shaxslar bilan olib borilgan yozishmalarning nusxalari.
11. Xoʻjalik yurituvchi subyekt bilan audit jarayonida yuzaga kelgan masalalar, shu jumladan, audit oʻtkazish shartlari boʻyicha uchrashuvlar vaqtidagi yozishmalar yoki muhokama yozuvlarining nusxalari.
12. Xoʻjalik yurituvchi subyektdan olingan tasdiqlash xatlari.
13. Audit natijalari boʻyicha auditorlik tashkiloti tomonidan chiqarilgan xulosalar.
14. Xoʻjalik yurituvchi subyektning buxgalteriya va boshqa moliyaviy hujjatlaridan nusxalar.