Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Aholini kuz-qish mavsumlarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan barqaror taʼminlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Respublikada yashil iqtisodiyot tamoyillarini joriy etish, shuningdek, issiqxonalarni tabiiy-iqlim sharoitiga qulay boʻlgan hududlarda agropark usulida rivojlantirish orqali energiya resurslarini tejash maqsadida qaror qilaman:
I. Asosiy maqsadlar
1. Quyidagilar 2026 — 2027-yillarda respublikada issiqxonalar faoliyatini rivojlantirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib belgilansin:
(a) Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida kamida 940 gektar maydonda zamonaviy issiqxona majmualarini joylashtirish;
(b) energiya tejamkor va muqobil energiya manbalariga asoslangan isitish tizimlari ulushini kamida 50 foizga yetkazish;
(v) atmosfera havosiga zararli tashlamalar tashlayotgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini bosqichma-bosqich kamaytirish.
II. Issiqxonalar faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari
2. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Ekologiya qoʻmitasi) hamda Surxondaryo viloyati hokimligining Surxondaryo viloyati tabiiy-iqlim sharoitlaridan unumli foydalanish maqsadida:
(a) mazkur qarorga ilovaga muvofiq Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasini (keyingi oʻrinlarda — “Surxon-Agro” zonasi) tashkil etish;
(b) “Surxon-Agro” zonasini rivojlantirish va boshqarish uchun davlat muassasasi shaklida “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi (keyingi oʻrinlarda — Direksiya) faoliyatini yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
3. Belgilansinki:
(a) “Surxon-Agro” zonasining faoliyat koʻrsatish muddati keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan 30 yilni tashkil etadi;
(b) “Surxon-Agro” zonasining faoliyat koʻrsatish muddati mobaynida uning ishtirokchilariga erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilari uchun belgilangan alohida soliq, bojxona imtiyozlari va boshqa preferensiyalar tatbiq etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Quyidagilar Direksiya faoliyatining ustuvor yoʻnalishi va asosiy vazifalari etib belgilansin:
(a) issiqxonalarda zamonaviy, energiya tejamkor va raqamli agrotexnologiyalarni joriy etish, avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari, tomchilatib sugʻorish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish;
(b) toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, davlat-xususiy sheriklik asosida klaster va kooperatsiya modelini rivojlantirish hamda moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritish;
(v) issiqxona xoʻjaliklariga “yagona darcha” tamoyili asosida muhandislik tarmoqlariga ulanish, eksport hujjatlarini rasmiylashtirish hamda davlat subsidiyalarini olish jarayonlarini toʻliq amalga oshirish;
(g) talabgor tadbirkorlar tomonidan mahsulotlarni saralash, qadoqlash va sovitish omborlarini oʻz ichiga olgan zamonaviy agrologistika markazini tashkil etish loyihalari amalga oshirilishiga koʻmaklashish.
5. Belgilansinki, Qishloq xoʻjaligi vazirligi Direksiya faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha masʼul organ hisoblanadi.
6. Direksiya faoliyatini tashkil etish uchun zarur boʻlgan asbob-uskunalar, maxsus texnika va avtotransport vositalari bilan taʼminlash hamda binosini jihozlash, master reja ishlab chiqish maqsadida Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi va Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamgʻarmasidan 5 milliard soʻmdan mablagʻlar ajratilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Direksiya issiqxonalarda oʻrnatilgan isitish tizimlarining ekologik normalarga mosligini doimiy monitoring qilish hamda nosoz isitish uskunalaridan foydalanishni cheklash boʻyicha Ekologiya qoʻmitasiga takliflar kiritib borilishini taʼminlasin.
8. Belgilansinki, Direksiya doimiy tarzda oʻzini oʻzi moliyalashtirish tamoyili asosida tashkil etiladi va uning daromadlari quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:
(a) issiqxona xoʻjaliklariga koʻrsatiladigan agrotexnik, yetishtirilgan mahsulotlarni bozorlarga yetkazish (saralash, qadoqlash, sovitish omborlarida saqlash) va konsalting xizmatlari uchun toʻlovlar;
(b) yetishtirilgan mahsulotni ichki va tashqi bozorlarda sotishdan olinadigan vositachilik (distribyutorlik) ajratmalari;
(v) Direksiya balansidagi bino va inshootlarni hamda yer maydonlarini ijaraga berish va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini boshqarishdan tushadigan tushumlar;
(g) xalqaro moliya institutlari va xorijiy donor tashkilotlarning grantlari hamda texnik koʻmak mablagʻlari;
(d) Direksiyaning vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan olingan foizlar;
(j) 2027-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida ajratiladigan mablagʻlar;
(z) qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
9. Surxondaryo viloyati hokimligi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi bilan birgalikda:
(a) ikki oy muddatda mazkur qarorga ilovada nazarda tutilgan hududda joylashgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan sugʻoriladigan yerlar toifasiga kiruvchi jami 940 gektar yer maydonini xatlovdan oʻtkazsin;
(b) uch oy muddatda “Surxon-Agro” zonasi tarkibiga kiritiladigan yerlarning chegaralari aniq belgilanishini va belgilangan tartibda ajratilishini taʼminlasin.
10. Surxondaryo viloyati hokimligi bir oy muddatda Surxondaryo viloyati erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari maʼmuriy kengashi bilan birgalikda Direksiya faoliyatini tashkil etish choralarini koʻrsin.
11. Surxondaryo viloyati hokimligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi 2026-yil 1-apreldan boshlab “Surxon-Agro” zonasi hududidagi yer maydonlarini tekislash va tizimli ravishda agrotexnik ishlov berish hamda irrigatsiya tarmoqlarini sozlash choralarini koʻrsin.
III. Issiqxonalar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari
12. Belgilansinki, “Surxon-Agro” zonasi hududida faoliyat olib boradigan issiqxona xoʻjaliklariga quyidagi imtiyoz va preferensiyalar beriladi:
(a) yer uchastkalari tadbirkorlarga elektron onlayn auksion orqali ijaraga berilganda 5 yil davomida ijara toʻlovining nol stavkasi qoʻllanadi;
(b) issiqxonalarni sugʻorish va texnologik jarayonlar uchun ishlatiladigan oqova va yerosti suvlari uchun toʻlovlardan 3 yil muddatga ozod etiladi;
(v) anomal sovuq ob-havo sharoitlari davrida (Gidrometeorologiya xizmati agentligining havo harorati keskin pasayishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlari asosida), istisno tariqasida, belgilangan ekologik talablarga rioya qilgan holda koʻmir yoqishga ruxsat etiladi.
13. Surxondaryo viloyati hokimligi uch oy muddatda belgilangan tartibda zaxiraga qaytarilgan yer uchastkalari doimiy foydalanish huquqi bilan Direksiyaga ajratilishini taʼminlasin.
14. Belgilansinki:
(a) 2026-yil 1-iyundan boshlab 2028-yil 1-iyunga qadar ishlab chiqarilgan mahsulotni “Surxon-Agro” zonasi ishtirokchilari oʻrtasida kooperatsiya asosida kafolatli sotish hamda muhandislik infratuzilmasiga ulanish toʻlovlarsiz amalga oshiriladi;
(b) Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi tadbirkorlik subyektlariga ijara huquqi asosida tegishli boʻlgan yer uchastkalari ixtiyoriy ravishda tuman hokimligining tasarrufidagi boʻsh turgan yer uchastkasi sifatida hisobga olinganda ushbu yer uchastkalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-fevraldagi “Qishloq xoʻjaligi ekin maydonlari unumdorligini oshirish, tarmoqqa investitsiyalar jalb qilish uchun qulay shart-sharoit yaratish boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-18-son Farmoniga asosan belgilangan tartibda elektron onlayn auksion savdolariga chiqariladi.
15. Iqtisodiyot va moliya vazirligi uch oy muddatda 2027-yil 1-yanvardan boshlab “Surxon-Agro” zonasi hududida yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini dastlabki uch yil davomida Surxondaryo viloyatidan respublikaning boshqa hududlariga avtomobil va temir yoʻl transporti orqali tashish hamda keyingi uch yil muddatda esa, belgilangan tariflarga 50 foiz miqdorida chegirma qoʻllash boʻyicha asoslantirilgan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
IV. “Surxon-Agro” zonasida infratuzilmani yaxshilash chora-tadbirlari
16. Surxondaryo viloyati hokimligi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ hamda Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda:
(a) mazkur qarorning ilovasi bilan tasdiqlangan hudud doirasida joylashtiriladigan obyektlarni tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash uchun texnik shartlar (ruxsatnomalar)ni qonunchilikda belgilangan tartibda qisqa muddatlarda berish;
(b) muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish imkoni mavjud boʻlmagan issiqxonalar uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan “Surxon-Agro” zonasi hududiga tashqi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini oʻtkazish boʻyicha tezkor choralarni koʻrsin.
17. Surxondaryo viloyati hokimligi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ bilan birgalikda uch oy muddatda:
(a) Direksiya tasarrufiga ajratiladigan 940 gektar hududni suv bilan taʼminlash uchun maqbul yerusti suv manbasini tanlab olish orqali qonunchilikda belgilangan tartibda suv olish huquqini beruvchi texnik shartlar (ruxsatnomalar) rasmiylashtirilishini;
(b) hududda suv olish inshootlarini (quduqlarni) burgʻilash uchun maxsus ruxsatnomalar soddalashtirilgan tartibda 5 ish kuni muddatida rasmiylashtirilishi taʼminlansin.
18. Surxondaryo viloyati hokimligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi bir oy muddatda Sherobod tumani “Oltin voha” MFY hududida joylashgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan sugʻoriladigan yer maydonining 971-konturida agrologistika markazini tashkil etish uchun 20 gektar qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarining yer fondi toifasini sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar fondi toifasiga oʻzgartirish boʻyicha takliflarni Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasiga belgilangan tartibda kiritsin.
Keyingi tahrirga qarang.
19. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgaztaʼminot” AJ uch oy muddatda “Surxon-Agro” zonasini energiya resurslari bilan uzluksiz taʼminlash, shuningdek, uni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash va foydalanishga topshirish choralarini koʻrsin. Bunda “Surxon-Agro” zonasini elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan taʼminlovchi tarmoqlarni qurish uchun talab etiladigan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan ajratiladi.
20. Surxondaryo viloyati hokimligi Transport vazirligi, Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi hamda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ bilan birgalikda 2026-yil 1-avgustga qadar “Surxon-Agro” zonasini asosiy transport magistrallari bilan bogʻlovchi avtomobil yoʻllarini qurish va mavjud yoʻllarni rekonstruksiya qilish choralarini koʻrsin.
V. Mahsulotlarni import va eksport qilish hajmini oshirish va logistikani yoʻlga qoʻyish chora-tadbirlari
21. Bojxona qoʻmitasi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi bilan birgalikda “Surxon-Agro” zonasida eksport operatsiyalarini jadallashtirish maqsadida 2026-yil yakuniga qadar “yashil yoʻlak” tamoyili asosida faoliyat yurituvchi fitosanitariya markazini tashkil etsin.
22. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Tashqi ishlar vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda:
(a) ikki oy muddatda Niderlandiyaning “World Horti Center” innovatsiya va bilim markazi bilan hamkorlik oʻrnatish maqsadida markaz vakillari bilan uchrashuvlarni tashkil etsin va hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻysin hamda Direksiya hududiga koʻchirilayotgan tadbirkorlar uchun issiqxona xoʻjaligi yuritishning ilgʻor standartlari boʻyicha maxsus oʻquv dasturini Oʻzbekistonda joriy etsin;
(b) joriy yil yakuniga qadar Niderlandiyaning “World Horti Center” innovatsiya va bilim markaziga kamida mahalliy 20 nafar hamda Direksiyaning 10 nafar mutaxassis va agronomlarini olib borib, issiqxona xoʻjaligi sohasidagi ilgʻor innovatsiya va tajribalarni oʻrgatishni tashkil etsin. Bunda mazkur tadbirlar bilan bogʻliq xarajatlar “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
23. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda tizimli ravishda “Surxon-Agro” zonasida issiqxona xoʻjaliklari uchun berilayotgan imtiyozlar va shart-sharoitlarni keng yoritib borsin.
VI. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
24. Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
25. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Bosh vaziri oʻrinbosar J.A. Xodjayev, qishloq xoʻjaligi vaziri I.Yu. Abdurahmonov hamda Toshkent shahar hokimi Sh.B. Umurzakov, Toshkent viloyati hokimi Z.T. Mirzayev va Surxondaryo viloyati hokimi U.B. Qosimov belgilansin.
26. Qaror ijrosini taʼminlash yuzasidan nazorat oʻrnatish hamda ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 25-mart,
PQ-108-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-martdagi PQ-108-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida “Surxon-agro” erkin iqtisodiy zonasini tashkil qilish uchun ajratiladigan yer maydonlari
Mahalla fuqarolar yigʻini nomi | Dala konturlari soni | Yer uchastkasidan foydalanuvchi | Massivning jami yer maydoni (ga) | shundan: | Toifasi oʻzgarayotgan yer uchastkasi maydoni | Toifasi oʻzgarayotgan yer uchastkasi kontur raqami | Yer maydonining oʻrtacha bonitet bali | |
sugʻoriladigan | boshqa yerlar | |||||||
Oltin voha | 47 | Tuman hokimligi zaxirasida | 940 | 907 | 33 | 20,0 | 971 | 36,8 |
Keyingi tahrirga qarang.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 07/26/108/0281-son; 20.06.2026-y., 07/26/230/0613-son)